Ko‘zqarash
17 fevral 2021

Tum-takatum-tang

Hali gazga o‘tilmagan yonilg‘i sifatida faqat benzindan foydalaniladigan vaqtlar edi. Benzin esa avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga haftasiga bir kun – haftaning oxirlarida olib kelib sotilardi.

Benzin kamyobligi uchun hamma zapravkalarda navbat turnaqator bo‘lib ketardi. Bu holatni ham ba'zi ishbilarmonlar daromad manbaiga aylantirishgandi. Ularning uy-hovlilarining oldida ko‘cha chetlarida g‘isht qo‘yib qo‘yilardi. Bu ikki baravar qimmatiga marhamat qilib benzin sotib olishingiz mumkin, deganiga ishora edi.

Zarur ishi bo‘lgan odamlar ilojsiz ana shu benzindan sotib olishardi, ba'zan bunday g‘ishtlar ham g‘oyib bo‘lib qolardi. Xullas, benzin muammosidan rulda yuradigan barcha bezillab qolgandi.

Ana shunday kunlarning birida oxori to‘kilib ketgan “Jiguli” mashinamda shahar chetidagi zapravkaga keldim. Qoq tushlik payti, navbatda tumonat odam.

Navbat shunchalar uzoqqa cho‘zilganki, oxirida turgan avtomashinalar ko‘rinmaydi ham. Sahar oltidan beri navbatda turib benzinning kelishidan darak bo‘lavermagach, zerikib diqqinafas bo‘lgan mashina egalarining ko‘p qismi zapravka maydoni yonida yo‘l chetiga kelib to‘planishib o‘tirib olishgandi.

Ular benzinning kamyobligidan norozi bo‘lib o‘zaro taqchillik holatini qizg‘in muhokama qilishardi. Davra to‘riga kelib ularga salom berdim va asta bir chetga o‘tib o‘tirdim. Norozilar muhokamasi yanada qizg‘in tus oldi. Ellik nafardan ziyod bo‘lgan olomonning deyarli hammasi yoshlar edi:

  • Benzinni defitsit qilib, odamlarni qiynashdan maqsad nima ekanini hech tushunmadim-da, shu baloni ko‘paytirib qo‘yishning nahotki ilojisi bo‘lmasa?
  • He og‘ayni, ilojisi bor, ammo unda anavi yemaxo‘rlarga qiyin bo‘lib ketadi-ku, ularning benzin ustiga qo‘yadigan shapkasi qayoqqa ketadi.
  • Narxni oshirsa, oshirib o‘lib ketmaydimi, mayli, o‘shanda ham yetarlicha olib kelib tashlashsin.
  • Yaqinda men chetga chiqib keldim, havasim keldi, odamlar hech qanday navbatsiz, bemalol benzin quyib ketishyapti, uning ustiga, o‘zlarining puliga benzinning narxi arzon, sifati ham zo‘r.
  • Ha, bizning benzin benzinmi, o‘zi hayron qolaman, mashinaning ketidan qop-qora tutun chiqadi, yarmi solyarkami-yov deyman.
  • O‘sha sifatsiz benzinning o‘zi ham yo‘q-ku, kutaverib toqatimiz toq bo‘ldi. Bu ahvolni tepadagilar bilarmikin o‘zi, ularning bizga o‘xshaganlar bilan ishlari yo‘q, o‘zlari bo‘lsa bo‘ldi.
  • He o‘sha qornini qappaytirgan amaldorlaringni…
  • Bugungi kunda turmushimizda bo‘lib turgan muammolar haqida televizorda hech narsa deyishmaydi, gazetalarda ham yozilmaydi. Televizorda qachon qarasang o‘yin-kulgi, tum-takatum-tang.
  • Jurnalistlar ham qaerda o‘yin-kulgu bo‘lsa, o‘sha yerda paydo bo‘lishadi. Shu kunlarda bo‘layotgan muammolarni ochiq gapiradigan haqiqiy erkagi bormi o‘zi ularning, yo‘q, hammasi xushomadgo‘y, qachon qarasang, tepadagilarga paxta qo‘yish bilan ovora.
  • Mana, men gapirardim pachava ahvolni.
  • Gapirganing bilan, sen kimsan o‘zi, senga kim ham quloq solardi.
  • Og‘ayni erkak bo‘lish kerak, qachongacha dumi qisilgan itga o‘xshab churq etmay yuraveramiz.
  • Jonga tegdi, endi men ham qarab turmayman gapiraman, nima bo‘lsa bo‘lar, men ham haqiqatni gapiraman, hech kimdan qo‘rqmayman.

Odamlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab qizishib ketdimi, o‘tirganlar hammasi gapiramiz, gapira olamiz, deyishardi. Kutilmaganda ulardan biri bunday deb qoldi:

  • Eh, yigitlar, shu joyiga televideniedan efirda chiqarishga kafolat beradigan bir chin erkak jurnalist kamerasiyu mikrofoni bilan kelib qolganidami, bu chidab bo‘lmaydigan ahvolniyu muammolarning borini shartta gapirib tashlardim. Yasha erkak, men ham gapirardim, men ham. To‘planganlar bir-birlariga navbat bermay “men ham”, deya baqirishardi…

Ayni muddao-ku, dedim ichimda. Yonimda o‘tirgan operatorga qarab, kamerangni olib kel, degan ma'noda ko‘z qisdim va uning qo‘liga mashina kalitini otdim.

Qiziqqon olomon esa hamon men gapirardim, men gapirardim, deya talashardi. Chaqqon operator bir zumda kamerasi bilan paydo bo‘ldi. Cho‘ntagimdagi mikrofonni kameraga uladim va davra o‘rtasiga borib olomonga murojaat qildim.

«Hurmatli hamyurtlarim, mana, sizlar istagan kamera va mikrofon, istagan odam o‘z fikrlarini bayon qilishi mumkin, men sizlar xohlagandek, gapingizni efirda namoyish qilishga yuz foiz kafolat beraman», deb o‘zimni tanishtirdim va ularga mikrofon tutdim.

Birinchi bo‘lib eng kuchli ovozda “gapiraman”, degan yigitga yuzlandim. Men gapga usta emasman, bu gapira qolsin, deya yonidagi yigitga qayrildi.

Shu alfozda men davrani aylanib yigitlarga mikrofon tutdim, hech kim gapirmadi, aniqrog‘i gapirolmadi. Bir minutlar o‘tganidan keyin atrofimizda hech kim qolmagandi, yigitlar hammasi ura-solib tumtaraqay qochib ketgandi, buyog‘i tum-takatum-tang…

Hayrat,

o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasini tingladingiz.

Tag‘in o‘qing
14 aprel 2020
O‘zbekiston hukumati «Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini e'lon qildi. ...
25 aprel 2018
O‘zbek milliy kinosini shakllantirgan mashhur rejissyor Shuhrat Abbosov 25 aprel kuni 87 yoshida olamdan o‘tdi. So‘nggi soatlarda «Eltuz»ga ma'lum ...
12 mart 2018
Prezident Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga tashrifi ortidan ikki davlat o‘rtasidagi yopiq chegaralar ochildi va ikki mamlakat vatandoshlari uchun 30 kunlik ...
9 mart 2018
BMT maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid shu yilning 2 mart kuni Jenevadagi Inson huquqlari kengashida O‘zbekistondagi diniy vaziyatga doir hisobotini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...