Asosiy mavzular
22 sentyabr 2021

Oddiy yo‘lovchining qadri bormi?

Ertalab bolani maktabga qoldirib, piyoda ishga kelaman. Quloqda Sher akaning “Avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas” qo‘shig‘ini qo‘yib olib…

Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas,

Kotibu davri raqam avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…

“Omon aka – donishmand, Navoiyni tushuntirish barobarida o‘zini ham chiroyli anglatgan”, degan adabiy-falsafiy xayollar og‘ushida serqatnov yo‘lga chiqib kelaman.

Bu o‘sha – Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrining marhuma xodimasini mashina urib ketgan piyodalar o‘tish yo‘lagi. Bilaman, bu yo‘lakda piyodalarni yomon ko‘rishadi, chunki keng yo‘l, tekis-ravon, sal narida svetoforning qizilidan endigina qutulib chiqqan mashinalar allaqanday “peshexod” uchun yana to‘xtagisi kelmaydi.

Quloqdan musiqani yechaman, mashinalar oqimi kamayishini kutaman, keyin “Bismillo” deb yo‘lakka birinchi qadamni qo‘yaman. Har doim shunaqa: piyodalar yo‘lagiga qadam qo‘yishda kalima keltiradigan bo‘lganman, chunki bu yo‘lakdan o‘tish deyarli xudkushlik bilan teng. Qay haydovchininng miyasida qanday xayol – bilmaysan. Qonunga itoatkormi, tormozni bosadimi yo “o‘tib ketaman, maqpti” deb gazni bosadigan “o‘pka”ga duch kelasanmi, bilmaysan.

Ne uchar yulduzlar o‘tdi chalg‘itib elni juda,

Necha avlod yo‘liyu umidin aylab behuda,

Davr mezoni bilan tortay bu kun o‘zimni-da…

O‘zimni tortib, keyingi qadamni qo‘yishni yo qo‘maslikni bilmay turibman.

Hartugul, bir mashina to‘xtadi, rulda ayol kishi, birinchi yo‘lakdan o‘tdim, lekin hali yana beshtasi turibdi, ikkinchi yo uchinchi yo‘ldan kelayotganlar birinchiga qarab to‘xtamasligi, gazni battarroq bosishi mumkinligini bilaman. Kecha Qarshida bittasini uchinchi yo‘lda «Lasetti» urib ketganini ko‘rdim-ku videosini.

Ey falak, hech kimni etma besamar yo‘llarda xor…

Bir yo‘nalish tugadi, o‘tib oldim. Endi o‘rtadagi uzluksiz chiziqda turib qoldim, narigi tomon to‘xtamaydi, ular uchun bu uchinchi “polosa”, tez yuriladigan, ya'ni kim ham bir piyodani deb shiddatni tushirgisi kelardi, deyman. Orqamdan va oldindan vizillab mashinalar o‘tyapti, xavfsizlik orolchasi esa yo‘q.

Va nihoyat, qarama-qarshi yo‘nalishda ham to‘xtashni bir ayol boshlab berdi. O‘tavering degan ishorani ham qildi. O‘ta boshlayman. Ikkinchi yo‘lakdagi haydovchi – erkak ham to‘xtadi. Ammo men tomondan uchinchi, asli birinchi yo‘lakda uchirib kelayotgan bir mashina (haydovchining jinsini aytmayman, o‘zinglar bilib olinglar) “baaaaap” etib signal berib, yetmaganiga ichidan boshini chiqarib so‘kib, vizillab o‘tib ketdi.

Nafs ipiga bog‘lidur ruh iplarin uzgan tana…

Men nimani noto‘g‘ri qildim, deyman. Qoidaga itoat qilib, boshqalar ham itoat qilayotganiga ishonib, yo‘lda o‘z haqimdan ming bir qo‘rquv bilan foydalanib turib haqoratni eshitdim. Lekin u damda haqoratdan emas, qo‘rquvdan ko‘proq titradim. Joninga xatar tug‘ilganda, ichingdagi shaxsning ovozi ham pasayib qolarkan.

Ne sitamkim, bu alam avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…

Shu yo‘lni kesib o‘tguncha men adabiyot, falsafa va boshqa baland fikrlar og‘ushidagi intellektual inson edim. Endi bo‘lsa, qo‘rquvdan oyoq-qo‘li titragan, bir temir oldida naqadar ojizligini anglagan arzimas odamman.

Men yolg‘iz emasman. Bu har bir piyodaning boshida bor savdo. Biz piyodalar ayrimlar uchun odam emasmiz, allaqanday ikkinchi navli biomassamiz. Nega inson shu temirga minganda va undan tushganda boshqa-boshqa odamga aylanib qoladi?

Chunki bu shahar avtomobilni odamdan ko‘proq sevadi.

Endi inson qadri ham avvalg‘ilarga o‘xshamas…

Shahnoza Soatova,
muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
27 noyabr 2019
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning ijtimoiy tarmoqda tarqalgani audioyozuvidagi holatlarni tekshirish yuzasidan bayonot  berdi. Jurnalistlar sha'niga ...
8 aprel 2020
17 yildan buyon Britaniyada istiqomat qilayotgan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori¸ professor¸ agrokimyogar, tuproqshunos olim Ahmadjon Xorazmiy (Ahmad Hasanov) 5 ...
11 avgust 2021
“Tolibon” yetakchilari chegaralarni nazorat ostiga olgandan keyin qo‘shni davlatlarga hujum uyushtirilmasligini va'da qilmoqda”, deydi Rossiyamudofaa vaziri. Al Jazeera axborot ...
26 dekabr 2019
«Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih “Begona” filmining 10-qismida 1991 yilning avgustida sodir bo‘lgan voqealar, GKChP va uning Karimov ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...