Imperativ 36. Sevgining besh barmog‘i
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 36-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)
L.A.N
Meni yengolmadi bu Vaqt, shukur,
Men undan sevgimni asradim.
Bemorning ko‘zlari singari chuqur
Mening muhabbatim – hasratim.
Tushlar idrokimga seni yo‘g‘irdi,
Tong esa aldadi – shafqatsiz ro‘yob.
Yurak oyu kunlar uzra yugurdi –
Siniq shishalarning ustidan go‘yo.
Mana, sen! Qalb sho‘rlik bazo‘r ishonar,
Bu baxt menikiydi, menga buyurdi:
Ilohiy bir nurda porlar peshonang –
Mening ismim porlar u yerda!
(1975)
«Oq ko‘ylaklar» (1980)
Holbuki, bu she'r she'r qahramoni ayolning peshonaga yozilgan qadar ekanligining ta'kidi edi…
«Umrimning keng bo‘shliqlarida
Uchrab qolar onda-sonda gul
Va o‘zining qo‘shiqlaridan
Allaqachon voz kechgan bulbul».
(1980)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
Onda-sonda uchrab qolayotgan gullar – sevgi haqida yozilgan she'rlardir.
Bulbul o‘zining qo‘shiqlaridan voz kechgani esa navbatdagi she'riy mubolag‘a edi.
Ammo yillar o‘tib buning hech ham mubolag‘a emasligi o‘rtaga chiqdi. Bunga rahmatli Oydinxonimga atalgan yuqorida zikr etganim kitobni tuzar ekan amin bo‘ldim.
Ammo sevgining o‘zi bir umrdir. Go‘yo hayotingdan ayri bir umr. Yoki unga parallel umr:
«Hammasi yodimda.
Endi boray men.
Shartmi sevgi uchun o‘zni oqlamoq?
Hammasi yodimda.
Demak, men boyman,
Agar boylik bo‘lsa yodda saqlamoq.
Umrimni poyingga sening to‘shadim.
Menda hech ne yo‘qdir, endi hech narsa.
Noshukur emasman – uzoq yashadim,
Agarda muhabbat hayot sanalsa».
(1983)
«Olis tabassum soyasi» (1986)
Sevgining umri sevgili o‘lgandan so‘ngra ham davom etishi mumkin. Xuddi u tirikligi paytidagi kabi, hatto undan ham kuchliroq shaklda yashamog‘i mumkin:
Mozoringga bordim sevgilim,
Mozoring gulzor edi.
So‘ngra uyga qaytdim sensiz
Sensiz uy mozor edi. (2014)
Mozori gulzor bo‘lgan bu ayol bilan qirq yil yashadim va bu muddat ichida sevgi haqida yozilgan jami she'rlar unga ataldi.
U o‘lganida shu satrlarni yozdim:
«Bismillahir rohmanir rohiym. Inna illaxi va inna ilayxi rojiun.
Kecha peshin namozidan keyin o‘zimning yarmimni Istanbulning Onado‘li yoqasidagi Qoraja Ahmad qabristoniga ko‘mib keldim. Sevgilimni ko‘mib keldim.
Kitobimdagi huzunli she'rlarning qahramoni bo‘lgan ayolni Istanbul tuproqlariga topshirdim. Oydinxonim dushanba kuni o‘lishni orzu qilardi, chunki Paygambarimiz dushanba kuni vafot etgan ekanlar. Oydinning orzusi deyarli ushaldi, uni dushanba kuni dafn etdik.
U g‘oya insoni edi. Avval oilamizda, keyin unga ishonganlar orasida Qur'oni Karim amrlarini va sunnat qoidalarini hayot tarzi o‘laroq tatbiq etdi va bu maqsadiga qo‘li va so‘zi yetgan joyda erishdi.
Marhamatli edi. O‘limidan oldin rizolik istadim, “albatta, sizdan mingdan-ming roziman, jonim”, dedi. Mukofotimni shu zahoti berdi, nozu firoqsiz. Holbuki, qarshisida turgan bir zolim edi.
Sabr timsoli edi. 40 yil yashadim u bilan. Hayotimiz alg‘ov-dolg‘ovli kechdi, bilib-bilmay unga, bolalarimga zulm qildim, matonat bilan qarshiladi. Dudoqlaridan biror marta shikoyat chiqmadi, ingramadi, yig‘lamadi. Ko‘z yoshlarini gizlayarak, Alloh ato etgan ma'sum chehrasi bilan yuzlandi bizga.
Oralarni tuzatuvchi edi: mening qusurlarimni farzandlarimdan, farzandlarimning qusurini mendan gizladi, ularga meni, meni ularga madh etdi.
Hech qachon g‘iybat qilmadi. Birovdan xafa bo‘lib, bir-ikki kalima so‘zlar-so‘zlamas, darhol to‘xtab, istig‘for keltirar, ”g‘iybat bo‘ldi”, deya uyalar edi.
Yurishida, turishida, o‘tirishida, boqishida va fikrlarida hayo, asolat bor edi.
Mushohada etar ekan, go‘zal tashbih (metafora) uchun fikr mohiyatidan aslo voz kechmaydigan jiddiyat va mas'uliyat sohibi edi.
Alloh uni kibrdan xoli yaratgandi. 1991 yilgi prezident saylovi asnosida (kamina prezidentlikka nomzod edi) jurnalistlarning “Siz vataningizni sog‘inmaysizmi?” degan savoliga Oydinxonim “mening vatanim – erimdir”, deb javob bergan edi.
Haqiqiy tavoze sohibi edi. Unga xizmat qilish uchun yuzlab ayollar eshigi oldida navbat tutdi, ammo u hech kimni o‘ziga xizmat qildirmadi, doim xizmat qildi. Amr bermadi, doim amr kutdi. Hukmdorlarning xotinlari oyog‘iga keldi, ammo bundan g‘ururlanmadi, Onado‘lidan kelgan yo‘qsil xotinlarga qanday munosabatda bo‘lsa, malikalarga ham shunday munosabatda bo‘ldi: samimiy, sodda va mehr ila.
Yolg‘onni bilmas edi, va'dasiga vafodor, qul haqqini ihlol qilishdan qattiq qo‘rqardi.
Payg‘ambarimizning jufti haloli Hazrati Xadicha onamizning hayotiga emranar edi.
O‘larkan, mardona, mujohida kabi o‘ldi. Dudoqlarida so‘nggi damgacha Alloh va unga hamd bor edi.
Rahmon va Rohiym bo‘lgan Robbim, shohidlik keltiraman, Oydin sening rizong uchun yashagan bir quling edi, unga mag‘firat ayla. (Muhammad Solih. 10 noyabr, 2014 yil, Istanbul).
OYDINGA
Oriqqinam mening, go‘zal ninachim,
Urushqonim mening, ahilim mening,
Tovushqonim mening, tezkor ginachim,
Kamalak singari har xilim mening.
Sen mening oyimsan, mening mo‘'jizam,
Oy kabi hech qachon tutilmaganim,
Sen yolg‘iz kuchlimsan, mening ojizam,
Daf'atanim mening, kutilmaganim.
Tilimga hech qachon chiqmaydi chipqon
Sen haqda gapirsam, mening mo‘'jizam,
Sen uchun yashasam uzoq yashayman,
Mening kerakkinam, mening bejizam.
Masrur majnuntolim, mungli to‘rong‘il,
Oydinginam mening, yarim qorong‘im.
(1979)
«Valfajr»
(1983)
She'riy matnlarda qofiyalar tasodifiy va daf'atan ko‘rinsa ham ularning tasodif emasligini kashf etish mumkin. Yuqoridagi she'rning so‘nggi ikki satridagi «majnuntol»ga qarshi qo‘yilayotgan «to‘rong‘il» va «oydin»ga qarshi qo‘yilayotgan «qorong‘i» hayot qarshisidagi o‘limning ramzlaridir. Bu matn yozilishiga ilhom bergan Zot go‘yo rafiqamning o‘limini menga uning vafotidan oldin ko‘rsatgandi.
Bir erkak bir ayolni yoki bir ayol bir erkakni haqiqiy sevgi bilan sevsa, bu sevgi ularda bo‘lgan boshqa sevgilarni ham o‘zida mujassamlashtiradi. Masalan, vatan va ona sevgisi ayolga bo‘lgan sevgida mujassamlasha oladi. Bunga yuqoridagi she'rlar shohiddir. Bu she'rlarda sevganim ayolga qarata:
«O‘zgarma, shunday tur doim tushimda,
Men qo‘rqmay yashayin, meni sev, gulim –
Mana shu alfozda, shu turishingda
Mening Vatanimsan, sevgilim».
(1986)
deganimda naqadar samimiy bo‘lgan bo‘lsam, bu she'rni ataganim ayol muxbirning «vataningizni sog‘inmadingizmi?» degan savoliga «mening vatanim – erimdir», deb javob berganida uning ham men qadar samimiy bo‘lgan deb o‘ylayman.
Xuddi shuningdek, ikki inson bir-birini chinakam sevgi bilan sevsa, ular o‘zlari yashagan har qanday sharoitni sevgisiga monand shaklda o‘zlariga moslay oladilar. Ya'ni ular sahroda yashasalar ham bu yerda ular xuddi gulistonda yashaganday yashay oladilar:
Ularga ayt, sevgilim
Sen va men bilamiz
muhabbatning timsoli
majnuntol emasligini.
Sariq gul – ayriliq, qizil gul –
uchrashuv, degani emas.
Ayt ularga, tushuntir sevgilim,
biz qanday sevgandik bir-birimizni,
qanday sevgan edik,
gullari yulingan olamda!.. (1980)
«Valfajr» (1983)
Yaratgan Robbim menga shunday bir sevgi nasib etdi bu dunyoda. Ona, Vatan, Ayol sevgisini bir qalbda to‘plab, ularni O‘ziga yo‘naltirgan Allohga hamd bo‘lsin.