Alisher Taksanov Abdulaziz Komilov haqida keskin gapirdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiya jurnalistlari uchun 22 oktyabrda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirgan gaplari o‘zbek faollarining turli baxslariga sabab bo‘ldi.
Rossiyadagi diplomatik korpusning sobiq xodimi, ayni paytda Shveytsariyada yashayotgan Alisher Taksanov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning NTV jurnalisti savoliga javoban aytgan xorijdagi muxolifat haqidagi fikrlarini ancha keskin sharhladi:
«Garchi Karimov Kuba kommunistik aqidaparastlik oroli ekanini ta'kidlagan bo‘lsa-da (uning o‘zi KPSS a'zosi edi – mana paradoks), amalda u aqidaparastlikning yanada yomon ko‘rinishini bayroq qilgan toliblar bilan yashirin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘stlashdi.
Uning hukmronligi davrida qo‘shni Tojikiston iqtisodiy qamal qilindi. Karimov Andijonni qatliom qilganidan so‘ng AQSh va Yevropa bilan munosabatlar yomonlashdi.
Komilov davrida TIV uning shaxsiy biznesiga aylandi. Ukasi Baxtiyor Komilov O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida ishladi. Ammo diplomatik ishlar bilan amalda shug‘ullanmadi, davlat hisobidan hashamat ichida yashab, amaldorlar va mafiyaning shaxsiy muammolarini hal qildi.
Tanishi Alisher Vohidov ko‘p yillar O‘zbekistonning BMTdagi, so‘ng esa AQShdagi elchisi bo‘lib yurdi. Uning O‘zbekistonga foydasi tegdi, deyish mushkul.
Uzoq yillar davomida Komilov Rossiyaning, ayniqsa, oligarx Alisher Usmonovning strategik sohalardagi loyihalarini olg‘a surish bilan shug‘ullandi.
Komilovning o‘g‘li Doniyor Rossiya fuqarosi hisoblanadi. Na Karimovni, na Shavkat Mirziyoevni bu darajadagi amaldorning xorijda oilasi va mulki borligi ajablantirmadi.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi ekanida bu haybarakallachi vatan manfaatlarini o‘ylash o‘rniga Gulnora Karimovaning oilaviy muammolarini hal qilish bilan band bo‘ldi. Agar 11 sentyabr voqealari yuz bermaganida O‘zbekiston-Amerika munosabatlarida birorta olg‘a siljish bo‘lmasdi…
Komilov davrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi jazolovchi vazifasiga ega bo‘ldi:
1. U xorijdagi barcha o‘zbekistonliklarni kuzatib bordi.
2. Xorijga chiqishi yoki xorijga chiqish pasportini berish rad etilganlarni ro‘yxatga oldi.
3. Fuqarolikdan mahrum etilganlarni ro‘yxatga tiqdi.
Endi esa bu “chaqirtikan” bir vaqtlar o‘zi mamlakatdan siqib chiqarilishiga bosh qo‘shgan muxolifat haqida nimalardir gapirib yotibdi.
“Bu nafaqat tizimsiz, balki tarqoq muxolifat. Ko‘p hollarda ular bir-biridan uzoq, xorijdagi muxolifat ichida o‘zini yetakchi ko‘rsatishga urinadigan alohida shaxslardir”, deya ta'kidladi faqat toliblar timsolidagi afg‘on muxolifati bilangina uchrashgan vazir “aqlli”lik qilib.
O‘zi hech qachon ishi tushmagan o‘zbek muxolifati to‘g‘risida u ukasi Baxtiyor Venadan turib aroqdan zaharlanish ta'sirida yozgan hisobotlar orqaligina tanish», deya yozdi Alisher Taksanov o‘zining feysbukdagi sahifasida.
Bugungi kunda Shveytsariyada yashayotgan Alisher Taksanov ilgari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlagan va TIV raxbari Abdulaziz Komilov uzoq yillardan buyon yaqindan taniydigan o‘zbek faollaridan biridir».
Eltuz.com