Ko‘zqarash
23 noyabr 2021

Nemis yo‘li

Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz loyiha. Kechagina qurilgani Navoiy ko‘chasida savlat to‘kib turibdi.

Yonidagi Simpoziumlar saroyiga esa qurilganidan beri tadbir topolmay halakmiz. Har yili u vazirlik bu vazirlikka, bu qo‘mita u qo‘mitaga Simpoziumlar saroyida tadbirlar rejasi uchun xat yozadi.

Simpoziumlar saroyi, Forumlar saroyi va shiftiga Svarovski qandillari osilgan boshqa ko‘plab muhtasham, lekin nofunktsional saroylar kabi iqtisodiy jihatdan zararli loyiha.

Topgan puli eksplutatsion xarajatlarni (elektr, suv, tozalik, ishchi kuchi) qoplamaydi. Agar davlat milliy kutubxonaning eski O‘zbekiston davridagi ko‘ch-ko‘chlari uchun uyalayotgan va adolatni tiklamoqchi bo‘lsa, uning Mustaqillik maydonidagi binosini qaytib berishi mumkin.

Sovet davrida kutubxona uchun qurilgan bu bino avval Senatga berildi, endi esa prezident ixtiyorida. Yangi kutubxona qurilishi innovatsiya ham, kelajak uchun investitsiya ham emas. Navbatdagi prestij loyihasi. Zamon esa tubdan o‘zgardi.

Odamlar kutubxonaning kompyuterida, tabletida yoxud smartfonida bo‘lishini istaydi. Masofadan turib kutubxona ichida bo‘lgisi keladi. Agar hukumat milliy kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirsa va uni Yaypandagi, Xonqadagi va yo Boysundagi o‘quvchi uchun ham «dostupniy» qilib qo‘ysa, bu yangilik, bu innoveyshn. Kitoblarni raqamli formatga o‘tkazish uchun esa milliardlarni sarflab yangi bino qurish shart emas. Kitobni skaner qiladigan apparatdan o‘nta olib, tashlandiq yerto‘lada ham qilsangiz bo‘ladi bu ishni. Asosiysi, uzluksiz elektr bo‘lsa bas:))

«Endi Germaniya yo‘lidan borib rivojlanamiz», deyildi eng katta minbardan turib. Germaniya yo‘li shakl emas, balki mohiyat ustuvorligi, muhtashamlik emas, balki funktsionallik diktaturasi, bir martalik to‘y emas, uzun barqaror umr falsafasi…

Biz ko‘p eslaydigan Germaniya iqtisodiy mo‘'jizasi tashqaridan birovning nazariga kirmaydigan pastqamgina ko‘rinimsiz binoda ishlab chiqilgan va qabul qilingan yuzlab qonunlar asosida yuz berdi.

Demoqchi bo‘lganim, binolar doim ham mamlakat taraqqiyotini belgilab beravermaydi. Boridan foydalanib, mablag‘larni xalqning birini ikki qiladigan, mamlakat iqtisodiyotining raqobatdoshlik darajasini ko‘taradigan ishlarga sarflagan ma'qulroq…

Xurshid Habib

muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
23 avgust 2021
 “Tolibon” Afg‘onistonni o‘z qo‘liga olgach, minglab afg‘onlar shafqatsiz fundamentalistik boshqaruv qaytgan deb hisoblagan mamlakatdan qochish yo‘llarini izlamoqda. 2021 yil 16 iyul, dushanba, O‘zbekiston. Ayollar Amudaryo ...
1 iyun 2020
Ilon Mask xususiy raketasi ko‘kka uchdi. Ilmning cho‘pchakni yengishi bu!!! O‘zbekiston prezidenti «daftarim suvga oqdi», deya aljiragan kallavaram xotinga ...
22 noyabr 2016
Shunday ishtiyoqni bildirganlar orasida 68 yashar farg‘onalik fermer, 63 yashar xorazmlik pensioner, andijonlik novvoy bor. Jumladan, farg‘onalik keksa fermer ...
15 iyun 2016
15 iyundan 25 iyungacha, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan O‘zbekistonga odamlar, yuklar va transport vositalarining o‘tishi to‘xtatiladi. O‘sh viloyatining ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...