Asosiy mavzular
21 oktyabr 2023

Eltuz Bosh muharriri nega Turkiyaga kiritilmadi?

Qadrli muxlislar, bugungi mavzuimiz men uchun aytish noqulay, ammo ehtimol ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan Turkiyaga kiritilmasligim mavzuyiga bag‘ishlanadi.

Shu o‘rinda tinglovchida savol tug‘iladi. O‘zi nima bo‘lgan edi? Men Istanbulga onam bilan uchrashish uchun borgan edim. Lekin 19 oktyabr kuni meni turk chegarachilari Istanbulning Sabiha Go‘kchan aeroportida ushlab, bir muddat qamab ham qo‘yishdi.

Ertasiga Stokgolmga qaytarildim. 

Bugun 21 oktyabr onam Shukurjon Madrahimovaning tug‘ilgani kuni, u 80 yoshini Istanbulda ukam va singlim bilan birgalikda nishonlamoqda. Men esa Sabiha Go‘kchan aeroportida salkam 12 soatlik tutqunlikdan so‘ng, kecha 20 oktyabr kuni tushdan keyin Shvetsiyaga qaytib keldim.

Men va onam uchun yuqorida aytganimdek, bu juda achinarli hol edi. Menga turk maxsus xizmati xodimlari “qo‘shtirnoq ichida” katta mulozamat ko‘rsatib, Istanbulning Sabiha Go‘kchan aeroportidan mashinada uchoqqacha va to Stokgolmdagi Arlanda aeroportigacha olib kelib qo‘yishgani, hujjatlarimni shved politsiyasiga tutqazishgani va menga qo‘yilgan taqiq sabablari  alohida masala. Har holda taxminimga ko‘ra, bu taqiqning ildizi O‘zbekistonga va mening kasb faoliyatimga bog‘lanmoqda. 

Yuqorida aytganimdek, menga uchoqda hamrohlik qilgan turk maxsus xizmati xodimi meni shved politsiyasiga topshirdi. Qizig‘i politsiyachi ayolning munosabati bo‘ldi. U tutqazilgan hujjatga bir zum ko‘z yugurtirib, qo‘limga pasportimni berib, “Qadrdon uyingga xush kelibsan, Qudrat Bobojonov. Bu yerda senga hech bir muammo yo‘q,” dedi.

Uning tag‘in hujjatga izoh berishicha, qog‘ozda ko‘rsatilgan 15 tacha bandning faqat bitta katagiga, ya'ni «Girish yasag‘i», Entry ban, ya'ni mamlakatga «kirishga taqiq» bandiga belgi qo‘yilgan.

Qolgan bandlar, jumladan, yo‘lchining yetarli puli yo‘qligi, kirish vizasi yo‘qligi, iqomat hujjati soxta ekani, soxta pasport, o‘g‘irlangan hujjat, mamlakatda qolish muddatining o‘tkazib yuborilishi, pasport muddati o‘tgani, bezorilik qilgani, Turkiyada yashashni istamasligi va boshqa sabablar deya atalgan kataklar ochiq qoldirilgan.

Eslatib o‘tishim kerak, shved vatandoshi pasporti bilan Turkiyaga vizasiz kirish huquqi bor. Qolgan 200 dan ziyod mamlakatlarga ham men o‘z pasportim bilan vizasiz kirishim mumkin. Menga berilgan hujjatda biror boshqa qoidani buzganim qayd etilmagan.

Arlanda aeroportidagi Shved politsiyasi xodimi ochiqchasiga mening Turkiyaga kirishimga taqiq va Istanbul aeroportidan deport qilinishimga sabab faqat biror siyosiy motivatsiya bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi va men o‘z muammoimni faqat Shvetsiyadagi Turkiya konsulligi orqali hal qilishim mumkinligini aytdi.

Xo‘sh bungacha qanday sarguzashtlar yuz bergan edi? Demak, men yuqorida aytganimdek, onamni ko‘rish uchun Istanbulga yo‘l oldim va 19 oktyabr kuni kechqurun soat 21:18 da Sabiha Go‘kchan aeroportining pasport nazorati bo‘limida hozir bo‘ldim. Pasportimni skanerdan o‘tkazgan chegara xodimi tezgina bir nechta joylarga telefonidan qo‘ng‘iroq qila boshladi va mening Turkiyaga kirishimga taqiq qo‘yilganini aytdi.

Keyin meni boshqa bir xonaga olib borishdi. U yerda ham menga ortiqcha savol berishmadi, mening savolimga esa ochiqdan-ochiq deport qilinishimni bildirishdi.

Ular pasportimni skanerdan o‘tkazishganida mening qismatim allaqachon hal bo‘lganini tushundim. Xodimning tag‘in norasmiy qo‘shimcha qilishicha, bu taqiq belgisi 2022 yilda paydo bo‘lgan ekan. Lekin bu holat va buning sababi menga ular bergan hujjatda aks etmagan. E'tibor joiz shu yili men Turkiyada bo‘lmaganman. Undan avvalgi yillar borganman. Aynan taqiqning 2022 yilda v anima sababdan paydo bo‘lganiga ham turk zobiti izoh bildirmadi. Bilmayman sababini, dedi va o‘zining kallai sahardan boshlab kechgacha odamlarni deport qilish bilangina shug‘ullanuvchi kichkina bir mulozim ekanini menga anglatdi.  

Turk mulozimi rasmiyatchilikdan tashqari tag‘in mendan negadir, o‘zbekmisan deb so‘radi, garchi pasportimda o‘zbek yoki O‘zbekistondan degan grafa yo‘q edi va men ular bilan turkcha aralash Xorazm lahjasida gaplashardim.

–  Nega buni so‘rayapsan, pasportimda yozilmaganmi? – deb so‘radim.

–  Tiling o‘zbekchaga uncha o‘xshamas ekan, ozarbayjonchaga o‘xshab ketarkan, shunga so‘radim, dedi.

–  Umuman hujjatimga ko‘ra, meni shved deb bilishing kerak edi, dedim oshiqcha ziyraklik qilayotgan turk chegara posboniga.

Bu orada qattiq asabiylashdim. Chunki 80 yashar kasalmand onamni kutib olishim kerak edi. Bundan tashqari qo‘yilgan taqiq men uchun yoqimsiz syurpriz edi. Men bundan oldin ham Turkiyaga bir necha bor borib kelib yurganman va hech qachon mamlakat qonunlarini buzmagan edim.

Chegara xodimi qo‘yilgan taqiq sababini aytmadi va qaror juda qat'iy, bu yuqoridan bo‘lganini bildirdi va hech narsa qila olmasligini aytdi.

Yuqori kimligiga aniqlik kiritishini so‘radim. Horijda yashayotgan o‘zbek jurnalistlariga qo‘yilayotgan taqiq Erdo‘g‘onning yangi siyosatimi, nima yomonlik qilgan edik Turkiya uchun, dedim. Bu siyosatni qoraladim. Xorijiy jurnalistlarni kiritmaslik mamlakat uchun eng yomon oqibatlarni keltirishiga ishora qildim.

Shunda sabri chidamagan turk zobiti «Nega sen buni Turkiya siyosatiga bog‘layapsan, balki sabab O‘zbekistondandir?» dedi.

Men undan «sen buning O‘zbekistondan bo‘layotganini qaerdan bilasan? Mening pasportimda millati shved va men shved vatandoshi ekanim ko‘rsatilgan» dedim.

U tag‘in bu uning bir taxmini ekanini aytdi. Men mamlakat osmondan olingan taxminlar bilan emas, qonunlar bilan qurollanishi kerakligini pisanda qildim. Devorda osig‘liq Otaturk portretiga qo‘limni niqtab, Erdo‘g‘onning bugungi siyosati, Otaturkning yuz yil avval boshlagan siyosatiga qanchalik zid ekani haqida gapirdim. G‘azablanib yana nimalardir dedim, hozir eslasam, bu gaplarim menga berilgan hujjatning kamida “bezorilik qilgani”, “yoki Turkiyaga kirishi istalmagan shaxs” kabi bir qancha kataklariga belgi qo‘yib tashlashga yetarli edi.

Lekin bunday bo‘lmadi. Mening xonada u yoqdan bu yoqqa shaxdam yurib, qo‘llarimni paxsa qilib, ovozimni baland ko‘tarib, yarim soatcha erod qilgan g‘azabli va'zimni maroq bilan tinglagan ikki nafar turk mulozimi o‘rinlaridan turib jilmayib qarsak chalib yuborishdi.

Eshik yonida turgan ikki harbiy ham sergaklanib yaqinlashdi. Lekin boshliqlari yuzidagi tabassumni ko‘rib uzoqlashishdi. Otaturk haqidagi gaplarim balki ularga yoqqandir.

“Ana endi meni qamab tashlasalaring ham bo‘ladi” deya tugatdim gapimni. Biroq ular menga iltifot ko‘rsatishga harakat qilishdi. Qahvami biror yegulikmi istashimni so‘rashdi. Men faqat suv berishlarini so‘radim.

«Jurnalist qo‘ldan ovqatlanmaydi, uni oyog‘i boqadi» dedim, sal yumshab.

Shundan keyin meni qamash protsedurasi boshlandi. Qimmatli jihozlarimni alohida xonada qoldirishim kerakligini aytishdi. Men o‘zim bilan faqat telefonimni oldim.

Meni kiritishgan xonada yetti sakkizta yotadigan yig‘ma karavotlar qo‘yilgan va u yerda turli mamlakatlardan kelgan va deportini kutayotgan migrantlar yotardi.

Keyinchalik bilishimcha ayni xonada kanadalik jurnalist hamkasblarim Ulug‘bek Ashur va Fahriddin Tojimurodlar, yana o‘zbek faollaridan kimlardir bo‘lishgan ekan.  

Menga ko‘rsatilgan joyda uxlay olmadim. Tashqariga ochiladigan eshikni qulflab qo‘yishdi. Tun bo‘yi tashqi dunyo bilan, hamkasblarim, jurnalist akam Shuhrat va ukam Hurmat bilan bog‘lanishga harakat qildim. Biroq telefon va internet aloqasi u yerda juda yomon va video jo‘natish imkoni yo‘q edi.

Orada menga alohida pitstsa, qovurilgan kartoshka, kola va qahvadan iborat nonushta keltirishdi. Orada chegara xodimi yangi deport qilingan xodimlarni keltirishar, ayrimlarini uchoqqa kuzatib qo‘ygani olib chiqib ketishardi. Bir necha andijonlik o‘zbek yigitlarini ham olib kirishdi, keyin dastlabki reys bilan O‘zbekistonga jo‘natishdi. Ular haddan tashqari kamgap va ortiqcha savollarimga javob berishni istashmadi.

Keyin yana bir misrlik yigitni olib kelishdi, u menga Tehronga deport qilishayotgani, u yerda uni juda yomon qismat, ehtimol muqarrar o‘lim kutishini tushuntirmoqchi bo‘ldi.

Orada menga atalgan karavotdagi sochiq va choyshabning g‘oyib bo‘lganini bilib qoldim. Har holda yostiqsiz va choyshabsiz karovatga cho‘zilishga to‘g‘ri keldi. Lekin baribir uxlay olmadim.

Ertalab tag‘in nonushta olib kelishdi va sal o‘tib mening yuklarimni qaytarib berishdi. Lekin pasportim va deport haqidagi tegishli hujjatni Stokgolmga qaytganimda olishim mumkinligini bildirishdi.

Shu tariqa men Shvetsiyaga qaytib keldim. Shvetsiyaning g‘uborli va sovuq havosi menga, Turkiyaning issiq va musaffo osmonidan ko‘ra yoqimli tuyuldi. Menga peshvoz chiqqan shved politsiyachi qizni beixtiyor bag‘rimga bosdim.

Qudrat Bobojon

Eltuz Bosh muhariri

Tag‘in o‘qing
4 mart 2021
Til mavzusi bizni 70-80-yillardan boshlab qiynab kelayotgan mavzu edi. Albatta, u paytda o‘zbek tili davlat tili sifatida emas, balki ...
25 oktyabr 2023
MTRK boshlovchisi Dilshoda Matchonovaning O‘zbekiston konstitutsiyasida qoralangan irqchilik, qirg‘inni qo‘llab-quvvatlab 70 millon kishini o‘choqda yoqqan Gitlerga oshiq bo‘lgani jurnalistika ...
1 mart 2023
Havaskor boks korruptsiyaga botgan sport turlaridan biri sifatida ko‘riladi. Yaqin-yaqingacha AIBA prezidenti AQSh qora ro‘yxatida bo‘lgan mafiozi G‘ofur Rahimov ...
6 iyul 2017
O‘zbekistonlik adib va ruhshunos olim, bir qancha hikoyalar va she'rlar muallifi Mahmud Yo‘ldoshev 2-iyul kuni o‘zining audiokitobini chop etdi. ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...