Qo‘rquv
N. Imomov
Eltuz.com
… Musoqul chol har kungidek qirda qishloqni tomosha qilib o‘tirardi.
– Buncha hansiraysan?
– Qodirboy mallaning iti quvdi. Qo‘rqib qochdim.
– Unikiga nega borganding?
– Shaftoli oldim.
– Sen itdan emas, qilig‘ingdan qo‘rqibsan!
– Ie, itini ko‘rganmisiz, o‘zi. Juda yomon. Kovushim ham qolib ketdi.
Musoqul chol indamadi. Yoniga o‘tirdim.
– Bobo, siz ham qo‘rqasizmi? – deb so‘rayman asta.
Musoqul chol xo‘rsinib qo‘yadi. Osmonga bir qarab oladi.
“Ha, guldirakdan qo‘rqsa kerak”, – deb qo‘yaman o‘zimcha, shaftolining po‘stlog‘ini shilaturib.
– Eng qo‘rqmas odamlar – chaqaloqlar, – deydi chol past ovozda.
– Iya, chaqaloq har kuni yig‘laydi-ku. Qo‘rqqani shu chiqar-da, – deyman hayron bo‘lib.
– Yo‘q. Yig‘lash boshqa, qo‘rqish boshqa. Sen qorong‘idan qo‘rqasanmi?
– Ha, – deyman, kechqurun hovlimizdagi gujumdan nariga o‘tolmasligim esimga tushib.
– Chaqaloqlar qorong‘idan ham qo‘rqmaydi. Qop-qorong‘i beshikda, oyoq-qo‘li bog‘lanib bemalol yotaveradi. Ular faqat baland tovushdan qo‘rqadi.
– Omon traktirchining balonini teshaman. – deyman jahl bilan shaftoli tishlab. – Har kuni traktirini uyimizning orqasidagi tepaga qo‘yadi. Ukam doim shundan qo‘rqib yig‘larkan-da, – deyman ukamning traktor tovushidan cho‘chib, qo‘zlarini katta-katta ochishi, traktor ovoziga quloq solishi, so‘ng big‘illab yig‘lashi ko‘z oldimga kelib.
– Birovga bildirmay qasd qilma, -deydi Musoqul chol.
– Qasd degani nima?
– Yomon niyat-da.
– Boshqa yo‘ldan yursin, bo‘masa.
– Omon yaxshi odam. Traktir uning tirikchiligi. Otangga aytsang, o‘zi tushuntiradi.
“Qasd – yomon niyat”. Yaxshi gapni o‘rganib oldim-da. Poda qaytarda bolalar bilan o‘ynaganda Qobilga “menga qasd qilma” deyman. Og‘zi ochilib qoladi. To‘g‘ri-da, uch kundan beri yashilga bo‘yalgan soqqa oshig‘imni ko‘zlab yuribdi. Aldab olib qo‘ymoqchi.
– Odam bolasi tug‘ilganda qo‘rqish nimalagini bilmaydi, – deb qoldi Musoqul chol. Chaqaloqligida baland tovushdan, endi yurganda balanddan yiqilishdan qo‘rqib boshlaydi. Shu-shu katta-kichik qo‘rqishlar boshlanadi.
– Iya, ikkichimisiz, bobo? Qo‘rquvniyam kattasi, kichkinasi bo‘ladimi? – deyman hiringlab.
Qishloq kaftdek ko‘rinib turadi. Qodirboy akaning iti iskanib hovli devori yoqalab uyoqdan-buyoqqa borib kelayapti. Devor ustida kovushim turibdi. Endi bu it ko‘zimga maydaroq ko‘rinayapti.
Endi men boshqa narsadan – kichik akamning maktabdan qaytishidan qo‘rqib boshladim. Kattasining uncha ishi yo‘q. Kichigining jahli yomon. U juda a'lochi. Shuning uchun aytgani – aytgan, degani – degan. ¬ Kovushim bu yoqda ekanligini bilsa, urishi aniq.
Shaftoli yegim kelmay qoldi. Musoqul cholni aldashga tushdim.
– Musoqul bobo, siz qishloqdagi eng katta odamsiz, hamma sizdan qo‘rqadi-ya.
– Qo‘rqmaydi, hayiqadi.
– Hayiqadi nima degani?
– Qo‘rquvning kichkinasi shu-da.
“Hayiqadi degani hali qo‘rqish emas”. Yaxshi gapni o‘rganib oldim-da. Poda qaytarda bolalar bilan o‘ynaganda Qobilga “sendan qo‘rqmayman, prosto hayiqaman” deyman. Og‘zi ochilib qoladi.
Uzoqdan maktab ko‘rinib turibdi. Hovlisida hech kim yo‘q. Demak, hali dars bo‘layapti. U yerda hamma Jahongir malimdan qo‘rqadi.
Kovushim esimga tushdi. Musoqul cholni ko‘ndirishga tushdim.
– Musoqul bobo, yuring kovushimni olayik. Hovlingizdagi o‘tinni yig‘ib beraman, – dedim.
Ko‘ndirdim. Oldinma-ketin pastga enib boraverdik.
– Kichkinaligingizda sizni ham it quvganmi? – deb so‘rab oldim, har ehtimolga qarshi.
– Quvgan, quvgan. Haligacha quvadi, endi qo‘rqmay ham qo‘yganman.
– Hayiqasiz-da, bo‘masa, – deyman tor ko‘chaning o‘rtasiga yetganda, it tashlansa qochib qolishni mo‘ljallab atrofga alanglarkanman. Ko‘chaning narigi boshiga chiqish uchun albatta Qodirboy akaning hovlisi yonidan o‘tish kerak.
It hurdi. Musoqul chol to‘xtadi. Shartta etagidan ushladim.
– Buncha tipirchilaysan?
– Qo‘rqayapman!
– Unda uyingga ketaver.
– Akamdan qo‘rqaman. Kovushimni tashlab borsam, uradi.
– Endi nima qilamiz? Yaxshilab o‘yla, – dedi chol ko‘zlarimga tikilib. – Orqaga ketsang, akang uradi. Kamiga sharmanda bo‘lasan. Jo‘ralaring itdan qochib, kovushini tashlab kepti, deydi. Oldinga yursang, it tishlaydi. Do‘xtir it tishlagan odamning qorniga qirqta ukol qiladi. Eshitgansan-a?
Qornimga igna sanchilgandek bo‘ldi. Shaftoli yegim kelmay qo‘ydi. Ishongan odamimni qara-ya. Qishloqdagi hamma – Umar magazinchi ham, Jo‘raqul etikdo‘z ham, hatto armiyada “butun polkni yotqizib-turg‘izgan” Obro‘ piyon ham qo‘rqadigan Musoqul chol shu bo‘lsa?! Ko‘chaning o‘rtasida tashlab ketmoqchi. Musoqul cholni yomon ko‘rib ketdim.
Alamimdan yig‘lab yubordim.
– Yig‘lama, -dedi Musoqul chol qahr bilan. – Nima qiladigan bo‘lding? Shuni ayt.
– Siz bormaysizmi? Birga boraman degandingiz-ku?
– Shu yerda turaman. Qaysi tomonga borasan, shuni ayt, – takrorladi chol.
O‘ng qo‘lim bilan ko‘zimni uqalab, ishonqiramay chap qo‘lim bilan old tomonni ko‘rsatdim. Qo‘ynimdagi shaftolilar tuki badanimni qichitardi.
– Oldinga o‘t! – buyurdi chol.
O‘n-o‘n besh qadam yurdim. Ortimga qarab qo‘ydim. Chol qaqqayib turaverdi. Oldinda it huraverdi. Qo‘rquvim qo‘shsha bo‘ldi. Old tomon qiyalik edi. It ovozidan bir qo‘rqdim. Yiqilishdan ikki qo‘rqdim.
Devorga yetay deganda it ko‘rindi. U men tomon chopardi. Bir kunda bu bahaybat itga ikkinchi bor duch kelishim edi. Birdan Musoqul cholning gapi esimga tushdi: “Qilig‘ingdan qo‘rqibsan”…
“Eng qo‘rqmas odam – chaqaloqlar”. Chaqaloq bo‘lgim keldi. Ko‘zlarimni chirt yumdim. Atrof qorong‘u bo‘ldi. Hammayoq jim-jit edi.
Qo‘rqa-pisa ko‘zimni ochdim. Ortimga qaradim. It Musoqul cholning oyog‘iga suykalar, uning atrofida sakrardi. Ular menga yaqinlashdi. It bir irrilab qo‘yib, chol bilan andarmon bo‘lganicha qolaverdi.
– Yur, kovushingni ol, – dedi Musoqul chol. – Qilig‘ingni qaytarchi, bir ko‘ray. Yiqilib tushma.
Hammasini tushundim. Chol qirda o‘tirib, meni kuzatgan.
Qodirboy akaning devori yonidagi toshga oyoq qo‘yib, devorga tirmashdim. Bir amallab chiqib, kovushimni oldim. Ertalab devor ancha baland tuyulgandi.
– Hali ham qo‘rqayapsanmi? – dedi Musoqul chol pastga tushganimda.
It orqada qolib ketdi. Ko‘cha boshiga yetdik. Shu yerda ko‘cha ikkiga ayrilardi.
– O‘ng ko‘chadan yur. Ko‘cha boshiga yetib, yana bir marta o‘ngga burilsang, uying tomonga yo‘l bor, – dedi u. – Ha aytmoqchi, boyagi itning oti nima ekan?
Yelka qisib qo‘ya qoldim.
– Qo‘rqadigan narsangning otini bilsang, qo‘rquv qochadi, – dedi chol kulimsirab.
Musoqul chol qishloq oralagani ketdi.
– Ertaga yana qirga chiqaman, – dedim ortidan va o‘ng ko‘chaga burilib ketdim. Bu ko‘cha hali menga notanish edi. Bu ko‘chada ham itlar bor ekan. Biri qo‘yib, biri hurardi. Musoqul cholning gaplari poyma-poy esimga tushardi: “Meni ham itlar quvgan. Haligacha quvayapti. Endi qo‘rqmay ham qo‘yganman”. “Qo‘rqadigan narsangning otini bilsang, qo‘rquv qochadi”.
– Ertaga yana qirga chiqaman, – deb pichirlab borardim…
“Musoqul cholning maktabi”dan