Asosiy mavzular
25 oktyabr 2023

Faqat bayramda eslanadigan o‘zbek tili

O‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi talab qilingan bu kadrlarni mening aziz do‘stim marhum Abdulaziz aka Mahmudov suratga olganida men ham aynan o‘sha yerda edim. Bu tasvirlar 1989 yil olingan.

Shuningdek o‘zbek tili bayramini 1988 yili tashkil qilgan birinchilar qatorida bo‘lganimdan faxrlanaman. 9 fevral kuni talabalar shaharchasidagi maydonda o‘tgan «Til bayrami» deya atalgan bu mitingdan lavhalar kamdan kam shaxslarning arxivlarida saqlangan bo‘lsa kerak.   

21 oktyabr til bayrami kuni til haqida ko‘p gapirildi.  Jadid bobomiz Ismoyilbek Gaspirali «Til millat rivojidagi birlamchi unsur» degan edi. Shu bois bu mavzu ko‘proq gapirilishga muxtoj.  21 oktyabr kungi rasmiy tadbirlardan ko‘ra, ko‘proq menga yoqqani Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi 14 maktabning 43 yashar adabiyot muallimasi Xurshida Otoullaevaning darsi bo‘ldi.

Hurshida o‘zbek maktabining Ona tili o‘qituvchisi.

Aslida bundan 96 yil muqaddam Bokuda turkologlarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tgan va turk tili masalasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan edi. Aynan o‘sha qurultoyda Fitrat taklifi bilan ONA TILI degan tushuncha qabul qilingan edi. Keyin esa 1929 yildagi Samarqand til va imlo konferentsiyasining adabiy til haqidagi qarorida boshqa tillardan kirgan so‘zlarning hammasi “o‘zbek tilining temir qonuniga” bo‘ysungan holda yozilishi va o‘qilishi, ya'ni o‘zbekchalashtirilishi belgilab qo‘yildi.

1941 yili urush boshlanganida xabar tili aniq bo‘lish ehtiyoji tug‘ilgani bois til  Qahhor aytgan «quyushqon» ichiga tiqildi. Bundan oldin, 1938 yilda til haqida gapirgan deyarli hammaning tili kesilgan edi.

Shundan keyin, to 1985 yili Mixail Gorbachev kelib hurriyat ato qilib gapiringlar, deguncha hech kim gapirmadi. Karimov davrida yana sukutga cho‘mdik.  Mana endi yana gapira boshladik. Ammo yillar davomida rus KGBsi singdirgan «TURKChILIK BU OLABO‘JI» degan qo‘rquv o‘z ishini qilyapti.

Toshkentga kelgan AQShlik  turkolog do‘stim nuqul o‘rischa eshitganini yozsam, meni «Fashist» deb atashdi. Xamza «emchak » so‘zini ishlatgan, desam «Ideallashtirma» deya tamg‘a ko‘tarib kelishdi. O‘z vaqtida «Ideallashtirdi» degan ayb bilan necha yuz oydinlar sibirga surgun bo‘lgan edi.

Aytaylik, “x” va “h” tovushlari farqlanmasligini, ularni birlashtirib yuborish tilga salbiy ta'sir etmasligini aytsangiz, madrasa yonida o‘sib hujra ko‘rgan konservativ qarash sohiblari “arab so‘zlarida bor, tarixan shunday, qolaversin” deb turvoladi. Lekin “unda unlilarni ham, tarixdan kelib chiqqan holda, old va orqa qatorga bo‘lib, tegishli harflar kiritaylik” deb ko‘ring, o‘sha kishilarning o‘zlari darhol to‘nini teskari kiyib, “xalq shunga o‘rganib bo‘ldi” deya og‘zingizga kishan solmoqchi bo‘ladi.

Mening fikrim: Bu borada mutaxasislar so‘zini eshitish kerak. Etnik xudbinlik yoki mafkura qopqonida bo‘lganlar emas bilgichlar gapirsin. Bilmaganlar esa bilsin.

21 oktyabr til bayrami haqida o‘qiganlarim ichida eng yaxshisi Mehrinoz Abbosova yozgan she'r bo‘ldi.  Mehrinozdan maqtov qarzim bor edi. Mana uzdim qarzni. Yaxshini yaxshi deyman. Siyosatga diagnoz qo‘ygan shoiraga ofarin deyman.

21-okt(y)abr

Oktabr–oktyabr – arosat fasl,

Tugal bir mezon yo‘q, qonun yo‘q, kor yo‘q.

Qasddan tahqirlanib kelding muttasil,

Seningdek to‘kis yo‘q, sendek afgor yo‘q.

Pishmagan mevasan, na bahor kuzsan,

Kimga nima foyda bor-u yo‘qliging?

Ilmiliq xayolsan, na olov, muzsan,

Na tirik, na murda – sevgim, ko‘hligim.

Ayoldek ulug‘san, ayoldek nochor,

Faqat bayramlarda tushasan yodga.

Ongimni g‘ajiydi dahshatli savol:

Ayt, qachon qaytasan, yorug‘ hayotga?!

Tag‘in o‘qing
20 may 2016
O‘zbekiston prezidentining Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni butun mamlakatni «to‘lqinlantirib» yubordi. Har holda ...
1 aprel 2019
Toshkentda 23-26-mart kunlari maktab o‘quvchilari ishtirokida o‘tgan «Qizlarjon» sammiti ishtirokchilari «ota-onalarni uzoq muddatga chet mamlakatlarga ishlash uchun chiqishlarini cheklash ...
13 noyabr 2020
Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga, Kofir o‘lg‘ayman agar desamki, bahmon ber menga. Moshu bug‘doyu guruch berkim, shular ...
20 oktyabr 2022
Joriy haftada Misr xavfsizlik kuchlari 30 yashar O‘zbekiston vatandoshi Xonimqul Mamasalievni o‘ta shafqattsiz qotillik va katta miqdorda o‘g‘irlikda gumon ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...