«Barmoq izlarimizni g‘ishtlardan izlang…»
Akmal Nabiev
Yeltuz.com
Yaqinda men ishlaydigan qurilishga politsiya xodimlari kelib, hujjatlarimiz joyida bo‘lishiga qaramay barcha ishchilarni politsiya bo‘limiga olib ketdi, tekshirish maqsadida. Ko‘pga kelgan to‘y, kutib o‘tirdik tekshiruv tezroq bo‘lishini.
Birinchi bo‘lib kirib chiqqanlarning aytishlaricha barmoq izlari olinayotganmish va turli xil ko‘rinishda rasmga tushirib olishayotganmish. Besh-oltita ishchini tekshirishguncha tushlik vaqti bo‘lib ketdi. Hamma hayron tekshiruv nega bunchalik cho‘zilayotganiga.
«Tekshirgichlaringni ko‘paytirib qo‘y axir» deb yuborganlar ham bo‘ldi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha qurilishda ishlayverganimiz sabab qo‘llarimiz dag‘allashib barmoq izlari chiqmayotgan ekan. Tushlikdan keyin tekshirgichlar ham taqdirga tan berdi shekilli, barmoq izlarini olmay faqat rasmga tushirish bilan cheklanishdi.
O‘sha yerida biz ham Amur Temur aytgan va yurtimizning ko‘p joylariga katta qilib yozib qo‘yilgan mashhur iborani politsiyachilarga qarata aytib qo‘ydik: Bizning qudratimizga shubhangiz bo‘lsa biz qurgan imoratlarga qarang. Mabodo barmoq izlarimiz kerak bo‘lsa biz terayotgan g‘ishtlardan izlang.