Asosiy mavzular
17 yanvar 2018

Shoqolga – o‘limtik, soqolga – ustara

O‘tgan yili turli darajadagi hokimlarning zo‘ravonligi, so‘kong‘ichlari, qo‘l ostidagilarga bo‘lgan qo‘pol muomalasiga oid xabarlar, ijtimoiy tarmoqlardagi bu haqdagi fikr-mulohazalar internetni to‘ldirdi.

Buning ortidan Shavkat Mirziyoev mushtumzo‘r va zo‘ravon hokimlarni «prezident siyosatiga qarshilar» deb atashgacha bordi.

«Barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi — bir haqiqatni juda chuqur tushunib olishingiz shart: bunday harakatlar davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi va aybdorlarga, albatta, tegishli jazolar qilinadi», dedi davlat rahbari.

Mana shu munosabatlar fonida o‘qituvchilarni urishi bilan tanilgan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosir Egamberdiev ishdan ketdi.

Bu «haydalish kuyi» endilikda sobiq hokimning zo‘ravonligi elga tarqalgandan keyin to‘rt oydan o‘tib chalindi.

Og‘zi shaloqligi sabab Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaev eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortildi.

Lekin Mirziyoevning o‘zi davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini tinimsiz ta'kidlayotgan bir paytda «prezident siyosatiga qarshilar»ni bunday yengil jazolash qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan?

Sayxunobod hokimi ishdan haydalgani bilan yana biror mansab bilan siylanishi hech gap emas va bunday deyishga asoslar yetarli. Vaqtida sharmandalarcha ishdan bo‘shatilgan qanchadan-qancha amaldorlar bugun yana otning ustida.

Andijon hokimi uchun esa bir necha million so‘m jarimani to‘lash karnaychidan bitta pufdek gap. Bitta imzosi uchun buncha pulning o‘n baravarini berishga tayyorlar har kun eshigini poylab yotgani ehtimoli yuqori.

Mushtumzo‘r hokimlarga ko‘rilgan bu choralar tirik tovuqni bo‘g‘izlagan shoqolni o‘limtik berib jazolashdek gap aslida.

Zero, oddiy odam shuncha o‘qituvchini to‘plab urganida onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatishlari aniq edi. Hokimbuvanikiday so‘kishlari uchun bundayroq odam qon qustirilardi.

Prezidentning Oliy Masjlisga murojaatidan so‘ng boshqa bir masala o‘rtaga chiqdi. Shavkat Miriziyoev hokimlarni o‘zining joylardagi vakili deb e'lon qildi va vakolatlarini yanada oshirdi.

Hokimlarni rasman joylardagi xalq deputatlari kengashlari saylaydi va shuning uchun ilgari ularning bemazagarchiliklari uchun shu kengashlarga aybni ag‘darish imkoniyati bor edi.

Prezidentning yuqorida tilga olganimiz bayonotidan keyin, bu bayonotni siyosiy tilga o‘girsak, endi hokimlarning mushtumzo‘rligi va zo‘ravonligi uchun butun mas'uliyat Shavkat Mirziyoevning o‘ziga kelib tushadi.

Bundan keyin asosiysi hokimlar masalaning mana shu jihatini anglab yetdimi, degan savolga borib taqaladi.

Hokimlar buni anglab yetmagan taqdirda xalqning Shavkat Mirziyoevga bo‘lgan ishonchiga putur yetishi aniq.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 oktyabr 2018
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning moliyaviy hayotida ikkita diqqatga sazovor voqea sodir bo‘ldi. Birinchisi Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 14 foizdan ...
21 noyabr 2018
“Hyuman rayts uotch” xalqaro tashkiloti O‘zbekiston hukumatini siyosiy mahkumlarni ozod qilishni davom ettirish, ozodlikka chiqarilganlarining reabilitatsiya qilinishini ta'minlashga chaqirdi. ...
30 sentyabr 2023
Eltuzga kelib tushgan anonim maktubda Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta'minlash departamentidagi korruptsiya va noto‘g‘ri boshqaruv haqida so‘z boradi.Departament ...
19 sentyabr 2021
O‘zbekistonning “Orient Group” kompaniyasi bilan bog‘liq bir yillik tergov ishi shuni ko‘rsatdiki, uning O‘zbekiston prezidenti bilan oilaviy aloqasi mavjud ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...