Kundalik
7 yanvar 2016

O‘zbekiston mustaqilligiga 50 yil bo‘lganmish!

Bir paytlar o‘rta maktabda oddiy o‘qituvchi edim. Tuman markaziga bordim deguncha gazeta do‘koniga chopardim. Sotuvchi opa esa meni ko‘rishi bilan tabassum qilardi. “Mana, sizning gazetangizni olib qo‘yganman!” – derdi oldidagi stol tortmasidan bir dasta gazeta chiqarib. Men esa sevimli gazetamning 3-4 ta soni quchog‘lagancha ishimga qaytardim.

Bu qaysi gazetaligini aytaymi? “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” edi! Oradan yillar o‘tib, bu gazetani o‘qimaydigan bo‘ldim. Umuman, gazetalardan ko‘nglim qoldi. Chunki gazetalarimizni butkul yolg‘on egallab oldi. Jurnalistlarimizning saviyasi o‘ziga yarasha bo‘lib qoldi. Alaloqibat, O‘zbekiston matbuoti haqida gap ketganda ko‘pchilikning yuzi burishadigan ahvolga keldik.

Men bir narsaga hayron qolaman: matbuot kimga xizmat qiladi? Albatta, shu yurtga, shu vatanga! Unda nega “tepa”da o‘tirganlar bu sohaga bu qadar befarq qaraydilar? Nazarimda, bugun mamlakatimizda chop etiladigan nufuzli gazetalarning boshiga umrida yolchitib to‘rtta jumla yozmagan, to‘g‘rirog‘i, yozolmaydigan odamlar kelib qolgan. Shu gapimni xolis va adolat bilan isbotlab beraymi?

Mana bir misol. O‘tgan haftada o‘sha bir paytlarda yaxshi ko‘rib o‘qiydigan “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi tasodifan qo‘limga tushib qoldi. Ishoning, bu mutlaqo tasodif edi. Keling, gazetaning aniq sanasi va sonini ham aytib qo‘yay: 25 dekabr, 2015 yil, 52-son! Birinchi sahifadaman.

Sarlavhani o‘qing: “Sog‘lik va ozodlik”. Bu bosh maqola muallifi “tahririyat” ekan. Tabiiyki, bu Bosh muharrirga tegishli. O‘zingiz o‘ylang, shunaqa ham to‘mtoq sarlavha bo‘ladimi?

Maqolani o‘qib chiqsangiz, ko‘nglingiz ayniydi. Garchi maqolada Istiqolga hamdu sano aytilgan bo‘lsa-da, ishonchim komilki, shu maqola shaxsan Prezidentga ham yoqmaydi. Maktab o‘quvchisining inshosi ham ham bundan tuzukroq yoziladi.

O‘qing: “Jondan aziz istiqlolimizning yarim asrlik qutlug‘ sanasi nishonlanadigan g‘ururbaxsh yilda hamisha sog‘ bo‘ling”.

O‘zi O‘zbekiston qachon mustaqil bo‘lgan? Shunchalik ham mas'uliyatsizlik bo‘ladimi? Qiziq, bu nimadan darak? Atoqli shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, ustiga ustak, xuddi shu nufuzli haftalikning Bosh muharriri Sirojiddin Sayyid hatto, Mustaqillikka qachon erishganimizdan ham bexabar, shekilli?!

Yo u zotga Mustaqillik 50 yil avval nasib etganmi?

“Sog‘lik va ozodlik”da muallif Prezidentning, u e'lon qilgan yil nomi ustidan kulayaptimi? Yo “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati”ga shunday bema'ni bitiklar ham bo‘laveradi, baribir bu gazetani hech kim o‘qimaydi, degan fikrdami?

Xo‘p, S. Sayyid shunday xayolda ekan, Mustaqillikka 50 to‘ladimi, yarim asr to‘ladimi unga farqi yo‘q ekan, ammo boshqa mas'ul rahbarlar qayoqqa qarashyapti? Yoki ular bunday kashfiyotni ko‘rishmadimi? Yoki ko‘rib beparvo qo‘l siltab qo‘yishdimi?

Balki, ular ham “Shu opamga shu pochcham ham bo‘laveradi” degan xayoldadir? Balki, ular ham Mustaqillik qachon yuz berganidan bexabardir? Maqoladagi bir-biridan g‘aliz, bir-biridan nosamimiy jumlalar eng nodon o‘quvchining ham g‘ashiga tegadi.

Ayniqsa, maqolaga ilova qilingan she'rni o‘qing:

Sog‘lik – ozodlikdir.
Ozod millatning
Bardam tug‘ilajak zuriyodi – sog‘lik.

Ming asrlik davlat,
kuch va qudratning
Bir yuz o‘ttiz yilda barbodi – sog‘lik.

Nima bu? Bu tizmadan nimani tushundingiz? O‘zbekistonda odamlar gazeta o‘qishmaydi, deb xafa bo‘ladilar.

Azizlarim, bunaqa gazetani kim o‘qiydi? Gazetadagi qolgan maqolalar ham bundan avlo emas.

Ayniqsa, sarlavhalarni o‘qib g‘ijinib ketasiz. “E'tibor quvonchlari”, “Ilmga sadoqat”, “Sadoqatga ehtirom”…

Shunaqa bo‘lgandan keyin matbuotning xaridori qoladimi?!

Baxtiyor Hamroev
o‘qituvchi, Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 oktyabr 2021
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 18 oktyabr kuni Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik jinoyati yuzasidan sud ...
28 oktyabr 2015
Sutkalab svet yonmaydigan, gaz o‘tkazilgan holatda, gazni trubasidan havo ham kemaydigan qishloqda, dvijok yoqib o‘tirganizda, xayolingizni bo‘lib, televizordan yonayotgan ...
14 mart 2017
O‘zbekistonda shu kunlarda ham notaruislarning oshig‘i olchi. Mamlakatdagi eng daromadli kasblardan biri notarius. Shu paytgacha ularning qirg‘irliklari haqida deyarli ...
7 oktyabr 2019
Qamashi tumanidagi 14 va 16-bolalar bog‘chalariga go‘sht o‘rniga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning portretlari berilgan.  Bu ma'lumotni “Eltuz”ga taqdim qilgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...