Dayjest
3 may 2016

Sovet davrida kino olmagan o‘zbeklar yoki LofTVda nima gap?

Aprel oyida ham O‘zbekiston telekanallari “oqil va dono yurtboshi rahnamoligida farovon va baxtli hayot kechirayotgan, mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritgan va kiritayotgan xalq” haqidagi ertak manzaralarini chiqishda davom etdi. Faqat “Aramais Avakyan ishi” nomi bilan shov-shuv bo‘layotgan jinoyat ishi to‘g‘risidagi “hujjatli” film bu kabi ertaknamo hayotni “ko‘ra olmayotgan yovuz kuchlar” hali ham mavjudligini ko‘rsatib, “baxtiyor millat”ni ogohlikka chaqirib turdi.

“Sayyor kamera” sindimi?

“Toshkent” telekanalida “Sayyor kamera” nomli ko‘rsatuv bo‘lib, asosan, maishiy mayda-chuyda muammolarni, masalan, uyning tomidan chakki o‘tayotganiga qaramayotgan shirkat, chiqindixonadan taralayotgan sassiqni bartaraf etmayotgan mas'ulchalar, kommunal xizmatlar haqini to‘lamayotgan iste'molchilar kabi mavzularni yoritib keladi.

Lekin aprel boshida “Sayyor kamera” bir muammoni tilga olib, kazo-kazolarga tegib ketgani bilan e'tiborni tortdi.

Gap shundaki, Toshkentning Qatortol ko‘chasida o‘tgan yil oxirida “Sunday” supermarketi ishga tushirilgandi. Tor ko‘chada tomosha ko‘rsatib, gavjum joyda supermarket qurganlar avtoturargoh muammosiga duch kelib, aholi yashovchi ko‘p qavatli uy va yo‘l o‘rtasidagi 200 metrcha uzunlikdagi chimzor hisobiga bu muammoni osongina hal qilmoqchi bo‘ldi.

Hatto chimzor ustiga shag‘al to‘kilib, asfaltlashga tayyorlandi ham. Ammo kutilmaganda ko‘p qavatli uyda yashovchilar bunga qarshi chiqib, avtoturargoh qurilishiga yo‘l bermadi. Bu kichkinagina “isyon” xalqning foydasiga hal bo‘layotganday edi.

Uyda yashovchilar qandaydir “ishonch telefoni” orqali televideniegacha murojaat etgan. Mana shu muammoni o‘rgangan “Sayyor kamera” aholi e'tirozlarini butun mamlakatga yoyinladi. Ammo muammo sababchisi – “Sunday” savdo-ko‘ngilochar tarmog‘i egalari haqida hech gap ayta olmadi baribir.

E'tiborlisi shundaki, “Sunday” savdo-ko‘ngilochar tarmog‘ining “krыsha”lari hukumat tomonlardan ko‘rinib turadi. Bugun butun O‘zbekiston bo‘ylab ochilayotgan shu nomdagi supermarketlar bu kishilar hazil odamlar emasligidan darak beradi.

Shuning uchun “Sunday”ga oid tanqidiy eshittirish tayyorlangani, yana efirga ham uzatilgani bu muammo sabablari haqida bilganlarda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi.

Shunga qaramay, “Sayyor kamera” sindirildi chog‘i, ko‘rsatuv efirga uzatilganidan beri qariyb bir oy vaqt o‘tganiga qaramay, o‘sha joy hali ham avtoturargoh bo‘lib xizmat qilmoqda. Chimzorni qayta tiklashga hech kim kirishgani ham yo‘q.

Xalqning e'tirozlari esa yana chetda qolib, tanqidiy ko‘rsatuv “Sunday” xo‘jayinlariga chivin chaqqanchalik ham ta'sir etmagan ko‘rinadi.

Mustaqillikkacha kino ko‘rmagan Qunduz amaki

“Munosabat” ko‘rsatuvining navbatdagi soni “vatangadolar” haqida hikoya qiluvchi  “Gumrohlar” filmi atrofida qurildi.

Unda film rejissyori Hilol Nasimov “mustaqillikkacha pusib o‘tirganlar mustaqillikdan keyin faravon hayotimizga rahna sola boshlagani” to‘g‘risidagi fikrlari bilan mavzuni qizitib berdi. Biroq hozir chetda yashashga majbur bo‘layotgan o‘sha “vatangadolar” orasida bugungi “vatanparvarlar”dan farqli o‘laroq, mustaqillik uchuun asl kurashchilar ham ko‘pligini aytib o‘tirmadi.

Yaqindagina O‘zbekiston xalq artisti rutbasi bilan siylangan Mirza Azizov ham “qarzi”ni uzadigan vaqt kelganini sezdi shekilli, otni qamchiladi.

“Prezidentimiz mustaqillikni e'lon qilganida 3 kunlik bug‘doy qolgan vaqtda u kishi barcha mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Sobiq Ittifoq davrida 70 yil hech narsa deya olmaganlar keyin terrorizm yo‘li bilan bizni o‘z yo‘liga solmoqchi bo‘ldi”, dedi u hovliqayotganini sezdirmaslikka intilib.

“Bunday kinolar olish uchun Hilol Nasimov, Erkin Komilov, Samandarga o‘xshab vatanparvar bo‘lish kerak”, dedi o‘z topilmasidan o‘zi xursand holda.

Ko‘rsatuv boshlovchisi Quddus A'zamov (Qunduz amakining O‘zTVdagi prototipi) qarayaptiki, zalda hamma gapiradiganlar o‘tiribdi, agar “kuchliroq” gap aytmasa, changda qolib ketadigan.

“Mustaqillik bizga kino olish imkoniyatini bergan ekan, bunga xizmat qilish bizning burchimiz hisoblanmaydimi”, desa bo‘ladimi.

Ko‘zlaridan sezildi zalda o‘tirganlarning: “Mana buni lof desa bo‘ladi”, deb ichida baqirib yuborganini sezmay qoldi ko‘pchiligi.

Lekin birortasi SSSR davrida o‘zbekning eng asl kinolari olinganini aytmadi. Ayta olmadi. Chunki davra bunday gapni ko‘tarmaydi-da.

Samandar degan ham xonanda, ham aktyorga ham navbat tegib, “Nihol” mukofoti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni olish uchun ilgari bizday yoshlarga yo‘l bo‘lsin edi, deganday gap qildi. (Oltmish yoshga kirish kerak edi, luqma tashladi Quddus A'zamov). Hozir ishlasangiz, xizmat ko‘rsatsangiz davlat bunday mukofotlarni ayamaydi, gapini davom ettirdi Samandar.

“Uka, o‘zbekchani bilmagan Rayhon ham xizmat ko‘rsatgan artist. O‘zi hali san'at yo‘lida biror arzirli ish qilmagan sen ham xizmat ko‘rsatgan artist. Unvon olish oson bo‘lib qoldi”, degan gap hech kimning og‘zidan chiqmadi.

Erkin Komilov “Prezidentimiz millatni millat qilishiga ishonmaganlar, “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan shiorlarga ishonmaganlar o‘sha vaqtda ustimizdan kulgan edi”, degan so‘zlari bilan gurungga qo‘shildi.

Mirza Azizovning aytishicha, mashhur xonanda Muhabbat Shamaeva 22 yil davomida Nyu-Yorkda yashab, u yerdagi “Ozodlik” haykaliga bir marta bormagan ekan. Natan Mallaev umrining oxirigacha M.Shamaevaga “Sen meni shu yerga olib kelding”, deb afsus qilib o‘tgan ekan. O‘zbekiston tamom shu bilan, deb o‘ylagan ekan.

Agar M.Shamaeva O‘zbekistondan ketganiga shunchalik afsus qilayotgan ekan, yurtiga qaytib kelib yashashiga biror to‘siq bo‘lmasa kerak. Lekin u nimagadir hech qaytgisi yo‘q.

Mirza Azizov yana bir qiziq gapni aytib qoldi. Qirg‘iziston voqealariga qolib ketganida uni qutqargan qirg‘iz polkovnigi: “Sizlarning va bizlarning baxtimiz Islom Karimov, agar u bo‘lmaganda Afg‘onistondan battar bo‘lar edik”, deb aytganmish.

Hukmdorlar taxtida uzoqroq qolish, o‘zining bu mansabga eng loyiq ekani, boshqalar kelsa, hayot do‘zaxga aylanishi to‘g‘risidagi safsatalarini o‘z gumashtalari orqali tarqatib, o‘zi atrofida afsonalar yaratishini  eshitganmiz. M.Azizovning gaplari ham shunday afsonaga tortishi hech gap emas.

Zero, hali yangi bu xalq artisti “yoshlarimiz “Kamolot”ga a'zo bo‘lish, hukumatimiz ko‘rsatgan yo‘lga yurish o‘rniga Suriyaga borib it kabi o‘lib ketayotgani”ni aytgach, uning maqsadi aniqlashadi-da.

To‘g‘ri, o‘zbekning ichida terrorchisi, aqidaparasti, vatanfurushlari bor. Lekin ko‘rsatuv chet elda yashayotgan, amaldagi hukumat bilan qarashlari har xil bo‘lgan barchani vatanfurushga chiqarishga qaratilgani bilan e'tiborli. Lekin unda o‘nlab million dollarga xorijdan uy olib qo‘ygan, xalqdan o‘g‘irlagan milliardlab dollarini chet elda saqlayotgan, ertaga adolatliroq, xalqqa qayishadiganroq hukumat keladigan bo‘lsa, chet elga qochish ehtiyotini ilib qo‘ygan bugungi o‘zbek amaldorlari haqida hech narsa yo‘q.

Ko‘rsatuv oxirlaganda E.Komilov Navoiy va Furqatning muhojirot haqida yozgan she'rlarini o‘qib, “vatangadolar” qismati g‘urbatli ekanini qistirib o‘tdi. Ammo u Navoiyni ham, Furqatni ham yurtidan judo qilgan hukumat ekani to‘g‘risida bir og‘iz gapirmaydi.

Hali ham “qip-qizil” spektakllar

SSSR davrida sotsialistik realizm uslubida yozilgan asarlar, ular asosida yaratilgan spektakllar bo‘lardi. Ular hayotdagi “ayrim” kamchiliklarni ko‘rsatib berar, qahramonlar “sovet kishisiga yot bo‘lgan ba'zi kimsalar”ni fosh ham qilardi.

“Munosabat plyus” ko‘rsatuvining navbatdagi soni mohiyatan o‘sha sovetcha, lekin ancha “mustaqilliklashtirilgan” “Zamindan olis ketma” spektakli muhokamasiga bag‘ishlandi.

Spektakl bolalar oromgohini xususiylashtirish ortidan boshlangan mashmashalar to‘g‘risida. Asosiy qahramonlar esa “o‘z jig‘ildonini o‘ylab, xalq manfaatiga putur yetkazayotgan ayrim kimsalar”ga qarshi ochiq bosh ko‘targan fermer va bu muammoni o‘rgangani kelgan adolatparvar jurnalist. Jurnalist bir haqiqatgo‘y, bir sotilmas bolaki, porani ham olmaydi, ziyofatda hammani laqillatib ichmay o‘tirib, boshqalarni mast qilib qo‘yadi. Muammo yechimini topish, haqiqatni, adolatni yuzaga chiqarish harakatida bo‘ladi. Unga 10 ming dollar, hatto Toshkentdan kvartira ham va'da qilinadi. Ammo u sotilmadi…

Bugun O‘zbekistonda aynan pora uchun ovga chiqadigan jurnalistlar guruhi shakllangani to‘g‘risidagi gaplarni aytish bilan cheklanib, “adolatparvar, halol jurnalist” afsonasini chetga surib qo‘yamiz-da, ko‘rsatuvda hozirgi spektakllar haqida adabiyotshunos olim Shuhrat Rizaev aytgan fikrlarni keltirish bilan kifoyalanamiz.

Shuning o‘zi bugun O‘zbekistonda yaratilayotgan “davr qahramonlari” haqidagi spektakllarning asl bahosini ko‘rsatib beradi nazarimizda.

“Spektakllarimizda salbiy qahramonlar obrazi juda yorqin chiqadi. Lekin ijobiy qahramonlar obrazlari o‘ta sodda ko‘rinadi. Masalan, ijobiy qahramon boshida lallayib yurib, keyin yakunda birdaniga shunaqangi shaxsga aylanadiki, tomoshabin bunga ishonishi qiyin. Shuning uchun ijobiy qahramonlarni ham ishonarli qilib yaratishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak”, dedi Sh.Rizaev.

Bu gapga qo‘shimcha sifatida aymoqchimizki, agar asar, ko‘rsatuvlarda hayot haqiqati aks etmas ekan, u baribir na tomoshabin, na o‘quvchi, na muxlisni ishontira oladi.

Bu gaplar O‘zbekiston telekanallari ekranidan tushmayotgan, hayot haqiqatidan yiroq barcha ko‘rsatuvlarga ham taalluqli.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 iyul 2016
“Hurriyat” gazetasi o‘z muassisi bo‘lmish Jurnalistlar uyushmasiga qarashli monitoring guruhining mamlakat matbuoti joriy yilning ikkinchi choragida nima karomatlar ko‘rsatgani ...
12 iyun 2017
Aholini parrandachilik, chorvachilikka keng jalb etish, tomorqalarda issiqxonalar yaratishga undash O‘zbekistonda endigina hukmronlikni qo‘lga olgan Shavkat Mirziyoevning ilk tashabbuslaridan ...
26 oktyabr 2020
Ko‘rayotganingiz Afg‘oniston yoki Somalidagi maktab emas. Bu 2020 yilning oktyabr oyida o‘zbek o‘quvchilari ta'lim olayotgan maktab.  Ijtimoiy medianing o‘zbek ...
17 iyul 2018
64 yoshli sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon 16 iyul kuni AQShning Sietl shahrida oilasi, farzandlari va nabiralari bilan uchrashdi. ...
Bloglar
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko ...
25 noyabr 2020
Kuzda ketib kuzda qaytdim Sovet Armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan ...
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...