Ura-ura uchun berilgan mukofotlar
O‘zbekiston nashrlarida jurnalistika sohasidagi «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindorlari ro‘yxati e'lon qilindi.
Nashrlar bu jurnalistlar sovrinni nima uchun olganiga ham aniqlik kiritib o‘tgan.
Masalan, bosh mukofot sohibiga aylangan «Toshkent» telekanali «mamlakatimizda yuz berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlarni, poytaxtda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini keng yoritgani uchun» sovrindor bo‘lgani aytilgan.
Boshqa sovrinlar ham «yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash», «mamlakatimiz ma'naviy hayotida yuz bergan ulkan yangilanishlarni jamoatchilikka keng targ‘ib etish», «tinchlik-osoyishtalikni ta'minlashda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar», «yoshlarga oid davlat siyosati»ni keng yoritgani uchun berilgan.
Tanlov g‘oliblari ham «jurnalistlarni davlatimiz rahbari, hukumatimiz doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotganidan minnatdor» ekanini yashirmagan.
Matbuot yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin olib berilgan «Ma'naviy hayot» jurnali bosh muharriri, aslida missiyasi xalq vijdoni bo‘lishi kerak bo‘lgan shoirlar qatlami vakili Eshqobil Shukur esa o‘zbek jurnalistlari haqiqatgo‘y ekanini iddao qiladi.
«…O‘zini turli ma'naviy tahdidlardan himoya qila olgan xalq o‘z vatanini himoya qilgan bo‘ladi. Bu o‘rinda jurnalistlarimizning haqiqatgo‘yligi, xolisligi, vijdoni uyg‘oqligi, el-yurtiga muhabbati katta ahamiyat kasb etadi», deydi shoir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bu mukofot amaldagi hukumat chizgan chiziqdan chiqmaydigan jurnalistlarga tashlangan suyakdir, degan xulosaga kelish mumkin.
Eltuz.com