XMT seminarida majburiy mehnat mavzusi ham ko‘tarilganmi?
«O‘zbekiston ovozi» gazetasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikda seminar tashkil etilgani haqida xabar berdi.
Unda aytilishicha, seminar tizim huquqshunoslari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassislar hamda kengash qoshidagi yuridik klinika volontyorlari uchun tashkil etilgan.
Seminarda XTMning yuqori martabali bir necha vakillari, xususan, «O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturini amaliyotga tatbiq etish» loyihasi bosh texnik maslahatchisi X.Taliga ishtirok etgan.
Xabarda seminar davomida XMT va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma'lumot berilganini aytish bilan cheklanilgan.
Bu loyihalarning mohiyati, ularda O‘zbekistonda keng quloch yoygan majburiy mehnat muammosini bartaraf etish bo‘yicha nimalar ko‘zda tutilgani to‘g‘risida birorta ma'lumot berilmagan.
Qolaversa, mamlakatda majburiy mehnatga chek qo‘yish borasida shu kungacha qilingan ishlar to‘g‘risida ham biror gap aytilmagan.
Eltuz.com