Yoshlarga «Uz» domenidan chetga chiqmaslik tavsiya etilmoqda
«Milliy tiklanish» gazetasi shu nomdagi partiya «yoshlarni yot g‘oyalar, buzg‘unchi kuchlar, mafkuraviy tahdidlardan avaylab-asrash»ga qaratilgan sa'y-harakatlarini tobora avj oldirayotgani haqidagi navbatdagi maqolani e'lon qildi.
Unda «Milliy tiklanish» partiyasi «Milliy axborot xavfsizligini ta'minlash va yoshlarda internet madaniyatini shakllantirishning dolzarb vazifalari» mavzuida Surxondaryoda o‘tkazgan tadbir haqida so‘z boradi.
«Turli illatlarni targ‘ib qiluvchi saytlar kengayib borayotgan bugungi tahlikali zamonda yoshlarimizga faqat «uz» domenidagi portallar orqali ma'lumot izlash tavsiya qilinadi», deb yozadi gazeta.
Gazeta boshqa domenlarga murojaat etishga to‘g‘ri kelib qolsa, buning uchun nimalarga rioya qilish kerakligini eslatishni ham unutmaydi.
«Agar boshqa domendagi veb saytlardan foydalanishga ehtiyoj sezilsa, mamlakatimizning milliy manfaatlari va mentalitetiga zid axborotlardan saqlanib, hushyorlik va ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rish darkor», deya yo‘l ko‘rsatadi gazeta.
Eltuz.com