Dayjest
14 iyun 2016

«Ulkan yutuqlar» soyasidagi haqiqat

Rasmiylar «ulkan yutuqlar, mislsiz muvaffaqiyatlar, buning natijasida tobora farovonlashib borayotgan hayotimiz» haqida ertak to‘qiyotgan bir paytda oddiy o‘zbek ayolining birgina hikoyasi soyadagi haqiqatlarni yuzaga chiqarish, O‘zbekistondagi bugungi hayotning aslida qanday ekanini anglab yetishga xizmat qiladigan juda muhim jihatlarni ko‘rsatib bera oladi, deb o‘ylaymiz.

Ismim Gulmira. Shahrixon tumanida yashayman. Oilada qaynonam, qaynotam, ularning 4 o‘g‘li va 3 kelin yashaymiz. Kelinlarning birortasi ishlamaydi.

O‘zim tibbiyot kollejida o‘qiganman. Lekin ish yo‘q. Qaynonam bilan ish so‘rab tuman shifoxonasiga borgan edik. Qaynonamning dugonasining kelini o‘sha yerda ishlaydi. U ishni surishtirib beraman degandi. Ishga kirishim uchun 300 dollar so‘rashibdi.

Bizda bunaqa pul yo‘q. Hozir bitta qaynog‘am uyda. Qolgan uch o‘g‘il Rossiyada ishlaydi. Shu vaqtgacha dalada 80 sotix yerimiz bor edi, dexqonchilik qilardik, bodring, qovun-tarvuz, pomidor ekib sotardik, davlatga ham topshirardik. O‘tgan yili yerimiz olib qo‘yildi. Endi faqat Rossiyadan keladigan pulga qarab qolganmiz.

Bu yil qishlog‘imizdagi fermer bizgayam pilla qurti berdi. Biz bunga tayyor bo‘lmasak ham uyga kelib, yalinib tashlab ketdi. Fermer qarindoshimiz ekan, qaynonam ra'yini qaytara olmadi.

Qaynotam esa qaynonamni rosa urishdi. Chunki u yaqinda insult bo‘lgan, qo‘li va oyog‘i ishlamaydi. Shifoxonaga yotqizishga pul yo‘q. Endi menga kim qaraydi, deb norozi bo‘ldi qaynotam.

O‘zim qishloqda o‘sganman, bizning uydagilar ham qurt boqardi. Pilla berilishdan oldin qurt boqiladigan xonalar dezinfektsiya qilinardi.

Qaynonamning qarindoshi fermer esa 4 quti pilla qurtini shunday tashlab ketaverdi. Hovlimiz kichkina, 3 ta ovsin yashaymiz. Qurtlarni oldin bitta xonada boqdik. Uyimizdagi 1-2 ta tutning bargi bilan boqib turdik. Keyin qo‘shnilardagi va mahalladagi tut daraxtlaridan barg terdik.

Aslida fermer odam biriktirib, bizga barg yetkazib berishi kerak edi. Shunga kelishilgandi. Fermer ertalab va kechqurun olib kelgan barg juda oz bo‘lardi. Qurt ko‘p, uyimiz kichik bo‘lgani uchun hammasini 2 tagina xonada boqdik.

Qizlik uyimda pilla boqqanimizni eslayman. Bir quti qurtni 6 ta xonada boqardik. Fermerga joyimiz torligini aytsam, hech kim olmasa nima qilay, dedi. A'zolaringizga bering edi desam, dalaning ishlari-chi, shusiz ham bu yilgi yog‘ingarchilikdan dabdalasi chiqib yotibdi, kuch yetishmayapti, bu yoqda pilla, odamim bo‘lsa, sizlarga yalinib yurarmidim, dedi.

Xullas, qurtlar katta dahaga kirgandan keyin, eng qiyin payti kelganda, fermer barg ham olib kelmay qo‘ydi.

«Har yili minglab tut daraxti eksak ham odamlar oldin ekilgan tutlarni qishi bilan kesib ketyapti, shuning uchun barg yetishmayapti», deb zorlandi.

«Gaz, elektr bo‘lmaganidan keyin kesib ketadi-da, o‘tin sotib olishga odamlarda pul bo‘lmasa, Rossiyada ishlaydiganlar kuzdan bahorgacha uylarida bo‘ladi, uylarni isitish kerak-ku», dedik.

«Men nima qilay, menga ham pilla qurti boqish ortiqcha ish, o‘zi dalamni zo‘rg‘a eplayotganimda, buniyam yuklashadi har yili», dedi.

Asosan 3 ovsin ishladik, qaynonam qaynotamga qaradi, qaynog‘amning qarashishga vaqti bo‘lgani yo‘q. Chunki u mardikorga chiqadi, har kungi ovqatimizga loyiq pul topib keladi.
Barg kesuvchimiz ham fermerning qarindoshi ekan, unga ham pulini to‘layman, deb aldabdi. U bizdan tashqari yana uchta oilaga barg kesib berardi. Traktorda yurib, kimnikida qurt ko‘proq bo‘lsa, o‘shanga ko‘proq barg berib ketardi. Bizga eng ko‘p – 8 bog‘ barg tegardi.

Bargni fermer topadi. Tumanimizdagi barg tugagach, qarindoshlaridan, tanishlaridan so‘rab, ularning uylaridagi tutlarni kesib kelisharkan.

Xullas, barg ham muammo. Fermer kuniga ikki marta barg olib kelardi, shuni eplab yetkazardik. Siyrak qilib solardik, qurtlar yarim soatda yeb tashlardi. Ba'zida barg yo‘qligidan qurtxonaga kirmasdik ham.

Katta dahada undan ham qiyin bo‘ldi. So‘ligan, bargi yo‘q shoxlarni olib kelishadi. Navdalarning bargli joylarini kesib olib, o‘shalarni amallab yetkazib turardik.

Katta dahada besh kun barg berdik. O‘sha kuni biznikiga fermer kelib: «Ko‘mib tashlayveringlar, hech qaerda barg yo‘q», dedi.

Keyin biz och qurtlarga dasta solib chiqdik. Har kuni kirib qaraymiz, qurtlar osmonga qarab yotadi, barg izlaydi. Pilla o‘rashidan darak yo‘q.

Oradan 10 kuncha vaqt o‘tgandan keyin fermer kelib, pillani terishni boshlashni buyurdi. Biz nimani teramiz, qurtnimi, deb hayron bo‘lsak-da, so‘kichaklarni buzishni boshladik.

Ertalabdan kechgacha to‘rt quti qurtdan bor-yo‘g‘i 3 kg pilla oldik. Eng yomoni, hovlimizning bir chetidan chuqur qazib, tog‘ona-tog‘ora qurtlarni yerga ko‘mdik. Shu paytda uch ovsin rosa yig‘ladik…

Qurt berishdan oldin fermer qaynonamga rosa va'dalar qilgandi. 10 kg dan paxta yog‘i, guruch, makaron, bir qopdan kartoshka, piyoz, sabzi beraman, yana uch-to‘rt kiyimlik adras beraman, degan ekan. Bir narsa bergani yo‘q.

To‘g‘ri, pilla bo‘lmadi, lekin bu bizning aybimiz emas-ku? U bizga barg yetkazib bermadi, biz boqib berdik, shuncha vaqtimiz, mehnatimizni sarfladik.

O‘sha paytlarda men ikkinchi farzandimga homilador edim. Pilla terganimizdan keyin bir hafta o‘tib farzand ko‘rdim, tug‘ruq rosa qiyin kechdi. Bunga qurt boqish paytidagi qiyinchiliklar sabab, deb o‘yladim. Chunki vaqtida dam ololmadim, ertadan kechgacha barg tashib, qurtga qarab, og‘ir ishlarni qilib yurdim.

Mayli, hammasi ortda qoldi. Lekin bir oy vaqtimizni sarflab, hech narsalik bo‘lmaganimiz alam qildi. Qaynonam ipak qurti boqishdan qolgan ozroq o‘tin bilan o‘zini ovutyapti.

Ovsinim pilla topshiradigan joyga borgan ekan. O‘sha yerda bir kilo pilla narxi 11 ming so‘m ekani yozib qo‘yilibdi.

Qishlog‘imizda qurt boqqanlar ko‘p bo‘ldi, ular ham bizga o‘xshab qiynaldi. Bir kilo ham pilla topshirmaganlar bor. Ammo topshirganlarga ham bir so‘m pul berishmadi.

Unda har kilo pillaga to‘lanadigan 11 ming so‘mdan pulni kim oladi? Fermerni ko‘rsam, albatta so‘rayman.

Gulmira
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 yanvar 2018
Chimkentlik to‘y egasi buyurtirgan qimmatbaho tort videosi ijtimoiy tarmoqni hayratga soldi. Uning narxi 179 ming AQSh dollariga baholangan. Dastlab ...
22 mart 2019
«Boy ila xizmatchi» – Hamzaga nisbat beriladigan drama. Originali saqlanmagan. Komil Yashin uni mafkuraga moslab qayta yozgan. Suflyor varianti ...
29 yanvar 2018
Tojik muxolifatining eng taniqli vakillaridan biri, hozir Germaniyada muhojiratda yashayotgan jurnalist Dodojon Atovullaev prezident Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu ...
27 sentyabr 2023
Adliya tizimi va qonunlar ishlamay qo‘ysa, davlat qaroqchi va talonchilar to‘dasiga aylanadi. Bu aqlli gapni bir ming yettiyuz yil ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...