Dayjest
7 iyul 2016

Bo‘z saylovchilari Ketmonovga o‘z muammolarini aytmadi

«O‘zbekiston ovozi» gazetasi Xalq demokratik partiyasi yetakchisi, partiyaning parlament quyi palatasidagi fraktsiyasi rahbari Hotamjon Ketmonovning Bo‘z tumanidagi saylovchilar bilan uchrashuvidan reportaj e'lon qildi.

Avvaldan aytib qo‘yaylik, maqolada biror joyda «deputat saylovchilarning muammolari bilan qiziqdi», degan so‘zni uchratmaysiz. Hatto «muammo» degan so‘zning o‘zi yo‘q. Buning o‘rniga deputat Ketmonov bechora saylovchilarni «mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi yangiliklar, tarixiy bunyodkorliklar haqidagi fikr-mulohazalari» bilan boqqan.
Bundan xulosa shuki, yoki saylovchining muammosi yo‘q, yoki saylovchilar Ketmonovga o‘z muammolarini aytgani bilan biror ish chiqmasligini biladi. Muammosiz tuman, shahar yoki qishloq bo‘lmasligini inobatga olsak, keyingi fikrimiz to‘g‘riroqqa o‘xshaydi.

H.Ketmonov uchrashuvda qonunchilikka oid gaplarni ham gapirib, yaqinda XDP «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘yicha Demokratik kuchlar bloki (parlamentimizda shunaqasi ham bor) ilgari surgan ayrim fikrlarga qo‘shila olmasligini bayon qilgani bilan maqtangan.
Mana shu e'tirozlardan biriga qisqagina to‘xtalamiz. XDP qonun loyihasida ijtimoiy himoya masalasiga e'tibor qaratilmagan, deb hisoblab, «Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mansabdor shaxslarining murakkab va noqulay iqlim sharoitlarida mehnat qilishini inobatga olib, ularni ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini mustahkamlab qo‘yish zarur», degan taklif kiritgan.

Eh, Ketmonov, shu yerda ham mansabdorlarni o‘ylabdi. Undan ko‘ra, hayvonot dunyosini mansabdorlardan himoya qilishni o‘ylamaysanmi, nomard! Qo‘riqlanadigan joyda ham ov qiladigan o‘shalar, noyob hayvonlarni hech qanday javobgarliksiz otadigan ham o‘shalar-ku!

Xullas, maqolada deputatning saylovchilar bilan uchrashuvi har tomonlama foydali bo‘lgani ta'kidlanadi.

«Saylovchilar yangi qonunlar haqida ko‘p ma'lumotlar oldi. Deputatimiz saylovchilar takliflarini eshitdi. Demak, bunday uchrashuvlardan hammamiz manfaatdormiz», deya xulosa qilinadi reportajda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 aprel 2018
O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash kampaniyasi boshlandi. Bu kurashni mamlakat prezidentining o‘zi boshlab berdi. Mamlakatda majburiy mehnat yillar davomida ...
9 aprel 2024
Xatlar kelishda etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun Eltuz kanaliga obuna bo‘lish, layk bosish va superrahmat tugmachasini bosib kanalni moddiy ...
9 yanvar 2020
Agar sizga yaqin bir necha oy ichida O‘zbekistonga borish nasib etsa, ko‘proq uch narsa haqida eshitishingizga to‘g‘ri keladi.  Mulozimlar ...
15 yanvar 2021
Salom, azizlarim. O‘tgan galgidan ko‘ra davramiz yana kengayganini ko‘rib sevindim. Yaqindagina 200 ming edik. Mana, yana 4000 qo‘shilibdi. To‘yda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...