Muxolifat partiyaning «olamshumul» ishlari
«Adolat» gazetasini varaqlab, O‘zbekiston siyosiy hayotidagi navbatdagi o‘xshamagan parodiya, o‘zbekcha aytganda, o‘xshamagan taqlidga ko‘zingiz tushadi.
Taqlidki, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysiz. Buning ustiga, demokratiyaga taqlidki, tushunmagan, milliy mafkuradan sal og‘ishib fikrlamaydigan odamni chalg‘itishi hech gap emas. Aslida ham bu maqola odamni qandaydir haqiqiy demokratik tamoyillardan chalg‘itishni qaratilgandek tuyuladi.
Nima emish, parlamentdagi muxolifatdagi partiya (ishoning, aynan muxolifatdagi) bo‘lmish «Adolat» taklif etgan muqobil qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tajribasida ilk bor muhokama etilibdi.
Avvalo, qoyil qolish kerak, gazeta o‘z muassisi bo‘lmish partiyani «muxolifatdagi» deb e'lon qildi. Ammo siyosiy hushyorlik nuqtai nazaridan «muxolifatdagi» degan joyiga qayta-qayta «parlamentdagi muxolifat» degan sifatni tiqishtirishni unutmadi.
Chunki parlamentda kim bor? Egizak aka-ukalari bor. Ularga amallab muxolifatchilik qilsa bo‘ladi. Lekin parlamentdan tashqarida, masalan, hukumatni tanqid qilish, «ulkan yutuqlar»ga soya tashlovchi gaplarni gapirib qo‘ya olmaydi.
Zero, bu gaplar parlamentdan tashqarida. Parlamentda bunday gaplarni gapirish «ota bir, onasiz tug‘ilgan» siyosiy kuchlarning nufuziga ta'sir qilishi mumkin. Bu esa «umumiy ota»ning mashhur modeliga to‘g‘ri kelmaydi.
Gazeta ham bu jihatlarni tushungan holda gapni «ota»ni ulug‘lashdan boshlaydi.
«Davlatimiz rahbari 2015 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi hamda Qonunchilik palatasining tashkiliy yig‘ilishidagi ma'ruzasida parlament faoliyatini professional darajaga ko‘tarish, xususan, qonun ijodkorligini va qonunchilik faoliyati sifatini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratgan edi», deb kirish gap qiladi.
Bu «parlamentdagi muxolifatdagi partiya» nima karomat ko‘rsatdi ekan, nahotki birorta kattaroq, xalqqa yondashadigan gap aytib qo‘ydimikin, elga qayishadigan qonun loyihasini muhokamaga kirib, «muxolifat» degan so‘zga jon kiritdimikin, deb o‘ylayotgandirsiz.
Hafsalangiz pir bo‘lsa, biz aybdor emasmiz. Bechora muxolifatdagi «Adolat» muhokamaga kiritgan qonun loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad «www.lex.uz saytida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasiga normativ-huquqiy hujjatlar e'lon qilinadigan rasmiy manba maqomini berishdan iborat». Bor-yo‘g‘i shu.
Shu paytgacha ham saytda shunday hujjatlar e'lon qilinardi, bundan keyin ham e'lon qilinadi. Buning ustiga, sayt faqat rasman qonun hujjatiga aylangan hujjatlarni joylashtiradi. Unga rasmiy maqom berish muxolifatdagi partiya olamga jar solib, obro‘ oladigan ish emas aslida.
Bundan tashqari, partiya bu ishini «parlament tajribasida ilk marotaba» deb e'lon qilganining o‘zi «demokratik, huquqiy davlat qurayotgan» O‘zbekistonning 25 yillik mustaqilligi bayram qilinayotgan yilda aytilayotgani prezidentning shu paytgacha demokratiya to‘g‘risida aytgan hamma gaplarini yo‘qqa chiqarmaydimi?
Nahotki, 25 yil «demokratik yo‘l»dan yurib, parlamentimizdagi «muxolifatdagi partiya» endigina oddiy, aslida bugungi real sharoitda bir tiyinga qimmat, ahamiyatsiz qonun loyihasini muhokama kiritgani bilan maqtanadigan darajaga yetgan bo‘lsak?!
«Hajman kichik, lekin mazmunan chuqur» kitoblar
Prezidentimiz kitob yozishni yaxshi ko‘radi. Har holda, uning har bir davradagi gapi kitob shaklida chiqishi shunday taassurot uyg‘otadi.
Rahmatlik Leonid aka Brejnev ham kitob chiqarishni yaxshi ko‘rardi. «Kichik yer» kitobini yozdi, yuz minglab nusxada chiqdi, «Qo‘riq» kitobini yozdi, nusxasining sanog‘i yo‘q. Lekin birortasi ko‘ksiga taqqan navbatdagi nishonidan ko‘ra mashhurroq bo‘lgani yo‘q.
Biznikilar ham yaqin tarixning bu sabog‘ini esga olmasdan, davlatimiz rahbarining «asarlari»ni bosishdan charchamayapti. Kuni-kecha ham yurtboshimiz shuncha ishidan ortib yana ikkita kitobini nashrdan chiqardi.
Yurtimizdagi bir qancha nashrlar O‘zAga asoslanib, bu kitoblar «hajman kichik, mazmunan chuqur» ekanini mushtariylariga yetkazib qo‘yish mas'uliyatini vijdonan ado etdi.
Unda yozilishicha, «bu kitoblarni «ozodlik havosidan to‘yib nafas olgan xalq o‘z yo‘lidan hech qachon qaytmaydi», degan hayotiy haqiqat bosh g‘oya sifatida birlashtirib turadi».
Bu kitoblar prezidentning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga safarida aytilgan gaplari, fikr-mulohazalaridan iborat.
Demak, prezident bir joyda gapirsa, albatta, bu kitob bo‘lib chiqishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun davlatimiz rahbari bir joyga borganda «qadamingizga hasanot» degandan keyin bemalol «chiqajak yangi kitobingiz muborak», deb avvaldan qutlab qo‘ysak, aslo xato qilmagan bo‘lamiz.
Eltuz.com