Kundalik
25 iyul 2016

Videomagnitofon va birinchi muhabbat

Bolaligimda dadam ro‘zg‘or ishlarini yengillatuvchi, dehqonchilik va bog‘dorchilikda asqotuvchi buyumlarni ko‘tarib keladigan kishi edi.

Har safar uyda janjal dadam biror buyum ko‘tarib kelganda bo‘lardi desam adashmayman. Uyimizda elektrli kabob pishiradigan, gazsuv tayyorlab beradigan baloncha, “Romantika”, “Elektronika” kabi audiomagnitafonlar, turli hajmdagi katta-kichik narvonlar, benzinda yonuvchi “primus”, dala hovli uchun mo‘ljallangan dush, stol-stullardan bir nechta edi.

Ana o‘shalar qatoriga adashmasam 1992 yili videomagnitafon ham qo‘shildi. Ayam odatdagidek, bu keraksiz narsa, shu matohni falon pulga olguncha ozgina pul jamg‘arishni o‘rgansangiz bo‘lmaydimi, deya dadam bilan g‘ijillashib oldi.

Shunday chiroyli yoz kunlarining biri edi. Jan Klod Van Dam o‘ynagan “Dvoynoy udar”, Jeki Chan ishtirokidagi bir nechta filmlar yozilgan video kassetalarni ham olib kelishgan ekan.

U paytlarda uy telefoni bo‘lardi. Darrov amakilarimni chaqirishdi. Ular yetib kelgach, uy ichidagi televizorni hovliga qaratib, videomagnitafonni ulashdi.

Kattalar so‘riga, kichkinalar yerga, ba'zilarimiz dala hovli uchun mo‘ljallangan stullarga o‘tirib, hammamiz jambuljam bo‘lib “Dvoynoy udar” filmini ko‘ra boshladik. To‘g‘risi, film juda yaxshi ishlangan ekan. Ammo bir payt yigit bilan qiz kemada yolg‘iz qolgan paytda….

Men 9-sinf o‘quvchisi, katta qiz urra turib uy ichiga kirib ketdim, dadam yo‘tala-yo‘tala, hovli adog‘iga yo‘naldi, bir amakim tasvirni to‘xtatish uchun televizor muruvvatlarini buray boshladi. Akam ham hovlining bu yog‘idagi uyga “qochdi”.

Xullas o‘sha sahna tugaguncha hech kim televizor qarshisiga kelmadi. Menku inchunun. “Ey videosi ham boshidan qolsin, undan ko‘ra kitob o‘qiganim yaxshi” deya yana qadrdon kitoblarim uzra muk tushdim.rasm1686

Videomagnitafon bilan bog‘liq eng yaxshi xotiralarimdan yana biri

…. Biz 10-sinfga ko‘chga
nda maktabimizga ko‘zlari moviy, sap-sariq soqoli o‘ziga yarashib turgan yap-yangi o‘qituvchi ishga keldi. Hamma qizlar qatori men ham uni “sevib qoldim”.

Fikru zikrim o‘sha domlani bir marta ko‘rishda bo‘lib qoldi. Uning muhabbatiga erishish uchun stol tennisi va shaxmatdan, voleybol va gandboldan maktab jamoasi tarkibida turli musobaqalarda faol ishtirok etadigan bo‘lib qoldim.

Maktab bo‘yicha stol tennisi va shaxmatni biladigan yagona qiz edim. (Dadamning shopogolikligi sharofati bilan uyimizda tennis stoli va shaxmat, narda, shashka bor edi-da).

Shuning uchun tuman, viloyat miqyosidagi shu ikki tur bo‘yicha musobaqalarda men qatnashardim. Xullas bir kuni o‘sha domlamni juda juda ko‘rgim kelayotgandi. O‘shani o‘ylab ko‘chadan kelayotsam darvozamiz oldida “moviyko‘z” turibdi.

Xursandligimdan jinni bo‘layozdim. Aqlli qizmanku, salom berdimu, uyga o‘qdek otilib kirib ketdim. Domlamiz nimaga bizning uyga kelganligini akamdan bilib olgunimcha, kallamdan ne xayollar o‘tmadi.

“Mening birinchi muhabbatim” uyimizga videomagnitafon so‘rab kelgan ekan. Akam ham o‘sha domlaning o‘quvchisi edi. Tabiiyki, berib yubordi. Shu tariqa “sevgilim” besh-olti marta eshigimiz tagida sarg‘aydi. Albatta, meni ko‘rish uchun emas…

Mana shunaqa gaplar. Videomagnitafon bilan xush-noxush xotiralarimning esimda qolganlari.

Nasima Davron qizi
Farg‘ona viloyati
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2021
2021 yilning 19 mart kuni Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Yangihayot massivida namunali uylarning tomini shamol uchirib ketgan. Uylar qurilishi ...
1 sentyabr 2015
Ya'ni¸ javobni aniqlashtirsak qadimiy haykalni o‘zbek jangarilari Tolibon siyosiy irodasiga ko‘ra vayron qilishdi. Bu men uchun yangilik bo‘lgan yo‘q ...
13 dekabr 2018
Shu kunlarda ko‘plab nashrlar Gulnora Karimovaning O‘zbekiston hukumatini moddiy qo‘llab-quvvatlash niyatida ekani haqida yozishdi.   Jamiyatdan hamon yopiq saqlanayotgan Islom ...
10 may 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov klasterlar tizimi mamlakat qishloq xo‘jaligi ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...