Dayjest
8 avgust 2016

«Ma'naviyat o‘g‘rilari» nomma-nom sanaldi

«Hurriyat» gazetasida (03.08.16) chop etilgan «Jamiyatni halokatdan qutqaruvchi kuch» sarlavhali maqolada Chor Rossiyasi va sho‘rolar davrida xalqimizning ma'naviy boyliklarini talon-taroj qilgan shaxslarning bir qismi nomma-nom sanab o‘tiladi.

Albatta, maqola an'anaviy ravishda «prezidentimiz rahnamoligida qilingan ishlar» to‘g‘risidagi har kuni hamma joyda tildan tushmayotgan so‘zlar bilan boshlanadi.

Maqola muallifi davlat rahbarining mustaqillikning 25 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori «aslida olganda mamlakatimiz va xalqimizning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, oldimizdagi oliy maqsad – dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoriga qo‘shilish yo‘lidagi sa'y-harakatlarning tahlili hisoblanishi»ni ta'kidlagan.

Bilmadik, agar qaror qandaydir bir qonunchilik hujjati emas, shuncha yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz tahlili ekan, balki uni ham alohida kitob qilib chiqarish kerakdir!

Xullas, keyin maqolada sho‘rolar hukmronligi davrida, 1989 yil 28 noyabrda «mamlakatimiz rahbari madaniyatimiz, ma'naviyatimiz mustabid tuzum davrida og‘ir qiyinchiliklarni boshidan kechirganini, xalqimizni o‘z milliy madaniy merosidan ajratib tashlash siyosati avjga chiqqanini qayd etib, madaniyat manbalariga qaytish g‘oyat qiyin kechmoqda», degani eslatiladi.

Muallif sho‘ro mafkurasining bunday ayanchli harakatlariga misol keltirib, gapni chor Rossiyasi bosqinidan boshlaydi.

Uning bildirishicha, Xivaga yurishda Kaufmanga hamrohlik qilgan sharqshunos A.Kun 300 dan ortiq nodir sharq qo‘lyozmalarini imperator kutubxonasiga topshirgan. 1895 yilda Amir Temur maqbarasidagi o‘yma eshik ko‘chirib olinib, Peterburgga jo‘natilgan.

1915-1916 yillarda sharqshunos B.Ivanov Buxoro madrasalari vaqf kutubxonalaridan 1125 ta nodir qo‘lyozmani olib, Rossiya va Yevropaning ko‘plab muzey, kutubxonalariga sotib yuborgan.

Sho‘rolar davrida esa havaskor arxeolog J.Kastene 500 dan ortiq nodir qo‘lyozma va buyumlarni, Peterburgdagi SSSR xalqlari etnografiyasi muzeyi xodimi S.Rudin 8 yilda 4 mingdan ortiq osori-atiqani yurtimizdan tashib ketgan.

Mana shu ma'naviyat o‘g‘rilarining qilmishlarini birma-bir sanagan muallif asosiy maqsadga ko‘chadi va e'tiborini prezidentimizning «ma'naviyatimizni yuksaltirish» yo‘lida qilgan ishlari va yozgan asarlariga qaratadi.

Ammo mustaqillik bayrami kayfiyatini buzib qo‘yishni istamaydi shekilli, istiqlol yillarida mamlakatimiz muzeylaridan o‘g‘irlanib, xorijga olib chiqib ketilgan san'at asarlari, ma'naviy boyliklarimiz haqida so‘z ochmaydi.

Albatta, ular qanday qilib xorijda paydo bo‘lib qolganiga sabab bo‘lgan kazo-kazolarning nomlarini ham e'tibordan chetda qoldiradi. Har holda o‘g‘ri o‘zimizniki-da, degan istiholaga borgan bo‘lsa kerak muallif.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 dekabr 2017
14 dekabr kuni taniqli fotorassom Umida Ahmedova o‘zining feysbuk sahifasida buzilayotgan Kinochilar uyi harobalarini suratga olishga borgani haqida yozdi: ...
18 dekabr 2017
Davlat statistika qo‘mitasi ma'lum qilgan ma'lumotlarni tahlil etib, rasmiy matbuotda «Ijtimoiy fikr»ga asoslanib aytilganidek, farovonligimiz yuksalayotganini emas, balki so‘nggi ...
21 oktyabr 2024
Bundan 25 yil oldin  Urganchda mustaqil televidenie tashkil qilib ishlagan paytlarimiz bitta katta jurnalistik surishtiruv boshlagan, biroq ko‘plab sabablarga ...
11 noyabr 2019
«Eltuz» nashri «Yozarning sasi» ruknida taniqli o‘zbek shoirasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 67 yashar Qutlibeka Rahimboevaning millat va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...