Kundalik
7 sentyabr 2016

«Karimov o‘ldi, ammo u yaratgan tizim yashashda davom etmoqda»

Vafot etgan prezident Karimovga sajda qilish amaliyoti tobora kuch olayotir. Internetning o‘zbek segmentida xizmat ko‘rsatgan artistlar, taniqli jurnalistlar va vatanparvarlik ruhiga chulg‘angan fuqarolar har qanday o‘zgacha fikrni qatag‘on qilishga chaqirmoqda va amaldagi tuzumga muxolifatga bo‘lganlarga qarshi «jangga kirish»ga tayyor ekanini bildirmoqda.

Prezident Karimov sog‘lig‘ining real holatiga oid ma'lumotlarni topgan va haqiqatni yozgan xorijiy nashrlar jurnalistlari so‘nggi kunlarda tahdid va haqoratlarga duchor bo‘layotir.

«Karimov o‘lgan bo‘lsa-da, tizim qoldi», demoqda taniqli estrada xonandasi Yulduz Usmonova muxolifatga qarata. Holbuki, uning o‘zi 2015 yildan beri xalqqa ko‘rinish berishi taqiqlanganlar ro‘yxatida turibdi.

Vafot etgan prezidentning sog‘lig‘i haqidagi haqiqatlarni yashirgani uchun bir necha kun avval mahalliy matbuotni tanqid qilgan o‘zbek jurnalisti Karimberdi To‘ramurod esa muxolifatning «jonini sug‘urib olish»ga tayyorligini aytmoqda. Uning fikricha, muxolifat xalqqa faqat yomonlik istaydi.

Yaqindagina jo‘shib kelgan jasoratidan o‘zi ham qo‘rqib ketgan ko‘rinadigan 60 yoshli bu jurnalist hali jismonan baquvvat ekani, bir tutam muxolifatchilar bilan kurashish uchun qurbi yetishini ta'kidlamoqda.

Quyidagi satrlarni esa prezident Karimovning yana bir muxlisi Davlat Usmonov to‘qidi:

O‘laksaxo‘rlarga ziyofat tayyor,
Amirimiz qaytmasga ketdi.
Uning ishi esa barhayot,
Yangisi ham shunday bo‘larmi?

Haqiqat shuki, uning otasi, taniqli ishbilarmon va O‘zbekistondagi birinchi xususiy bankning egasi Rustam Usmonov Karimovga qarshi chiqishga jur'at etgandi. U 1998 yildan beri qamoqda o‘tiribdi, 2012 yilda esa uning jazo muddati noqonuniy ravishda yana uzaytirildi.

Shimoliy Koreya sindromi vatandoshlarim ongiga qattiq o‘rnashib qolgan ko‘rinadi.

Mamlakatida erkin matbuot yo‘q qilingan jurnalist, katta sahnaga chiqishi taqiqlangan xonanda, qariyb 17 yildan beri panjara ortida saqlanayotgan siyosiy mahbusning o‘g‘li bir narsada – mavjud tizimni saqlab qolishda yakdil.

Ulardagi har qanday muxolifatni yo‘q qilish shijoati qanchalik samimiy ekani menga qorong‘u, ammo taxmin qilishim mumkin, Karimov himoyasi uchun o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan bu to‘lqin yuqoridan boshqarilib turilibdi. Demak yangi hokimiyat jamiyatda tajovuzkorlik darajasini kuchaytirib borayotgani uchun javobgardir.

Avtoritar mamlakatlarda tanqid va erkin fikr «muxolifat»ga mengzaladi va bu so‘zga faqat salbiy ma'no tirkaladi. Aslida hayot siyosiy muxolifat va erkin matbuot mavjud mamlakatlar eng barqaror va farovon ekanini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda siyosiy muloqot madaniyati yo‘q, chunki Karimov hukumati bahs va munozaralarni yomon ko‘radi. Mantiqli dalillarga qarshi u faqat qatag‘on va internetdagi anonim tahdidu g‘iybatlar bilan javob qaytara oladi.

Tajovuzkor kayfiyatdagi kishilar bilan ochiq va vazmin muloqot qilish juda mushkul. Ammo vaziyatdan foydalangan holda o‘zining feysbukdagi sahifasida muxolifatga qarshi kurashish uchun hamfikrlarini to‘playotgan jurnalist Karimberdi To‘ramurodga murojaat etmoqchiman.

Janob jurnalist, agar siz bu tuzumni himoya qilish uchun jangga tayyor bo‘lsangiz, demak siz uni qalamingiz bilan himoya qila olishingiz ham ehtimoldan xoli emas. Keling, halol va ochiq muloqot boshlaymiz. Zero, haqiqat bahslarda tug‘iladi.

  1. Siz prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ko‘p yillar davomida xorijiy kommunikatsiya kompaniyalaridan pora ta'ma qilib kelganini, ayni paytda Yevropa banklarida mamlakat byudjeti daromad qismining 5 foizini tashkil etadigan bir milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘iga band solinganini bilasizmi? Bu pullarni u go‘yoki «vositachilik» qilish niqobi ostida, oddiy qilib aytganda esa O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy korxonalarni o‘z panohiga kiritish maqsadida olgan. Siz prezident Karimov mamlakatda keng ko‘lamda quloch yozgan korruptsiya uchun javobgar emas, deb o‘ylaysizmi?
  2. Siz so‘z erkinligi va matbuot erkinligi O‘zbekiston fuqarosining konstitutsiyaviy huquqi ekanini hamda Karimov mahalliy televidenie va matbuotni to‘liq tsenzura nazoratiga olish orqali qonunlarga va konstitutsiyaga qarshi harakat qilganini anglaysizmi?

  3. Siz o‘zbek qonunchiligida majburiy mehnat taqiqlangani, ko‘p sonli go‘yoki «ko‘ngilli paxtakorlar» rahbarlariga qarshi borishga qo‘rqqani uchun paxta terimiga chiqishini bilasizmi? Siz xalqaro konventsiyalar o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini jamoatchilik ishlariga jalb qilishni taqiqlashini bilasizmi? Paxta har qanday majburlashlarsiz terilishi uchun Karimovga paxtachilik tizimini o‘zgartirishga nima xalaqit berdi, deb o‘ylaysiz?

  4. Go‘yoki «iqtisodiy yutuqlar» birinchi navbatda mamlakat aholisining kam daromadli ekani bilan bog‘liqligini bilasizmi? O‘zbekistonda yashash minimumi qandayligini-chi? Bu minimum rasman belgilanmagan. Ammo o‘rtacha maosh oluvchi kishining oylik ehtiyojini taqqoslang va bu iqtisodiy yo‘lni qanday qilib muvaffaqiyatli deyish mumkinligini ayting!

  5. Agar xalq yakdillik bilan o‘z hayotidan mamnun bo‘lsa, unda hukumat tsenzurasidan xoli ma'lumotlar tarqatadigan internet saytlariga mahalliy provayderlar tomonidan nega taqiq qo‘yilgan? Mustaqil OAV muxbirlari nega ishlashga ruxsat ololmaydi? Agar xalq farovon yashayotgan, yayrayotgan va prezidentni sevayotgan ekan (keyingi har qandayini sevishda davom etishi hech gap emas), erkin matbuot qarshisidagi bu qo‘rquv sababi nima?

  6. Amaldagi tizimni tanqid qilish konstitutsiyamiz tomonidan berilgan huquq ekanini bilasizmi? Siz kurashmoqchi bo‘layotgan demokratik muxolifat hech qachon hokimiyatda bo‘lmagan, o‘z xalqining boyliklarini o‘marmagan, asosiy qismi mamlakatdan badarg‘a qilingan. Unda bori faqat haqqoniy so‘zdir. Nega hatto shu so‘zni ham yo‘qotishni istayapsiz?

  7. Mamlakatimizda chiqish vizasi tizimi (OVIR) nima uchun amal qilishini tushunasizmi? Dunyoda Shimoliy Koreyadan tashqari birorta davlatda fuqarolar mamlakatdan chiqish uchun maxsus xizmatlardan ruxsat so‘ramaydi.

  8. Bizga Stalin zamonlaridan meros qolgan mavjud propiska tizimi vatandoshlarimizni past va baland tabaqalarga bo‘lishini anglaysizmi? Aholi turmush darajasini yuksaltirish va qishloqlarni yashash uchun ko‘ngiltortar maskanlarga aylantirish o‘rniga Karimov odamlardan qutulishning oson yo‘lini tanladi – Toshkentni o‘zgalar uchun yopdi.

Bunday savollar ro‘yxati juda uzun. Aslida bu savollarni Islom Karimovga berish kerak edi, ammo u hayotligida har qanday erkin muloqotdan qochdi, matbuot anjumanlari o‘tkazishni to‘xtatdi, hech qanday qo‘rquvsiz savollar berishi mumkin bo‘lgan xorijiy jurnalistlarni o‘ziga yaqinlashtirmadi. Karimov jurnalistlar va o‘z muxoliflari bilan asosli muloqot qilish o‘rniga ularni turmaga tiqishni ma'qul ko‘rdi.

Ammo biz, o‘z mamlakatini sevuvchi oddiy insonlarda qo‘limizdan keladigan kichik bir yumush – jamiyatdagi haqiqiy ahvol haqida jiddiy va ochiqchasiga muloqot qilish imkoniyati bor. Men sizni ana shunday muloqotni boshlashga taklif etaman.

Umida Niyozova,
Karimov rejimining sobiq mahkumasi,
Berlin, Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2019
Sizga omad tilayman, azizim. Oddiygina omad. Ko‘chada ketyapsiz, sizni mashina bosib ketmadi. Tasodifan o‘rmonda murdani ko‘rib qolib, politsiyaga xabar ...
20 iyul 2022
Kecha hayotida ko‘pni ko‘rgan, Karimov qatag‘onlaridan tirik chiqqan, O‘zbekiston siyosiy va iqtisodiy elitasini ich-ichidan biladigan shaxs  – sobiq sudyalardan ...
7 fevral 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidan. Qiziltepa QFY turg‘uni Nigora ...
9 dekabr 2023
Aziz vatandoshlar, Barchangizni 2023 yil 9 dekabr, Shanba kuni, soat 16.00-20.00 da O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...