Dayjest
11 noyabr 2016

Nomzod raqibning g‘oyalarini targ‘ib qilyapti

Ayni kunlarda O‘zbekistondagi barcha bosma nashrlarning butun diqqat-e'tibori 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga qaratilgan. Qaysi gazetani olib qaramang, asosiy mavzular shular.

«Sizning g‘oya – bizning g‘oya, biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz». Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Hotamjon Ketmonovning saylovchilar bilan uchrashuvlardagi gaplarini ana shunday qabul qilish mumkin.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi – O‘zAning H.Ketmonovning qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvidan tayyorlangan materialida (8.11) fikrimizga dalillar keltiriladi.

Unda yozilishicha, uchrashuvda H.Ketmonov «farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini mustahkamlash kabi muhim vazifalarga e'tibor qaratgan».

Yaqindagina O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti, ayni paytda O‘zLiDeP tomonidan nomzodi davlat rahbarligiga ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoev dori-darmon to‘g‘risida maxsus hujjatni imzolab, aynan shu masalani ko‘targandi.

Bundan tashqari, O‘zLiDeP qurultoyida so‘zlagan nutqida bu masalani alohida tilga olib, dori-darmon savdosidagi narxlar yuzasidan ancha-muncha gaplar aytgandi.

Endi boshqa partiyadan ko‘rsatilgan nomzod o‘z raqibining bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, go‘yoki «sizning gapingizdan chiqish yo‘q», degandek ishora bermoqda. Mana buni «ochiq-oshkora, demokratik ruhda o‘tayotgan saylov kampaniyasi», desa bo‘ladi! Qoyil…

Shuningdek, H.Ketmonov qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan ham gapirgan. Aslida bir qancha vaqt avval endilikda marhum prezidentning ko‘rsatmasi bilan chekka joylardagi ko‘pgina QVPlar yopilib, yiriklashtirib yuborilgan paytda bu vallomat bir og‘iz ham gapirmagandi.

Holbuki, o‘shanda ham u parlamentdagi eng yirik fraktsiyalardan birining rahbari edi. Sulaymon o‘lgandan keyin devlik qilganini qarang buning.

H.Ketmonov Farg‘onadagi uchrashuvda oliy ta'limning og‘riqli nuqtasiga to‘xtalgani diqqatga sazovor («O‘zbekiston ovozi» gazetasi – 8.11). U O‘zbekistonda bir yilda 550-600 ming yigit-qiz kollej va litseylarni bitirsa-da, bor-yo‘g‘i 56-57 mingi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishini tilga olgan.

Ammo bu muammo yechimi to‘g‘risida hech narsa deya olmay, «… jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogiron) talabalarning oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish choralarini ko‘rish lozim»ligini aytish bilan cheklangan.

Foydali daraxtni ko‘paytiramiz, sun'iy urug‘lantirishga ruxsat beramiz

Boshqa nomzodlar ham bekor o‘tirgani yo‘q. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi nomzodi Narimon Umarov Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda ekologiya sohasini kompleks rivojlantirish haqida so‘z ochgan.

U «chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi daraxtlar soni va turini ko‘paytirish»ning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish taklifini ilgari suribdi. Yashang, gap degan bunday bo‘libdi-da.

Prezident tomonidan parlamentga saylovsiz o‘tkaziladigan Ekologik harakat vakillari butun O‘zbekistonda chinorlar kesib tashlanayotganiga indamay qarab turgan bir paytda «adolat»chilar yetakchisi ularning ishini bajarib yuribdi.

Saylovda yutqazganidan keyin (axir u Donald Tramp emas-ku hech kim kutmagan joyda saylovda yutib chiqadigan) unga o‘rmon xo‘jaligini yoki Ekologik harakat rahbarligini bemalol ishonib topshirsa bo‘ladi.

N.Umarov Buxoroda saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida «yanada muhim» bir masalaga e'tibor qaratganki, uni ham eslatib o‘tish joiz bo‘ladi. Bu O‘zbekistonda ekstrakorporal urug‘lantirishga ruxsat berish masalasidir.

Qiziqqanlar uchun ma'lumot. Ekstrakorporal urug‘lantirish oddiy tilda aytganda sun'iy qochirishdir. Bunda ayol organizmidan olingan tuxum hujayrasi sun'iy sharoitlarda (probirkada) urug‘lantiriladi. Olingan embrion inkubator sharoitida 2-5 kun davomida rivojlangandan keyin bachadonga ko‘chirib o‘tkaziladi.

Tilga e'tiborni kuchaytiramiz

«Milliy tiklanish» partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Sarvar Otamurodov esa saylovoldi uchrashuvlarida «xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, o‘z tarixidan g‘urur-iftixor tuyg‘usini kuchaytirish» («Milliy tiklanish» gazetasi – 9.11) bilan band.

Ayniqsa, u o‘zbek tilining bugungi maqomi borasida qattiq qayg‘urayotgan ko‘rinadi. S.Otamurodov partiya tashqi yozuvlarda, reklama va e'lonlarda, OAVda o‘zbek tili me'yor va qoidalari buzilishiga qarshi kurashib kelayotgan bo‘lsa-da, hali bajariladigan ishlar ko‘pligini aytgan.

Bu mavzu aslida 25 yildan beri chaynaladi. Ammo haligacha o‘zbek tilining maqomi yuksalib, reklamalarda tilning me'yorlariga to‘la amal qilinayotganiga ishona olmaysiz. Oldingi shunday «buyuk yo‘lboshchi» bajara olmagan ishni saylanishiga birov ishonmaydigan nomzod qanday amalga oshirar ekan?! Ana shunisi jumboq…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 oktyabr 2021
O‘zbekiston Rossiyadan 1 million gektar yerni ijaraga olishga harakat qilmoqda, bu 2,5 million tonna g‘alla olish imkonini yaratadi, deya ...
13 avgust 2017
Bu rasm ham aslida voqeaband. Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumani Qorasuv qishlog‘i hududida 2015 yilning 20 sentyabrida Anvar ismli militsiya ...
5 may 2015
Bizda ko‘p narsalar taqiqlangan: har qanday mafkura, din, o‘zgacha fikrlar.  Taqiqlar shu darajada ko‘p va xilma xilki, Masyana haqidagi ...
17 yanvar 2018
O‘tgan yili turli darajadagi hokimlarning zo‘ravonligi, so‘kong‘ichlari, qo‘l ostidagilarga bo‘lgan qo‘pol muomalasiga oid xabarlar, ijtimoiy tarmoqlardagi bu haqdagi fikr-mulohazalar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...