Kundalik
15 yanvar 2017

MXX raisining ise'foga chiqqani iddao qilinmoqda

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatini 1995 yilning 26 iyunidan beri boshqargan Rustam Rasulovich Inoyatov, mamlakatdagi yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan holda, yanvarning ikkinchi haftasida o‘z vazifasidan iste'fo berdi.

Bu haqda Eltuzga MXXning bir necha sobiq mulozimi ma'lum qildi.

Bundan oldin taniqli o‘zbek jurnalisti O‘zbekiston hukumatidagi o‘ta nufuzli mulozimga tayanib Rustam Inoyatovning ishdan ketgani va uning o‘rniga boshqa odam qo‘yilganini bildirgan edi.

Ammo, boshqa manbalarga ko‘ra, Rustam Inoyatovning iste'fosini prezident Shavkat Mirziyoev qabul qilgan esa-da, yangi munosib rahbar topilgunga qadar, undan o‘z vazifasini bajarib turishni so‘ragan.

Shuhrat G‘ulomov badarg‘a qilindi

Shuhrat G‘ulomov, rasmda o‘rtada. Foto: Regnum

Rustam Inoyatov o‘rniga kim tayinlanishi yoki tayinlangani haqida manbalar fikri ikkiga bo‘lingan: ba'zilarning ishonishicha, Rustam Inoyatov o‘rniga Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan, Sovet davrida O‘zbekiston KGBsining 5-bo‘limini boshqargan, asli jizzaxlik 62 yoshli general Baxtiyor Xisomovich G‘ulomov nomzodi ma'qullangan; boshqa manbalar esa Rustam Inoyatov o‘rniga oxirgi paytlarda uning muovini bo‘lgan, rossiyaparast Muxtor Niyozov tayinlanganini aytadilar.

Bu vaqtga kelib, O‘zbekiston MXX raisiining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston qaxramoni 53 yashar Shuxrat G‘ulomov vazifasidan ozod qilinib MXXning Surxondaryo viloyat boshqarmasiga ishga yuborildi. Manbalar iddaosiga ko‘ra Shuhrat G‘ulomov bu holatni kamsitish deya baholab iste'fo bergan.

Ayni paytda bu haqda rasmiy xabar yo‘q.

Rustam Inoyatov, Toshkentdagi Eltuz manbalariga ko‘ra, shu kunlarda ishga chiqayotgani yo‘q.

Eng uzoq o‘tirgan davlat amaldori

Rassom Tuz karikaturasi

Joriy yilning 27 avgustigacha, ya'ni Karimovning miyasiga qon quyulguniga qadar, O‘zbekistonning so‘nggi 25 yili davomidagi mutlaq rahbari Islom Karimovgagina bo‘ysunib kelgan MXX idorasi va uning raisi Rustam Inoyatov hokimiyatdagi eng qudratli shaxs sifatida qolayotgan edi.

Rustam Inoyatovdan oldin O‘zbekiston KGB idorasiga 1989-91 yillarda general mayor Morgasov Anatoliy Sergeevich, 1991 yilning 12 iyunidan general mayor Aliev G‘ulom Alievichlar raxbarlik qilgani ma'lum.

Eltuz suhbatlashgan O‘zbekistondagi mulozimlardan biri “MXXning Karimovdan keyin nazoratsiz qolishi istalmagan salbiy oqibatlarga” eltishidan qo‘rqishini aytgan edi.

Shu o‘rinda MXX raisi Rustam Inoyatov shaxsiga bir nazar.

U nafaqat KGB/MXX, balki mustaqil O‘zbekiston hokimiyat tizimlari tarixida o‘z kursisida eng uzoq o‘tirgan amaldor bo‘lib qolmoqda.

Diktaturaga eltuvchi farmon

Rassom Tuz karikaturasi

1991 yilning 26 sentyabri, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e'lon qilganidan 27 kun o‘tib, Islom Karimov “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekar ekan O‘zbekiston Oliy Kengashining 11-chaqiriq navbatdan tashqari 7-sessiyasida Toshkent shahar Kuybishev tuman Xalq deputatlari kengashi raisi Shuhrat Nusratovning e'tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Bu xizmatni Oliy kengashni chetlab o‘tib, shaxsan prezidentga bo‘ysundirish haqidagi prezident farmonini u «Xalqqa qarshi, demokratiyaga qarshi, konstitutsiyaga qarshi, diktaturaga eltuvchi farmon sifatida» bekor qilishni taklif etgan edi.

«Bunaqa qoida dunyoning biror demokratik davlatida yo‘q, hatto dunyoning biror totalitar va biror diktator mamlakatida ham xavfsizlik xizmati rasman, qog‘ozda bitta odamga bo‘ysundirilgan emas!» degan edi u.

Shuhrat Nusratovning bu ogohlantirishidan 25 yil o‘tib MXX O‘zbekistonni sheriksiz boshqarish bosqichiga o‘tgani vaziyat realligiga aylandi.

Eng qudratli kuchishlatar idora

Inoyatovdan oldingi KGB raxbarlari A.S. Morgasov, G‘.A. Aliev

27 avgustdan keyingi vaziyatda MXX prezident nazoratidan holi ravishda avtonom ishlab turgani aytilgan edi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatida qancha odam ishlashi haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Norasmiy manbalarga ko‘ra, bugun MXXning amaldagi ofitserlar tarkibi kamida 100 ming kishidan iborat, bu raqamga iste'fo va zahiradagi ofitserlar, bugun O‘zbekistonning har bir ko‘cha va mahallasida ishlayotgan josuslar tarmog‘i kirmaydi.

Postsovet davlatlaridagi maxfiy xizmatlar tahlili bilan shug‘ullanadigan Rossiyadagi Agentura.ru agentligining yozishicha, 2004 yilga kelib O‘zbekiston MXXsi tarkibi 1991 yilgiga nisbatan 26 baravarga oshgan va qurolli kuchlari va xizmatchilari soni jihatdan Mudofaa vazirligidan o‘zib, Ichki ishlar qo‘shinlaridan keyin ikkinchi o‘ringa chiqqan.

Shamsiddin To‘laganov
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 aprel 2018
Mudofaa vazirligi harbiylarning kiyim-boshlari namunasini taqdim qildi. O‘zbek harbiysining yangi mundiri namunalari 1937 yilda Turkiston oydinlarini qatag‘on qilgan NKVD ...
12 may 2020
Hayotilla damaschi bilan Madina temir reshyotkaning bu yog‘ida, Absattor esa naryog‘ida turardi. Chapani¸ kambag‘al bo‘sayam uncha-muncha odamga gap bermaydigan ...
26 may 2021
“Abdulla G‘arib prodakshn”, rassom Elsevar, rassom Tuz va “Eltuz” yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining 7-qismini taqdim etadi. Avtobusni ...
20 aprel 2018
An'anaviy taksiga muqobil, oddiy kirakashlarga boyish imkonini beradigan Uber taksi xizmati shu kungacha dunyodagi minglab o‘zbeklarni badavlat qildi. Shu ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...