Shahrixondagi zaharlanish muzqaymoq biznesiga zarba berdi
Shahrixon tumanida yuz bergan ommaviy zaharlanish muzqaymoq biznesiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Andijon shahridagi o‘nlab muzqaymoq do‘konlarida savdo 30 % gacha tushib ketgan.
Mavsumiy savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorning aytishicha, odamlar muzqaymoq yeyishdan cho‘chimoqda.
«Bir kunda 100-150 kg gacha frezerli muzqaymoq sotar edik. Shu voqeadan so‘ng, odamlar bolalariga muzqaymoq obergani qo‘rqib qoldi» deydi u.
Muzqaymoqdan zaharlanish haqidagi ilk xabarlar 15 may kuni tarqalgandi.
Shahardagi barcha muzqaymoq sotuvchilar taftish qilingan
Sog‘liqni saqlash vazirligi, voqealar sababini Shahrixon tumani, Amir Temur ko‘chasida joylashgan «MAKS» kafesida frezerli muzqaymoq iste'moli bilan bog‘laydi.
Vazirlik tarqatgan xabarga ko‘ra, bemorlarning aksariyati 14 may kuni o‘sha yerda muzqaymoq iste'mol qilishgan.
Shuningdek, vazirlikning aniqlashicha, Bultirboev Jahongirmirzo ismli tadbirkor, hech qanday tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirmasdan, o‘zi yashaydigan Andijon shahar, Farobiy MFY, Teshaboy Mirzaev ko‘chasidagi 29-uyda noqonuniy ravishda muzqaymoq uchun qorishma tayyorlash sexi tashkil etgan.
Muzqaymoq tayyorlash jarayonida sanitariya talablariga rioya qilinmagani, qorishmalar oziq-ovqat mahsulotlarini tashish mumkin bo‘lmagan plastik idishlarda kafega keltirib, sotishga yo‘l qo‘yilgani rasmiylar tomonidan iddao etiladi.
Shuningdek vazirlik xabarida, u yerdagi 4 ta frezer uskunalarining muzqaymoq solinadigan sig‘imlari, hamda frezer uskunasi qismlarini yuvish va zararsizlantirish uchun sharoit yaratilmagan, dezinfektsiya vositalaridan foydalanilmagani bildiriladi.
Tadbirkorda yumshoq muzqaymoq qorishmasi tayyorlashda havfsizlikni kafolatlovchi hujjatlar bo‘lmagan, muzqaymoq ishlab chiqarishda esa ishlab chiqarilgan vaqti va yaroqlilik muddatlari noma'lum bo‘lgan xomashyolardan foydalanilgan.
Kafeda faoliyat yuritgan 4 nafar xodim esa belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish uchun bir guruh yetakchi mutaxassislari Andijon viloyati Shahrixon tumaniga yuborilganini ma'lum qilgan.
Jabrlanganlar rasmiy ma'lumotlardagidan ko‘p bo‘lishi mumkin
Rasmiy ma'lumotlarda zaharlanganlar soni 186 nafar deb ko‘rsatilgan bo‘lsada, shaxrixonliklar jabrlanganlar undanda ko‘p ekanligini aytishmoqda.
Bemorlar Shahrixondagi kasalxonadan tashqari, qo‘shni Asaka, Andijon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ham keltirilgan.
O‘zini Andijon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi deb tanishtirgan ayolning aytishicha, u tungi navbatchilikni topshirib, uyiga qaytayotganida ishxonasidan chaqirib olishgan.
Aytishicha, ularning shifoxonasiga ham muzqaymoqdan zaharlangan bemorlar joylashtirilgan.
«Odatda muzqaymoq qorishmasiga turli mevalar ta'mini beruvchi qo‘shimchalar qo‘shiladi. Sodda qishloq odamlari o‘tkir hid va ta'mlar tufayli achigan mahsulot ta'mini sezmagan bo‘lishi mumkin», deydi hamshira.
Eltuz muxbiri so‘rov o‘tkazgan shifoxonada davolanayotgan bir ayol qo‘shnisining oilaviy zaharlangan haqida aytsa, yana bir kelinchak 8 oylik chaqalog‘iga ham o‘sha muzqaymokdan yedirganidan pushaymonligini bildiradi.
Ma'lumot uchun; Shahrixon tumanida ommaviy zaharlanish xolatlari birinchi marotaba yuz berayotgani yo‘q. O‘tgan yoz mavsumida ham aynan shu tumanda qandolatchilik mahsulotlaridan 200 nafarga yaqin bola zaharlangandi.
Ayni kunlarda esa, Sog‘liqni saqlash vazirligi Shahrixon tumanida kuzatilgan epidemik vaziyat nazoratga olinganini bildirmokda.
Eltuz.com