Asosiy mavzular
3 sentyabr 2018

Militsiyaga chaqirilgan dizayner Miraziz Ahmedov uyiga qaytmadi  

2 sentyabr kuni militsiya bo‘limiga chaqirilgan toshkentlik interer dizayner va bloger, 41 yoshli Miraziz Ahmedov uyidan chiqib ketganicha hanuz qaytgani yo‘q.

Miraziz Ahmedovning shogirdlaridan biri Alisher «Eltuz»ga uning militsiyaga ketganicha 3 sentyabr kuni ham qaytib kelmaganini bildirdi.

«Uni «Ibn Sino-2″  mahallasi noziri chaqirgan. Shayxontohur TIIBda ushlab turishgan bo‘lishlari mumkin. Biz xavotir olishmasin deb haligacha yaqin qarindoshlariga xabar qilganimiz yo‘q edi», dedi Alisher «Eltuz» muxbiriga.

Oxirgi marta Miraziz Ahmedov feysbukda 2 sentyabr kuni, mahalliy vaqt bilan 10.25 da: «Meni chaqirishyapti militsiyaga. Duo qilib turinglar», degan xabar qoldirgan edi.

«Hibslar stsenariysi ilgarigi uch blogerniki bilan bir xil»

Toshkentlik huquq faoli Sur'at Ikromov «Eltuz» nashriga Miraziz Ahmedovning taqdiri ham undan oldin hibsga olingan uch bloger  – Adham Olimov (Musannif Adham), Ziyovuddin Rahim va Otabek Usmonovniki bilan bir xil – diniy dastaklangan bo‘lishi mumkin, degan fikrni aytdi.

«Bu yerda stsenariy bir xil. Ushlanganlarning hammasi namoz o‘qiydiganlar. Lekin bu ularning jazolanishiga bahona bo‘la olmaydi», dedi Sur'at Ikromov.

Surat Ikromov tarqatgan xabarga ko‘ra, 28 avgustda hibsga olingan Adham Olimovning uyidagi barcha yozish uskunalari musodara qilingan. Olmazor tumani ma'muriy sudi esa unga 15 sutka qamoq jazosi belgilagan.

Adham Olimov diniy mavzuda bloglar yozib kelgan edi

Adham Olimov bilan bir kunda Toshkentda Ziyovuddin Rahim va Andijonda Otabek Usmonov ismli blogerlar ham qo‘lga olingan.

Ziyovuddin Rahim Olmazor tumani sudi qarori bilan 10 kunga qamalgan. U ham militsiya xodimining qonuniy talabini bajarmaganlikda ayblanmoqda.

Otabek Usmonov esa o‘zi ishlayotgan General Motors Uzbekistan shirkatida qo‘lga olingan va 15 sutkaga qamalgan edi.

«Menimcha, bu voqealarning hammasida yangi xavfsizlik xizmatining (DXX) qo‘li borga o‘xshayapti», deya izoh berdi «Eltuz»ga Sur'at Ikromov.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 mart 2018
Keyingi paytlarda o‘qituvchi va bog‘cha xodimlari obodonlashtirish boshqarmasining “qo‘l-oyog‘i”ga aylangan. Ko‘chalarni supurib tozalash, ko‘chatlar ekish va oqlash, yo‘l belgilarini ...
7 avgust 2021
Barchaga marhabo. “Eltuz”chilar dam olishdan qaytyapti birin-ketin. Ishni boshlashdan oldin soatlarni to‘g‘rilab olsak.  1. Rassom TUZ O‘zbekistonda majburlab vaktsinatsiya ...
2 mart 2021
19 fevral kuni huquq faoli Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston IIVning 1-tergov izolyatori (Toshturma)da saqlanayotgan, Nigina ismi bilan tanilgan transgender Mirsharif ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...