Asosiy mavzular
7 avgust 2021

RTdan va'z: Bizni boshqarayotgan hayvonlar

Barchaga marhabo. “Eltuz”chilar dam olishdan qaytyapti birin-ketin. Ishni boshlashdan oldin soatlarni to‘g‘rilab olsak. 

1. Rassom TUZ O‘zbekistonda majburlab vaktsinatsiya qilishni to‘la ma'qullaydi. 12 yoshdan katta har bir vatandosh emlanishi shart. Istamasa, majburlab orqasiga igna  tiqish joiz. Cho‘pchakdan boshqa narsani bilmaydigan bu omilar to‘dasidan vaktsina borasida fikr so‘rash absurd. Ular vaktsina olishi kerak va nuqta !!!!

2. Hech qanaqa saylov-paylov, nomzod-pomzod yo‘q. Nominal rahbarni kursisiga qayta mixlash  degan teatr bor, xolos. Shu bois, bu haqda fikr yuritib, xudo bergan nafasni behuda sarflamang.

3. O‘zbekistonning “Tolibon” borasidagi har qanday qarori Moskvada shakllantirilmoqda. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, qari kgbshnik Komilov hech qachon mustaqillik tarafdori bo‘lmagan. Hozir u RF fuqarosi bo‘lgan o‘g‘li Doniyor orqali butkul Rossiya FSBsi nazoratiga olingan. Mustaqillikning 30 yilligi arafasida O‘zbekiston tashqi siyosati mutlaqo Kreml qo‘liga o‘tganini aytib qo‘ymoqchiman (so‘nggi 5 yil hosilasi). 

4. O‘zbekistonga chetdan keladigan moliyalarni o‘g‘irlash, byudjetni talon-toroj qilish, pora olish va berish o‘zbek mulozimlarining asosiy qilayotgan ishi. Ular faqat shu ishni qiladi. 

5. Qishda gaz va chiroq bo‘lmaydi. 

6. Koronavirus azroili o‘z o‘lim chalg‘isi bilan odamlarni o‘rishda davom etadi.

7. Mashina uchun bojxona to‘lovi arzon bo‘lmaydi. Asakada chiqqan aravani sudrasangiz asakangiz ketmaydi.

8. O‘zlariga bloger deb nom qo‘yvolgan, ammo aslida aferistlar to‘dasi odamlarni aldash uchun hukumat tarafidan pulga yollanib xalqni lox qilishda davom etadi.

9. Maktab formasi qoladi. Toliblar Senat ustiga qora bayroq tikkunga qadar paranji otmen bo‘lib turadi.

Hozircha shu. Peshanada borini ko‘raverasizlar. Siyosiy irodasi yo‘q chumolining bahaybat etik poshnasi ostida ezilishi mantiqan to‘g‘ri. Siz bundan battariga ham loyiqsiz.

Unday demang, Tuz og‘a. So‘ksangiz, betimiz ursangiz, etimiz qotadi, deydi bir tatar abziy do‘stim.

Mayli, jamiyatning ust va ost qatlami bundan battariga nega loyiq ekanini isbotlab bersam.

Video 

Bu savolni bergan 33 yoshli Go‘zal Abdieva IIB xodimlari tomonidan tergov hibsxonasida urib o‘ldirilgan Yusuf Abdurahmonovning xotini. U 3 nafar farzandini yolg‘iz tarbiya qilmoqda. 

Bunday savolni Qoraqalpog‘iston va Denovda IIB xodimlari urib o‘ldirganlarning yaqinlari ham berishmoqda.

Mana bu esa Ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga tenglashtirilgan vazirlik matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning IIB xodimlari urib o‘ldirgan odamlar haqidagi xulosasi.

Video

Bu gapni kinorejissyor Mixail Romm eshitganida “Bu oddiy fashizm falsafasi”, degan bo‘lardi. Fashistlar jamiyatda ular nazarida notavonu xudo bexabar bo‘lganlarni o‘ldirib tashlash g‘oyasini amalga oshirgani ortidan Nyurnbergdagi tribinal qora kursisiga o‘tirgan edi.

O‘rtoq Bobojonov, insoniylik va mamlakat konstitutsiyasidagi barcha vatandoshlarning tenglik huquqiga shak keltiruvchi bayonot bilan chiqqan matbuot kotibingiz Shohruh G‘iyosovga pattasini qo‘liga tutqazing. Insonlardan nafratlanadigan va o‘zini yoqasi toza aslzoda deb biladigan maxluq izolyatsiya qilinishi kerak.

Shohruh G‘iyosov yoki o‘tgan hafta tarmoqlar chaynagan Ramatovning jiyani misolida bizni boshqarayotganlarning qandayin tuban ekani yuzaga chiqdi.

Hukmdorlar yomon, xalq esa mazlum-bechora, degan bemaza va noilmiy gap bor. Eriga mashina olib berish uchun bolasini sotgan yoki ota-onasini urib o‘ldirgan padarkushu modarkushlar Marsdan kelgani yo‘q. Ular siz bilan yelkadosh yashamoqda. “Tolibon” deganda sersoqol bachchabozlar ko‘z oldimizga keladi. Bachchabozlik esa diniy g‘ulu kuchaygan Vatikan yoki Qandahor kabi shaharlarda urchigani kuzatiladi. Abdulla Qodiriy Buxoro madrasalaridagi shayx va mudarris mullalar orasida epidemiya tusini olgan bachchabozlik haqida yozgan edi.

Bachchaboz degani bu yosh o‘g‘il bolalar bilan jinsiy aloqa qilishdir. Shu kunlarda farg‘onalik 11 yashar bolakayning 48 yoshli amakisi tarafidan muttasil zo‘rlangani voqeasi matbuotga chiqdi (Aqidaxonimga rahmat). Bu hikoyadagi eng dahshatli nuqta – zo‘ravonlikni ko‘rib ko‘rmaslikka olgan ota notavonligi. Bu ota mute o‘zbek jamiyatining tipik vakili. 

Onaning gapi esa mana bu: “Bir kuni o‘g‘limning zo‘rlanganini bilib qoldim. Shunda turmush o‘rtog‘imga akangiz o‘g‘limizni zo‘rlab qo‘yibdi, xabaringiz bormi”, desam, “Ha, bilaman. Lekin nima qilay, u mening akam. So‘yib tashlamayman-ku”, dedi.

Bolaning onasi voyaga yetmagan o‘g‘lini o‘z amakisi ikki yil davomida zo‘rlab kelgani haqida bloger Aqida Xanumga so‘zlab bergandi.

Blogerning jabrlanuvchi bolakay va uning onasi bilan o‘tkazgan videosuhbati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Quva tumani ichki ishlar bo‘limi tergovga qadar tekshiruv boshlagan.

Bolani zo‘rlaganlikda gumonlanayotgan amakisi hibsga olingan. Bloger Aqida Xanumga ko‘ra, endi ayol “aytganlaridan tonmoqda”.

Bu masalada tarmoq faoli G‘ayrat Omon izohi diqqatga loyiq:

“Bolaning onasi qanday ko‘rsatma berishidan qat'i nazar, bolaning ko‘rsatmalari tergov yo‘li bilan tekshirilishi lozim. Onasi tilini kesib tashlasa ham ona guvoh bo‘la olmaydi. Ona jabrlanuvchining qonuniy vakili, xolos.

Hozir, birinchi navbatda, quyidagi tergov harakatlari zudlik bilan o‘tkazilishi lozim:

1. Jabrlanuvchi bola bilan sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishi lozim;

2. Jabrlanuvchi bola bilan sud psixologik ekspertizasi o‘tkazilishi lozim.

Sud tibbiy ekspertizasi bolaning nozik joyida jarohat izlari bor yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Sud psixologik ekspertizasi bolaning gaplari, bo‘lib o‘tgan holat haqidagi fikrlari haqiqatda bo‘lgan yoki bu gaplar bolaning fantaziyasi, yoki kimdir bu gaplarni unga o‘rgatgan yoki o‘rgatmaganligini aniqlaydi.

Ushbu tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, bolaning amakisiga ayb e'lon qilish mumkin.

Bu ishda bolaning onasining ko‘rsatmalari umuman shart emas.

Nahotki tergov organlari o‘z vazifalarini bilishmaydi?

Yana bir achinarli tomoni, O‘zbekistonda yaqinda joriy qilingan bolalar ombudsmani haligacha hech qanday munosabat bildirmadi. Bolalar ombudsmani tirikmi o‘zi?

Bundan tashqari, O‘zbekistonda vasiylik va homiylik instituti mavjud, ular bolaning ota-onasi harakatlariga baho berishlari lozim.

Bundan tashqari, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi bor. Ushbu komissiya ham bolaning ota-onasi harakatlariga, ichki ishlar, tibbiyot va mahalla mas'ullarining bu boradagi xatti-harakatlari yoki harakatsizligiga qonuniy baho berishi kerak.

Ammo… Lekin… Biroq…

O‘zbekistonda hech kim o‘z vazifalarini bajarmaydi! Hamma o‘zining ishi qolib, boshqa masalalar bilan band…

Xullas, shu ikki misolning o‘zi jamiyat nega tavqi la'natga loyiqligi va tazarru olovida yonib toblanishi zarurligini mantiqan tushuntiradi.

Buning yonida esa Xidirnazar partiyasi a'zoligidan chiqmasang, mahalladan haydattirib yuboraman, deya arillagan mahalla raislari, prezidentlikka nomzodini qo‘yish kabi konstitutsion huquqidan foydalanishga uringan Jahongirning ustidan kulgan qalpoqchi ko‘t o‘yinchilar afti-basharasiga qarasam, hammasi ayon bo‘ladi.

Hamma-hammasini tushunish mumkin,

Jazoirda yoqqan qalin qorni ham.

Yo‘qni ham tushunish mumkin o‘ylasang,

O‘ylasang, tushunish mumkin borni ham.

“Salbiy muhit” yoki “yomon tarbiya”,

O‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

O‘g‘rini tushunib bo‘lgach, albatta,

To‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

Ablahning qalbida nogoh uyg‘ongan

Diyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

O‘zingni baxsh etgan bir inson qilgan

Xiyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

Fahm etsang, sotqin xom sut emgan jon,

Anglasang qotil ham emas hech erish.

Tushunsang, tushunsang, tushunaversang,

Hamma-hammasini zarur kechirish.

Tushuna oldi dunyo. Lekin buning-chun

Kim uqubat chekar, kim tortar azob.

Xoinlar, sotqinlar qilmishi uchun

Kim oladi, axir, oliy bir jazo!

Tushunsang, ko‘zlaring oldiga kelar

Ham do‘zax, ham jannat, hamda arosat,

Oyog‘i shohsupa, bo‘yni sirtmoqda,

Manglayin miltiqqa tutgan Farosat!..

(Matnazar ABDULHAKIM)

Shoirning farosat haqidagi fikrlari mana bu videoni ko‘rish chog‘ida yana dolzarb bo‘ldi.  Videoda bir erkak bir ayolni sochlaridan tortib do‘pposlaydi. Voqea Chilonzor tumanining 14-dahasidagi “Cho‘ponota” bekati oldida ro‘y bergan. Katta yo‘l chetida yuz bergan voqeaga odamlar befarq. O‘zbek ayoli do‘pposlanmoqda. U sizning singlingiz yoki farzandingiz bo‘lishi mumkin. Nega jamiyat befarq? “Spark” rusumidagi avtomashina egasi to‘xtab, ayolni qutqarmaganida uning keyingi taqdiri ayanchli tugashi ham hech gap emas edi.

Rassom Tuzga maktub

Maktub ortida odam bor. Bu siyqa gapning naqadar to‘g‘riligini kelgan xatlar mazmuni ham aytib turibdi:

Assalomu alaykum, Tuz og‘a. Men Toshkent viloyati Qibray tumanidan yozyapman. Har doimgidek, bizda yana diskriminatsiya. Vaktsinaning eng ishonchlisi, ya'ni Moderna va Sputnik toshkentliklarga bor, viloyatliklarga esa yo‘q. Nima toshkentliklar odam-u, biz odammasmizmi yoki Vatanga kamroq foydamiz tegayotganmikin? Bilmadim, balki viloyatlargayam berishayotgandir, lekin juda kam bo‘lsa kerakki, amaldorlarimizdan ortmayotgandir? Poliklinikaga borsak, faqat O‘zbek-Xitoy vaktsinasini bor, navbatga turing, deyishgandi, bu navbatdan hali darak yo‘q. O‘zimizning vaktsinani viloyatlik oddiy qora xalq ustida tajriba qilishyaptimi? Ishqilib hukumatning maqsadi tushunarsiz.

Ayni paytda rahbariyat haqida ijobiy o‘ylaydiganlar ham bor. Shunday prezidenting bo‘la turib, “Jentra” haqida so‘ylaysan…

Video

Hafta davomida Oliy Majlisning bir tiyinga qimmat ikki deputati xola-xola o‘ynagan kabi o‘zaro bahslashdi. Holbuki, ahvoling anavindaqa. 

Bu ikki rasmda O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari tasvirlangan. O‘zbekiston parlamentining shiftiga yolg‘on osmon chizilgan. Germaniya parlamentining shifti shishadan. Osmon ko‘rinib turadi va chiroq ekonom. Nemis deputatlari nima qilayotganini turistlar va istagan odam tepadan tomosha qilishi mumkin. O‘zbekiston parlamenti esa yolg‘on shift ostida o‘tiribdi. O‘zbek deputat tog‘alar shiftga qarab osmonimiz musaffo, deb yolg‘on gapiradi. Zotan, rasmda Italiya osmoni tasvirlangan (oboy Italiyadan keltirilgan). Mana sizga farqimiz¸ mana sizga sharqimiz. O‘rischa hikmatga asoslanib aytsak, bizning parlamentyorlar uchun yolg‘on yashash tarzi (loj kak forma jizni) kabidir. 

Oldin o‘zbek bolalari kosmonavt, vrach, muhandis bo‘lishni orzu qilardi. Hozirgi  bolalar cherkovda pop bo‘lib shag‘am sotishni orzulaydi. Cherkov yoki pop so‘zini kaniso va rabbi deb o‘zgartirsayam bo‘ladi. Tuz og‘a, ertak aytib bermaysizmi, deb so‘rashdi yoshi kattaysa ham bolalarcha ishtiyoqdan voz kechmagan kattalar. Men ertak emas, balki haqiqatni so‘zlash uchun minbarga chiqqanman.

Dunyoni titratgan ikki soat

Ikkita kokiliga ikki xil bantik taqqan, ko‘zlari o‘spirin bolaniki kabi jovdirgan sepkilli qiz aslida 23 yoshda. Ismi Nazokat, ammo o‘ziga NOZI deb ism qo‘yvolgan. Tiktokda ikki million, yutubda million, instagramda yarim million, tvitter-mvitterlarda ham son sanoqsiz folloverlari bor. Tirikchiligi o‘shandan. 

Bundan tashqari, u har xil AOKA-maoka, Yoshlar ittifoqi, prezident qizlari do‘stligi va hokazo jamiyatlar erkatoyi. Oltin ruchka, qizil pska, pushti kapalak kabi mukopotlarni ogan. Surxondaryo hokimi Bobolov doxil o‘nlab hokimlar bu qiz “eyjodi” uchun pul o‘tkazib berishgan.

Nozi nima haqda yozadi? 

Nozi Munisa laqabli mushuk, Yulduz laqabli urg‘ochi it, Saida ismli xomyak (kalamashuning aslzoda turi) va Ziroat ismli toshbaqa haqida yozadi. Yana Komil degan jaba (qurbaqaning bir turi) haqida ham yozib turadi. 

Aslida otasining yagona parzanti bo‘lgan Nozi hayvonlarga qiziqar edi. Kattagina xonada it, mushuk, toshbaqa va boshqa hayvonlar Nozi parvarishida shodon yurishadi. 

Bir kuni Nozining iti mushukka qarab vovilladi. Nozi bo‘lsa, instagramda “Yulduz Munisaga qarab vovilladi”, deb yozib qo‘ydi. Birpasda million odam buni ko‘rib tashladi. 

Hammasi ana shundan keyin boshlandi. Shundan keyin Nozi bloger bo‘ldi. “Saidaning ikki old tishi chiroyli”, “Shok!!! Munisa banan yedi”. “Yulduzning yunglari to‘kildi”, “Komil boshida itbaliq bo‘lgan”. Bu kabi postlar favqulloda mashhur bo‘ldi.

Nozi mikrofonga gapirsa, tiktokda qora mushuk, yutubda esa pushti quyoncha bo‘lib, multfilm shaklida gapiradigan ap o‘rnatdi.

Sotvoldi aka

Sotvoldi aka Nozining otasi. Pensioner. Asl toshkentlik haqiqatgo‘y. Umr bo‘yi 31-maktabda tarix va til-adabiyotdan dars bergan. Xotini Sevara xola Nozini tuqqandan keyin boshqa tug‘madi. Kasal bo‘lib o‘ldi. Sotvoldi aka boshqa uylanmadi. Qizini oq yuvib oq taradi. Nozi tarmoqda ishlab topgan puliga hovlini yevroremont qildi va otasining tagiga bitta “Neksiya”olib berdi. Nozining o‘zi “Malibu”da yuradi. Sotvoldi aka “Neksiya”dan xursand.

“Ko‘timni sudrasa bo‘ldi-da”, deydi. Ammo Sotvoldi aka qizining imlo xatolar bilan yozishidan juda xafa. Nega ch xarfini 4, sh harfini esa dablyu bilan yozasan desa, Nozi kulib, adasining ikki yuzidan o‘pib qo‘ya qoladi.

Sotvoldi aka qanday qilib bloger bo‘ldi?

Odatdagiday kun. Osmon musaffoligi haqida tekin kvartira olgan blogerlar gapirib yotishibdi. Nozi ham uy hayvonlari boqiladigan xonadagi kursida o‘tirib “eyjod” qilyapti. U nashvati yeyayotgan toshbaqaga qarab, “Ziroat shirin-shakar kokand meyvalarini sevadi”, deb yozdi. 

Shu payt xonaga Sotvoldi aka kirib, “qizim, shu gaplarni imlo qoidalariga rioya qilib yozsang bo‘lmaydimi”, deb qoldi. Nozi bo‘lsa, “Ada, o‘tiring. Mana, o‘zingiz yozib ko‘ring”, deya telefonini berdi. Stoldagi aypad va makbukni ham ota ixtiyoriga berdi.

Ota rozi – xudo rozi. Sotvoldi aka bolalarcha havas bilan bu ashqol-dashqollarga qarab, “nima yozay, qizim”, deb so‘radi. “Nima yozsangiz yozavering, ada. Mana bu jaba haqida yozing”, dedi Nozi. “Bu sassiq qurvaqa Komil umrida akvariumdan boshqa narsani ko‘rmagan”, deb yozdi Sotvoldi aka. Bu gap oltita portalning millionlab folloverlariga tarqalib, minglab “sheyr” bo‘ldi.

Qurigan dengizdagi Neptun bayrami

Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, qo‘llarida sharlar ko‘targan pushti ko‘ynakli hezim yigit kirib keldi. “Nozi, tez yuring, Alisher Sagdullaevich kutvottilar. Mo‘ynoqda Neptun bayramiga kech qovommiza. Tez ketdik aeroportga, Noziy”, deya nozlangan yosh it vakiliga qarab Nozinning Yulduz laqabli iti bir irillab qo‘ydi.

Nozi bu hezimga qo‘shilib tez chiqib ketdi. Toshkentdan Nukusga uchadigan uchoq havoga ko‘tarildi. Uchoq ichida turli “urovendagi zvezda”lar bor edi. Lift ichida kal skripkachiga o‘ptirgani bilan mashhur bo‘lgan juvonopa hajga borganini maqtanib o‘tirar edi. Nozi bu juvonni rasmga olaman deb qarasa, telefoni uyda qolib ketibdi.

Nozi keyingi yillar ichida ilk bora oflayn bo‘ldi. O‘rindiqqa suyanib ko‘zi ilindi.

Bomba

Bu paytga kelib Sotvoldi aka internetda yozish drayfiga kirgan. Ashaddiy ichuvchilar bir ichib boshlasa, o‘zini to‘xtata olmaganidek, tabiatan haqiqatgo‘y Sotvoldi aka uchun qizining akkauntlari haqiqatni aytish uchun ulkan fursat edi.

“Xalq ta'limi vazirligi attestat baholarini sotishni sanoat miqyosida amalga oshirmoqda. Uyat”, deb yozgan Sotvoldi aka rohat bilan kerishdi. “Prezident va vazirlar o‘z kandidatlik ishini palonchiga pul berib yozdirgan. Plagiat va soxta olimlar”, degan yozuv paydo bo‘ldi.

Shu tariqa “bomba” xabarlar mushuklar haqida yozadigan blogerning millionlab tarafdorlari orasida yashin tezligida tarqala boshladi. 

Xidirnazar tarafdorlari ro‘yxatini DXXga bergan adliya vazirining itligi ham qolmadi, Aripovning qamoqdagi Gulnoraning o‘g‘ri sherigi ekani, Ramatov esa oddiy qaroqchi ekani va hokazolar tinimsiz yozilardi. 

Oxirgi jumla “Qirol axir yalang‘och-ku”, degan uch jumladan iborat edi.

Munosabat

“Al-Jazira” telekanali “O‘zbek blogeri nihoyat haqiqatni yozdi”, degan maqola e'lon qildi. “Ozodlik” radiosi esa Nozi fenomeni va fermerlar omili haqida Rabbimov va Sharof Ubaydullaev kabi ezma chollar bilan suhbat qildi. “Nozining qulog‘iga kim azon o‘qigan”, degan sarlavhali maqola BiBiSi o‘zbek manjetidan o‘rin oldi.

Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Noziga “Jasorat” medali berish taklifi bilan chiqdi. O‘zbek tili jonkuyalari esa Nozining imlo qoidalariga rioya qilganligini olqishladi. 

Rasmiy o‘zbek matbuoti esa raddiyalar bilan to‘ldi. Din ishlari qo‘mitasi va katta machit imomi Nozini tavqi la'nat qildi. Musaev va Emina degan baqaloqlar esa og‘zidan ko‘pik chiqarib shaytonlashdi.

Adminstratsiya tashvishda

Adminstratsiya kattakoni Zaynilobiddin tezda yig‘ilish o‘tkazdi. “Anavi ko‘kaldosh zek Akram va ipiriqsi bo‘biklarga qo‘shni qilib Noziga ham kvartira bering”, dedi Zaynilobiddin brat. 

Xayriddin brat esa “Bu qiz allaqachon kvartira obo‘ganligini aytish” bilan kifoyalandi. DXX raisi Nozi haqida ma'lumotnoma tayyorlanayotganligini bildirdi. IIB raisi Bobojonov ham bir narsalar dedi, ammo hech kim tushunmadi.

Po‘lat og‘aning o‘g‘uz lahjasidagi gapini qorluq-qipchoq lahjasiga tarjima qilishdi zudlik bilan. “Nozi Toshkent-Nukus uchog‘ida ketyapti. Hozir G‘ijduvon tepasida”, demoqchi ekan bu yoshulli. 

Mudofaa vaziri qo‘l ko‘tarib, “Samolyotni urib tushiraymi”, dedi. Bu gapni selektor orqali eshitib o‘tirgan kattakon, “Urib tushiradigon voxtlar o‘tib ketgan. Seni o‘zingni urib tushiraman”, deya replika qo‘shdi.

Dengiz sathidan 600 metr yuksakda

Bu paytga kelib Nozi uchoq o‘rindig‘ida xurillabgina uxlar, tushlarida esa mushukchalarni ko‘rardi. 

Nukus aeroporti O‘zbekiston DXX va qurolli kuchlari hamda Milliy gvardiya sallotlari bilan o‘rab olingan. “Nyu-York tayms”, “Al Jazira”, “Si En En” kabi OAV jurnalistlari rang-barang mikrofonlari bilan chiqish eshigida turardi. 

Ammo Toshkentdan kelgan uchoq Nukusdagi xalqaro aeroportga emas, To‘rtko‘ldagi hech kim bilmaydigan harbiy baza hududiga qo‘ndirildi. Spetsnaz uchoq ichiga kirib, Nozining boshiga qop kiydirib olib chiqib ketdi.

Blogerga ozodlik

Xitoyning Tyamanmin, V'etnamning Xo Shi Min, Shimoliy Koreyaning Kim Ir Sen, Riyodning Hoshimiy maydonlariga biron kimsa chiqib ,“O‘zbek blogerini ozod qiling”, demadi. Lekin tarmoqdagi o‘zbeklar o‘z blogeri himoyasiga nik orqali chiqib, “Nozida ayb yo‘q”, deyishdi. 

Ular haq edi. Ayb Sotvoldi akada edi. Gapning to‘g‘risi, bu vaqtga kelib Sotvoldi aka o‘zining shoxdor qo‘chqoriga yem berar edi. Eshik taqilladi. Sotvoldi aka glazokdan qarasa, hech kim yo‘q. 

Keyin eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Sotvoldi aka eshikni ochishi bilan boshiga qop kiygizib olibketishdi. Qizing nima haqida yozadi, deb so‘rashdi. “Hayvonlar haqida yozadi”, dedi Sotvoldi aka. Zotan, to‘g‘risi ham shu edi…

Assalomu alaykum, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2020
Prezident Shavkat Mirziyoev 20 aprel kungi yig‘ilishda “Tadbirkorlar muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatsin», deb aytdi. Yordam ko‘rsatgan tadbirkorlarga esa davlat ...
13 sentyabr 2018
Andijon viloyatida ommaviy paxta yig‘im terimi hali boshlanmagan bo‘lsa-da, 10 sentyabr kuni byudjet ishchi-xizmatchilarining dastlabki guruhi 10 kunlik yotoqqa ...
20 iyun 2018
O‘zbek rasmiylari 16 iyun kuni xibsga olingan AQSh vatandoshi Zokir Aliev Afg‘onistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, hukumat va xalqaro koalitsiya ...
11 fevral 2016
O‘zbekistonda deyarli barcha avtobuslarda haydovchilari ish vaqtida bemalol chekadilar va bunga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Rassom Elsevar Eltuz.com
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...