Asosiy mavzular
4 dekabr 2018

To‘rtko‘l internati direktori ustidan yozgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi sil kasalliklariga moyil bolalar maktab-internati tarbiyachisi Zulfiya Mavlonova internat direktori Nurilla Ro‘zimovning tarbiyalanuvchilarga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘layotgani haqida «Eltuz» nashriga bildirdi.

Ushbu maqola nashrga tayyorlanayotgan paytga kelib Zulfiya Mavlonova ishdan bo‘shatilgani ma'lum bo‘ldi. 

«O‘z arizangga binoan bo‘shading. Shikoyat qilding, qo‘lingdan nima keldi?» degan direktor gaplaridan iqtibos keltiradi Mavlonova «Eltuz»ga yozgan xatida.  

Tarbiyalanuvchilarga nisbatan noinsoniy munosabat

Internat tarbiyachisiga 2016 yil aprelida o‘quvchilari yozib bergan tushuntirish xatlarida maktab direktori Nurilla Ro‘zimovning bolalarni tinmasdan urib-so‘kib haqorat qilgani, shanba kunlari ovqat berilmaganligi haqida yozilgan.

«Besh yil maktabda direktor bo‘lgan bo‘lsa, to‘rt yil davomida shanba kunlari ovqat berilmagan. «Ovqat yeguncha falonimni ye!» degan so‘zlari bor. Ichkariga kirib, sochlaridan ushlab devorga urib, tahqirlagan. Mana, hammasini bolalar yozib berdi», dedi Mavlonova «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Tarbiyachining bildirishicha, hech kim bunga chora ko‘rmagan. Aksincha, «Yozganing qaerga o‘tdi?» deb ustidan kulishgan.

«Ular bolalaring bilan hech narsa qila olmaysan, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, deyishdi. Mening qo‘limdan hech narsa kelmasligi mumkin. Lekin qonun bor. Agar shu yetim-esir bolalarning o‘zlaridan so‘rashsa, aytib berishadi bolaliklari qanday o‘tganini», deydi Mavlonova.

Mushtumzo‘r direktor

Mavlonovaning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchisini urgani uchun internat direktori Ro‘zimovga nisbatan 2016 yili ma'muriy chora ham qo‘llanilgan edi.

«2016 yili Ro‘zimboy Matkarimov degan o‘quvchimni urgani uchun Ro‘zimov 2 minimal ish haqi miqdorida jarima to‘lashgacha bordi. Bundan tashqari, sinf rahbari sifatida o‘quvchilarimni urib haqorat qilgani uchun men tuman prokuroriga murojaat qildim.

Lekin To‘rtko‘l tumani prokurori «Bolalarning ota-onasi kelsin, siz kelmang. Agar siz kelsangiz, o‘zingizga jinoyat ishi qo‘zg‘ayman», dedi. Lekin ko‘pchiligining otasi-onasi yo‘q, yetim bolalar edi. Men ularning ham sinf rahbari, ham onasi sifatida borganman», deydi Mavlonova «Eltuz» bilan suhbatida.

Pedofil maktab qorovuli

Tarbiyachi Mavlonova, shuningdek, bir safar direktor Ro‘zimov maktab qorovulining o‘quvchiga nisbatan pedofil harakatlarini yashirishga intilganini eslaydi.

«2017 yili mening qizim Dinora Mavlonova ishlayotgan sinfda maktab qorovuli kechqurun soat 22.30 lar chamasi bir bolaga nisbatan «nojo‘ya harakat» sodir qiladi. Biroq maktab direktori shu sirni hech kimga aytmasligimizni tayinlab, ishdan bo‘shatish haqida bizni qo‘rqitdi, ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizalarimizni olib qo‘ydi oldindan», deydi Mavlonova.

Paxta terayotgan askarlarga 50 ta ko‘rpa-to‘shak

Bu yilgi paxta terimida To‘rtkul internatidan sil kasaliga moyil bolalarning 50 ta ko‘rpa va 50 to‘shagini choyshablari bilan qo‘shib bir oyga paxta terayotgan askarlarga ajratib berishgani matbuotda ovoza bo‘lgan edi.

«28 sentyabr kuni maktab direktori buyrug‘i bilan Guliston Jabborova maktabning 50 ta ko‘rpasini 50 choyshabi bilan birga paxtada bir oy yurgan askarlarga berib yuborganidan xabarim bor.

Ularning 20 tasi zaxirada turgan ko‘rpa-to‘shak, 30 tasi bolalarning ustidan olib berib yuborildi. Ko‘p bolalar ko‘rpa-to‘shaksiz sovuqda qiynalishdi», deydi Mavlonova.

Bir mahal ovqat, shanba kunlari esa ochlik

Shuningdek, tarbiyachining «Eltuz»ga bildirishicha, sil kasalligiga moyil bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat va dori-darmon esa faqat qog‘ozlardagina ta'minlangan.

«Bolalar och. Bitta ovqat pishib turdi. Hozir ikkita ovqat. Hozir ikkinchi chorakdan buyon biror marta bolalarga tuxum, sariyog‘ berilmadi. Kompot, meva-cheva, umuman, hech narsa bolalarga berilmadi. Bolalarga berilayotgan oziq-ovqat menyudagi bilan to‘g‘ri kelmaydi.

Silga moyil bolalarni davolash maktab-internatida birorta ham dori-darmon yo‘q. Nomiga har oyda falon million pul o‘tdi, deganini eshitamiz. Kasal ko‘p, judayam ko‘p», deydi Mavlonova.

U bu haqda 2016 yildan buyon tuman prokuroriga, Xalq ta'limi vazirligi va prezidentga shikoyat arizalari yozgani, biroq hech qanday chora ko‘rilmaganini aytadi.

«Eltuz» nashri sil kasalligiga moyil bolalar maktab-internatida sodir bo‘layotgan yuqoridagi holat yuzasidan adolatli choralar ko‘rilishini kutadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2020
Qirg‘izistonning Chuy viloyatida bir kunda ikki o‘spirin o‘z joniga qasd qilgani haqida “Ozodlik”ning qirg‘iz xizmati xabar berdi. Mahalliy ichki ...
6 oktyabr 2020
6 oktyabr tongida Qirg‘izistondagi parlament saylovi natijalaridan norozi qo‘zg‘olonchilar davlat hokimiyati boshqaruv markazi bo‘lgan Oq uyni egallashdi. Ijtimoiy mediada ...
5 noyabr 2018
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi noroziligiga qaramay, 3 noyabr kungi majlisida AIBA – Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi 66 yashar G‘afur Rahimovni ...
8 fevral 2017
7 fevral kuni o‘tgan selektor majlisida prezident Shavkat Mirziyoev, tug‘uruqxonalarda poraxo‘rlik ochiqdan-ochiq tus olgani haqida gapirdi. «Tug‘ilganga pul berish ...
Bloglar
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...