Kundalik
25 dekabr 2018

Modernizatsiyalash tezroq samara bermasa, tashqi qarz ko‘payadi

O‘zbekistonda import hajmi eksportga nisbatan davomiy ravishda ortib borayotgani qisqa va o‘rta istiqbolda mamlakat tashqi qarzlarining keskin ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun ayni paytda katta sur'atlarda davom etayotgan modernizatsiya jarayonlari tezroq samara berishiga erishish o‘ta muhim masaladir.

“Eltuz” bilan suhbatda iqtisodchi Abdusattor Haydarov O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-noyabr oylarida importning eksportdan 6 milliard dollar ortiq bo‘lgani haqidagi ma'lumotlar yuzasidan shunday fikr bildirdi.

Qayd etilgan davrda mamlakatda tashqi savdo aylanmasi 28 664,7 mln. AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,6 foiz o‘sdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, bu davrda eksport hajmi 11 324,0 mln. AQSh dollariga (3,2 foiz kamayish), import hajmi esa 17 340,7 mln. AQSh dollariga (36,8 foiz o‘sish) yetgan.

Import tarkibida mashina va asbob-uskunalar ulushi 41,9 foizni, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar 13,2 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari 8,2 foizni tashkil etdi. Shuningdek, qurilish materiallari importi ham bu davrda 27,4 foiz o‘sdi.

“Import tarkibida mashina va asbob-uskunalar ulushi ortayotgani mamlakatni modernizatsiyalash jarayoni bilan bog‘liq, – deydi A.Haydarov. – Chetdan keltirilayotgan qurilish materiallari ko‘payganiga so‘nggi vaqtlarda bu sohada ish hajmi keskin ortgani sababdir. Oziq-ovqat importidagi asosiy tovarlar esa un va shakar, shuningdek, tsitrus mevalar bo‘lib turibdi”.

Uning fikricha, rivojlanayotgan davlatlarda islohotlarning dastlabki bosqichida importning eksportdan ortishini tabiiy qabul qilish kerak. Chunki agar mamlakat modernizatsiyalash jarayoniga jadal kirishsa, rivojlangan davlatlardan ilg‘or texnologiya va asbob-uskunalarni ko‘proq sotib olishga majbur bo‘ladi.

“Hamma gap mana shu modernizatsiyalashning qanchalik tez samara berishida. Aks holda davlatning tashqi qarzi ortib boradi va bir kun kelib bu byudjetning imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi”, deydi iqtisodchi “Eltuz” bilan suhbatda.

Marhum prezident Islom Karimov O‘zbekistonning tashqi qarzi kamligi bilan maqtanishni yoqtirardi. Masalan, 2014 yilning dekabr oyida u aniq raqamlarni keltirmagan bo‘lsa-da, mamlakatning tashqi qarzi YaIMning 15 foizidan oshmasligini aytgandi.

Bugun ma'lum bo‘lyaptiki, aslida o‘tgan uzoq yillar davomida O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanishning o‘zi bo‘lmagan. Korruptsiya, avtoritar boshqaruv tizimi tufayli xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari mamlakatga qarz berishdan o‘zini tiyib kelgan.

Berilgan arzimagan qarzlar ham, asosan, hukumat kafolati ostida jalb etilgan bo‘lib, bu xalqaro moliya tashkilotlarining mavjud rejimga ishonchsizligini anglatardi.

Mamlakatni rivojlantira olmagan va birov qarz bermagan Islom Karimov esa o‘z muvaffaqiyatsizligini tashqi qarzning kamligi bilan maqtanish hisobiga xaspo‘shlab kelgan.

Joriy yilning birinchi yarmi holatiga O‘zbekistonning tashqi qarzi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ya'ni Islom Karimov davridagiga nisbatan ancha ortgan. Hozir tashqi qarzimiz YaIMning qariyb 40-45 foiziga yaqinlashib qoldi.

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy qarzlari uzoq muddatli bo‘lib, 13,5 mlrd dollari yoki 86 foizi 10 yildan ortiqroq muddatga berilgan.

Mamlakat birinchi yarim yillikda jami 686,3 mln dollar qarzini va 176,6 mln dollar uning foizini to‘lagan.

Iqtisodchi A.Haydarovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom etyapti. Shuning uchun hozircha tashqi qarz ko‘payayotgani unchalik xavotirli emas. Qaolaversa, bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning mamlakatga munosabati ijobiy tomonga o‘zgargan.

“Bu vaziyatdan imkon qadar unumli foydalanib, modernizatsiyalash samarasini oshirish kerak. Aks holda tashqi qarzimiz ko‘payib, uning iqtisodiyotga tushayotgan yuki og‘irlashib boraveradi. Biz tezroq tashqi savdoda mutanosiblikni ta'minlashimiz yoki ijobiy saldoga erishishimiz kerak”, dedi A.Haydarov.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 iyul 2017
To‘ytepa shahri Toshkent viloyati markaziga aylantirilarkan, uni smart – «aqlli» shaharga aylantirish uchun 2 milliard dollar sarflanadi. Prezident Mirziyoevning ...
22 fevral 2017
63 yoshli siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamoq muddatini to‘liq o‘tab bugun ozodlikka chiqqani inson huquqi faollarining quvonchiga sabab bo‘lmoqda. ...
15 iyun 2020
Andijonlik 44 yashar Alijon Abdukarimov ichki ishlar xodimlari tarafidan urib o‘ldirildi. Alijonning ortida homilador xotini va uch farzandi qoldi. ...
22 avgust 2018
Promka hojatxonasi orqasidagi katta o‘ra najas bilan liq to‘la. Qo‘lida uchi ayri uzun xoda ushlagan G‘ulom najas olti nafar ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...