Asosiy mavzular
17 fevral 2020

“Mikrokreditbank” cobiq rahbari Eshmatov pora olishda ayblanib tergov qilinmoqda

Joriy yilning 7 fevralida “Mikrokreditbank” boshqaruvi raisligiga Orif Bo‘taev tayinlandi.

Undan oldingi rahbar Murodilla Eshmatov joriy yilning 17 yanvarida ishdan olingan va 20 yanvarda esa qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib DXX tarafidan hibsga olingani ma'lum bo‘ldi.

Bu haqda “Eltuz” muxbiriga O‘zbekiston moliya tizimida ishlovchi yuqori lavozimdagi rahbar 15 fevral kuni aytib berdi.

“Eltuz” muxbiri ayblov hujjatlarini nashr qilmaslik sharti bilan ko‘rib chiqdi.

Bu hujjatlarga ko‘ra, 51 yoshli Murodilla Eshmatov Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat va mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 210-moddasi (pora olish) va 211-moddasi (pora berish)da va katta miqdordagi davlat mablag‘larini jinoiy yo‘l bilan o‘zlashtirishda ayblanmoqda.

2019 yilning 26 oktyabridan to 2020 yilning 17 yanvarigacha “Mikrokreditbank“ aktsiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan Murodilla Eshmatov 80 million AQSh dollari miqdoridagi pulni “jinoiy o‘zlashtirish maqsadida” Kiprdagi bank hisobiga o‘tkazishda gumonlanmoqda.

(Qaysi shirkat va yana O‘zbekistondagi qaysi mulozim va tujjorlar bu ishga aralashgani haqida “Eltuz”da qo‘shimcha ma'lumotlar bor).

Shuningdek, “Eltuz” tanishgan hujjatlarda aynan Eshmatov buyrug‘i bilan Toshkent shahrida 450 milliard so‘m “jinoiy maqsad bilan” naqdlashtirilgani ta'kidlanadi.

“Mikrokreditbank“ boshqaruvi raisligidan joriy yilning 17 yanvarida bo‘shatilgani ortidan Murodilla Eshmatov mamlakatdan qochishga urinib, 3 kun mobaynida bekinib yurgan. 

Uning haydovchisi hibsga olinib so‘roq qilingandan so‘ng Eshmatovning bekingan joyi aniqlangan. 

“Eltuz” suhbatlashgan mulozim ko‘rsatgan hujjatlarda 20 yanvar kuni Murodilla Eshmatov DXXning tezkor guruhi tarfidan qo‘lga olingani aytiladi. 

Eshmatov avvaliga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida joylashgan tergov izolyatorida so‘roq qilinadi. 

“Eltuz” bilan aloqaga chiqqan IIV xodimi esa Eshmatovning shu kunda xalq orasida “Zarafshon” deb aytiladigan DXX tergov izolyatoriga olib ketilganligini aytdi.

Tergov tafsilotlaridan xabardor IIV xodimining bildirishicha, avvaliga Eshmatovga nisbatan so‘roq paytida qiynoq qo‘llangan. Uning boshiga protivogaz kiydirishgan. Eshmatovning boshi kattaligi bois bitta protivogaz yirtilib ham ketgan. 

Mulozim iddaosicha, keyingi kunlarda Eshmatov tergov bilan hamkorlik qilgani bois qiynoq va yomon munosabat to‘xtatilgan.

Ochilgan jinoyat ish doirasida Eshmatovning O‘zbekistondagi butun mol-mulki xatlangan.

“Eltuz” tanishgan hujjatda Eshmatov tarafidan 2019 yil “Mikrokreditbank” rahbari bo‘lgan bir necha oy mobaynida Toshkent shahrining turli qismlarida 7 ta yangi qurilgan qimmat hovli-uy sotib olingani aks etadi.

Toshkent shahrining Lunacharskiy mavzesida Eshmatov sotib olgan uchta hovlining bozor narxi 1 million sakkiz yuz ming AQSh dollari, Do‘mbirobod mavzesidagi ikkita hovlining taxminiy bozor narxi 500 ming AQSh dollarida. 

Ayni narxdagi yana ikki hovli esa Toshkendagi Qishloq xo‘jaligi instituti yonidagi mahalladan sotib olingan.

Shuningdek, Eshmatovga oidligi aytilgan ko‘p miqdordagi valyuta qimmatliklari, lyuks avtomobillar va oltin yombilar ham jinoyat ishi doirasida xatlangan.

Eshmatov ustidan jinoyat ish ochilgani haqidagi xabarni “Eltuz” nashri bir-biridan mustaqil amaldorlardan tasdiqlatib oldi. 

Ayblanuvchi sifatida hibsda qolayotgan Murodilla Eshmatov 1969 yilda Qashqadaryoda tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini, 1994 yilda esa Istanbul universitetini tugatgan. 1995 yildan boshlab O‘zbekiston bank tizimlarida ishlab keladi.

2019 yilning 26 oktyabridan to 2020 yilning 17 yanvarigacha “Mikrokreditbank“ boshqaruvi raisi vazifasida ishlagan.

2019 yil dekabrda Eshmatov Germaniyaga borib, O‘zbekistondagi yirik va kichik biznes sub'ektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “ODDO BHF” banki bilan ikki tomonlama biznes korporatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolagan edi.

2019 yilning aprel oyida hukumat qaroriga muvofiq, Eshmatov Xalq banki boshqaruvi raisi etib tayinlangandi. Bundan oldin u Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eltuz

Tag‘in o‘qing
15 fevral 2018
MXX idorasining Toshkent shahri markazida joylashgan bosh binosidan ko‘chirilayotgani haqida 14 fevral kuni «Eltuz» nashri xabar bergan edi. Toshkentning ...
19 sentyabr 2017
18 sentyabr kuni Toshkent markazidagi Navoiy nomidagi Milliy bog‘ni buzish va qurilishga hozirlash ishlari boshlandi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil ...
9 mart 2024
Salom qadrli muxlislar Eltuzga kelayotgan so‘nggi beshta maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Namangan, Toshkent, Jizzax, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan ...
12 may 2023
Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova  ko‘chada yuzlab odamlarning Stalinni olqishlab, qichqirishini qonuniy deb baholadi.
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...