Asosiy mavzular
10 iyun 2020

O‘shlik faol: Men hamon hayotimga xavf sezaman

2010 yilning 10-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida etnik to‘polonlar avj oldi. 400 dan ortiq odam o‘ldirildi, deyarli ikki ming uy vayron qilindi. Biroq Qirg‘iziston hukumati zo‘ravonliklar paytidagi jinoyatlar uchun javobgarlikni ta'minlay olgani yo‘q.

Garchi o‘n yil burun o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida ko‘plab dahshatli jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa-da, qirg‘in paytida aksariyat o‘lganlar va uy joyidan ayrilganlar etnik o‘zbeklar bo‘lib chiqmoqda.

Qirg‘iz hukumati 2017 yili e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, sudlar tomonidan 2010 yil iyunidagi tartibsizliklar yuzasidan 488 shaxs ishtirokidagi 286 ish ko‘rilgan. Biroq 5000 dan ziyod jinoyat ishining 4000 tasi ayblanuvchilar shaxsi yoki ularning yashash joyini aniqlash imkoni bo‘lmagani uchun to‘xtatilgan.

O‘shlik huquq faoli Izzatulla Rahmatullaev «Eltuz»ga bergan intervyusida etnik qirg‘inni og‘ir qayg‘u bilan eslashi va hanuz o‘zini xavfsiz sezmasligini aytadi.

«Masalan, o‘tgan 2019 yili ofisimizga o‘g‘ri tushdi. Keyin kompyuterlarimizni buzib kirishmoqchi bo‘lishdi. Uch yil burun avtobusda ketayotganimda bitta OBON xotin: «Iy, manovi o‘tirgan 2010 yili sartlarni himoya qilgan!» deb meni bo‘g‘a boshladi. Keyin o‘sha yerda bir amallab avtobusdan tushib qoldim. Tushgandan keyin uyga borib hushimdan ketdim. Ko‘zimni ochsam, kardiologiya bo‘limida yotibman. Bu haqda matbuotda ko‘p yozishdi keyin», deydi Rahmatullaev.

Huquq faoli Izzatulla Rahmatullaev qirg‘iz hamkasbi bilan

Qirg‘in nimadan boshlangan edi?

Izzatulla Rahmatullaev ilk otishma ovozlarini 2010 yil 10 iyun kuni soat 9.00 da, O‘shdagi «Oloy» mehmonxonasi tomondan eshitganini eslaydi:

«O‘sha vaqtda men o‘q ovozlarini eshitib, darrov vaqtli hukumat boshlig‘i Roza O‘tunboevaga qo‘ng‘iroq qildim. Roza O‘tunboeva ko‘p «perejivat» qilma. Hozir men, mana, vaqtli hukumatni chaqiraman, favqulodda holat e'lon qilamiz. Ertalabgacha hammasi tinchiydi, deb aytdi».

Shundan so‘ng, o‘zbek faolining eslashicha, favqulodda holat e'lon qilingan. Biroq o‘sha kuni soat 2.00 da paydo bo‘lgan harbiylar ko‘chada ko‘ringan odamni otishni boshlagan.

O‘shlik faol Hayrullo Halolov yonib ketgan mashinasi oldida

«Ko‘pchilik qochib yuribdi. Keladigan bo‘lsa, taqdiri nima bo‘lishi noma'lum. Konkret Azimjon Asqarovga keladigan bo‘lsak (umrbod qamalgan o‘shlik huquq faoli. tahr.), Azimjon akani dunyo jamoatchiligi biladi, hatto BMT komissiyasi u kishini oqladi. Shunga qaramasdan, bugungi kunda hukumat bu kishini ozod qilmayapti», dedi Rahmatullaev «Eltuz»ga bergan intervyusida.

Huquq faoli Azimjon Asqarov umrbod qamoqda. Foto © Kloop

Azimjon Askarov

2020 yilning 13 mayida Qirg‘iziston Oliy sudi Azimjon Asqarov ustidan chiqarilgan umrbod qamoq hukmini o‘z kuchida qoldirdi. Huquq faoli Asqarov 69 yoshda, Qirg‘iziston janubidagi Bozorqo‘rg‘on tumanidan. U 2010 yilning iyunida hibsga olingan va ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, milliy nizoni qo‘zg‘agan va militsiya xodimini o‘ldirishga yordam bergan shaxs sifatida aybdor deb topilgan.

2016 yili BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Asqarovning o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani va qiynoqlarga solinganini bildirgan. Asqarovni oqlash va darhol ozod etishga chaqirgan. Qirg‘iziston bu qarorning bajarilishini qat'iy rad etib keladi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 noyabr 2021
“Eltuz”ga kelgan maktublardan birida 26 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga ikki haftalik safarbarlik e'lon qilingani, ...
28 mart 2017
20 mart kuni e'lon qilingan eng baxtli mamlakatlar reytingida O‘zbekistonliklar barcha sobiq Sovet davlatlarini ortda qoldirdi. Gallup tadqiqot markazi ...
29 aprel 2022
Azizlar yana sizlar bilan hamsuhbatman. Popuk qizlar yashaydigan Popdan tortib, boy biznesmenlar pulini traktor pritsepida tashiydigan Muxomongacha, Enamyaxshi qishlog‘idan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...