Document UZ
25 iyun 2020

Hibsdan rahbarlikka: ommaviy qotilliklar ijrochisi Toymuroz Alimov DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga rahbar etib tayinlangan

Sobiq MXX rahbariyati topshirig‘i asosida O‘zbekiston qamoqxonalaridagi elikka yaqin siyosiy va diniy mahkumni o‘ldirishda bevosita ishtirok etgan Toymuroz Alimov o‘tgan yili DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga rahbar etib tayinlangan. 

Biroq bu xabar Eltuzga endi, oradan bir yil o‘tibgina ma'lum bo‘ldi. 

“Qashqadaryodagi faoliyatining ilk oylarida Toymuroz Alimov panada yurdi. Biroq taxminan 2-3 oydan keyin ommaga ko‘rinish bera boshladi. Hatto viloyat hokimi Zoir Mirzaev bilan bir necha marta suratga ham tushdi”, deydi Eltuzning O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralaridagi manbalaridan biri. 

Uning aytishicha, “hozir jallodning kayfiyati a'lo”.

Eltuz ning bir-biridan mustaqil bir necha manbasi xabariga ko‘ra, 2018 yilda Toymuroz Alimov ustidan xizmat tekshiruvi olib borilgan va u bir muddat tergov izolyatorida saqlangan. 

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi 50 ga yaqin siyosiy va diniy mahkumni o‘ldirishda ishtirok etgani uchun unga qarshi ochilgan ish o‘sha paytdagi Bosh prokuror Otabek Murodovning shaxsiy nazoratida bo‘lgan. 

Lekin keyinchalik O‘zbekiston qamoqxonalarining sobiq kuratori Toymuroz Alimov muqarrar oliy jazo – umrbod qamoqdan sirli ravishda qutulib qolgan va bir necha oydan keyin Qashqadaryoga rahbarlik lavozimiga yuborilgan. 

Eltuz manbalarining aytishicha, Toymuroz Alimovni DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga boshliq qilish topshirig‘i prezident Shavkat Mirziyoevning shaxsan o‘zidan kelgan. 

“DXX raisi Abdusalom Azizov prezidentning topshirig‘ini bajardi, xolos”, deydi Eltuzning DXXga yaqin manbasi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy qotilliklar ijrochisi Toymuroz Alimovni jazodan qutqarib qolish va ishga tiklash tavsiyasini prezident Shavkat Mirziyoev MXXning sobiq rahbari, senator Rustam Inoyatovdan olgan. 

“Tavsiya asli Inoyatovdan kelgan. Lekin prezident Mirziyoev  Inoyatovdan kelgan bu tavsiyani nima uchun bajargani ma'lum emas”, deydi Eltuzning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbasi.

Uning aytishicha, sobiq Bosh prokuror Otabek Murodovning “boshiga yetgan” ham aynan Rustam Inoyatovdir. 

“2018 yil boshida Toymuroz Alimov diniy va siyosiy mahkumlarni o‘ldirish ishlarida faol ishtirok qilgani haqida Eltuz da maqola e'lon qilingach, prezident Mirziyoev bu maqolada keltirilgan ma'lumotlarni tekshirishni Bosh prokuror Otabek Murodovga buyurdi. Ma'lumotlar tasdiqlangach, Bosh prokuratura prezidentning topshirig‘i bo‘yicha Toymuroz Alimovga qarshi jinoyat ishi ochdi va uni hibsga oldi. Tez orada Otabek Murodov Koson, Zarafshon, Qarshi va Jasliqdagi “zona”larda Toymuroz Alimov tomonidan ko‘plab diniy va siyosiy mahbuslar o‘ldirilgani haqida ko‘rsatmalar oladi. Ana shundan keyin MXXning sobiq rahbari Rustam Inoyatov ommaviy qotilliklarda o‘zining ishtiroki ham ochilib qolishidan qo‘rqib, Bosh prokuror Otabek Murodovga qarshi fitna va tuhmatlar kampaniyasini boshlab yubordi. Inoyatovning odamlari Otabek Murodovni Ixtiyor Abdullaevning “isyonchi” guruhiga bog‘lashdi. Lekin oxir-oqibatda ularning iddaolari tasdiqlanmadi. Otabek Murodov qamalmay qoldi, lekin ishga ham tiklanmadi”, deydi Eltuzni ma'lumotlar bilan ta'minlovchi manba.

Uning fikricha, Otabek Murodovga o‘zbek amaldorlarining barchasiga tegishli nuqson – haddan tashqari qo‘rqoqlik va tashabbussizlik pand bergan. 

“Agar Otabek Murodov hech bo‘lmasa, haftada bir marta matbuot anjumani uyushtirib yoki rasmiy bayonotlar chiqarib, Toymuroz Alimovga qarshi jinoyat ishi tafsilotini, shu jumladan, bu ishda Inoyatov ham ishtirok qilganini qo‘rqmasdan matbuotga ochiqlaganda, MXXning sobiq raisi ham, uning guruhi ham Bosh prokurorga hamla qila olishmas edi.  Lekin Otabek Murodov qo‘rqoqlik va tashabbussizlik yo‘lini tanladi hamda o‘zini senatorga yem qildi”, deydi Toshkentdagi manba.

Otabek Murodovni prezidentning kichik kuyovi Otabek Umarov shaxsan o‘zi tergov qilgan. Tergov davomida sobiq Bosh prokuror barcha xatti-harakatlarni prezident Mirziyoevning topshirig‘i bilan amalga oshirganini isbotlab bergan. Shuning uchun ham Otabek Murodov qamalmay qolgan, bir mudat uy qamog‘ida o‘tirgan, xolos. 

Eltuz manbasining bildirishicha, Otabek Murodov ishdan olingach, Rustam Inoyatovning ommaviy qotilliklardagi ishtiroki haqida sayrashi mumkin bo‘lgan Toymuroz Alimov jazodan qutqarib qolingan. 

“Rustam Inoyatov shu qadar qudratliki, u o‘z odamini nafaqat qamoqdan chiqarib olyapti, balki uni rahbarlik lavozimga ham tiklashga erishyapti,” deydi Eltuz manbasi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbariyati buyrug‘i asosida qamoqxonalarda saqlangan ba'zi siyosiy va diniy mahkumlarni “likvidatsiya qilish”da qatnashgan Toymuroz Alimov 2018 yil 26 fevral kuni hibsga olingan edi. 

U Jinoyat kodeksining 97-moddasi – qasddan odam o‘ldirish, 301-moddasi – hokimiyatni suiiste'mol qilish, 230-moddasi – aybsiz odamni javobgarlikka tortish kabi ayblovlar bo‘yicha tergov qilindi.

Toymuroz Alimov «tergov qilinayotgan mahkumlarni o‘ldirishga aloqadorlikda» ayblandi. U  2010-2014 yillar davomida ellikka yaqin diniy va siyosiy mahkumni o‘ldirib yuborgan. O‘ldirilganlarning hammasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan aybdor deb topilgan fuqarolar bo‘lgan.

Toymuroz Alimov va Javdat Sharifxo‘jaev O‘zbekistondagi eng mash'um uchta jazoni o‘tash muassasasi – Qoraqalpog‘istondagi Jasliq, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi UYa 64/51 va Zarafshondagi UYa 64/48 qamoqxonalariga borib, mahkumlarni o‘ldirish amaliyotini nazorat qilishgan.

MXX jallodlari diniy va siyosiy mahkumlarni o‘ldirish operatsiyasini “validol” deb nomlashgan. Unga ko‘ra, Toymuroz Alimov va Javdot Sharifxo‘jaev zonalarga borib, o‘ldirilishi ko‘zda tutilgan mahkumlarni tibbiy qismga chaqirib,  keyinchalik qolgan mahbuslarning oldida namoyishkorona “validol” dorisini berishgan. Ertasi kuni shu mahbusni kaltaklab o‘ldirishgan. 

“O‘ldirishdan bir kun oldin zonaga MXX xodimlari kelib, shtabda jarayonni nazorat qilib turishardi. O‘likni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandan keyin ketishardi. Har kelganda bittadan odam o‘lardi, hech qachon 2 odamni o‘ldirishmas edi. O‘ladigan odamni bir kun oldin sanchastga chaqirishib, yuragi og‘rigan, deb diagnoz qo‘yishardi va hammaning oldida validol berishardi. So‘ramasa ham hammaga “palonchiga validol beringlar”, deb eshittirishardi”, deydi sobiq mahkumlardan biri.

Afv asosida ozodlikka chiqqan yana bir mahkum Eltuzga shaxsan o‘zi uchta mahkumning MXX zobitlari nazorati ostida kaltaklab o‘ldirilganiga guvoh bo‘lganini bildirdi.

“Tavakkal Hojiev 1977 yilda tug‘ilgan. Hamidullo Omonov 1963 yilda tug‘ilgan, Qirg‘iziston fuqarosi. Ilhom Ibragimov 1971 yilda tug‘ilgan, Xorazmdan. Tavakkal – andijonlik. 2005 yilgi Andijon voqealari sabab qamalgandi. Hamidulllo 1999 yilda qamalgandi, “Hizb ut-tahrir” a'zosi edi, – deydi sobiq mahkum. – Qamoqxona nozirlari Hamidullo Omonovning jag‘ suyagi va oyog‘ini sindirib qo‘yishgandi. Shuning uchun zonaning yonidagi nasroniylar qabristoniga ko‘mib yuborishdi va uydagilariga kech xabar qilishdi. Ilhom Ibragimovning burnini sindirib qo‘yishgandi. O‘shanda prokuraturaning nazorat xodimlari o‘likni olib ketmaymiz, deb akt qilishdan bosh tortishgandi. Rosa to‘polon bo‘lgandi o‘shanda”.

Jismonan yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan mahkumga validol berishdan maqsad nazorat prokurorlariga o‘lim sababi yuzasidan izoh berishni osonlashtirish bo‘lganini aytadi sobiq mahkum.

Eltuz  Toymuroz Alimov va Javdat Sharifxo‘jaev nazorati ostida yana bir mahkum – xorazmlik tadbirkor Rahimboy Yo‘ldoshevning 2010 yil avgustida o‘ldirib yuborilgani haqida maqola yozgan edi. 2007 yilda Xorazmdagi “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” direktori Rahimboy Yo‘ldoshev va uning qo‘l ostida ishlaganlar birin-ketin sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Rahimboy Yo‘ldoshev o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solihga xayrixoh shaxslardan biri bo‘lgani uchun jismonan yo‘q qilingan.

Mana shu qotilliklari uchun prezident Islom Karimov Javdat Sharifxo‘jaev va Toymuroz Alimovni «Shon-shuhrat» ordeni bilan taqdirlagan.

Islom Karimovning o‘rniga kelgan prezident Shavkat Mirziyoev Toymuroz Alimovga hali orden berishga ulgurmadi. Lekin uni qotilliklari uchun jazolanishdan qutqarib qoldi va ishiga, rahbarlikka tikladi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2017
«Erk» Demokatik partiyasi lideri Muhammad Solih Qozog‘istonning yil oxirigacha lotin yozuviga o‘tish qarorini qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Qozog‘iston prezidenti Nazarboev ...
10 may 2017
Joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi (O‘zbekiston tarkibidagi respublika) 39 yoshli huquq himoyachisi A'zam Farmonovni ozodlikdan mahrum ...
30 iyul 2016
Ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbek segmentiga xos illatlardan biri, biror maqolada millat turmushidagi nuqsonlar tanqid qilinayotgan payt, chet ellarda bundan yomonligiga ...
11 may 2018
Cobiq sovet davrida rangtasvir asarlar yaratib, yorqin shuhrat qozongan sanoqli o‘zbek rassomlaridan biri Ne'mat Qo‘ziboev bundan 14 yil burun, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...