Ko‘zqarash
10 avgust 2020

Tirik qolish uchun kurash…

Koronavirus kundaligi

Qizimning qo‘g‘irchog‘i bilan uyda yolg‘izmiz.

Ikkimiz ham bir odamchani sog‘inayapmiz.

Faqat qo‘g‘irchoq yig‘lay olmaydi.

Yolg‘izlik huvillagan uyda xonadan xonaga odimlayman.

Go‘yo vaqt otayotgan odimlarimga sotiladi-yu, erta-indin boshlanadigandek.

Tinchsizlik buzadi uyni. Ichimda bir sas otilgisi keladi havoga. Ammo qo‘shni devorning tasodifiy qo‘rquvi haqida o‘ylab qolaman. Yana sukutga botaman. Gazdagi choynakning tovushi butun uyga yoqib ketgandek kayfiyati ko‘tarilar pardalarning. Yolg‘izlikni damlayman. Buncha qaynoq, og‘zing kuyadi-ya. Javonda terilgan kitoblarga qaraging ham kelmaydi. Na yozgisi, na eshitgisi keladi uyning. 

Amallab kech kiradi. Qorong‘ulik cho‘kkalaydi ko‘chaga. Harakat tinadi sekin. Televizor qarshisidasan, ammo ko‘rmaysan.  Uxlash kerak. Uyqusizlik azobi o‘rtaydi va yana uy ichida borib kela boshlaysan. Qo‘g‘irchoqni bag‘rimga bosaman.  Sog‘inch sochilib ketadi uyga. Devorlar, eshiklar, parda va gilamlar, jihozlar – barchasi sog‘inchga aylanib qoladi. 

Ertalab o‘zimni juda behol sezdim. Test natijasi haliyam chiqmadi.  Kecha yo‘talim sal kuchaygandek bo‘ldi. Isitmam ham tez-tez ko‘tarilib turdi. Bunday ko‘p chanqamagan va bunday ko‘p terlamagan edim. Boshimning og‘rig‘i xarsangtoshdan-da og‘ir. Test topshirishim ham bir azob bo‘lgan edi, natijasi chiqishi ham bir azob. Negadir hozir shu voqea esimga tushdi. O‘zimda siptomlar kuzatilgandan keyin test topshirish maqsadida DSNEMga qo‘ng‘iroq qildim. Ular infektsionistning tavsiya va ma'lumotnomasi bo‘lmasa, test olmasliklarini aytishdi. Keyin nfektsionistga telefon qildim.

-Allo, assalomu alaykum. Menga sizning tavsiyangiz bilan test topshirishimni aytishdi. Menda simptomlar kuzatilyapti.

-Test ololmaymiz. 

-Tushunmadim, mening mazam bo‘lmayapti, deyapman. Test topshirish shunchalik qiyinmi? 

-Jonimga tegib kettingizlar, hammaning test topshirgisi keladi. Kimga ulgurishim kerak?! 

– Menga noo‘rin baqiryapsiz. Muomalangizni to‘g‘rilang.  Shifokorning bemor bilan shunday gaplashishi to‘g‘rimi?

-Ey, xullas, bilganingni qil. 

Go‘shak qo‘yildi. Menga nisbatan qilingan bunday munosabatdan ezildim, bu vaziyatda adolatsizlikning bundan-da ortig‘i bo‘lmasa kerak. Yolg‘izlikka o‘zimni urdim. Uzoooqq o‘tirib yig‘ladim. Chorasizligimdan, o‘zim uchun hech narsa qila olmayotganimdan o‘ksindim. Bir oz o‘zimga kelib, tanish shifokorga telefon qilib, muammoni hal qilib berishini so‘radim. Kechga yaqin uyimga kelib test olib ketishdi. Test topshirish ham tanish-bilishlik bo‘lsa, davolanish qanday bo‘layotgan ekan, dedim. Internetda test topshira olmayotgan fuqarolar, topshirganlarniki esa natijasi bir haftalab chiqmayotgani to‘g‘risida o‘qirkanman, o‘zimning boshimdan o‘tkazayotganlarimni o‘yladim. 

Test topshirganimning beshinchi kuni yo‘talim juda kuchaydi, isitma ko‘tarildi, boshim og‘riqdan yorilib ketay derdi. Ko‘krak qafasimda kuchli og‘riq sezdim. Juda holsizlandim. Yurak urishim juda baland edi. Tez yordamga qo‘ng‘iroq qildim. Kela olmasliklarini, mobil guruhga qo‘ng‘iroq qilishim kerakligini aytishdi. U qanaqa guruh bo‘ldi yana? Nimaga doim allaqanday guruhlar o‘ylab topib, odamlarni sarson qilisharkan-a?  Telefon raqaminiyam so‘ramabman. 

Chorasiz yana qorong‘u ko‘chaga termuldim. Tinmasdan yo‘talayotganimdan borgan sari xavotirga tushar edim. Imkonsiz edim. Televizorda o‘zimni chalg‘itishga hech narsa topa olmadim. Barcha kanallarda pandemiya, koronavirus, uyda qoling, niqob taqing. Tiqilib qoladi tomog‘ingga nimadir. Kun bo‘yi bir xil mavzuni ko‘raverib, eshitaverib, to‘kilib ketasan o‘zingdan. Buning ustiga, “Tez yordam” ko‘rsatuvi paydo bo‘lgan. Unda men iste'mol qilayotgan dorilarning birortasini tavsiya qilishmadi. Bu haqda o‘ylab battar vahimaga tushaman, portlayman. Pultni otaman, devorga sochilib ketadi quvvatlagichlari. Gunohi nima, deya terib chiqaman qaytadan pultni.   

Yana tez yordamga qo‘ng‘iroq qilaman. Tusha olmayman. O‘rnimga bazo‘r borib yotaman. Ko‘zim ilinibdi. Bosinqirabman. Tungi soat 3. Bir amallab tong ottirsam, ertaga shifoxonaga o‘zim boraman, deya yana uyquga ketdim. 

Testning natijasi haliyam chiqmagan. Meni shifoxonaga yotqiza olishmas ekan. Test manfiy chiqsa va menda virus aniqlanmasa, bu yerda yotgan kasallardan virus yuqtirib olishim mumkin ekan. 

-Mayli, unda meni tekshiringlar, aniq tashxis qo‘yib beringlar, iltimos. Rentgen qilinglar. Nimadir denglar. Qanaqa shifokorsizlar o‘zi? Bir haftadan beri uyda to‘lg‘onib yotibman. 

-Sizda mabodo virus aniqlanib qolsa, biz siz bilan tavakkal qila olmaymiz. Boshqalarga ham yuqtirishingiz mumkin.

U desam bu, bu desam u deyayotgan tibbiyot xodimini ko‘rib, unga achinib ketdim. Chunki joriy qilingan tartib-qoidalar uni ana shu ko‘yga solgan. Aniq ishlab chiqilmagan tizim va sog‘liqni saqlash sohasining qay darajada oqsoqligi uni shunday deyishga majbur qilmoqda. 

Nihoyat test natijasi chiqib, kasalxonaga yotdim. Ammo ahvolim og‘irlashgan edi. Qonim qo‘yilgan, puls baland. Dengizning shamolidan, mavj urib hayqirayotgan to‘lqinlar shovqinidan to‘yib-to‘yib nafas olgim kelardi. Kengliklarga, yashil o‘rmonzorga, qir-adirlarga ketib qolgim kelardi. Kasalxona bemorlar bilan to‘lgan. Ammo rasmiy oshkor qilinmayotgan raqamlar, o‘limlar soni hech kimni tashvishga solmaydi. O‘lim esa oldindan kasalligi bo‘lgan, katta yoshlilar orasida juda ko‘paygan.  Barcha o‘zi bilan o‘zi ovora. Odamlar yashashga intilishmoqda. Hayotda qolish uchun kurashishmoqda. 

O‘n kun deganda quyoshni ko‘rish uchun kasalxona hovlisiga chiqdim. Osmonni ko‘rish yana nasib qildi. Ichkarida, palatada yotib hayotning naqadar qadrli ekanini angladim. Va shunga amin bo‘ldimki, nafas olishdan bir zum to‘xtaging kelmaydi, yashaging kelaveradi. 

Yaqinda koronavirusga chalinib tuzalgan yosh ayolning hikoyasi

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2020
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi ishchi-xodimlari shifoxonada koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlar yotganidan norozilik bildirishmoqda.  Shifoxonada ishlovchi hamshiralardan birining ...
8 fevral 2021
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Bog‘ishamol qishlog‘iga hali-hamon XXI asr shabadasi yetib borganicha yo‘q. Elektr energiyasi, gaz bir yonib, bir ...
9 avgust 2023
Qiziriq tumani hokimi Sherzod Rajabov ayrim maktab direktorlarini ishdan bo‘shash haqida ariza yozishga majburlamoqda. Eltuzga kelgan shikoyatga ko‘ra, direktorlardan ...
9 sentyabr 2016
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘nggi bir necha kun ichida mamlakatda chop etilgan deyarli barcha nashrlar bir xil qiyofaga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...