Ko‘zqarash
7 sentyabr 2020

Yaxshi yashash degani nima o‘zi?

Bizda bugundan sovuqroq kuzak shamoli boshlandi. Men kabi sovuqqa yupqa odamlar yengi uzun ko‘ylak kiyib oldik.

Bir boshdan hosillarni yig‘ishtiryapmiz. Hosil yig‘ishtirish dekabr oyigacha cho‘ziladi.

Besh-to‘rt kunda paxta terim ham boshlanib qolar. Ariqlarda tiniq suv oqyapti. Bug‘doy o‘rniga ekilgan tarvuzlar ham sotuvga chiqdi. Yong‘oqlar qoqilyapti. Ko‘k olmalarni xomligicha uzyapmiz. Hozircha behi, anor, xurmo pishmadi. Eng kech xurmo pishadi.

Ko‘k qalampirlarni butunicha yo maydalab to‘g‘rab bakalashkaga berkityapmiz. Bizning Qo‘qon tomonlarda qalampirni ko‘p yeyishadi.

Darvoqe, Qo‘qondanmas, Qo‘qonga yaqin qishloqdanman, Qo‘qon shahrini mo‘ljal uchun tilga olaman. Qishloqdanman. Qishloqiman. Aslo shaharlik emas.

Xullas, dehqonchilik mavsumimiz nihoyasiga yetyapti. Zerikarli, ko‘ngilda sog‘inch tuyg‘ularini uyg‘otadigan xazon fasli boshlanyapti.

Shu kunlarda men ham rosa zerikib, allanarsalar sog‘inib yuribman.
Qush bo‘lsaydim, issiq o‘lkalarga uchib ketarmidim.

Yo bironta begona ayolga sevgi izxor qilib ko‘nglimni xush qilaymikan. Internet zamonida ayol bilan tanishish oson. Zerikish bor ko‘ngilda.

Aroqqa hushim yo‘q, ichmayman. Ko‘pchilik o‘rtoqlar zerikishni aroq ichib ketgazmoqchi bo‘ladi.

Kovid-19 degan baloyam paydo bo‘ldi. Qachon menga yetib kelarkan, deb xavotirlanasan. Qishda nima bo‘larkin.

Tashqarida shamol esyapti. Ayvonimda nimadir taraqladi. Derazam berk. Ammo eshik qiya ochiq. Shamol havo haroratini pasaytiradi. Havo pasaysa, o‘t-o‘lanlar ham o‘sishdan to‘xtaydi.

Eh, yoshlik qaytib kelmasligi yomon. Bu yog‘iga yil sayin eski devordek cho‘kib, qiyshayib boraveramiz va kunlardan bir kun qulaymiz.

Inson umri ming yil bo‘lmaydimi, baribir o‘tadi, o‘tgandayam tez o‘tgandek tuyuladi. Tanang qarib boraveradi, yil sayin suyaklaring mo‘rtlashadi, qoning soviydi, lekin ko‘ngildagi dunyo havasi bir xilda yashnab turaveradi. Balki odamning fojiasi ko‘ngli qarimaganidadir.

Tashqarida shamol pasaydi. Lekin havo ozroq sovidi. Shunday. Ko‘ngilda kuzgi zerikishlar, sog‘inchlar uyg‘ondi.

Kuzda kam gapiraman. Odamlar bilan gaplashish istagi ham pasayadi.
Kuz – yolg‘izlikdan ko‘ngil orom oladigan fasl.

Jim turishi kerak bo‘lgan kimsalar sayoz daryo kabi tinmay shang‘illab gapiraveradi.

Gapirishi zarur bo‘lgan zotlar esa tosh kabi sukutda. Sen esa haq qayda, nohaqlik qayda, bila olmay halaksan.

Gapirishi kerak bo‘lgan zotlar sukuti muncha uzoq cho‘zildi…

Sayoz daryo esa qiyomatgacha qo‘shig‘ini o‘zgartirmaydi – shang‘illayveradi.

Tosh kabi sukutda qotgan ey ahli donishlar. Erta bir kun toshdek sukutlaringni yo‘nib, shaytonga haykal tiklansa, ne tong.

Mana bu odamni qarang. Baland bo‘yli. Qorni oldida osilib turadi. Oyoqlariyam rosa semiz, yurganida sonlarim bir-biriga ishqalanadi. Bo‘ynidagi yog‘ning o‘zi besh kilocha bor. Betiyam katta, go‘shtdor. Ikki yanog‘i va peshonasida qoramtir dog‘lar paydo bo‘lgan. Yurganda pishillab nafas oladi. . Hatto sokin o‘tirganida ham hansirash, pishillashi bosilmaydi.

Cho‘ntakda puli ko‘p. Bu odam fermerlar bug‘doy topshiradigan zavoddagi mansabdor.

Qanaqa qilib ko‘p pul topishini aytib o‘tirmayman…

Mana, o‘tgan kuni ortidan qomati go‘zal, tor shim kiygan, betlari lo‘ppi yosh ayolni ergashtirib (xotini emas, o‘ynashi ham emas) tuman markaziga yaqin qishloqdagi baliqxonaga kirib keldi.

… Tovba. Bu muncha beso‘naqay. Tanasining hamma joyi semiz. Bo‘yin va yelkasidagi yog‘ kesib olinsa, bir tog‘ora yog‘ chiqadi. Qurg‘urning pishillashini qarang. Semiz bo‘lganidan keyin pishillaydi-da. Semiz odamning jigari va yuragida jiddiy muammolar bo‘ladi. Ular uzoq yashamaydi. Odatda ahmoq odam ko‘p pul topsa semiradi. Lekin ortidan ergashtirib olgan yosh ayol g‘oyat suluv ekan. O‘rnimdan shart turib beso‘naqay erkakni yelkam bilan qattiq turtsam bir yonboshga yiqilib insultga chalinadi va qaytib turmaydi, ortidan ergashtirib olgan suluvga men egalik qilaman. Lekin cho‘ntakda ortiqcha pul yo‘q, suluvni baliq bilan qanaqa qilib siylayman.

To‘g‘ri. Cho‘ntakda pul bor. Ammo u pulga oilam uchun qovurilgan baliq sotib olmoqchiman. Demak, beso‘naqay erkakni turtib yiqitsam ham suluv ayol men bilan ketmaydi. Darvoqe, suluvni olib boradigan alohida joyim ham yo‘q. Beso‘naqay erkak salkam dabbaga aylanib bo‘lgan. Semiz, hansirab nafas oladigan, qoni buzilganidan betida qoramtir dog‘lar paydo bo‘lgan erkak yosh va ko‘rkam ayolni qiyomiga yetkazib erkalay olmaydi, bu ishni yoshlar eplaydi, lekin yoshlarning cho‘ntagida pul yo‘q, ko‘pchiligi enasining pensiyasini tilanib yuradi. Pul yo‘q joyda suluvlar bo‘lmaydi.

Yaxshi yashash degani nima o‘zi?

Orqasidan go‘zal, yuzi va bo‘ynilari oppoq yosh ayolni ergashtirib olgan cho‘chqaday anov erkak mendan yaxshi yashaydimi?

Yaxshi yashash go‘zal xonimlarni baliqxonaga olib kirishmi?

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat kuzatishlari bilan tanishdingiz

Tag‘in o‘qing
24 may 2018
Muhammad Bekjonning ukasi Rashid Bekjon ham deyarli Toshkentdagi 1999 yil 16 fevral portlashi sodir bo‘lgan kuni qamalgan akasi Komil ...
20 sentyabr 2019
Nepotizm lotincha nepos so‘zidan olingan bo‘lib, uning lug‘aviy ma'nosi – “nevara” yoki “jiyan” deganidir. Ammo bu so‘zning zamonaviy ma'nosi ...
5 yanvar 2018
Horijdagi o‘zbek migrantlari va faollari prezident chaqiriqlaridan ruhlanib, vatanga qaytishni o‘ylashmoqda, O‘zbekistondagi real vaziyat esa boshqacha. “Chet ellardagi vatandoshlarimiz ...
25 sentyabr 2019
“- Aka, meni bu ishda ayblamang. Sizga yana qaytarib aytaman, buyruq yuqoridan, ochig‘i, markazdagi MXX idorasidan. Men bir kichkina ...
Bloglar
22 oktyabr 2020
Milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish degan bahona, niqob yordamida monopollarimiz qonimizni so‘rib yotibdi. Tashqaridan iste'mol mollari ...
20 oktyabr 2020
Bundan o‘n yil ilgari poytaxdagi o‘rtacha ikkita amaldor tushlikka bir millionga yaqin pul sarflashini eshitib ...
15 oktyabr 2020
O‘nta roman yozay, ellikta she'riy to‘plamim nashr etilsin, yozganlarim dunyoning barcha yirik tillariga tarjima qilinsin, ...