Kundalik
23 sentyabr 2020

Tuzilmasdan bo‘lingan partiya

Iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov uch oy oldin yangi partiya tuzish payiga tushgandan buyon unga ko‘rinmas kuchlar tomonidan zarbalar berilmoqda.

Bu zarbalar ortida O‘zbekistondagi xavfsizlik kuchlari turgani haqida iddaolar bor.

O‘zbekistonda hukumat cho‘ntagidan tashqarida bo‘lgan siyosiy partiya tuzaman degan olim partiyani “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi deb nomladi.

Ammo harakat boshlangandan buyon biror ro‘shnolik ko‘rmadi.

Unga ergashib yurgan “Adabiyot gazetasi” bosh muharriri ham ko‘plab tazyiqlar girdobida qoldi. Bu orada koviddan 45 kunlik karantinga tushib, harakat erkinligi cheklandi.

Karantindan chiqishi bilan gazetaning soxta soni chop etilgani o‘zbek blogosferasida muhokamaga sabab bo‘ldi.

Soxta son aslida jurnalist Baxtiyor Karim va gazetasining obro‘sini tushirishi va hatto tuzilajak partiyaga berilgan katta zarba bo‘lishi kerak edi.

Ammo bu O‘zbekistonda jurnalistikaning kimlarningdir qo‘lida o‘yinchoq ekanini ko‘rsatdi.

Xidirnazar Allaqulov va Baxtiyor Karim gazetaning soxta sonini chiqargan kishilarni topib beringlar, deb kerakli joylarga arz qildi. Internet orqali xalqqa videochiqishlar taqdim etdi.

Gazetaning AQShdagi xaloskori kabi ko‘ringan Jahongir Muhammad ham soxta son haqida chiqishlar qildi.

O‘zbekistonda adolat yo‘qligini isbotlamoqchi bo‘lib, soxta gazetani bunga misol qilib ko‘rsatdi.

Jon kuydirishga asos bor edi. Chunki soxta gazetada Jahongir Muhammad haqida ham ayrim tanqidiy fikrlar bildirilgandi.

Shunga qaramay, fan va texnologiyalar taraqqiy etgan XXI asrda soxta gazeta kim tomonidan chop etilgani noma'lumligicha qolmoqda.

Bu borada jurnalist Abduqodir Mo‘minov ham yutubdagi “Ko‘zgu” kanalida soxta gazetani chiqarganlarni topish ilinjida ko‘rsatuvlar tayyorladi.

Partiyaga xayrixoh bo‘lib o‘zini va yutubdagi kanalini ancha jonlantirib olgani kuzatildi.

Aslida Jahongir Muhammadning tavsiyasi bilan bu ishlarni qilayotgani iddao qilingan Abduqodir Mo‘minov tez orada Xidirnazar Allaqulovning o‘g‘illari qatoriga kirib oldi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi…

AQShdan turib partiya ishlaridan xabardor bo‘lib turgani aytilgan Jahongir Muhammad “men hatto partiyaning nomini to‘liq bilmayman, Xidirnazar domla bilan aloqam yo‘q”, deb barchani ishontirishga urinayotgan bir paytda Abubakir ismli cholning intervyusi e'lon qilindi.

Unda Jahongir Muhammad va Xidirnazar Allaqulovning yozishmalarini telegram orqali bir-biriga Abubakir yetkazib bergani aytilgan…

Xullas, ishi o‘ngidan kelmayotgan Xidirnazar Allaqulov oxiri tadbirkorlarni hamkorlikka chaqirdi. Atrofida cho‘ntagi pulga to‘la tadbirkorlar yig‘ila boshladi. Ular bilan birga yana Abduqodirning yutubdagi kanalida chiqishlar qildi.

Ammo kutilmaganda tadbirkorlar hukumatning odami ekanini bilgan Xidirnazar Allaqulov bu xayrixohlardan masofalandi. Abduqodirga ham erkin jurnalistligida omad tilab xayrlashdi.

Xidirnazar Allaqulov haqida ikki og‘iz so‘z. U 1956 yil Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. Termiz davlat universiteti rektori bo‘lib ishlagan vaqtda qo‘l ostidagi nojo‘ya harakat qilgan amaldorlarni ishdan bo‘shatib, o‘ziga dushman orttirgan.

2002 yilda universitet rektorligiga tayinlanib, ikki yil ishlagach, mablag‘larni talon-taroj qilganlikda ayblanib ishdan bo‘shatilgan. So‘ng sud orqali o‘zini oqlashishga erishgan.

Tag‘in o‘qing
28 iyun 2016
O‘zbekistondagi matbuot va rasmiy statistika har yili O‘zbekistonda nikox holatlari ko‘payayotgani va ajralishlar soni kamayib borayotgani haqida yozadi. Balki ...
27 avgust 2024
Eltuz Portaliga navbatdagi beshta murojaat O‘zbekistonning Qashqadaryo, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktub Qashqadaryo viloyatidan. Qishloq aholisi ...
27 may 2020
2020 yil 14 mayda O‘zbekiston hukumati mamlakat sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova tomonidan “noqonuniy xarid qilingan” aktivlarni sotishdan tushgan ...
6 sentyabr 2016
Yulduz Usmonova 5 sentyabr kuni yutub kanaliga qo‘ygan yangi videomurojaatida Karimovning janozasi haqida gap boshlab, unga dunyoning butun podsholar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...