Asosiy mavzular
9 oktyabr 2020

Eridan kaltak yegan ayol IIBga murojaat qildi. Ammo IIB nega jim?

3 oktyabr kuni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani Namozgoh mahallasida istiqomat qiluvchi 41 yoshli eri Ikrom Qayumovdan kaltak yegan 32 yoshli Nigora Hakimova hushidan ketdi.

Bu safar qo‘ni-qo‘shni ham yordamga kelmadi. Chunki bu hol ular uchun yangilik emas edi. Bu xonadonda har ikki-uch kunda qiy-chuv, to‘polon, urush-janjal bo‘lib turadi.

Kaltaklangan qiz sal oldinroq ota-onasiga eri urayotganini va olib ketishlarini qo‘ng‘iroq qilib aytgan edi. 

Qizning qarindoshlari voqea joyiga kelganda ayol hushidan ketgan, er jahl otiga mingan edi. Kamiga mast, o‘zini bilmas kuyov qaynona va qaynopalarini haqorat qiladi. Ushbu holat “Eltuz”muxbiriga taqdim etilgan videolavhada o‘z aksini topgan.

Er-xotinning urushi

Nigora Hakimova 2013 yilda Ikrom Qayumov bilan turmush quradi (ikkalasining ham ikkinchi turmushi). Ayolning bir qizi, erkakning bir o‘g‘li (farzand onasi bilan) bo‘lgan. Kelishmovchilik boshda ham bo‘lgan, ammo er va xotin Turkiyaga borib ishlab qaytgandan so‘ng bu janjallar yanada avj olgan.

“Eltuz” muxbiri voqeani o‘rganish maqsadida tomonlar bilan bog‘landi. Qo‘shnilarning aytishicha, ayolga bu xonadonda kun yo‘q. Er tomonidan ayovsiz kaltaklanadi. 

Ikrom ichib kelganda (ko‘p ichishi ta'kidlandi) ayol ko‘chada, qo‘shnilarnikida tunab qolgan vaqtlari ham bo‘lgan. Ikrom birinchi xotinini ham kaltaklardi, deydi suhbatdosh. Hatto o‘g‘liga otalik huquqidan voz kechgan. Ikkinchi xotining qiziga ham kun bermagan.

Nigora Hakimovaning singlisi “Eltuz”ga pochchasining kaltaklari oqibatida opasi ikki marotaba homilasidan ayrilgani, asl muammo uy masalasida bo‘layotganini bildirdi.

“Opam eri bilan Turkiyada ishladi. Ishlagan pullarini dadamga yuborardi. Dadam pullarni yig‘ib, ularga uy qurdirdi. 4 yil davomida uyni zamonaviy ko‘rinishga keltirdi. 

Bu orada pochchamning otasi uyni o‘zining nomiga o‘tkazib oldi. Kadastr hujjatlarini ham to‘g‘rilashga ulgurdi. Bu pochcha Turkiyada ham ko‘p qiliqlar ko‘rsatgan, ishlamay opamningtopganini yeb o‘tirgan. 

Katta opam va pochcham ham Turkiyada edi. O‘sha yerda Ikrom pochcham opamning topgan puliga qarab o‘tirgan vaqtlar ham bo‘lgan. Pandemiya sabab ular Turkiyadan qaytib keldi”, deydi jabrlanuvchining singlisi.

3 oktyabrda bo‘lib o‘tgan janjal bo‘yicha ayolning yaqinlari IIB (mahalla profilaktika noziri va Pastdarg‘om tumani va Samarqand viloyati IIB)ga murojaat qilgan, ammo IIB xodimlari masalaga sovuqqonlik bilan qarashgan…

Uy mojarosi

Mahalladoshlari taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Ikrom va Nigora yangi qurib bitkazilgan uyda 2020 yil mart oyidan boshlab yashay boshlaydi. Ayol Turkiyaga ketar chog‘da ota-onasiga tashlab ketgan qizini ham o‘z uyiga olib keladi. 

O‘gay ota qizni uyga sig‘dirmaydi. Urush-janjaldan so‘ng Nigorani kaltaklaydi, o‘gay qizni ko‘chaga haydaydi. Nigora qizini olib otasinikiga keladi. Mahalla, qo‘ni-qo‘shni aralashuvi va Ikromning lafziga hamda qaytib qo‘l ko‘tarmayman qabilida yozilgan tilxatiga ishonib Nigora qizini uyiga tashlab, yana Ikrom bilan yashay boshlaydi.

Ammo ko‘p o‘tmasdan ayol yana kaltaklanadi. Er aroq ichishni tashlamaydi. Ushbu janjallar oqibatida ayol Samarqand shahridagi shifoxonalardan birida og‘ir ahvolda yotibdi…

Ikrom Qayumov “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda voqea haqida ma'lumot berishni xohlamasligini aytdi. Nima bo‘lganda ham uyni birovga berib qo‘ymasligini, peshonasida bo‘lsa, yana uylanishini (uchinchisiga) bildirdi.

Psixolog Nafisa Toshtemirovaning aytishicha, bugun er va xotinning urushi – doka ro‘molningqurishi ekan, deb qarab o‘tirish o‘zini oqlamaydi. 

“Qurg‘ur erlarning kaltaklari oqibatida ayollarning eri bilan yarashishi uchun qalin kigiz matosining qurishiga ketadigan vaqt ham yetmaydi.

O‘zbekiston qonunchiligida xotinini kaltaklagan er uzoq borsa 15 sutka qamalib chiqadi. Mahalla va qandaydir yarashtirish komissiyalari yoshlarni yana yarashtirib qo‘yadi. Barcha mojarolar keyin boshlanadi”, deydi psixolog.

O‘zbekistonda xotinini kaltaklagan mushtumzo‘r erlarga jazo berishga hamon panja orasidan qarab kelinadi. Buni o‘zbek mahalliy nashrlarida e'lon qilingan ko‘plab maqolalardan ham bilish mumkin.

Kaltak oqibatida xotinlar o‘lmoqda. Yosh juvonlar o‘zini va bolasini suvga otmoqda. Birining qo‘li singan, birining oyog‘i. Kaltak natijasida yuz ko‘karishi va shishishi oddiy holga aylangan. 

Yana biri og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi…

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 fevral 2016
Samarqand viloyatida chaqaloqlar nogironligi ko‘payib borayotganiga oid surishtiruvimizga bir necha ayollarning bu haqdagi shikoyatlari sabab bo‘ldi. Oqdaryo tuman Ravot ...
29 iyun 2019
Tepada o‘tirganlar kaptarning butiga xat solib menga jo‘natishdi. Shu yaqin orada 9 ta ayol prezident tarafidan kechirilib, qamoqdan chiqarilar ...
21 yanvar 2021
«Eltuz» 21 yanvar kuni satira yo‘nalishidagi to‘rt minuntlik yangi animatsion filmni taqdim qildi. Bunda o‘zbek fermerlarining xonavayron bo‘lishiga sabab ...
1 avgust 2017
Iyul oyida O‘zbekiston televideniesi hayotida ro‘y bergan eng muhim hodisa, shubhasiz, «O‘zbekiston 24» telekanalining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Garchi mamlakat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...