Asosiy mavzular
6 noyabr 2020

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining savdo imtiyozlariga hali munosib emas

Hyu Uilyamson, “Hyuman rayts uotch”ning Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori

Tasavvur qiling, bir erkak necha yillardan buyon oilasiga yomon munosabatda bo‘ldi. U bir kuni ularga biroz yaxshiroq munosabatda bo‘lishni boshlab, kelajakda yanada yaxshi tomonga o‘zgarishga va'da berdi. Xulq-atvoridagi ozgina o‘zgarish uchun unga mukofot berish vaqti keldimi?

Bu Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan munosabatlari oldida turgan asosiy savol. Bryusselda ba'zilar Markaziy Osiyoning ushbu mamlakati  o‘nlab yillar davomida inson huquqlari bo‘yicha dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishiga qaramay, bunday rag‘batga allaqachon loyiq, deb o‘ylashadi.

YeIning Umumiy imtiyozlar sxemasi (GSP) o‘zaro savdo aloqalarida past hamda o‘rta daromadli mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston uchun tariflarni pasaytirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, bu mamlakatlarga YeI bozorlariga yanada kengroq kirish imkoniyatini beruvchi  “GSP+” deb nomlangan qo‘shimcha imtiyozlar uchun eshiklarni ochib beradi. Ammo YeI qonunchiligi aniq: “GSP +” imtiyozlari inson huquqlari, mehnat va atrof-muhitga oid 27 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish va amalga oshirish bilan bog‘liq.

Ma'lumot uchun: “GSP+” rivojlanayotgan mamlakat tomonidan Yevropa Ittifoqiga olib kiriladigan tovarlarga imtiyozli bojxona tariflari tizimidir. 

O‘zbekiston shu yilning iyun oyida “GSP+” imtiyozlar tizimiga murojaat qildi, ammo biroz ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, mamlakat hali ham ushbu talablarga javob bermayapti.

2016 yilda shafqatsiz avtoritar rahbar Islom Karimov vafot etganidan beri mamlakatda inson huquqlari holatini yaxshilash uchun kamtarona qadamlar qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev davrida o‘nlab siyosiy mahbus ozod qilindi, mustaqil ommaviy axborot vositalari faolligi oshdi va mamlakat paxta dalalarida majburiy mehnatni cheklash choralarini ko‘rdi.

“Bola qadamlari”

Albatta, bu uzoq kutilgan o‘zgarishlar, ammo ular hanuzgacha juda sezilarsiz. Hukumatning islohotlar haqidagi va'dalari, asosan, tugallanmagan ishdir.

Ko‘p odamlar soxta ayblovlar bilan qamoqxonada qolib, ommaviy axborot vositalari qo‘rquvdan o‘zini tsenzura qilishda davom etmoqda.

Fuqarolik jamiyati to‘g‘risidagi qonunlar xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Xavotirga soladigan jihat shundaki, Karimov davrida minglab tanqidchilarni qamoqqa olish uchun keng qo‘llanilgan jinoiy qoidalar, shu jumladan, ekstremizm va davlatga xiyonat kabi keng mazmunli ayblovlar qonunchilikda saqlanib qolmoqda.

Tuhmat va haqorat hali ham jinoiy ayblar deb hisoblanadi.

Xavfsizlik xizmatining javobgarligini cheklaydigan 2018 yilgi farmonga qaramay, ular Uzbekistonda ulkan kuch-qudratini saqlab qolib, tajovuzkor qoidalarni qo‘llashda davom etmoqda.

Yil boshida o‘zbekistonlik sobiq diplomat Qodir Yusupov va Mudofaa vazirligi gazetasining sobiq jurnalisti Vladimir Kaloshin protsessual qoidabuzarliklar va hibsda bo‘lgan paytda qiynoqqa solinganligi to‘g‘risidagi ishonchli xabarlar bilan yakunlangan yopiq sud jarayonlaridan so‘ng davlatga xiyonat qilishda ayblanib uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etildi.

O‘zbekistonning “GSP+” imtiyozlarni qo‘llash taklifiga javoban endi Yevropa Ittifoqi komissiyasiga mamlakatda inson huquqlari bo‘yicha asosiy shartnomalarni samarali amalga oshirishda katta xatolar mavjud yoki yo‘qligini tekshirish vazifasi topshirildi. O‘zbekiston ushbu dasturga qo‘shilish uchun zarur bo‘lgan barcha konventsiyalarni ratifikatsiya qildi.

Ammo BMT ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan chuqur tekshiruvlar asosiy qoidalar bajarilmay qolayotganini tasdiqlamoqda.

BMT o‘zgarishlardan qoniqayotgani yo‘q

Joriy yilning aprel oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonning o‘z tavsiyalarini bir necha bor bajarmagani hamda tinch yig‘ilishlar va uyushmalar erkinligi bo‘yicha cheklovlarning davom etayotganidan xavotir bildirgan edi.

U hukumatni qiynoqlar ta'rifi va ekstremizmga qarshi qonunni xalqaro majburiyatlariga muvofiqlashtirishga chaqirdi.

2019 yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi qamoqxonalarda “keng tarqalgan odatdagi qiynoqlar va shafqatsiz muomalalar”, shuningdek, hibsga olish va hibsda saqlash paytida asosiy qonuniy kafolatlarga rioya qilinmasligi yuzasidan tashvish bildirdi.

Yevrokomissiya ushbu mustaqil xalqaro baholashlarni e'tiborga olishi va so‘nggi juda sezilarsiz ayrim yutuqlarga qaramay, O‘zbekistonning GSP standartlarida sanab o‘tilgan shartnomalarga rioya qilishida hali ham jiddiy xatolar mavjudligini tan olishi kerak.

Bryussel O‘zbekiston o‘zidagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etishi va mavjud standartlarga muvofiq kelishi uchun nazorat ko‘rsatkichlarini aniq belgilashi va ommaga e'lon qilishi kerak.

Bu siyosiy mahbuslarni ozod qilish, qiynoq ta'rifi, Nodavlat tashkilotlar kodeksi va tinch yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni o‘z ichiga olishi kerak.

Bundan tashqari, O‘zbekistondan paxta dalalarida majburiy mehnat amaliyotini butunlay bekor qilishni talab qilish kerak.

Agar O‘zbekistonning “GSP +”ga kirishini tezlashtirish va o‘z mezonlarini yumshatishga qaror qilsa, Yevropa Ittifoqi “GSP +” bo‘yicha muntazam ravishda ikki yilda bir marta hisobot berib turishi Toshkentning o‘z huquqlariga oid majburiyatlarini bajarish va kamchiliklarini bartaraf etish uchun yetarli bo‘ladi, deya odatdagidek harakat qilmasligi kerak.

Hech bo‘lmaganda, komissiya mezon va tavsiyalarning yanada oshkoraligini ta'minlashi, shuningdek, O‘zbekiston hukumati mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi uchun mahalliy va xalqaro fuqarolik jamiyati guruhlari ishtirokida maxsus monitoring jarayonini tashkil qilishi kerak.

Yevroittifoqning “GSP +” dasturida ishtirok etish to‘g‘risidagi ariza Prezident Mirziyoevning iqtisodiy o‘sish va savdo aloqalarini rag‘batlantirish uchun mamlakat iqtisodiy tuzilmalarini isloh qilish niyatini yaqqol namoyish etadi.

Yevropa Ittifoqi ushbu jarayonni O‘zbekistondagi hammaga foyda keltiradigan tarzda qo‘llab-quvvatlashi, bu vositadan foydalanib, Toshkent o‘zi imzolagan xalqaro inson huquqlari standartlariga rioya qilishini ta'minlashi kerak.

Bryussel rag‘batiga sazovor bo‘lish uchun O‘zbekiston hali ko‘p o‘zgarishlar qilishi lozim.

Maqola EUobserver onlayn nashrida ingliz tilida 4 noyabrda e'lon qilingan. “Eltuz” tarjimasi. 

Tag‘in o‘qing
21 sentyabr 2021
O‘zbekistonda majburiy ruhiy davolash: sovet zamonidan qolgan amaliyot hamon mavjud O‘zbekiston inson  huquqlari forumi (O‘IHF) mamlakatda faollar ovozini o‘chirish maqsadida ...
4 avgust 2021
“The Diplomat” nashri 2 avgust kuni Rossiya va O‘zbekiston qo‘shinlari Afg‘oniston chegarasiga yaqin hududda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagani haqida ...
29 iyul 2022
Shu kunlarda qochgan ham quvgan ham ro‘mol deb tomoq yirtmoqda. Bu to‘qsonlar oxirida Turkiyani dunyoviylikdan mosuvo qilmoqchi bo‘lgan oqinchilar ...
22 iyun 2018
Avvallari Turkiya bizning Markaziy Osiyo davlatlari va turk olami uchun siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy model bo‘lishini orzu qilardik. Biz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...