Asosiy mavzular
7 aprel 2021

Qo‘yli-6. Oxirgi qism

Germaniyaning “Lyuftganza” aviashirkati uchog‘i Istanbuldagi Otaturk aeroportiga qo‘nish uchun pastladi. Qo‘yli “tur bolam”, degan ovozdan uyg‘ondi. Bir vaqtlar onasi uni shunday uyg‘otar edi.

“Birdaniga qaerda ekanimni eslay olmadim. Og‘zim qurib qaqragan edi. Ustimda Ro‘zi Nazar og‘a qarab turibdi, nim tabassum bilan. Xuddi kompyuter fayllari qayta yuklangan kabi so‘nggi 24 soatda yuz bergan narsalarni bir-bir eslay boshladim.

O‘rnimdan turdim. Boshimga afg‘onlar kiyadigan telpakni kiymoqchi edim. Ro‘zi og‘a “buni endi kiyma, ukam”, dedi. Telpakni qo‘limdan olib, cho‘p qutiga tashladi.

Styuardessa peshanasiga “Lyuftganza” deb yozilgan kepka sovg‘a qildi. Shuni kiyib, tranzit yo‘lchilar boradigan salonga qarab ketdim.

Ro‘zi Nazar og‘ani “Admiral” degan maxsus lonj salonga taklif qilishdi. Yur, deb o‘zi bilan meni ham olib kirdi.

Bu baxmal divanlar bilan bezalgan saroy edi. Bir chetda chaqilgan yong‘oq va qand-qurslar tog‘ bo‘lib uyulib turibdi.

Xizmatsevar turk yigit amringizga muntazir. “Afandim“ degandi, kulgim keldi. Bizda sal kallasi kirdi-chiqdi odamga apandi, deyilardi.

Ro‘zi Nazar og‘a bu turkka qarab, “Orqadoshiming qornini to‘yg‘az, qo‘chim”, deb amr berdi.

Ertalabdan beri bor-yo‘g‘i uch stakan aroq ichganman. Mangalda pishgan qo‘y qovurg‘alari va bulg‘ur palovini ishtaha bilan yedim. Undan oldin kichkina kosada marjumak sho‘rva ichib, peshanamda ter tomchilari paydo bo‘luvdi.

Film qahramoni aytganidek, “Yashash yaxshi! Yaxshi yashash undan ham yaxshi” .

Aziz o‘quvchim, Qo‘ylining yaxshi yeb ichgani tafsilotlari va Istanbuldan Berlingacha uchishi bilan bog‘liq mayda-chuydalarni tashlab ketamiz.

Uchoq G‘arbiy Berlinga qo‘nish uchun pasaya boshladi. Kamarlar bog‘langan, styuardessalar shosha-pisha qolgan ishlarni saranjom qilishardi.

Ro‘zi Nazar og‘a salondagi Qo‘yli, Ibrohim va G‘ayratning oldiga borib, “Sizlar tushmay o‘tiringlar, kelib olib ketishadi. Qo‘rqmanglar, hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedi.

Uchoq g‘ildiragi taqir-to‘qir qilgani eshitildi. Samolyot qo‘ndi. Odamlar qarsak chaldi. Yo‘lovchilar birin-ketin tusha boshladi.

Bo‘m-bo‘sh salonda uchta o‘zbek o‘tirardi. Katta urushning kichkina uch qurboni.

Sal o‘tmay, boshidagi oq kaskaga «militar polis», deb yozilgan amerikalik ikki askar bilan Ro‘zi aka salonga keldi.

Askarlar bu uch yigitning qo‘liga kishan solmoqchi edi. Ro‘zi Nazar bosh chayqab, «Don’t do this. I guarantee. They will be obedient», dedi va askarlar qo‘liga uchta surg‘ichlangan konvert berdi. Yana gapni Qo‘ylidan eshitamiz:

“Yana konvoy. Yana kishan sharaq-shurug‘i. Umuman, qamoqdan chiqib, qamoqqa kirish ruhiy tarafdan to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Hozir birdan erkinlikka chiqsam, shataloq otib, bosar-tusarimni bilmay qolsam kerak.

Alkash bo‘lib ketsam ham ajab emas.

Bu oq kaskali ikki konvoy bizni Tegel aeroporti ichidan olib o‘tib tashqariga chiqardi.

O‘sha “Mimino” filmidagi aeroport.

Tashqarida qamoq mashina kutib turgan ekan. Mashina bizni olib badar ketdi.

Gezundbrunenen degan mahallaning narigi tomonida harbiy baza bor ekan, o‘sha yerga bordik. Shlagbaumlar ochildi. Shlagbaumlar yopildi. Blokpostlardan o‘tib, katta xovlining orqa tarafiga yopishtirib qurilgan qizil g‘ishtli bino oldida tushdik. Shu yerning o‘zida doktor tekshirdi.

Ko‘kragimni rentgen qilishdi. Barmoq izlarimni olishdi. Rasmga tushirishdi.

Kiyim-boshimizni yechib olib dezinfektsion dush qabul qildirishdi. Keyin harbiy asirlar kiyadigan och sarg‘ish ust-bosh berishdi.

Qo‘limga soat kamariga o‘xshash bilaguzuk taqildi. Unda identifikatsiya nomerim yozilgan edi. Hozir ham eslayman bu raqamni. 1464081 edi nomerim.

Bir kishilik, eshigi «kormushka»li kamerada yashay boshladim.

O‘n kun o‘tib, yuzi-ko‘zi quyoshday nur sochgan tepakal Gerhard degan tergovchi savol-so‘roq qildi. Ro‘zi Nazar aka tarjimonlik qildi. Isming nima? Sovet armiyasidagi unvonim. Harbiy qism nomeri va dislokatsiyasi.

Asirlikda bo‘lgan joyim va hokazolar haqida savol-so‘roq bo‘ldi“.

Aziz o‘quvchim, voqealar 1984 yil oxiri, G‘arb va Sovet Ittifoqi bilan sovuq urush avjiga chiqqan bir pallada bo‘layotganini eslatmog‘im lozim. Qo‘yli esa SSSR askari edi. Shu bois, taftish ham jiddiy bo‘ldi.

Gerhard savol-javoblarini qilib bo‘lganidan keyin Qo‘ylini yolg‘onni aniqlash detektorida qayta tekshirishdi.

Xullas, Qo‘yli va uning yana ikki o‘zbek sherigi AQShning Germaniyadagi harbiy bazasi tergov izolyatorida olti oycha qolib ketdi.

Ro‘zi Nazar og‘a bu uch nafar o‘zbekdan O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashadigan ideologik xodim yasayman, deya o‘z rahbariyatini ishontirdi.

Qo‘yli va ikki sherigi Vashingtonga uchayotgan harbiy uchoq bortida AQShga ketdi.

AQSh immigratsiya xizmati tomonidan byurokratik protseduralar va turli chig‘iriqlardan o‘tgan Qo‘yliga qochqin guvohnomasi berildi.

Qo‘yli Vashingtonda Ro‘zi Nazar asos solgan antisovet markazida ishlay boshladi.

«Fut stemp» deb aytiladigan hujjati asosida u do‘kondan bir talay tekin oziq-ovqat olardi.

Ammo na Qo‘yli, na Ibrohim va na G‘ayratdan g‘oyaviy kurashchi chiqmadi.

Maktabda chala o‘qigan, johil va, eng muhimi, tomir-tomirigacha qullik singib ketgan edi ularning.

Tarix 1985. Gorbachyov SSSRda qayta qurish va oshkoralik siyosatini endigina e'lon qilgan bir davr.

Qo‘yli, G‘ayrat va Ibrohim sovet hukumatiga qarshi chaqiriqlar yozilgan oq yelim kassetalarni o‘ram qilib, O‘zbekistondagi turli taniqli odamlar nomiga jo‘natishar edi.

Bu “taniqli” odamlar esa kassetani olishi bilan KGBga taqdim qilishardi. Kimdir shu kassetani eshitsa, qo‘shnilar darhol ularning ustidan yozib berishardi.

«Sovet O‘zbekistoni» gazetasi esa “xorijdagi mafkuraviy dushmanlar bizni rus og‘amizdan ayirmoqchi”, deya kunora maqola chop qilardi.

Mana, endi gapni yarim yildan beri Vashingtonda yashayotgan Qo‘ylidan eshitsak:

“Kecha Ro‘zi Nazar og‘a kelib, mustaqillik chaqiriqlari yozilgan kassetani yana kimning nomiga yuborsak bo‘ladi, deb so‘rab qoldi. Men qo‘limni ko‘tarib, “To‘lqin Tojiev” nomiga, dedim. Kinolarda dublyajda To‘lqin Tojiev degan gapni ko‘p eshitardim. Sobir Korgarning Cho‘lpon she'riga aytgan “Ulug‘ Turkiston “ qo‘shig‘i va doktor Temir Xo‘janing mustaqillik haqidagi fikrlari yozilgan kompakt kasseta va “Hur Turkiston uchun istiqlol gazeti” degan gazeta taxlamini o‘ram qilib, To‘lqin Tojiev nomiga posilka qildim.

Bir oylarda yetib boribdi. To‘lqin Tojiev bu kassetalarni KGBga olib borib berib, “Menga mustaqillik kerak emas, men SSSR tarafdoriman”, deb TVga chiqib aytgani haqida bizga xabar berishdi.

Bu ishlardan samara yo‘qligi ayon bo‘lgach, sekin boshqa ishlarning boshini tutdim. Vashingtondan Nyu-Yorkka tashindim. Odessadan kelgan Larisa Ritman degan yarim o‘ris, yarim yahudiy xotin bilan tanishib qoldim. Nikoh o‘qitib birga yashay boshladik. Odamlarni uydan uyga ko‘chiradigan ishga joylashdim. Hammollik gapning qisqasi. Qutilarni uydan mashinaga, mashinadan uyga tashib beraman”.

1987 yil kirib keldi va aynan shu yili Qo‘yli hayotida, o‘zi aytmoqchi, muhim voqea yuz berdi. Qo‘ylidan eshitamiz:

“Bir kuni Manhettendagi uylardan biriga qutilarni olib kelganmiz. Bizni kutishi kerak bo‘lgan uy egasidan darak yo‘q. Chizburger olib yeb, bir oz ko‘cha aylandim. O‘sha paytda SSSRdan kelgan sayyohlar Brodveyda turib, ittifoqdan olib kelgan narsalarini sotishardi. Askar quloqchini, matryoshka, kitob va yana nimalarnidir. Uch-to‘rt qadam otib qarasam, bir qorinboy o‘ntacha kumush qoshiqni bo‘yniga boylab, qo‘lida choy stakan uchun ustida SSSR gerbi bor kumush tagliklarni ushlab turibdi.

Sotishga-da, albatta. Bu qorinboyning yuzi tanish ko‘rindi menga. Sekin gazeta o‘qigan bo‘lib yonida tursam, u sherigi bilan o‘zbekcha gaplashyapti. Bu meni urushga yuborgan Yo‘lli voenkom edi.

(1986 yildan boshlab AQShning USAID idorasi SSSRdagi harbiylar uchun AYVI degan dastur asosida AQShda 30 kunlik ma'rifiy safarlar uyushtirgan edi. Yo‘lli voenkom SSSR Mudofaa vazirligi delegatsiyasi safida AQShga safarga kelgan edi).

Bu mening uyimga kirib, mening to‘shagimda xotinim bilan yotgan maxluq edi. Boshimga tushgan barcha kulfatlar sababchisi edi u. Yana ham aniqroq bilish uchun “Yo‘ldosh” deb baqirdim. Yalt etib qaradi. Oldiga borib, «Donidingmi mani, anangni si…n», dedim. Talmovsiradi.

Bir kalla berdim. Umrimdagi eng kuchli zarba edi bu. Endi butun kuchimni, alamimni bir nuqtaga jamlab kalla bergan edim. Yuz-ko‘zi qonab ketdi. Bor kuchim bilan qorniga musht urdim, enkayib qoldi. Keyin tepib yiqitdim. Urib boshladim. U sotayotgan kumush pichoqlardan birini olib, ko‘zingni o‘yaman, deganimni bilaman.

Nyu-York politsiyasi qo‘limga kishan solib olib ketdi. Yana barmoq izi. Yana qamoq. Xotinim Larisa o‘zbekcha biladigan bir yahudiy advokatni topib keldi. Unga butun hikoyani aytib berdim. Meni ruhiy kasal deb reablitatsion markazga yuborishdi.

U yerda olti oydan ko‘proq qolib ketdim. Bu orada xotinim Larisani vizasi o‘tib ketgan deb Ukrainaga deport qilib yuborishdi. Bir o‘zim ruhiy kasallar xastaxonasida edim. Shu yerda Maykl degan qora tanli yigit bilan dardkash bo‘ldim. Mayklning qarindoshlari Filadelfiyada edi.

Maykl unga “o‘g‘risan, ket bu yerdan” degan koreys do‘konchini do‘pposlagani ortidan bu yerga tushgan edi. Mana, vrach ko‘rigidan o‘tdim. «Sog‘» degan ma'lumotnoma berishdi. O‘sha kuni Mayklga ham ruxsat tegdi. Ko‘chada turibmiz ikkimiz. Avgust oyi. «Ketdik Filadelfiyaga», dedi Maykl.

Nyu-Yorkdagi Grey xaundt degan bir xarob avtovokzalni topib bordik. Ënboshiga yugurib ketayotgan it surati tushirilgan avtobusda Nyu-Yorkdan Filadelfiyaga ketyapman. Avtobus ichida hammasi afroamerikalik. Bir men oq hisobi.

Yo‘l zerikarli. Shu bois, Maykl qo‘lidagi soatning temir bog‘ichini o‘rindiq temiriga ritm bilan ura boshladi. Orqadagi baqlajon rangli semiz xotin bu taktga jo‘r bo‘lib qo‘shiq boshladi. Qolganlar ham jo‘r bo‘ldi. Gospel degan qo‘shiq ekan bu. Birgina men anqayib o‘tiribman.

Lekin dardli qo‘shiqday tuyuldi. Wrap up yesterday in paper, degan so‘zni tushundim bu qo‘shiqdan. Kechagi kunni qog‘ozga o‘rab tashla, degan ma'noda. Men qo‘shiqning shu jumlasini yod oldim. Shu yerga keganda men ham qo‘shilib ayta boshladim. Kechagi kun men uchun rostdan ham qog‘ozga o‘rab tashlab yuboriladigan keraksiz yuk edi”.

Qo‘yli shu ketishda Filadelfiyaga yetib bordi. U yerda uni Mayklning afroamrikalik qarindoshlari bag‘riga olishdi.

Bu afroamerikaliklar yashaydigan bo‘lgada ijara ancha arzon ekan. Qo‘yli taksichilik qilib kun ko‘ra boshladi. Filadelfiyada yagona oq tanli taksichi kim desangiz, Qo‘ylini ko‘rsatishadi. Sofiya degan o‘ris xotinga uylandi. 2020 yili xotini koviddan o‘ldi.

“Menga balo ham bo‘lmaydi. O‘sha kosmobodlik Sa'dulla aytgan qo‘shiqdagi gap. O‘lim meni qo‘rqitolmas, allaqachon o‘lganman”.

Mana, shorlovuqlik Qo‘yli og‘a, va'da berganimdek, hayotingizni kitob qildim.

Hech qanday xarajatsiz ish orasida siz yuborgan saslarni eshitib yozdim-qo‘ydim.

Bu kitobdan hosil bo‘lgan savobni 2015 yilning 1 mayida salkam yuz yoshida Turkiyada olamdan o‘tgan sharafli vatandoshim Ro‘zi Nazarga bag‘ishlayman.

Bir odamni qutqargan dunyoni qutqaradi.

(Keyinchalik Yo‘ldosh voenkom askarlarga uniforma tikadigan sex ochgan va O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri bilan til biriktirib, o‘ta katta davlat mablag‘larini tizimli o‘marishni yo‘lgan qo‘ydi.

Yo‘lli voenkom 1998 yili davlat mulkini o‘ta ko‘p miqdorda o‘marishda ayblanib qamaldi. Bekobod qamog‘ida bir muddat yotib, 2000 yili Toshkentdagi Sangorodda o‘ldi.

Qo‘yli bilan birga asirlikdan ozod qilingan Ibrohim va G‘ayratning keyingi taqdiri noma'lum. Qo‘ylining sobiq xotini Ullibiyi bir muddat voenkomning norasmiy ikkinchi xotini maqomida bo‘lgan. Yo‘lli voenkom boyib ketadi va Ullibiyining yoshi o‘tib, semirib, xunuklashadi.

Shundan so‘ng Yo‘lli voenkom uni haydavorib, boshqa yoshrog‘i, Oymonjon degan muxomonlik qizni ikkinchi qilib oladi. Ullibiyi hozir Rossiyaning Vladimir shahrida triko sotadi.

Tamom

@Rassom Tuz. 2020 29 mart

Tag‘in o‘qing
26 sentyabr 2015
Nafaqat ko‘rganlar, bizga o‘xshab ko‘ra olmaganlar ham eshitib og‘zimiz ochilib qoldi. O‘sha ko‘rsatuvda bir guruh o‘zbek bolalari .., ha-ya ...
31 mart 2021
Shu o‘rinda Qo‘ylining gapini bo‘lib qisqacha ma'lumot bersam. Qo‘yli asir olinib Bozorak qishlog‘iga olib kelinadi. Oldiniga 10 kun kartserda ...
18 noyabr 2023
Eltuz portaliga yog‘ilayotgan shikoyat maktublari dastasini ochishda davom etamiz. Bugun e'tiboringizga taqdim etiladigan xatlar O‘zbekistonning Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand va ...
16 iyun 2017
Islom Karimov hukmronligi davri amaldorlarning so‘kong‘ich, urong‘ich bir toifasini paydo qildi. Bu toifa o‘z qo‘l ostidagilarni, aholi vakillarini do‘pposlash, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...