Catira
16 iyun 2017

Mushtumzo‘r Turobjon Jo‘raev yana hokim bo‘lmoqchi

Islom Karimov hukmronligi davri amaldorlarning so‘kong‘ich, urong‘ich bir toifasini paydo qildi. Bu toifa o‘z qo‘l ostidagilarni, aholi vakillarini do‘pposlash, kamsitish, haqoratlash orqali boshqarishi bilan mashhur bo‘ldi.

Boshqaruvning bu usuli “ur ketdi” shaklida qurilgandi. Oddiyroq odamlar tuman hokimidan, tuman hokimi viloyat hokimidan, viloyat hokimi bosh vazir yoki prezidentdan kaltak yeydigan zamon bo‘ldi.

Karimov o‘z tabiatidan kelib chiqib hokimiyatni qattiqqo‘llik bilan boshqarish kerak, degan e'tiqodda edi. Lekin bu qattiqqo‘llik borib-borib mushtumzo‘rlikka aylanib ketdi. “Qattiqo‘llik” anglashmasi “mushtumzo‘rlik” ma'nosida tushuniladigan bo‘ldi.

Karimov zamonining urong‘ich, so‘kong‘ichligi bilan mashhur bo‘lgan o‘z “qahramonlari” vujudga keldi. Yaqindagina Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Turob Jo‘raev ana shunday “qahramonlar” sirasiga kiradi.

2004-2008 yillarda xalq ta'limi vaziri sifatida ishlagan bu shaxsda o‘sha paytlardayoq “qattiqqo‘llik” sifatlari bo‘lgani haqida ma'lumotlar yo‘q. Ammo 2008 yilda Surxondaryoga hokim etib tayinlangandan so‘ng uning ochilmagan “qirralari” yaqqol namoyon bo‘la boshladi.

Ayniqsa, fermerlarning boshiga balo keldi. Undan kaltak yemagan, so‘kish eshitmagan fermer kam qoldi Surxondaryoda. Hatto ana shunday tazyiqlar jonini to‘ydirgan muzrobodlik 50 yoshli fermer Ismoil To‘ranazarov 2011 yil sentyabr oyida o‘zini o‘zi osgani haqida ma'lumotlar tarqatilgandi.

O‘shanda surxondaryolik fermerlardan biri “Ozodlik” radiosi muxbiri bilan suhbatda “…bu hokim, qo‘polroq aytganda, Surxondaryoga turma hayotini olib kirdi. Surxondaryo lageru fermerlar aristonlar”, degan edi.
2011 yilning 25 oktyabr kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Jo‘raev sakkizta kollej direktorini kaltaklagan edi.

Mana shu “xizmatlari” evaziga u o‘sha yilning kuzi oxirlaridayoq Qashqadaryo viloyatiga hokim qilib o‘tkazildi. Bechora surxondaryoliklar Jo‘raevdan qutulgani uchun hatto qo‘ylar so‘yib, shukronalar qilgani latifa singari elga yoyilgandi.

Islom Karimov Jo‘raevning tiyiqsiz fe'lidan yaxshigina xabardor bo‘lganini uning hokim tayinlash marosimida aytgan gaplari bilvosita ko‘rsatib turibdi.

“Jo‘raev, Siz qashqadaryoliklarga qo‘pol muomalada bo‘lmang, ular qo‘pollikni ko‘tarmaydi”, degan edi hozirda marhum hukmdor.

Shunga qaramay, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, Jo‘raev Qashqadaryoda ham “qattiqqo‘llik” siyosatini davom ettirdi. Bu yerda ham ishni odamlarni so‘kish, kaltaklash bilan boshladi.

Ammo Qashqadaryoning xalqi ancha oriyatli keldi. Karimov o‘z vassalini bekorga ogohlantirmagani tezda bilindi. Hatto mushtumzo‘rning o‘zini kaltaklashga urinishlar bo‘lgani haqida gaplar tarqadi.

Latifanamo ko‘rinish olgan shunday gap-so‘zlarga ko‘ra, bir guruh amaldorlar, jumladan, o‘sha paytdagi favqulodda vaziyatlar vaziri, hozir esa prezident maslahatchisi bo‘lgan Tursunxon Xudoyberganov bilan Nishon tumaniga kelgan Jo‘raev yo‘l-yo‘lakay bir fermerning dalasiga kirib, uni onasidan olib so‘kkan.

Oriyatli fermer esa ukalari va sakson yoshli keksa onasini olib, viloyat hokimiga ro‘baro‘ bo‘lgan va “Otamiz o‘lib ketganidan afsusda edik, yangi otalik bo‘ldik”, deya hokimning gardaniga musht tushirgan, onaxon esa mirshabboshining yoqasidan olgan.

Voqeadan xabardor boshqa qarindoshlar ham to‘planib, qishloq yo‘llarini to‘sgan. Amaldorlar dovdirab qolgan. Ahvol tangligini sezgan hokim kechirim so‘ragan, ammo odamlar tinchimagach, hokim va uning komandasi dala yo‘li orqali qochib qolgan.

Jo‘raevning Qashqadaryoga hokimligi to‘liq ikki yilga yetmadi. 2013 yil sentyabrda o‘sha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev uni ishdan olgandi. Bir kun keyin esa prezident Karimov yangi hokim tayinlash uchun Qarshiga borganida viloyat faollari yig‘ilishida Jo‘raev sha'niga juda keskin keskin tanqidlar yog‘dirgandi.

Buni qarangki, bugun davlat rahbarligiga kelgan Mirziyoev bir vaqtlar o‘zi, garchi oldingi hukmdorning topshirig‘i bilan bo‘lsa-da, lavozimidan badarg‘a qilgan kimsani yana avvalgi mavqeiga tikladi.

Holbuki, o‘sha paytlarda Qashqadaryo viloyati hokimligidan haydalgan Jo‘raev mansab vakolatini suiiste'mol qilish va moliyaviy jinoyatlarida ayblanishi mumkinligi to‘g‘risida ma'lumotlar paydo bo‘lgandi.

Lekin, ma'lum bo‘lyaptiki, Jo‘raev o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas amaldorlar toifasiga kiradi. So‘nggi vaqtlarda esa bunday toifadagilar ko‘pchilik ekaniga guvoh bo‘lyapmiz.

Bular sirasiga amaldagi bosh vazir Abdulla Oripov, bosh vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari, hozir esa Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi rahbarlaridan biri Kozim To‘laganov, Toshkentning sobiq hokimi Abduqahhor To‘xtaev, Buxoro viloyatining sobiq hokimi Samoydin Husainov kabilarni kiritish mumkin.

Ularning barchasi bir vaqtlar mansabidan haydalib, yumshoqroq qilib aytganda, obro‘si bulg‘angan eski amaldorlardir.
Bugun aynan shunga o‘xshashlar hokimiyat tizimlariga qaytarilayotgani nimadan darak berar ekan?!

P.S: 54 yoshli Turobjon Jo‘raev 13 iyun kuni navbatdan tashqari viloyat sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoev tavsiyasi bilan Samarqand viloyatiga hokim vazifasini ijro etuvchi etib tayinlandi. U so‘nggi o‘n yil ichida ketma-ket 4 marta hokim bo‘lgan davlat mulozimidir. 2008 yili u Surxondaryo viloyati hokimi, 2011 yili esa Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lgan, shu yilning aprelida esa Bekobod tumani hokimi etib tayinlangan edi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 iyul 2016
Turkiya aeroportida 28 iyun kechasi uyushtirilgan bombali hujum paytida halok bo‘lgan namanganlik Abrorjon Ustaboev va toshkentlik Muxiddinov Samad Murodovichlar ...
7 sentyabr 2016
O‘zbek segmentida Karimov o‘limidan so‘ng agressiv trolling avj olarkan, ijtimoiy tarmoqda prezident Islom Karimov o‘limi fonida uning shaxsini ilohiylashtirish ...
27 mart 2019
27 mart kuni o‘zbekistonlik aralash janglar ustasi Murod Xonto‘raev uchinchi bor pichoqlandi. Sportchining jarohati jiddiy emasligi bildirildi. Xonto‘raev dastlab ...
24 oktyabr 2018
22 oktyabr kuni Andijon viloyati televideniesida viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning paxta yig‘im-terimida qatnashganligi yuzasidan ko‘rsatuv tayyorlandi. Unda 19 oktyabr kuni ...
Bloglar
25 may 2020
“Bi-Bi-Si” radiosi o‘zbek xizmati jurnalisti Muhammad Solihga: “Koronavirus pandemiyasi payti shunday chiqish qilishingiz o‘rinlimi? Buning ...
18 may 2020
1914 yilning 18 mayi deya tarix yozilgan bu surat markazida turgan Abdullabekning evarasi, shu kunlarda ...
16 may 2020
O‘zbekistondagi, Qozog‘istondagi, Boltiqbo‘yidagi rus tilli ziyolilar va fuqarolar qanchalar aqlli, asosli argument keltirmasin, qanchalik do‘stona ...