Asosiy mavzular
25 aprel 2021

RTdan va'z: Yotgan millatning yot kishilari

Aziz do‘stim, ko‘zlari intizor singlim, mehribon opajonlarim, duogo‘y onaxonlar, yuzidan farishta yoqqan otaxonlar, akalar, ukalar, muqaddas Ramazon oyi muborak!  

Mana, o‘lmagan qul ro‘zai Ramazonning 10 kunini o‘tkazib oldik.  O‘tgan kunlarda o‘zbek blogeru jurnalistlari, imomu avliyolari ham tinch o‘tirishgani yo‘q. Hamma o‘z vazifasini bajaryapti. 

O‘zbekiston matbuoti yomonlarning yomonlari joylashgan ro‘yxatning tubiga tushib ketdi.  Aqlli gap aytadigan odam yo‘q. O‘ksiz o‘z kindigini o‘zi kesadi. O‘sha aqlli gapni men aytsam.

Ochiqlik va oshkoralik katta xarajat talab qilmaydi. Ëpiqlik uchun milliardlar zarur.

Endi  qisqa yangiliklar bilan tanishing.  Keyin qolgan joyidan davom ettiraman.

Qisqa xabarlar

– «Fergana» agentligi muxbiri Sid Yanishevni 22 aprel kuni  Yakkasaroy tumani IIB bo‘limiga olib kelishdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga 160-maktab direktorining arizasi sabab bo‘lgan. U Yanishevning feysbukdagi 18 aprel kungi izohiga munosabat bildirib, buni tuhmat deya atagan.

Maqolada Ivlev ko‘chasida qurilayotgan turar joy majmuasi qurilishi «160-maktab uchun halokat xavfi»ni keltirib chiqarishi aytilgan.

– Jurnalist Agneshka Pikulitska Vestminster universitetida dars berayotib, «Bobur asarlarida bachchabozlik» epizodlariga to‘xtalgan. Shu bilan birga, «Tolibon» rejimida bachchabozlik rivojlanganiga diqqat qaratgan. 

Bu darsni kimdir yozib olib, agressiv taviya guruhlarga qo‘ygan. Savodsiz o‘zbeklar «bu domla Boburni haqorat qildi», deb ajriqqa dumalab dodlab yotibdi. 

Bu chmo yaratiqlar «Boburnoma» kitobini o‘qishmagan. Bobur hazratning o‘zi lutf qilib bor haqiqatni yozib ketgan.

– Jizzaxning Paxtakor tumanida 130 ta qo‘chqorni ortgan yuk mashinasi ag‘darildi. Qo‘chqorlarning yarmi o‘ldi, yarmi qochdi. Haydovchi tirik. Ammo o‘lgan qo‘chqorlarning dumbalari katta, zoti hisori edi.

– O‘zbekiston o‘ris mulozimlari tagida sholcha bo‘lib toptalayotgan bir paytda Chexiya 18 nafar o‘ris diplomatini haydadi. Bunga javoban Putinning amri bilan Moskvadan 20 ta chex diplomati chiqarib yuborildi. Chex pivolariga ham yasoq qo‘yildi. Praga rus josuslaridan, Moskva chex pivosidan ayrildi. 

– Ba'zi ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasi hududlarida rasman ruxsat berilmagan ommaviy namoyishlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu davlatda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni bunday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslik, RF qonunlariga rioya etish va odamlar ko‘p to‘planayotgan joylarga bormaslikka chaqirdi. 

Qissadan hissa shuki, ko‘chaga chiqmang, shamollab qolasiz. Shamollagan odam tunda ko‘rpasiga siyib qo‘yishi mumkin!

– Surxondaryolik erkak dovcha olmoqchi bo‘lgan 13 yoshli bolani pichoqladi. Bola reanimatsiyada. Erkak qamoqda.

– Jizzaxda 10 nafar o‘qituvchi soxta diplom bilan ishlab yurgani aniqlandi. Haqiqiy diplomlilar qanday savodsiz bo‘lsa, soxtalari ham shunday. 

Kunduzi – xodim, kechasi – xotin

Jizzaxda uy qulab tushishi ortidan viloyat hokimi o‘rinbosarini bu qurilishlarni qarindoshlariga bergani uchun nepotizmda ayblagan vazir o‘zining xotini, o‘g‘li va o‘nta qarindoshi ishlaydigan hamda davlatdan tendersiz buyurtma oladigan «Trest 12» masalasida fikr bildirdi. 

U «Kechasi uyga kelganda u xotinim bo‘ladi, ishda esa qo‘l ostimdagi xodim», degan ma'noda nepotizmni oqlagan. Bu ikkiyuzlamachi korruptsionerning ismi Botir Zokirov. 

Xalq dam oladigan fontanni buzdirib, tagida amaldorlar uchun garaj qurdirib, pulini o‘margan ham shu. Umuman, O‘zbekistondagi barcha qurilishdan «otkat» oladigan, ertaga zilzila bo‘lsa, tutday to‘kiladigan uylar qurilayotganiga sababchilarning asosiylaridan biri ham shu. 

Uni tanib oling. Ismi mashhur xonandanikiga o‘xshagani bilan jisman korruptsioner. Millat va taraqqiyot dushmani. Buzilish vaziri Botir Zokirov.

Simyog‘ochni qamash zamoni 

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 1969 yili tug‘ilgan Valijon Kalonov O‘zbekiston prezidentini tahqirlaganlikda gumonlanmoqda.

Jizzax viloyati prokuraturasiga ko‘ra, bu odam YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlaridagi o‘z profillari orqali qilgan chiqishlarida prezidentni haqoratlab, uning obro‘siga putur yetkazib, kamsituvchi ma'lumotlar tarqatib hamda unga tuhmat qilib kelayotgani aniqlangan.

Valijon Kalonovning mazkur modda bo‘yicha aybi sudda isbotlansa, unga uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. 

Yurtdoshlar, prezident haqida gapirarkan, tilingizga erk bermang, yo‘qsa sizni qamoq kutyapti. Bu haqdagi qonun 30 martda kuchga kirdi.

Uning kuchga kirishi va Valijon Kalonovning bu qonunning ilk qurboniga aylanish ehtimoli borasida jamiyatshunos Sardor Salim quyidagicha fikr bildirdi:

«Siyosatga, jamiyatdagi jarayonlarga o‘z fikrini erkin va to‘sqinliksiz bildirish har kimning Xudo bergan huquqidir, buni qandaydir amaldorlar olib qo‘ya olmaydi. 

Amaldorlarimiz, jumladan, kuchishlatar tuzilmalar har qanday e'tirozni «xiyonat» deb baholayverishdan voz kechishi kerak. Jamiyat ham erkinliklar doirasini cheklashga har qanday intilishga qarshi ogoh turishi kerak. 

Aks holda yana o‘sha «simyog‘ochni ham qamash mumkin bo‘lgan davrlar»ga qaytamiz. Agar allaqachon o‘sha davrlarda bo‘lmasak». 

«Bolajon xalq»

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi 45-maktab jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi darsda vahshiylik «mahoratini» namoyish etib, Chingiz aksarlaridan ham, Xitoy politsiyachilaridan ham qolishmasligini ko‘rsatdi. 

https://web.telegram.org/#/im?p=@EltuzTG

Lekin biomassa yana zolim o‘qituvchini oqlab chiqdi. Bolani urgan o‘qituvchini yoqlab chiqqan maxluqlarga aytar gapim yo‘q. Ular ham o‘qituvchilardan kaltak yeb, siniq katta bo‘lishgan. O‘sha o‘qituvchi keyinchalik pushaymonlik xati yozib bergan. Bitta tushuntirish xatida 60 ta xato. Qoyil!

https://web.telegram.org/#/im?p=@EltuzTG )

Farzandining kaltaklanishini normal qabul qiladigan ota-onalarga eslatib qo‘ymoqchiman. Muntazam kaltaklanishning ruhiy salomatlikka halokatli ta'sirini ko‘rsatadigan ko‘p tadqiqotlar mavjud. 

Bolalikda kaltaklangan va xo‘rlangan shaxslar o‘zlariga ishonmaydi, o‘zlariga past baho berishadi, o‘ta notinch va ruhiy tushkunlikka ko‘p uchraydigan bo‘lishadi, giyohvandlik va spirtli ichimliklarga tez ruju qo‘yishadi. Xulosa sizdan.

Ramazonda sunnat amali

Toshkentda ayrim mahsulotlar Yevropa poytaxtlaridan ham qimmatroq ekan.

Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti Price Warnings loyihasi doirasida Toshkent bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini o‘rganib chiqibdi. 

Tadqiqotga ko‘ra, Toshkent shahridagi apelsin, limon va banan narxlari MDH va Yevropaning London, Berlin va Rim kabi bir qator markazlaridagi narxlardan baland bo‘lib turibdi.

Boshqa qator mahsulotlar bo‘yicha:

Qadoqlangan sut Toshkentda 82 tsent, Londonda 67 tsent.

Margarin Toshkentda 2,19 dollar, Londonda 1,92 dollar.

Kartoshka Toshkentda 46 tsent, Parijda 36 tsent.

Mandarin Toshkentda 1,72 dollar, Parijda 1,55 dollar.

Makaron Toshkentda 83 tsent, Londonda 56 tsent.

O‘simlik yog‘i Toshkentda 1,72 dollar, Londonda 1,53 dollar. 

Qisqasi, daromadingiz bir kunga 5500 so‘m bo‘lsa, bemalol yetadi.

Umuman olganda, har yili Ramazon oyida O‘zbekistondagi bozorlarda narx-navo osmonga bir sapchiydi. 

Bu haqda shoir va jurnalist Rahimjon Rahmatning feysbuk sahifasida yozganlari e'tiborimni tortdi:

– Anov korobkadagi xurmongdan ber,- deb sotuvchiga 10 ming uzatdim. 

U torozida jindaygina, bir hovuch xurmo tortib berdi. 

– Muncha kam! – dedim hayron bo‘lib. 

– Bu qimmat xurmo, kilosi 180 ming so‘m, yaqinda ro‘za boshlanadi, – dedi. 

– Ro‘za boshlansa, hammayoqni qimmat qilish kerakmi? – dedim norozi bo‘lib.

– Tepadagilar biladi. Xurmo yeb og‘iz ochish sunnat ekan-ku, – dedi do‘konchi. 

– O‘sha tepadagilaring sunnatniyam illatga aylantirvordi. Sunnat deb narxlarni oshirish kerakmi? – dedim jahlim chiqib. 

Xurmo olgim kelmadi. 

– Xurmoning o‘rniga o‘zimizning pista holvadan ber,- dedim oxirida.

Ta'qib vasvasasi

Bosh chanog‘i miya o‘rniga axlat bilan to‘ldirilgan biomassa esa mana shu narx oshishida ham Amerikani, Jo Baydenni, Jorj Sorosni, Markaziy razvedka boshqarmasini va «Hyuman rayts uotch»ni ayblayapti. 

Nima emish, bu narx oshishi aynan Bayden iqtidorga kelishidan keyin sodir bo‘lgani juda shubhali emish.

Islom tsivilizatsiyasi markazi matbuot xizmatida ishlayotgan Abror Abduazimov mulla Abror Muxtor Aliy nomi ostida chiqish qilib: “Amerika meni yo‘q qilish uchun tunu kun harakat qilyapti”, dedi. 

(ABROR MUXTOR ALIY GAPLARI VIDYeOSI)

Stanislav Yankovskiy degan rus yumoristining bir gapi bor: “Arzimas va hech kimga kerakmas odamlar: “Men dunyoning kindigiman. Meni butun dunyo o‘ldirmoqchi”, degan ta'qib vasvasasi bilan yashashadi”.

Fikrimizni modern ertak bilan davom ettirman.

To‘rt boshli ajdarho paydo bo‘lgan emish. Bir kallasi – Amerika, ikkinchisi – masonlar, uchinchisi – Soros va to‘rtinchisi – «Hyuman rayts uotch». 

Abror Muxtor Aliy yakka o‘zlari ko‘ksilarini qalqon qilib, harb maydonig‘a chiqdilar. Butun O‘zbekistonni himoya qilmoqdalar. Bu yovuz kuchlar endi ul zoti mukarramni o‘ldirish payiga tushganlar. 

Bale, kechayu kunduz payt poylab ul zoti muborakni o‘ldirmak payidarurlar. Ammo ul zot hech narsadan qo‘rqmaydurlar. Birinchi zarbalarida ajdarhoni tizzasigacha, ikkinchi zarbalarida beligacha botirurlar, vallohi a'lam. 

Tinch uxla, vatan, mard o‘g‘loningga hech kim bas kela olmas. Vassalom.

Shum bola kinosidan parcha

Shu o‘rinda yana bir aqlli gap aytsam. Mendan oldingi faylasuflar ham bu gapni turli ko‘rinishda aytib ketgan.

Toqatsiz jamiyat ular nazarida «xato» kitobni yoqadi. Keyin kitobni yozgan yozuvchi yoqiladi. Keyin bu kitobni o‘qigan o‘quvchini yoqishadi. Keyin esa mamlakat jaholat olovi ichida qolib, tanazzul botqog‘iga botadi.

Aziz do‘stlar, bir o‘ylab ko‘rdingizmi nega O‘zbekiston muzey va kutubxonalarida Beruniy, Xorazmiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Ali Qushchi kabi biz bugun ertadan kechgacha faxrlanadigan buyuklardan qolgan kitoblarning asl nusxalari yo‘q. 

Imperalistlar o‘g‘irlab ketgan, deyishga shoshilmang. Ulug‘bekni o‘ldirib, uning kitoblarini yoqqan, rasadxonasini tuproq bilan ko‘mgan o‘zimiz edik. 

Sovet davrida avaylab saqlangan dunyodagi eng ko‘hna Qur'oni karim – Usmon Mushafi 1990 yilda muzeydan mullalar qo‘liga o‘tishi bilan kiyik terisiga oltin harflar bilan bitilgan bu kitobning 9 varag‘ini sotib yuborishdi. O‘zligini bilgan va milliy shuuri bo‘lgan odam buni qilmaydi. 

Millat degani etnos degani emas. Qo‘lida O‘zbekiston pasporti bo‘lgan har bir vatandosh o‘zbekdir. Terisining rangi, tili va boshqa irqiy xususiyatlari uchun o‘zbek vatandoshini chekkalash, sazoyi qilish bizga yarashiq ish emas. 

Hamza, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Maqsud Shayxzoda kabi yozuvchilar, O‘rol Tansiqboev¸ Nikolay Qoraxon, Jo‘lliboy Izintaev kabi rassomlar, Komil Ërmatov kabi kinochilar¸ Chusovitina kabi sportchilar millat gultojidir. 

Aleksey Volosevich, Farida Sharif, Nikita Makarenko kabi jurnalistlar ham bizning birtimizdir. Ularni chekkalab Sannikov yeri kinosidagi kabi «yot kishi» deb kamsitish bizga yarashiq ish emas. 

Matbuotni cheklash bo‘yicha tashabbuslari bilan tanilgan deputat Alisher Qodirov o‘tgan haftada u bilan qo‘l berib ko‘rishishni istamagani uchun jurnalist Nikita Makarenkoni virtual sazoyi qildi. Bu sazoyiga ba'zi nashrlar ham qo‘shilib, Alisher Qodirovga advokatlik qilishdi.

Darrov aytib qo‘ysam. Men ham o‘sha deputat Alisher Qodirovga qo‘l uzatmagan bo‘lar edim. Plintusdan tuban odamga salom hayf. Bu holatga eng mantiqli va go‘zal fikr bildirgan Eldor Asanov og‘aga quloq tutishda xayr bor:

«Bir narsa-da. O‘zbekistonda “millatchi” so‘zidan qo‘rquv sovet davridan qolgan. Sovet qatag‘onlari chog‘ida juda ko‘p ziyolilar shu ayblov bilan yo‘q qilingan. 

Shunga millatchilikni og‘ir ayblov va haqorat deb bilish hozir ham. Aslida millatchilik kengroq tushuncha. Millatchilik – bir millatning mavjudligiga, uning o‘z milliy davlatiga ega bo‘lish huquqini e'tirof etish. Millatchilik – boshqa millatlarga nafrat emas. Bu, birinchi navbatda, millat kategoriyasi bilan fikrlashdir.

O‘zbekistonda millatchilik bormi? 120 dan ortiq millat bor joyda nahot millatchilik bo‘lmasa? Tabiiyki, bor. O‘zbekiston milliy davlat bo‘lganidan keyin, albatta, millatchilik bo‘ladi. Bo‘lishi ham kerak. 

Bugungi dunyoda hamma davlatlar milliy, ya'ni hammasi qandaydir millatchilik loyihasi negiziga qurilgan. Milliy til, milliy tarix, milliy g‘oya, milliy qadriyatlar – bularning bari millatchilikning atributlari, ramziy kapitalidir. Milliy tilni majburlab o‘rgatish ham millatchilik chaqirig‘idir.

Millatchilik mavzusida yozadigan, gapiradigan o‘zbek mualliflari o‘zining mohiyatini tan olishni o‘rganishi kerak. “Men millatchi emasman, lekin o‘zbek tilini majburlab o‘rgatish kerak” kabi chaqiriqlarda o‘tkir o‘zlik inqirozi va kognitiv dissonans belgilari namoyon bo‘ladi. 

O‘zining ongi xasta bo‘lgan ziyoli qatlam esa jamiyatga sog‘lom g‘oyaviy ta'minot bera olmaydi. Yo ko‘ringaning kabi bo‘l, yo bo‘lganing kabi ko‘rin.

Darvoqe, millatchilik bilan millatchilikning ham farqi bor. Kimlardir millatim deb ko‘ksiga urishdan beriga o‘tolmaydi, kimdir esa shu millatning saviyasi, tili, madaniyati, iqtisodiy ravnaqi yo‘lida ishlaydi. 

O‘zbekistonga ana shunaqa “foydali” millatchilik yetishmayapti. Baqir-chaqirga yetib keladigan, ish bo‘lsa qochadigan befoyda millatchilar ko‘payib ketdi.

Tilni rivojlantirish, kitoblar chop etish, lug‘atlar tuzish, tarjimalar qilish kerak, do‘stlar. Baqiroqlarning bu ishlarda nima nafi tegadi (spoyler: tegmaydi), kuzatamiz».

Bu Eldor Asanovning fikrlari edi. Va'zni dunyodagi eng qisqa ertak bilan tugatsam:

Qadim zamonda bir sulton o‘z mamlakati boyligini faqat o‘z oilasi uchun oltin chiqadigan «qaynar xumcha» qilib oldi. Xalqning rizqini esa «ochil dasturxon» qildi. 

Norozi va tili uzunlarni urishni «ur to‘qmoq»qa topshirdi. Bu formula asosida kamida 30 yil yeb-ichib «murod maqsadiga» yetibdi.

Bir nodon bog‘bon bor, ekkan gullarin 

Tarqatib chiqadi ahli eshakka. 

Bir nodon yo‘lchi bor, ochgan yo‘llarin 

Tavsiya etadi xayli ko‘r sakka. 

Bir nodon zargar bor, buyumlarini 

To‘ng‘iz galasining poyiga sochar. 

Nodon dengizchi dur uyumlarini 

Ho‘kiz galasining poyiga sochar. 

Yusuf — nodon bog‘bon, nodon yo‘lchi u, 

Nodon zargar, nodon dengizchi, attang. 

Johillarga sochar hikmatlar asru — 

Ahli ko‘rsichqonga tarqatadi tong.

(Yusuf Juma)

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
14 dekabr 2018
Mashhur o‘zbek satira ustasi, aktyor Obid Asomov 14 dekabr kuni Toshkent shahrida 55 yoshida olamdan o‘tdi. Bir necha kun ...
8 noyabr 2018
Bu yilgi paxta mavsumida Farg‘ona vodiysida ZAGSdan o‘tmoqchi bo‘lgan yosh kelin-kuyovlardan paxta terib berish talab qilinmoqda. Dang‘aralik yosh kelin-kuyovlardan ...
19 sentyabr 2016
«XXI asr» gazetasi (17.09.2016) Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasidan bo‘lajak davlat rahbari sayloviga vaqtinchalik prezident ...
7 noyabr 2018
Hokimlik mulozimlari va fermerlarga kesak ushlatib, suvli ariqqa tushirib, mashina oldida yugurtirib sazoyi qilgan amaldor Zoyir Mirzaev ishdan olingach,  ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...