Kundalik
5 may 2015

Qo‘rqoqning qo‘shig‘i yoki lattabayroqlar haqida

«Rossiya bizni bosib oladimi¸bayrog‘imizni yulib olib yerga tashlab ¸bizni qul qiladimi bizga baribir. Qorin to‘q cho‘ntak but bo‘lsa bo‘lgani» deyishdi.

Ulug‘ shayh G‘azzoliy odam bilan hayvonni solishtiradi: «Hayvon qorni ochsa ovqat yeydi. Charchasa uhlaydi. Hirsi qo‘zisa juftiga qo‘shiladi. Odam ham ayni ishlarni qiladi. Ammo unda bir farq bor¸ u ham bo‘lsa aql zakovatdir.»

G‘azzoliy o‘lchoviga ko‘ra “faqat qornim to‘ysin“ deganlar shunchaki hasharotlarmi?

“Tomimizda kimning bayrog‘i hilpirasa bizga baribir“ degan gapni uyalmasdan aytadigan zamonlarga ham yetdik.

Marhum og‘amiz Matnazar Abdulhakim o‘zining “Qo‘rqoqning qo‘shig‘i” degan turkumida bugungi manzarani usta rassom kabi chizib ketibdi.

Eng muqaddas bayrog‘imiz pul,
Bu maydonda men ega – sen qul.
Bu maydonda men qul- sen ega.
Qashshoqlarni ezar boyroqlar,
Kichiklarni ezar kattalar.
Lattalardan bo‘lgan bayroqlar
Bayroqlardan bo‘lgan lattalar.

1986 yilda men Urganchdagi ustaxonamda “Shaytanat” degan mazmundagi surat chizgan edim. (Toxir Malik hali bu mavzudagi romanini yozmagan edi.) Bu rasmda bitlab ketgan bayroqni ko‘tarib ketayotgan ko‘r odam tasvirlangan edi.

O‘shanda Matnazar og‘a bu rasmni ko‘rib “Manqurtlar uchun to‘kin dasturxon bayroq bo‘la oladi” degan edi.

Keyin bu fikrni Matnazar og‘a o‘z she'rlarida ko‘p marta “Bu yurtning bayrog‘i supradir” deya ifoda qildi.

Matnazar og‘a odamlardagi ikkiyuzlamachilikni sevmas edi.
Xozirgina «men Temur avlodiman¸Boburning nevarasiman» deb turgan odamning¸ birdan «o‘risga qul bo‘lsak qornimiz to‘yadi¸ ketni qisgan boy bo‘ladi» deb turlanishidan Matnazar og‘a oshkora hazar qilar edi.

Matnazar og‘adan bayt budir:

Maqtovlarga berilganda erk¸
Garchi osmonlarning oymiz.
Qarg‘asalar qarg‘ish tekkudek¸
Yo‘qdir biror halol joyimiz.

Matnazar og‘aning 2008 yilda yozgan bir she'ri bor.

Bu she'r O‘zbekistonda 2008 yili chop qilingan “Javzo tashrifi” degan kitobiga kiritilgan.

Bu she'r mamlakat chekkasida ko‘rinmasgina bo‘lib o‘tirgan shoir qalb ko‘zi bilan mamlakat siyosiy vaziyatini siyosatshunosdan ko‘ra aniqroq kuzatganiga dalildir.

Agar O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga ishonilsa mamlakatning o‘g‘riboshisi prezidentning xotini Tatyana Karimovadir.

Matnazar og‘a o‘z she'rida “Shum kampir egalik qilmoqda mulkka” deya ta'kidlaydi.

Bu yo‘g‘on ishorat aks etgan misralarni qayta o‘qiymiz:

Bulbullar ketgandir bu go‘zal yerdan¸
Bo‘stonda dard bilmay yashaydi qarg‘a.
Nolalar chekmaydi fig‘on tortmaydi¸
O‘qrayib o‘qrayib qag‘illar gulga..
Zaharlab navqiron merosxo‘rlarni¸
Shum kampir egalik qilmoqda mulkka.

Eslatib qo‘yaman bu misralar 2008 yilda yozilgan.

Matnazar og‘a “Zaharlab navqiron merosxo‘rlarni¸Shum kampir egalik qilmoqda mulkka.” deb yozyapti.

Gulnora Karimova esa 2013 yilga kelib o‘zi va o‘g‘lining onasi tarafidan zaharlanganini yozadi.

Matnazar og‘a “Yugurgani somonxonagacha” bo‘lgan bu xalqning og‘zini lag‘monni ipi bilan bog‘lash mumkinligini yozar ekan¸ Karimovlar saltanatining o‘g‘riligi bois mamlakat puturdan ketganini “Natija” degan she'rida ta'kidlaydi.

Natija

Bog‘lar cho‘l¸ tog‘laring talqona chiqdi
Rost deb aytganlaring yolg‘ona chiqdi
Qasr deb qurganing molxona chiqdi.

Darhaqiqat o‘zbekiston matbuoti mustaqillik qasri deya ataydigan oshiyon molxona¸ uning sokinlari esa mol bo‘lib chiqdi.

G‘azzoliy aytgandek¸ qorni ochsa ovqat yeydigan¸ charchasa uhlaydigan¸ hirsi qo‘zisa juftiga qo‘shiladigan hayvon. Rossiyadagi kampirlarni zo‘rlagan o‘zbek mardikorlar hikoyasining esa matbuotda siyqasi chiqib bo‘ldi.

Bugun marxum shoir og‘amiz Matnazar Abdulhakim she'riyati prizmasi orqali ko‘ringan manzara shunday.

Komil Yashinning “Inqilob tongi” spektaklidagi mazlum rolini o‘ynagan Amin Turdiev “Axvolimiz tomoshabopmi” deydi.

Spektakldagi bu jumla aytilganidan keyin ruslar Buxoroni ishg‘ol qiladi.

Buxoro bir olma kabi uzilib ruslarning qo‘liga tushadi.

Chunki amir bachchabozlik¸ovqat yeyish va o‘g‘irlikdan boshqa narsani o‘ylamagan.

Chunki mullalar davlatchilik va milliy manfaatni kufr deb bilishgan.

Chunki oddiy xalq avom¸boylar johil¸askarlar esa och bo‘lgan.

Bu davr haqida Avaz O‘tar yozadi:

Sipohi pora istar¸
Mullo ijora istar¸
Bechora chora istar¸
Bir chora zamon bormu.

Bu chora “millatparvarlik” degan siyqa kalimaga joy bo‘lganiga Matnazar og‘a chin dildan ishonar edi.

Matnazar og‘aning eng sevgan hikoyasi ulug‘ islom olimi Najmiddin Kubroning Mo‘g‘ullarga qarshi qo‘lida qurol olib kurashgani haqida.

Din ahllari va ayniqsa so‘fiylarning o‘z ichiga yoshurunib millat uchun kurashmagani aytiladi.

Boz ustiga mullalar Chor askarlariga Toshkent darvozasini ochib bergani ta'na dashnom bilan eslanadi.

Ammo so‘fiy Najmiddin Kubro qo‘liga qilich olib bosqinchilar bilan kurashib o‘z davlati va millatini himoya qiladi.

Tengsiz kurashda Najimddin Kubro¸ mo‘g‘ullar sanchgan o‘nlab nayzalar zahmidan yiqilar ekan so‘ng damda panjalari bilan dushman bayrog‘in g‘ijimlaydi.

Millat qaxramoni Najmiddin Kubro yerga yiqilar ekan o‘zi bilan birga dushman tug‘ini ham yer parchin qildi.

Matnazar og‘a uchun¸qolaversa men kabi u kishining ukalari uchun bu vatanparvarlikning go‘zal hikoyasi edi.

Garchi Chingizxon Najmiddin Kubroga ko‘p pul hamda lavozimlar va'da berib¸ evaziga faqat bir narsa¸ qarshilik qilmaslikni so‘ragan edi.

Ammo Shayx Najmiddin Kubro o‘z davlatini bosqinchilardan himoya qilishni dushman qo‘lidan ehson olib tirik yashashdan afzal deb bildi.

Bobom Shayx Najmiddin Kubro qo‘lida ¸
G‘ijimlanib qolgan manfur tug‘laring .
Chirib chirib yotar Urganch yo‘lida¸ deb yozgan edi marhum shoir og‘amiz.

Bugun dushman qo‘lidagi bayroqni yulib olishga jasorati yetadigan el og‘asi bormi oramizda?

Shuhrat Bobojon

Tag‘in o‘qing
6 fevral 2018
Istanbuldagi Otaturk qo‘nalg‘asida 1 kilo 75 gramm qoradorini Toshkentga olib ketayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi S.K ushlandi. Turkiyadagi «Hurriyat» ...
10 fevral 2020
O‘zbekistonning turizmni iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish siyosati qo‘shni davlatlarda ham sayyohlar soni tobora ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. ...
18 sentyabr 2017
Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida 19-25 sentyabrda o‘tadigan oliy siyosiy muzokaralarida ma'ruza qilishi kutilmoqda. Bu uning ...
26 avgust 2023
Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilayotgan “Rusich” neonatsistlar guruhi «har qanday jangovar topshiriqlarni bajarishni to‘xtatganini» bildirdi. Hammasi jangari guruhning ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...