Multimedia
17 oktyabr 2015

«Kechirmas ota» mo‘jizasi

Malohat Eshonqulova
Mustaqil jurnalist, Eltuz.com

5 sentyabr, 2015 yil. Tungi soat 24.30.

Eshik taqilladi. Qarasam, Urlaeva. “ortimdagi ayg‘oqchilarim dam olgani uylariga ketishi bilan yo‘lga otlandim. Qoraqalpoqqa ketdik. Toki bizning “yo‘qolib qolganligimiz” haqida xabar topishmasdan dan nazoratlaridan o‘tib ketaylik, manzilga yetib olaylik” dedilar. Biz o‘tirgan Nukus-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab qatnaydigan taksi joyidan jilganida tungi soat 1.00 edi.

13 soatlik yo‘l davomida nukuslik taksi haydovchisi islom (haydovchining xotirjamligi uchun ismi o‘zgartirib yozildi) aka bilan suhbatlashib ketdik. Majburiy mehnatga oid monitoringni mashina joyidan jilishi bilanoq boshlab yuborgandik: biz suhbatdoshimizni paxta mavsumining dolzarb masalalari xususidagi savollarga ko‘mdik. Shofyor ham to‘lib turgan ekan, yonib ketdi:

photo_2015-10-08_10-26-02– Paxtani o‘qituvchi tersa, chidasa bo‘ladi, harbiy qismdagilar, soldatlar tersa ham mayli. Talabalar, maktab o‘quvchilari, o‘qituvchi, tikuvchi, soliqchi, bog‘cha mudiralarini ham paxtaga quvishganlarigayam rozimiz. Lekin loaqal mediklarga tegishmasa edi. Vrachlarning ishi inson hayoti bilan bog‘liq bo‘ladi-ku-a?

Mana, mening ayolim do‘xtir bo‘lib ishlaydi. Nukusda. Reanimatsiyada. Tuni bilan uxlamasdan og‘ir bemorga qarab chiqadi. Charchaydi. Medrabotniklar reanimatsiyada cherez den ishlaydi-ku-a. Ertalab uyqusiragan medrabotnitsani majburlab paxta terishga yuborishadi. Norma qo‘yishadi. Kun bo‘yi paxta teradimi, dam olmasdan, uxlamasdan. Ertasiga ayolim uyqusiragancha yana “dejurstva”ga, ishga borishga majbur. Dam olish degan gap yo‘q. Ana endi, qarang-da, toliqqan, uyqusiragan ayolim xudo ko‘rsatmasin charchaganidan reanimatsiyada yotgan og‘ir kasalga biror bir “nito” ukol qilib qo‘ysa, kim javob beradi?

Uni paxta terishga majburlagan kattalarimi? Bemorga bir gap bo‘ladigan bo‘lsa, ayolim javob beradi-ku! To‘g‘rimi? Odamning hayoti bilan o‘ynashib bo‘ladimi? Nega tepadagilar shuni o‘ylamaydi? Nega ular do‘xtirniyam paxta terishga majburlaydi? Xordiq olgani imkon berishmaydi? Mana, soldatlar ham paxta terayapti-ku-a? Mayli, “chyort s nim”, soldatlar ishlasin, paxta tersin, faqat medrabotniklarga tegmasin edi. Yo‘q, bularga baribir. Paxta, paxta, paxta. Tamom. Boshqa gap yo‘q, boshqa o‘ylari yo‘q! – deya dudab ketdi Nukus-Toshkent, Toshkent-Nukus bo‘ylab qatnovchi taksi haydovchisi.

photo_2015-10-08_10-19-32Buxoro viloyatining Rometan tuman hududidan o‘tayotganimizda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida majburiy mehnatga qarshi qaratilgan chaqiriq, ogohlik bitilgan katta-katta plokatlar deymizmi va yo lozungmi, xullas, ularni reklama shaklida tuman markaziy ko‘chalaridagi simyog‘ochlarga o‘rnatishayotganliklariga guvoh bo‘ldik.

Toshkentdan to Qoraqalpog‘istonning Ellikqal'a tumaniga borgunimizga qadar sal kam 1300 km. yo‘l bosgan bo‘lsak, buningdek plakat(lozung)larga birgina buxoroning Rometan tuman markaziy ko‘chalarida ikki bor ko‘zimiz tushdi xolos. Ajablanarlisi, hafta oldin shu yo‘ldan xorazm viloyatiga o‘tgandik, uch kun ilgari hozaraspdan xuddi mana shu yo‘l orqali poytaxtga qaytgandik. Yaqin kunlarda ham bu ko‘chalarda majburiy mehnatga qarshi qaratilgan “reklama”lar o‘rnatilmagandi, bir bor ko‘zimiz tushmagandi. Qiziq.

Mazkur shiorlar guyo muhtasham san'at saroyida kontsert dasturini namoyish etayotgan xonanda reklamasi kabi ulkan. Haybatidan ot hurkadi. Adashmasam, hajmi: bo‘yi bir metrcha, eni ikki metrchalar kelardi.

Tegishli vazirlik va kasaba uyushmalari federatsiyasining majburiy mehnatga qarshi qaratilgan mazkur reklamalariga ko‘zim tusharkan, o‘ylanib qoldim.

Paxta terim mavsumida majburiy mehnatga qarshi qaratilgan chaqiriq, murojaat, ogohlik kabi matnlarni san'atkor reklamasi kabi ulkan, bahaybat va jozibador shaklda shahar va tuman markaziy ko‘chalaridagi simyog‘ochlarga buningdek tarzda “osib” ketish, ehtimol, u qadar to‘g‘rimasdir?

Balki, paxta mavsumidagi majburiy mehnatga qarshi qaratilgan ogohliklarni mahalliy aholi dunyoqarashidan kelib chiqib targ‘ibot qilish kerakdir?

O‘zbekistonda qaryib 50 yil istiqomat qilayotgan shaxs sifatida shuni aniq bilamanki, ko‘pchilik insonlar, ayniqsa, qishloq kishilari sim yog‘ochlarga o‘rnatilgan bahaybat plakatlarga u qadar e'tibor qaratishmaydi. Fikru yodi turmush tashvishlaridan ortmaydi. Mabodo, markaziy ko‘chalarga o‘rnatilgan katta-katta plakatlarga nazarlari tushdi ham deylik, zehn solib o‘qib qaramasdanoq, “biror bir san'atkorning va yoki hind kinofilmining reklamasidir-da”, degan xulosaga keladi-qo‘yadi. Targ‘ibotning bu usuli ko‘pam diqqatni tortmay ko‘yganiga ko‘p bo‘lgan.

Shu bois ham atay paxta mavsumining oxirlashiga taqab (biz o‘zbeklarda buni sayil o‘tgandan keyin deyishadi!) “osilayotgan” majburiy mehnatga qarshi ogohlik “reklama”larining samara berishiga ko‘pam ko‘zim yetmaydi.

rasm178
Egatlaridan bosh ko‘targan turli kasb egalari to‘planib, varaqalarni o‘qir, unda bitilgan murojaatlarni muhokama qila boshlashardi: “hali shunaqa gaplar ham bor denglar-a?” Deya lol bo‘lib qolishardi.

Tajribamizdan ma'lumki, Yelena Urlaeva bilan qay bir viloyatda paxta mavsumidagi majburiy mehnatga oid monitoring olib borgan bo‘lsak, O‘zbek-German Forum tashkilotining “sizni paxta terimiga majburlashsa nima qilish kerak?” Sarlavha ostidagi majburiy mehnatga qarshi qo‘llanma ko‘rinishidagi varaqalarini, shuningdek, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida majburiy mehnatga qarshi ogohlik matnlarini varaqa shaklida yuzlab nusxada chiqarib, paxtazorlarda paxta terayotgan turli kasb egalarining qo‘llariga tutardik.  Ana shundagina biz tarqatayotgan varaqalar aholining e'tiborini tortardi.

Paxta terimiga jalb etilgan o‘qituvchi, o‘quvchi, talaba va shifokorlarning hayratlaridan shu narsa ma'lumki, demak, ular majburiy mehnatga qarshi qaratilgan chaqiriqlardan hamon ogoh etilmagan. Dunyo bexabar.

Yuqoridagi holatlarning qiyosidan ham ko‘rinib turibdiki, demak, majburiy mehnatga qarshi qaratilgan chaqiriq, murojaat va ogohliklarning varaqa shaklida targ‘ib etilishi sizu biz kutgan samarani berishi shubhasiz.

Axir, bosh maqsad vazirlik va kasaba uyushmalari federatsiyasi “ixtiro” qilgan majburiy mehnatga qarshi matnlar “reklamasi” ko‘magida ko‘chalarni rangli plakatlar bilan bezash emas-ku, to‘g‘rimi?

Muddao, majburiy mehnatga qarshi qaratilgan chaqiriq, murojaat va ogohlik chorlovlarini kengroq targ‘ibot etish, mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, tushuntirish, shundaymi?

Bas shunday ekan, markaziy ko‘cha simyog‘ochlariga samarasiz reklama “osish” bilan xalq va xalqaro tashkilotlar qulog‘iga lag‘mon osish o‘rtasida qanday tafovvut bor? Tushunmadim.

Goho xayol bilan, gohida gap-gap bilan manzilga ham yetdik. Ishni Ellikqal'a tumanida o‘tgan avliyolar qadamjolari va qabristonlarini ziyorat qilishdan boshladik. Dastlab Ellikqal'a tumanidagi “kechirmas ota” ziyoratgohida bo‘ldik. Keyin ishga shung‘idik.

“Kechirmas ota” qabristonini obod qilgan odam

Shu o‘rinda “Kechirmas ota” ziyoratgohi xususida ikki og‘iz:

photo_2015-10-08_10-27-35Mazkur ziyoratgohni To‘xtaboy ota degan bobo obod qilgan ekanlar. (To‘xtaboy ota xususida internet saytlarida yoritilgan. Otaxonning mo‘jizaviy xususiyatlari xususida ikki nafar ijodkor tomonidan ikkita katta-katta kitob bitilgan bo‘lib, mazkur kitoblar rus va ingliz tillariga ham o‘girilgan. Bizning ham ilk qilgan ishimiz To‘xtaboy otaning mo‘jizakor xususiyatlariga oid kitobni xarid qilish bo‘ldi. Biroq hali uni o‘qishga ulgurgan emasman.)

Aytishlaricha, “Kechirmas ota” qabrini obod qilishni ko‘ngliga tukkan kuni To‘xtaboy otaga xudo mo‘jizaviy kuch ato qilgan emish. Shu-shu ota 20 yildirki og‘ir xastalarni davolarmish.

“Kechirmas ota” ziyoratgohi obod edi. U yerga kelgan tumonat odamni ko‘rib, hayratim oshdi. Har kuni respublikamizning turli viloyatlaridan mingga yaqin xastalar To‘xtaboy otadan shifo tilab kelisharkan.

To‘xtaboy ota viloyatdan kelgan bemorlar qiynalib qolmasliklari uchun ziyoratgoh xududida bepul mehmonxona – ulkan “karvonsaroy” barpo qilgan ekanki, mamlakatimizda yolg‘iz “Kechirmas ota” ziyoratgohidagi “mehmonxona” bemorlarga bepul berilarkan.

Har holda yetarlicha sharoit yaratilgan. Keyingi paytlarda ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan To‘xtaboy otaning yoshlari taxminan 70 larda edi. Otaxon shifo istab kelgan bemorlarini, asosan, shapatlab – urib davolar ekanlar.

Ish boshlashdan oldin biz ham seans oldik

photo_2015-10-08_10-28-07(“Kechirmas ota” ziyoratgohi va avliyo darajasidagi odam ekanligi aytilayotgan To‘xtaboy otaga bejiz kengroq to‘xtalmadim. Bu o‘ta muhim. Eslab qoling, buning tafsilotlari xususida xotima qismida batafsilroq, kengroq to‘xtalaman)

Betobligim sabab men ham seans olish maqsadida otaning bo‘yi taxminan 40 metr, eni 15 metrlar (nigohim bilan chamalashimcha) keladigan nihoyatda katta “qabulxona”lariga kirganimda bu yerdagi navbatni ko‘rib, xushim boshimdan uchdi: otaning huzurida sal kam mingga yaqin bemor navbat kutib o‘tirardi.

Tasodifni qarangki, mening O‘zMTRKdagi hamkasb o‘rtog‘imni aynan mana shu “qabulxona”da uchratib qoldim. Dugonam To‘xtaboy ota xususida uchinchi kitobni bitayotgan ekan.

– Buningdek katta navbatni kuta olmaymiz. Bizning yumushimiz bisyor. Otadan seans ololmaydiganga o‘xshayman, – dedim umidsiz.

– Bir bemorni bor-yo‘g‘i 2 yo 3 daqiqa ko‘radilar. Iltimos qilsak, balki sizlarni navbatsiz seans qilishga rozi bo‘lar, – dedi o‘rtog‘im va otaning “yordamchilari”dan birining qulog‘iga shivirladi.

Izn tegdi chog‘i, men bilan Urlaevani imlab qolishdi. Otaning qarshisiga cho‘karkanman, “mening qo‘llarim pand berib qolayapti, ota” dedim sekingina.

Otaxon avvaliga boshimni ikki kaftlari orasiga olib siqdi. Keyin bo‘ynimdan to belimga qadar shapatladi. So‘ng qo‘llarimga urdi. Undan keyin, “boraver endi, kasaling aridi” dedi.

Dugonam aytganidek, uzog‘i bilan ikki va yo uch daqiqada seans tugadi. Mendan so‘ng otaxonga Yelena Mixaylovna yuzlandi.

Monitoring o‘tkazish maqsadida paxta dalalariga otlanarkanmiz, adiba o‘rtog‘im, “og‘ir yuklaringizni ortmoqlab yurmangizlar. Shu yerga, daraxtlar tagidagi so‘riga tashlab ketaveringizlar. Ishlaringiz tugasa, albatta yana shu yerga qaytingizlar. Bu yerda mehmonxonalar ko‘p, tekin. Men ham kitob yozish uchun bir oydirki shu yerda istiqomat qilmoqdaman. Bugun sizlar ham shu yerda tunaysizlar. Tuni bilan miriqib suhbatlashamiz” deya taklif qilib qoldi.

O‘rtog‘imga ishonib-ishonmay, ziyoratgoh so‘risiga yuklarimizni qo‘ygach, qushdek yengil bo‘lib, paxta dalalariga yo‘l oldik.

– Otaning seansi qanday ekan? Biror narsa his qildingizmi? – savol qotdim Urlaevaga.

– Shunaqangi yengil bo‘ldimki!, – hayrat va ixlos bilan javob berdi hamrohim.

Kulib qo‘ydim.

Ellikqal'a tumanining Al-Xorazmiy fermerlar uyushmasida

photo_2015-10-08_10-25-11Majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazish maqsadida terimchilar javlon urayotgan dastlabki paxtazorga yo‘limizni burdik. Terimchilar bilan suhbat jarayonida saxtiyon qishloq yaqinida joylashgan ushbu paxtazorlarda tumandagi №13-, №43- maktab o‘qituvchilari, shuningdek maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji o‘quvchilari paxta terayotganligi ayon bo‘ldi.

– Bizning maktab o‘qituvchilari paxtaga navbat bilan chiqishadi. Bir kun bir gruppasi, ikkinchi kun boshqa gruppasi. Dars ham o‘tamiz, paxta ham teramiz, – dedi paxta terayotgan №13-maktab o‘qituvchilaridan biri.

Yelena Mixaylovna terimchilarga majburiy mehnatga qarshi qaratilgan varaqalarni tarqatdi.

12032444_10206421722856398_891250461_n (1)

– Sizlar mehmonmi? – so‘radi terimchilardan biri. Tasdiq ishorasini olgach, – shu bugun biznikida mehmon bo‘lasizlar. Saxtiyon qishlog‘idagi Qurbon traktorchining uyi qaerda desangiz, hamma ko‘rsatadi. Albatta kelinglar, kutaman, – dedi ochiqko‘ngil bilan.

Terimchilar bilan samimiy xayrlashib, paxtazorni tark etdik.

Yo‘l yurib, (yuklarimiz yo‘q, qushdek yengilmiz. Qo‘limizda birgina fotovideoapparatimiz) yo‘l yursak ham mo‘l yurib, makkajo‘xorizorda o‘t o‘rayotgan 60 yoshlardagi kishiga duch keldik.

– Assalomu alaykum, amaki, aytolmaysizmi, bu xo‘jaliklarda shifokorlar ham paxta terayaptimi, yo‘qmi? Terishayotgan bo‘lsa, qaysi dalada terishmoqda? – gap qotdim unga.

Odatda qishloq kishilari nihoyatda sodda, samimiy va judayam rostgo‘y bo‘lishadi.

– Ha, do‘xtirlaram paxta termoqda, – dedi amaki, – Ellikqal'adan kelgan vrachlar “Hayitboy mexanizator” degan fermer yerlarida paxta terishmoqda.

– Shifokorlar paxtaga kunlik chiqishadimi? Ertalab kelib, kech uylariga qaytishadimi?

– Yo‘q, do‘xtirlar yotib terishadi. Vrachlar Guldirsin qishlog‘iga, o‘sha “Hayitboy mexanizator” fermerlar uyushmasi boshlig‘ining uyiga joylashgan. O‘sha yerda yotib turishadi, – javob qildi suhbatdoshimiz.

– Yoqilg‘i xarajatingizni bersak, siz bizni o‘sha “Hayitboy mexanizator” fermer xo‘jaligi boshlig‘ining uyiga, shifokorlar yotib qoladigan guldirsin qishlog‘iga olib bora olasizmi? – so‘radi Yelena opa.

photo_2015-10-08_10-25-58Notanish kishi biroz ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi. Biz ularning o‘t tashishga mo‘ljallangan Jigulisiga o‘tirib, Guldursin qishlog‘iga, “Hayitboy mehanizator” fermer xo‘jaligi boshqaruvchisining uyiga yo‘l oldik. Istagimiz, Ellikqal'a tuman shifoxonasining paxta terimiga jalb etilgan shifokorlarini yashash shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishish edi.

Yo‘l-yo‘lakay bizga hamrohlik qilayotgan kishi bilan tanishib ham oldik. Sa'dulla aka qishloq machitida imomlik qilarkanlar.

Mashina biz istagan xonadon hovlisiga to‘xtagach, uy eshigida 65 yoshlardagi odam ko‘rindi.

– “Haytiboy mexanizator” deganlari mana shu kishi bo‘ladi, – bizga ochiq yuz bilan yuzlanayotgan kishini tanishtirdi Sa'dulla aka, – bu kishining o‘g‘li fermer xo‘jaligini otasining nomi bilan atagan. Fermer xo‘jalikga Hayitboy akaning Doniyor degan o‘g‘li rahbarlik qiladi.

Mashinadan tushdik.

– Kelinglar mehmonlar, kelinglar, qani, ichkariga, bir piyola choy ichib ketinglar, uyga kiringlar, – dedi Hayitboy ota mehmondo‘stlik bilan.

– Yo‘q, amaki, biz ko‘p ishli odamlarmiz. Choy ichishga vaqt tig‘iz. Eshitishimizcha, sizning uyingizga tuman shifoxonasining vrachlari joylashtirilgan ekan. Biz shifokorlarning yashash sharoitlari bilan tanishsak deb kelgandik, – maqsadga ko‘charkanman, qo‘shib qo‘ydim, – men Malohatman – jurnalist. Hamrohim inson huquqlari faoli Yelena Mixaylovna. Toshkentdan kelganmiz.

– Attang-a, kech qolibsizlar, ovora bo‘libsizlar-da. To‘g‘ri, bizning uyga rayon kasalxonasining 20 ta do‘xtiri joylashgan. Lekin hozir ular bu yerdamas. “Qirq qiz” degan sovxozdagi Chayka uchastkasida o‘g‘limning yana 35 gektar paxtasi bor. Do‘xtirlarni shu bugun saharda chaykaga olib ketishgandi. Ular bugun qaytishmaydi. Chayka uchastkasi uzoq, 45-50 km. chiqadi. Shunga do‘xtirlar to 35 gektarning paxtasini terib bo‘lmaguncha qishloqqa qaytmaydi, o‘sha yerdagi shiyponlarda yotib qolishadi, – dedi Hayitboy ota afsus-la bosh chayqarkan, bizga astoydil achinib, – o‘zi shu rayonni do‘xtirlari bizni fermer xo‘jalikni otaliqqa olgan. Bizga biriktirilgani uchun shu paxtani urug‘ini qadashdan tortib, chopiqmi, yaganami, yovvoyi o‘tlardan tozalashmi, chekankami, bahordan to kuzgacha, paxta terimgadovur bizga yordamga kelishadi.

photo_2015-10-08_10-27-45Uzr-ma'zurimizni aytib, ortga qaytdik. Katta yo‘lga chiqqach, qishloq imomidan Chayka uchastkasiga olib-borib kelishini iltimos qildik. Rozi bo‘ldi. Biroq Sa'dulla akaning mashinasida yoqilg‘i tugab qolganligi sabab “gaz zapravka”ga kirishga to‘g‘ri keldi. Aksiga olib, “gaz zapravka”da ham gaz yo‘q ekan. “bir yarim soatlar kutsangiz gaz kelib qoladi” dedi “gaz zapravka” xizmatchisi. Shu sabab katta yo‘l yoqasidagi yoqilg‘i qo‘yish shahobchasida yarim soatlar kutib turishga majbur bo‘ldik. Betoqat bo‘lib o‘tirgan chog‘imizda yoqilg‘i quyish shahobchasiga old “labovoy”iga “paxta-2015” degan yozuvli katta hajmli qog‘oz qo‘ndirib olgan “Zil” yuk mashinasi kelib to‘xtadi.

– Amaki, nega “Zil”ingizga “paxta-2015” degan yozuvni yopishtirib olgansiz? Shu mashinangizda siz ham paxta tashiysizmi? – savolga tutdim haydovchini.

– Paxtani emas, paxta terimchilarini tashiyman, – qisqa javob qildi haydovchi.

– “Zil”da-ya?! Hasharchilarnimi? Do‘xtirlar bo‘lsa kerak-a? – qiziqsindim.

– Yo‘q, do‘xtirlarnimas. Nukus akademik litseyining o‘quvchilarini olib yuraman.

– O‘quvchilarni har kuni ertalab nukusdan Ellikqal'aga, kechqurun Ellikqal'adan Nukusga tashiysizmi?

– Ha, yo‘-o‘o‘o‘q, – javob qildi haydovchi hafsalasizlik bilan, – akademik litsey o‘quvchilarini har kun Nukusga tashimayman. O‘quvchilar “O‘zbekiston mahallasi – 1” da yotishadi. Ularni har kuni yotog‘idan olib “Bog‘yob” fermer ho‘jaligi dalalariga olib boraman. Ular “Bog‘yob” dalalarida paxta terishadi.

– “Zil” shaxsiy mashinangizmi? Yoki biror bir tashkilot tasarrufidami? Qay bir idoraga qarashlisiz, amaki? Men Eshonqulovaman, siz bilan tanishsak bo‘ladimi? Ismingiz kim?

– E-e-e, nima, prokurormisiz? Otimni so‘rab nima qilasiz? – haydovchi menga norozi qaradi, keyin qo‘lini “bor-e!” deb siltagancha “Zil”iga borib o‘tirdi-da mashinasini o‘t oldirdi.

“Chayka uchastkasi” dalalarida paxta terayotgan do‘xtirlar

photo_2015-10-08_10-25-16Yoqilg‘i quyish shahobchasiga metan gaz kelishini kutadigan bo‘lsak, kunni kech qilishimiz tayin. Shu bois boshqa bir taksi buyurtma qilishga to‘g‘ri keldi. Sa'dulla aka hamrohligida Neksiya rusmli avtomashinada chayka uchastkasi tomon yo‘l oldik.

Mahalliy yo‘lboshchimizning ko‘magida mo‘ljalni to‘g‘ri olgan ekanmiz.

“Qirq qiz” xo‘jaligida – Chayka uchastkasidagi “Hayitboy mexanizator” fermer xo‘jaligining 35 gektarlik paxta dalalarida Ellikqal'a tuman shifoxonasining vrachlari paxta terishardi.

Paxta g‘o‘zalari oralab to‘g‘ri shifokor – terimchilarga yaqinlashdik. Ular bilan suhbat jarayonida shunga amin bo‘ldikki, terimchi – shifokorlar “o‘qitilgan” ekan. O‘zaro suhbat chog‘ida shifokor ekanliklarini aytishadi, “Qarang, paxtasi yo‘q qop-qora egatlar oralab yurishga majbur qilishadi. Plan so‘rashadi” deya hasrat ham qilishadi. Biroq “mana shunday azoblar haqida bizga intervyu berasizmi?” desangiz, videongizni to‘g‘rilagudek bo‘lsangiz, “kerakmeydi. So‘ng ishdi netamiz?” deyishadi, yuzlarini chap o‘grishadi.

Paxta terimga jalb etilgan shifokorlarning obdon qo‘rqitilganligiga shubha yo‘q edi. Ulardan intervyu olishning imkoni yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, ularga majburiy mehnatga qarshi yuqorida aytib o‘tilgan murojaat, chorlov, ogohlikka oid varaqalarni tarqatdik.

photo_2015-10-08_10-25-11Zum o‘tmay “hayitboy mexanizator” fermer xo‘jaligi raisi Doniyor aka paydo bo‘ldi. Ular paxta g‘o‘zalarini oralagan emas. Paxtazor chetidagi kattagina ariq yoqasida turib barcha shifokor – terimchilarni chorladi: “Qani, hammangiz chiqingizlarchi? Bu yoqqa kelingizlar?”

Shifokorlar egatdan chiqishdi. Biz ham Doniyor fermerning yoniga yo‘l oldik.

– Sizlar kimsizlar? Nega mening ruxsatimsiz paxta dalalarimda yuribsiz? Nima maqsadda suratga olayapsiz? – fermerning gap ohangidan tajangligi ma'lum edi.

Biz maqsadimizni ma'lum qilib, o‘zimizni tanishtirgach, Doniyor fermerning yanada jahli chiqdi:

– Ruxsatsiz birovning dalasiga kirish mumkinmasligini bilmaysizlarmi? Agarda erkak kishi bo‘lganlaringizda, sizlar bilan qanday gaplashishni o‘zim bilardim? Qani, keting bu yerdan?

– Fermer xo‘jaligingizda paxta terayotgan mana bu ayollar shifokorlar ekan-ku? – dedim fermerga.

– Kim aytdi sizga bularni do‘xtir deb? – asabiylashdi Doniyor aka, – bular hech qanaqasiga vrach emas. Bular tikuvchilar. O‘z ixtiyorlari bilan paxtaga chiqishgan.

– Ellikqal'ada “shifokor” kasbi “tikuvchi” deb atalishidan bexabar ekanmiz. Siz haqsiz. Rostanam ular odam tanasini kesib, tikishadi, – dedim hazilomuz.

photo_2015-10-08_10-23-54– Xova, xova, biz tikuvchilarmiz, biz tikuvchilarmiz, Nukusdan kelganmiz. O‘z hohishimiz bilan paxta terayapmiz. Pul kerak, – deya chug‘urlab qolishdi haligina o‘zgacha hasrat qilib turgan “terimchilar” ham.

“Nukusda asosan qoraqalpoq tilida so‘zlashadigan aholi istiqomat qiladi. Bu ayollar esa xorazmcha shevada gapirishayapti-ku? Ellikqal'aliklarning gaplari xorazmliklarning tiliga o‘xshab ketarkan. Bular nukuslik emas, Ellikqal'aning odamlari” deya menga sekingina shivirladi Urlaeva.

– Qani, ketingizlar. Oldin rahbarlardan ruxsat so‘rab kelingizlar, boringlar, – dedi Doniyor fermer. U otasi Hayitboy mexanizatordan muomila jihatidan mutlaqo farq qilardi. Negaki, Doniyor fermerning pensiyadagi soddadil otasi paxta borasidagi “mojorolar”dan mutlaqo bexabar edi. Shu bois ham bor gapni ochiq-oydin so‘zlab bergandi.

photo_2015-10-08_10-23-47“Hayitboy mexanizator” fermer xo‘jaligi raisi shunday dedi-da, terimchi shifokorlar qo‘lidan haligina biz tarqatgan mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va respublika kasaba uyushmasi federatsiyasining, shuningdek, “O‘zbek-German Forumi” tomonidan tayyorlangan majburiy mehnatga qarshi qaratilgan chaqiriq, murojaat, ogohlikga da'vat aks etgan varaqalarini shoshilinch tarzda yulqib-yulqib terib oldi-da, barchasini yig‘ishtirib Urlaevaning qo‘liga tutqazdi.

– Bu shifokorlar uchun kerakli qog‘ozlar. Olib qoling, buning ziyoni yo‘q. Nega terib olib, qaytarmoqdasiz? – ajablandim.

Doniyor fermer:

– Bunaqa qog‘ozlar biza kerakmeydi, – deya to‘ng‘illab qo‘ydi adashmasam, so‘ngra mobil telefonidan qandaydir raqamlarni tera boshladi.

Biz esa shifokor – terimchilar bilan xayrlashib, Neksiyaga o‘tirdik-da, izimizga qaytdik.

Al-xorazmiy mahalla oqsoqoli hamrohimizga hamla qildi

Hali “Qirq qiz” xo‘jaligi dalalarini ortda qoldirib ham ulgurmagan edikki, bizga yo‘lboshchilik qilayotgan imom – Sa'dulla akaning mobil telefonlari jiringlab qoldi.

Salom yo‘q, alik yo‘q:
photo_2015-10-08_10-26-36– San kimlarni yetaklab yuribsan?! – deya po‘pisa qila ketdi go‘shak ortidagi odam.

– Hech kimni yetaklab yurganim yo‘q, – javob qildi Sa'dulla aka.

– Hozirgina Chayka uchastkasiga kimlarni olib bording? Ularni qaerdan olib kelding? Kimlar ular? Paxta terimchilarini rasmga, videoga olib yurganlarni taniysanmi? – savollarni qatorlashtirdi go‘shak ortidagi erkak ovozi.

  • Men hech kimni hech yerdan olib kelganim yo‘q. Ularni tanimayman. Yo‘lda o‘zlari mendan “do‘xtirlar qayda terayapti?” Deb so‘rab qoldi. Aytgandim, “olib boring” deb iltimos qilishdi. Shunga bir moshin zakaz etib, birga keldim. Bular o‘zlarini Toshkentdan kelgan jurnalistlarmiz deb tanishtirishdi, – “otchyot” bera ketdi Sa'dulla aka.

– Otlari nima ekan? Qaysi gazetdan? Qoraqalpoqqa qachon kelibdi? Ularni yana nerlara olib bording? Yana ularni qaerga olib borajaksan? – tergovni davom ettirdi go‘shak ortidagi kishi.

– Otlari esimda qolmadi. Qachon kelganiniyam bilmayman, qaysi gazetdanligidanam xabarim yo‘q. Men ularni ko‘p yerga olib bormadim, bir shu Chayka uchastkasina olib bordim, – javob qildi imom aka.

– Endi qaerga olib bormoqchisan deb so‘rayapman, – betoqat bo‘lib so‘radi telefondagi suhbatdoshi.

Imom amakining telefonlari bemalol bizga ham eshitilib turardi. Go‘shak ortidagi odamning shu savolini eshitdimu, Sa'dulla akaga “ular katta yo‘lda Nukusga ketamiz deb tushib qolishdi, men qaytayapman” deng deb imo qildim shivirlagancha.

Mahalla machiti imomi shunday dedi: “ular yo‘lda tushib qolishdi”.

Suhbat tugagach, surishtirib bilsak, bizga hamrohliq qilayotgan imomni “tergovga tortgan” kishi “Al-xorazmiy” mahalla oqsoqoli Komiljon aka degan kishi ekan.

Paxta dalalaridan o‘tib asfalt yo‘lga chiqqach, bizga hamrohlik qilgan mahalliy aholi vakilini noxushlikka ro‘para qilmaslik uchun mashinadan tushib qoldik.

Navbatdagi yo‘lovchi mashinani kutarkanmiz, qoraqalpog‘iston safarida ortimizdan kuzatuvchilar tushganini shundagina birinchi marta his qildik.

Mashinadan-mashinaga “sakrab” qosh qoraya boshlaganida “Kechirmas ota” ziyoratgohiga kirib keldik.

Bir kecha “Kechirmas ota”da qoldik

photo_2015-10-08_10-28-24Qaytib kelishimiz bilan daraxtlar tagidagi so‘rilardan birida qoldirib ketgan yukimizni ko‘zdan kechirdik. Ochig‘i, yuklarimizni “Kechirmas ota”da qoldirib ketishga ketdigu, biroq baribir yo‘lkirolarimiz, pasport, zahiradagi fleshkalar, xullas, narsalarimizdan xavotir olgandik. Rosti, “alvido, yo‘lkiramiz” degan o‘yga ham borgandik.

Qaytib kelgach esa, shaxsan men ko‘nglimdan kechgan nojo‘ya o‘ylardan o‘zim uyalim qoldim. Negaki, shunday gavjum joyda, yuzlab odamlar orasida so‘rida qoldirib ketgan yuklarimiz qanday qo‘ygan bo‘lsak, shundayligicha turardi. Mana, O‘zbekistonda ham o‘zganing narsasiga ko‘z olaytirmasa ham bo‘larkan-ku! Qanday yaxshi! Hayratim yanada oshdi. Adiba dugonamdan hayratimni yashirib o‘tirmadim.

U esa o‘ta bosiqlik bilan:

– Bu dargohga odamlar mol-dunyo, boylik istab kelishmaydi, tan sihatlik tilab kelishadi. Bu yerda hech kim hech kimning haqiga ko‘z tikmaydi. Xudodan hayiqishadi, – deb qo‘ydi.

Birinchi kecha respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan mingga yaqin ziyoratchilar bilan birga “Kechirmas ota”da tunab qolishimizga to‘g‘ri keldi.

Majburiy mehnatga oid monitoring tunda kengroq kechdi

photo_2015-10-08_10-27-40“Kechirmas ota”ga Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Andijon, farg‘ona, namangandan kelgan ziyoratchilar bilan suhbatda bo‘ldik. Beixtiyor majburiy mehnatga oid monitoringni davom ettirdik.

Aslida bunday niyatimiz yo‘q edi. Negaki, tun bo‘yi uzoq yo‘l yurib kelgandik. Charchoq ustunlik qilardi. Biroq, kutilmaganda daraxt tagidagi so‘rilardan birida o‘tirgan ayol so‘z qotib qoldi:

– Sizni jurnalist deb eshitdim. Menga yordam qilaolmaysizmi? Mana, men bu yerga davolanish uchun Navoiydan majburlik sabab kelgandim. Ammo hozirgina maktab direktorimiz qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq qilib, “qaerlarda yuribsiz?! Ertaga ertalab ko‘rpa-to‘shagingiz bilan yetib keling! 10 kunlik paxtaga jo‘naysiz! Mabodo, kelmaydigan bo‘lsangiz, qaytib maktabga qadam bosmaysiz. Bu yerda sizga o‘rin yo‘q!” deb baqirib berdi. Endi men nima qilaman?

photo_2015-10-08_10-28-58“Kechirmas otaga” endigina yetib kelgandim. Orqamga qaytamanmi? Maktab direktorimizga nima deyman endi, ularga qanday bas kelaman? Meni ishdan bo‘shatib yuborishsa nima qilaman? Shunga haqi bormi direktorimizni? – dedi siqilib.

Hamma gap o‘sha ayolning kutilmaganda bergan savolidan boshlandi.

– Siqilmang, direktoringizni sizni paxta terishga majburlashga haqqi yo‘q. Kutib tursangiz, hozir men sizni muammolardan xalos qiladigan qog‘ozlarni keltiraman, bo‘ladimi? – deb so‘radim. Bemor o‘qituvchi rozi bo‘ldi. Hovli sathi katta edi. Men o‘zimiz qo‘nim topgan so‘riga qaytdim. Yelena Mixaylovnaga ayol arzini qisqacha tushuntirgan bo‘ldim-da, tayyorlab borganimiz majburiy mehnatga qarshi qaratilgan varaqalardan besh-olti nusxa olib, har ehtimolga qarshi fotovideoapparatimni tayyorlab, o‘qituvchining huzuriga shoshildim.

O‘zini navoiylikman degan o‘qituvchi yolg‘iz emasdi. O‘nga yaqin ayollar davrasida o‘tirardi. Ayollarga qo‘limdagi majburiy mehnatga qarshi qaratilgan varaqalarni tarqatdim. Va ayni damda mazkur varaqalar mazmuni haqida so‘zlay ketdim.

– Men Buxoroning romitanidanman, aylonay, – dedi yoshi 70 larga yaqinlashib qolgan onaxon tojikcha aktsent bilan, – o‘zi man bir yetimlikda o‘sgan bachcha edim. Xudoga shukur, mehnatning orqasidan kun ko‘rdim. Mana, mening o‘rtancha nabiram shu yil do‘xtirlik kollejiga o‘tdi. Paxta deyishdi. O‘zimiz paxtaga olib borib, o‘z cho‘ntagimizdan kvartira olib berdik. Bir oyga. Ikkita katta-katta so‘mkaga produktasini g‘amlab jo‘natdik. Ib-e, siz nima deyopsiz hali? O‘quvchi paxta terishi mumkinmas? Do‘xtir paxtaga chiqishi mumkinmas? O‘qituvchi darsini bersin deyopsizmi? Qaerning gapi bu? Yoshgina nabiram allaqachonlar paxtaga. Hamma kurtoshlarining yeb-ichishi o‘zidan, yotoq puli kissasidan, kunlik planni qilsa qildi, bo‘lmasa, planni but qilish uchun kamiga qishloqdagi terimchilardan paxta sotib olish cho‘ntagidan. Hammaga kelgan to‘y shu-da hozir. Mana, mendan intervyu oling, – onaxon qulayroq o‘tirib oldi.

– Albatta, -dedim onaxonga. Shu mahal so‘ri girdida bizni kuzatib turgan to‘rt nafar norg‘ul yigitlarga ko‘zim tushdi.

“Bular bizning shu yerdaligimizni qaerdan bilishdi ekan? Shu yerniyam topib kelishibdi-ya?” Degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan. “kuzatuvchi”larga e'tibor bermagan kishidek, nigohimni tezda olib qochdim, – sizdan intervyu olmasam, kimdan olaman, onajon, – gapimni davom ettirdim.

Bir zumda o‘n chog‘li ayollar soni 20 ga aylandi. Qo‘limdagi varaqalarning xaridorlari ko‘payib ketdi. Yana qayta “ogohlik” varaqalarini keltirishimga to‘g‘ri keldi.

O‘zimiz o‘tirgan so‘riga kelganimda Urlaeva yo‘q edi. Varaqalar ularning sumkasida bo‘lganligi sababli, birovning sumkasiga qo‘l sololmay, hamrohimning qaytishini kutib qoldim. Yelena Mixaylovnaga “ayg‘oqchilar”imiz haqida suyunchiladim. Ular “Ha, men allaqachonlar sezgandim buni” deb qo‘ydilar. Biroz hayallasam-da, qo‘shimcha majburiy mehnatga qarshi qaratilgan ogohlik varaqalarini olib, ayollar oldiga qaytdim.

Varaqalarni tarqatib bo‘lgach, “endi intervyu olsam ham bo‘ladi, tayyormisizlar?” Desam, qayda, hammalari to ogohlik varaqalarini keltirgunimga qadar aynab qolishibdi.

Haligina “mana, mendan oling intervyuni!” deya shay turgan buxorolik onaxonning fikri 360 gradusga o‘zgarib o‘tiribdi. “yo‘q, men nimaniyam bilardim. Pensiyada bo‘lsam, uydan chiqmagan qariya nimaniyam bilardi?” deb o‘tiribdi. “tibbiyot kollejining 1-kursida o‘qiydigan nabirangizni paxtaga ketgani va yeguligi, yotog‘iga cho‘ntagingizdan xarj qilganingiz haqidagi hikoyangizni gapirib bersangiz bo‘lgani?” dedim. Unamadi.

Majburiy mehnatga oid varaqani o‘qigan navoiylik muallima esa “shuni olib borib direktorga ko‘rsataman, bir gap desa, mana bu raqamlarga telefon qilaman” dedi-yu, haligina aytgan “hangomasi” haqida intervyu beray demaydi. Ularni ham ko‘ndira olmadim.

Biroq xalqimizning mardona vakillari ham bor ekan. Davramizga qo‘shilib, varaqalar mohiyati bilan tanishayotgan ayollardan biri:

– Qani edi biz tomonlarga borsangiz edi. Bizda hatto 6-sinf o‘quvchilarini ham paxtaga quvishgan. Siz hali o‘qituvchilarni paxtaga jalb qilish mumkinmas, deb turibsiz. Bizda bunday gaplar yo‘q, – deya gap qo‘shib qoldi.

– Qaer ekan siz tomonlar, opa? – so‘radim jonlanib.

– Qashqadaryolikman. Kasbi tumanidan men ham o‘qituvchi bo‘lib ishlayman.

Kasbilik muallima bir ozlik ikkilanishdan so‘ng intervyu berishga rozi bo‘ldi.

Ularning suhbatlaridan so‘ng monitoringni Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanining Fazli qishlog‘ida davom ettirishni dilimga tugib qo‘ydim.

– Bizda esa o‘qituvchilar navbatma-navbat paxtaga jalb etiladi, – dedi Qarshi shahridan kelgan o‘qituvchilardan biri, – maktabda to‘rtta fizika o‘qituvchisi bo‘lsa, ikkitasi chiqadi, ikkitasi ularning o‘rniga dars o‘tadi. Maktabimizdan qirq kishi paxtaga olib ketilgan. 20 nafari o‘qituvchi, qolgan 20 tasi farrosh, qorovul, bog‘bon… Shunaqangi xodimlar…

Suhbatdoshimning ovozlarini yozib turgandim, Yelena Mixaylovna bilan To‘xtaboy otaning xislatlari haqida kitob yozayotgan adiba dugonam kelib qoldi.

– O‘rtoq, bu yerda intervyu olish mumkin emas. Bunga ota ruxsat bermaydilar. Siz to‘g‘ri tushuning, hozir ota bemorlarni davolayapti, ularga shuncha shart-sharoitlar yaratib qo‘yibdi. Siz paxta siyosatiga oid intervyular olib o‘tiribsiz. Ertaga bularni internetga chiqarib yuborganingizdan keyin, “intervyuni qaerda olgandi?”, “Kechirmas otada olgandi” degan gaplar chiqadi. Keyin otaning faoliyatlarini to‘xtatishlari, “Kechirmas ota”ni yopib qo‘yishlari mumkin. Siz esa davolanish umidada kelgan shuncha xastaning qarg‘ishiga qolasiz. Iltimos, yozmang, yig‘ishtiring ishingizni, ketdik, yuring, – dedi.

– To‘xtaboy otaning o‘zi aytib yubordilarmi sizga shu gaplarni? – deb so‘ragandim, o‘rtog‘im:

– Yo‘q, seansdan keyin, kechasi ularning tinchini buzishga hech kimning haddi sig‘maydi. Buni mening o‘zim aytayapman. Negaki, otaning ruxsat bermasliklarini yaxshi bilganim uchun ham aytayapman, – dedi.

– Yaxshi, bo‘ldi, audioga yozmayman. Ziyoratgohga kelgan ayollar bilan o‘zim istagan mavzuda shunchaki gaplashib o‘tirsam bo‘lar? – so‘radim.

O‘rtog‘imning roziligini olgach, suhbatni davom ettirdik.

– Bizdayam o‘quvchilar paxtaga chiqishadi. Lekin Qashqadaryodagi kabi 6-sinf o‘quvchilari ham emas. Mana, masalan, 9- sinflarni misol qilib olsak, bir kun 9-“a” sinf tushlikkacha paxta tersa, ertasi kuni 9-“b” sinf paxtaga chiqariladi. 8-“a” bir kun teradi, bir kun dars o‘tadi, keyingi kuni paxtaga chiqish gali 8-“b” sinfga keladi, – dedi o‘zini Navoiy viloyatining karmana tumanidanman deb tanishtirgan muallima.

– Nafaqalarimizni beruxsat plastikka o‘tkazib yuborishmoqda. Shular haqida yozing, – deb qoldi onaxonlardan biri.

– Shahar ko‘chalarining ozoda emasligini gapiring, – gap tashladi yana kimdir.

– Bizni paxtaga chiqarishganlarida “o‘z ixtiyorim bilan paxta terayapman. Pul kerak. Har kungi terganimizga har kuni, 1 kilogrammiga 240 so‘mdan haq berishadi. Shuning uchun ham chiqqanmiz” deb aytasizlar, deb hammaga bir tayindan ming tayin qilishadi, – dedi andijonlik opa.

– Mahallakomlar ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar pulini to‘g‘rilab berish uchun 200 ming so‘m so‘rashadi, kam ta'minlanganman deb yordam so‘rasak, ikki oyligini berasan deyishadi. Shu masalalarniyam ko‘tarib chiqmaysizlarmi? – so‘raydi samarqandlik ayol….

Suhbat orasida otadan shifo topganlar ham to‘lqinlanib gapga qo‘shilib qolishardi:

– Men o‘pka rakiga chalingandim. Onkologiyadan “umid yo‘q” deb uyimga javob berib yuborishgandi. Kimdandir To‘xtaboy otaning daragini eshitib qoldim. Umid bilan kelgandim. Shapatlab, dardimga shifo berdi. Qaytib borib, apparatga tushgandim. Do‘xtirlar “qanday sog‘ayib ketdingiz? Sizda rakdan asorat ham qolmabdi-ku?” deb yoqa ushlashdi. Shu-shu otaga ahyon-ahyonda kelib turaman, – deya hikoya qildi qashqadaryolik ayollardan biri.

– Xato o‘ylayotgan bo‘lsam, xudoning o‘zi kechirsinu, biroq men faqat xudoning o‘zigagina ishonaman. Bandasida mo‘jizaviy xislatlar borligiga ishonmayman. Odam Yaratganning quli-ku. Qanday qilib qul Egamdan qudratli bo‘lishi mumkin? Sizni ishonchinigiz davolagan bo‘lsa kerak. Siz o‘zingizni o‘zingiz davolagansiz aslida, – dedim.

– Undoq demang, – bosh chayqadi suhbatdoshim, – Xudo dardingizga shifo beraman desa, kimnidir sababchi qilib yuboradi….

– Qaydam…, – ikkilanib qoldim. Chunki ayni shu tobda men ham otaning mo‘jizakorligiga sidqidildan ishonishni, ixlos qilishni, ana shu ishonch sharofati bilan shifo topgan kishilar kabi oyoqqa turishni, dardlarimni unutishni, tamomila sog‘ayib ketishni ich-ichimdan istardim. “ixlos – xalos” deyishadi, axir….

Ayollar bilan suhbatimiz to yarim tunga qadar davom etdi….

Mo‘jizakor to‘xtaboy ota haqiqiy “mo‘jiza” ko‘rsatdi….
yoxud to‘xtaboy otaning siyosati…

photo_2015-10-08_10-26-07Ochig‘i, ushbu epizodni qalamga olmoqchi emasdim. Biroq, yozmagudek bo‘lsam, oxiri ko‘rinmas hikoyamda nimadir yetishmayotgandek ko‘rinaverdi. Oxiyri, ushbu qismni qayta kiritmasam bo‘lmadi. Balki bu hikoya o‘zgalar uchun ahamiyatsizdek tuyular. Ammo men uchun juda muhimdek….

Fe'limda bir qusur bor. Hamma narsaga savol nazari bilan qarayman, shubha ko‘zi bilan boqaman.

Garchi To‘xtaboy otaning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mo‘jizaviy xislatlariga ham ishonchsizlik bilan qarasam-da, erta tongda negadir otadan yana bir bor seans olishni dilimga tugib qo‘ydim.

Odatda to‘xtaboy ota seansni har kuni soat 10.00 da boshlar ekan. Uddalashimiz kerak bo‘lgan yumushlarimiz bisyorligi sabab birinchilardan bo‘lib navbat oldim.

Shu kutdik, shu kutdik. Aksiga olib, otaxon davolash seansiga bir yarim soat kechikib keldi. Yordamchilari otaxonni uy to‘riga – so‘ri tomon yetakladi.

“qabulxona”lari liq to‘la odam. Kamida 700 ga yaqin. “tezroq seansni boshlasalar edi” deb betoqat bo‘lib turgandim, biroq To‘xtaboy ota davolash seansini boshlashga shoshilmadi. So‘riga ham o‘tirmadi. Tik turgan holda ziyoratchilar va bemorlarga yuzlandi-da, Xorazm shevasida baland ovozda so‘z boshladi:

– Senlarning oralaringda fikri buzuq ayollar bor! Noshukur bandalar! Senlar bu yerga nimaga kelgansizlar?! Shifo topganimi? Yo har xil g‘alamislarning gapiga quloq osganimi? Qo‘shilmanglar ularga dedim! Ularni eshitmanglar! Ularga gapirmanglar! Ongi buzuq ularning! Shukurni bilmaydi! Qani, ayting, nima yetmaydi sizga! Hamma narsa serob bo‘lsa, mo‘l bo‘lsa! Yurtimiz tinch bo‘lsa! Yana nima kerak senlarga! Yo‘q, bu ig‘vogarlar mustaqilligimizni ko‘rolmaydi! Fasod qiladi! Yurtini sotadi! Elini sotadi! Ota-onasini sotadi! Muttahamlar ular! Nonko‘rlar! Ahmoqlar! … – To‘xtaboy ota qaxr va nafrat bilan xitob qilardi.

“Ahmoqqa kaltak, aqlga ishora” deganlaridek, ota kiftini keltirib “ta'riflayotgan”, “axmoq, fikri buzuq xotinlar!”, “ota-onasini sotadigan, yurtni sotadigan yurtfurushlar!”, “mustaqilligimizni, tinchligimizni ko‘rolmaydigan noshukur bandalar” deganda aynan bizlarni nazarda tutayotganligini anglab turardim. Ota biz tomon o‘girilmasa-da, aynan bizga qarata nutq so‘zlardi. Bizni “oborib-obkelardi”. Haqoratli so‘zlari aynan Yelena Urlaeva va menga taalluqli ekanligini tushunish qiyin emas edi.

To‘xtaboy ota ovozi boricha baqirar, gapirgan sari jahl otiga minardi. Suv quygandek jim-jit hayhotdek uyda otaning ovozi aks-sado berardi. To‘xtaboy ota ma'ruzasining “ifori”dan shuni angladimki, maxsus xizmatlar shu kechada, yoinki tongda otani obdon o‘z izmlariga solishgan. Ongini zaharlashgan. Bizga qarshi qayrashgan. Buni fahmlash uchun inson ilmiy ish yoqlagan bo‘lishi shart emas….

Shu alfozda uzoq siyosiy nutq so‘zlagan otaxon:

Qani omin! – deya qo‘llarini duoga ochdi. O‘tirganlar ham. Jumladan Urlaeva va men ham, – yurtimizni tinch etgan, hayotimizni farovon etgan prezidentimiz Karimov 100 ga kirsin! Bizni tinchligimizni saqlayotgan SNB (aynan shunday dedilar. MXX emas, SNB) dagi jonbozlarimizgayam ko‘p rahmat, mingga kirsinlar! Bizni qo‘riqlayotgan milisalarimizni ham boshi omon bo‘lsin! Tinchligimizga ko‘z tegmasin! ….., – To‘xtaboy ota hukumatga adog‘siz hamd o‘qidi, davomli duo qildi. “elini sotadigan yurtfurushlar, ongi buzuqlar”ni la'natladi, O‘zbekiston prezidentiga, snbsiga, militsiyasiga hamdu sanolar o‘qidi, uzoq umrlar tiladi.

Kaftimni duoga ochib turarkanman, “endi nima qildim? Qo‘limni yuzimga tortsammikin, yo‘qmikin?” Degan o‘yda sekingina To‘xtaboy otani yetaklab kirgan “pomoщnik” yigitga qaradim. Uning ham nigohlari biz tomonga qadalgan ekan.

Oradan qancha fursat o‘tdi, bilmadim, bir mahal xayolimni mo‘jizakor otaning “Allohu akbar!” degan ovozi to‘zg‘itdi.

Hamma qo‘llarini yuziga tortdi. Biz ham….

Kim bilsin, qo‘lini duoga ochganlar orasida balki aynan men kabi o‘yda o‘tirgan odamlar ham bordir, ehtimol? Balki “Allohu akbar” deya qo‘llarini yuziga tortgan otaning tili boshqa, dili boshqa duo degandir, kim bilsin? Bu yolg‘iz yaratgangagina ayon, bandasiga gumon….

Seans boshlandi. Birinchi bo‘lib yosh bolalilar, keyin nogironlik aravachasiga mixlanganlar, og‘ir bemorlar…

Davolash seansi chog‘ida ham otaning g‘azabi bosilmagandi.

Azaldan odatlari shunaqami, bilmadim, ota qarshisiga kelib qo‘ngan bemorni shunchaki shapatlamas, boshiga, jag‘iga qulochkashlab tushirib qolar, (bir emas, bir necha marotaba solib qolardi) ayrim bemorlarni tepib ham yuborardi.

“Nima jonim bor mening? Mabodo meni ham shunaqangi qulochkashlab jon-jahti bilan solib qoladigan bo‘lsa, o‘pkam o‘pirilib tushsa kerak. Qaytib tura olmay qolishim aniq” degan xayolda hadiksirardim.

Yo‘q, qo‘rqqanimdek bo‘lmadi. To‘xtaboy ota ichki sezgi bilan his qildimi, bilmadim, harholda meni “o‘pkamni o‘pirib yuborar darajada” solib qolmadi…

“Kechirmas ota”ni tark etarkanmiz, “otaxonning siyosiy nutqini tushundingizmi?” deb so‘radim Yelena Mixaylovnadan..

“Kam, kam. O‘zbekchadan farqli. Xorazmcha. Tushunish biroz qiyin” javob qildi Urlaeva.

– Bu safar maxsus xizmat xodimlari, ortimizdan izma-iz kelgan ayg‘oqchilar bizning yuzimizga To‘xtaboy otaning qo‘li bilan shapaloq tortmoqchi bo‘lishdi, – dedim-da bilganimcha otaxon nutqining mazmunini hamrohimga tushuntirishga urindim.

– Nahotki “svetoy otets” siyosiy ma'ruza qilgan bo‘lsa? – hayratlandi Yelena Mixaylovna, – nahotki?!… U yerda mingga yaqin odam bor edi. Kuch ishlatar tizimlar nima qilmoqchi bo‘lishgan? Menimcha, otaxonning kuchi bilan bizni odamlarga toshbo‘ron qildirishni rejalashtirishgan. Bu yerdagilar To‘xtaboy otaga nihoyatda ixlos qilisharkan. Mabodo, otaxona buyursa, bu odamlar bizni toshbo‘ron qilishdan ham toyishmasmidi, kim biladi yanayam…. Demak, kecha tunda ziyoratgohda bo‘lganimiz uchun ham bizga tegishmagandir, To‘xtaboy ota orqali jazolashni istashgandir, ehtimol?…

– Ajabo! Agarda rostdan ham To‘xtaboy ota mo‘jizakor xislat egasi bo‘lsa, kuch ishlatar tizimlaridan hayiqarmidi? Bizning asl maqsadimiz, kimligimizni bilmasdan turib, “noshukur bandalar! Fikri buzuqlar!” Dermidi? Maxsus xizmat xodimlarining yo‘rig‘iga yurarmidi? – dedim hamrohimga norozi to‘ng‘illab.

photo_2015-10-08_10-28-30Ammo bir narsani xudoning oldida ham, bandasining oldida ham tan olishim kerak: garchi To‘xtaboy otaning mo‘jizakor xislatiga shubha ko‘zi bilan qaragan, u qadar ixlos qilmagan bo‘lsam-da, dardlarim arigandek bo‘ldi. Yengil tortdim. Qulog‘im ortidan chiqqan noma'lum yara uch oydirki bitmasdi. Doimo madda oqib turardi. Do‘xtirga borsam, malham yozib berishardi. Biroq hech bir dori-yu malhamlar kor qilmasdi. Men qaraqalpog‘istondan qaytayotgan kunim qulog‘im ortidagi uch oydirki tuzalmas yara bitib ketdi desam, ishonasizmi? Yoki bu shunchaki tasodif deysizmi, bilmadim…

Biroq, mening bilganim, ko‘zim bilan ko‘rganim, qulog‘im bilan eshitganim – guvohi bo‘lganim shuki, “Kechirmas ota” ziyoratgohida hayratomuz hodisa ro‘y bergani rost: mo‘jizakor To‘xtaboy otaning shifobaxsh seans o‘rniga xastalarga kutilmaganda siyosiy ma'ruza o‘qishi chinakam mo‘jiza edi!

(davomi bor)

 

Tag‘in o‘qing
11 fevral 2019
Turk dunyosining buyuk qo‘shiqchisi¸ “dutor qiroli” 55 yashar Abdurahim Hayitning Xitoydagi qamoqda suratga olingan videotasviri 10 fevral kuni tarmoqda ...
4 sentyabr 2020
Hafta aylanib yana takiyamni kiyib sizga qarab og‘iz juftladim. Televidenie bo‘yicha o‘tgan treninglarimda mentor ohang, ya'ni aql o‘rgatish tomoshabinni ...
19 avgust 2019
Yonidan Muhammad Solih kitoblari chiqqani uchun bosimga uchrayotgan shoir Mahmud Rajab tergovi respublikada o‘tgan hafta kechgan quyidagi voqealar fonida ...
13 may 2019
Bosh vazir Abdulla Aripovning 6 mayda imzolagan IIV, mudofaa, Milliy gvardiya, bojxona xodimlari bolalarining oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...