UzPoster
12 dekabr 2019

U Remboga o‘xshardi…

Abduvali Qutbiddin umrining so‘nggi yillarida sal “buzilmoqchi”, maddohlik qilib ko‘rmoqchi ham bo‘ldi. Ammo ancha-muncha kechikkanini angladi chog‘i, “qiyshanglashga” astoydil harakat etgani yo‘q. Agarda “she'riyatning pichog‘i” ( U.Azim iborasi) ila o‘sha puch kurtaklarni xayolan qirib olsak, Abduvalidan shaffof, darveshtabiat shoir siyrati qoladi.

Lutfiy, Navoiydan chinakamiga ibtido topgan o‘zbek she'riyatida toki Abdulhamid Cho‘lpongacha keskin shakl o‘zgarishlari voqelikka ko‘chmagani ma'lum. Cho‘lpondan keyin Rauf Parfi nafis tilda turli “hunarlar” ko‘rsatdi. A.Qutbiddin she'riyatida esa cho‘lponona, parfiyona ohanglar mushtaraklik kasb etdi. Eng asosiysi, u hech bir turkiy shoirga taqlid qilmadi.

Kimdir birov mendan: qaysi tengqurlaringga havas qilasan, deb so‘rasa, hech ikkilanmay avvalo Abduvaliga, deya mazkur savolga javob qaytargan bo‘lur edim. Ha, biz qariyb tengdoshmiz – 7-8 oyning nari-berisida. Alalxusus, faqir Abduvali bilan ToshDUning jurnalistikasida besh yil mobaynida birga o‘qiganman. Ammo talabalikda kam muloqot qilganmiz. Boisi, ul darvesh lektsiya va seminarlarda qorasini ozroq ko‘rsatar, kursdoshlar nashriyotlarga qatnaydi, kitobini chiqarmoqchi shekilli, kutubxonalarda kitob mutolaasiga mukkasidan tushadi, deyishardi. She'riy turkumlari birin-ketin “Yoshlik” almanaxida, “Yoshlik bayozi” kitobida yorug‘lik yuzini ko‘rgach, uning shoirlikka “nomzodligi” oydinlashdi. Voqean bu ikki jamoa to‘plamida suvrat ostida asar chiqarish hazilakam amal emasdi. Buning uchun ko‘p chig‘iriqlardan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Ayni vaqtda kitob e'lon qilmoq xamirdan qil sug‘urgandan ham yengil ermakka aylandikim, 80-yillar bilan kunimizni o‘zaro qiyoslasak, yer va yulduz qadar tafovutga qoqilamiz.

Esimda, 1978 yilning kuzi. Kursdoshlar bilan sen qaydan kelgansan, deyarak endigina tanishgan kunlarimiz. Kunlarning birida bizga «jahonning kuchli shoirlari archalar ostida sizlarni kutib turibdi» qabilida xabar bo‘ldi. O‘n-o‘n besh chog‘li shinavanda archazorga yuz burdik. Osiyo va Afrika qit'alari adiblarining Toshkent anjumaniga kelgan shoirlar ekan. Yig‘ilganimizdan so‘ng baland bo‘yli, oq kostyum-shim kiygan, galstuk taqqan, sochlari qop-qora bir kishi guldirab rus tilida she'r o‘qiy boshladi. “Ishak” deganida barcha kulib yubordi. Garchi she'r mazmuniga tushunmasam-da, men ham kuldim. Abduvali yonimda turgan edi. “Bu shoirni taniysizmi?” deb so‘radi. “Yo‘q”. “Bu odam SSSR Lenin komsomoli laureati O‘ljas Sulaymonov!”. O‘h-ho‘, dedim ichimda. Chunki biz o‘sha davrlarda O‘zbekiston Lenin komsomoli mukofoti laureatlarini ulug‘ shoir derdik. SSSR Lenin komsomoli laureatini esa ilk bora ko‘rib turishim edi. Kursdoshim bahosi bois O‘ljas Sulaymonov kitoblarini kutubxonalardan axtara-axtara topib, hijjalab o‘qib chiqdim. Hattoki, qozoq tilida bosilgan “Otamakon” degan kitobini mutolaa qildim. Alalxusus, aynan o‘sha vaqtlarda biz noan'anaviy (eksperimental deyishardi) nazmga qiziqib boshlagandik. Suhbatidan ayonlashdiki, Abduvali frantsuz simvolistlari asarlarini ham o‘qigan ekan. Bir gal Rembodan so‘z ochgani yodimda. “Remboning ismini eshitganman, xolos. Siz uning she'rlarini o‘qiganmisiz?” deb so‘rasam, dimog‘dorona qiyofaga kirib, suv qilib ichganman, men o‘zim Remboga o‘xshayman-ku, degan.

O‘sha davrlarda faqir “Ko‘rmasam sendayin qoshi qalamni” yanglig‘ satrlarni ishlatib, an'anaviy usullarda qog‘oz qoralab yurar edim. Tabiiyki, Abduvali meni nazariga ilgani yo‘q.

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumaniga paxta terishga borganimiz… Yaydoq dalalar… Unda-munda qolib ketgan qovun, tarvuzlarni yorib tanovul qilardik. Uddaburon kursdoshlar u yoq-bu yoqdan guruch, go‘sht topib osh tayyorlashar, goho dasturxonda shishalar ham paydo bo‘lib qolardi. Men esa paxta oralarida o‘sgan pomidorchalarni topib kelardim… Negadir, talabalik oltin davrim, iborasini eshitganimda Oqoltin dalalari yodimga tushadi.

Goho barakka Ismat Xushev kirib kelib, he yo‘q, be yo‘q, Abdulla Oripov she'rlarini o‘qiy boshlardi:
Hayot mendan ayamadi ne'matlarini,
Ne istasam berdi, hech bir tonmayman…

Moshinlarning eski-tuski balonlarini oqshomlari yoqib, gulxan yasar edilar. “Abduvali she'r o‘qisin!” deyishardi ba'zan.
She'r o‘qirdi:

Eshigingni och, bu men-ku, Vatan,
Nechuk tanimaysan o‘g‘lingni, nechuk?
Gitaraga aylandi o‘lsa hamki tan…

O‘sha davrlarda, ya'ni 1978 yillarda bunday she'rlar o‘quvchida, tinglaguvchida ajabtovur taassurot uyg‘otar edi. Voqean, shu yillarda nazm shinavandalari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon kabi zabardast shoirlarning falsafaga yo‘g‘rilgan she'rlari ta'mlariga endigina ko‘nikayotgan, Rauf Parfini esa unchalik tanimas edilar. Shaxsan biz o‘zimiz Viktor Xaraning kimligini ham bilmasdik. Sirdaryoning gulxan yoqilgan kechalarida kursdoshimizning Maykl Jekson kabi jazavaga tushib, burala-burala o‘qigan she'rlari barchamizga sehrli tuyular, alhol uning 18- 20 yoshlaridayoq professional shoir sifatida tanilgani ovozaga aylangan edi. Chindan ham u Artyur Remboga o‘xshab ketardi. Keyinchalik ilg‘adimki, ular orasida ruhiy yaqinlik mavjud ekan. Ha, u Remboning g‘oyibona shogirdi edi. “Xayol kechasi” (1994) nomli mo‘'jazgina kitobchasida (32 sahifa) jamuljam bo‘lgan bitiklarni o‘qisangiz, uning o‘zbek simvolizmiga asos solganiga va aynan shu zaylda modern sari ildamlaganiga inonasiz.

Darvoqe, “bu qanday she'riyat o‘zi?” deya o‘zimga o‘zim savol berar edim. Keyinchalik anglab yetdimki, A.Qutbiddin poetik tili asosan tig‘iz metaforalarga asoslangan ekan. O‘sha shakl ohanglarga yo‘g‘rilib tamomila o‘zgachalik kasb etadi. Yo‘q, yaltiroq emas, sehrli, joduli. Oliftagarchilik mevalari emas: sof, shaffof, nafis, nozik, yoqimli. “U – tug‘ma shoir”, derdi ba'zi birovlar. Har holda, butunlay boshqacha, hech bir shoirga taqlid qilmaydigan, tarixi yo‘q (havaskorlik tarixi demoqchiman) ijodkor qarshisida paydo bo‘lib qolsa, odam qiziq alpozga tushar ekan.

A.Qutbiddin obrazlarini qimmatbaho toshlardek bir ipga tizib, jaranglatib o‘ynatayotgandek tuyulardi:

Xohlasang beraman sehrgar kaklik,
Sayrasa bo‘g‘zidan tushadi guhar,
Uning bir qanoti atirgul, biri
Nilufar.

Istasang zumurrad tarog‘im senga,
Sochingni tarasang – yarmisi zumrad.
Silasang qo‘lingu barmog‘ing bo‘lgay
Lojuvard.

Bunday misralarni obdon o‘ylab turib yozib bo‘lmaydi, avvaldan rejalashtirib bo‘lmaydi. Bunday she'rlar falakdan yog‘ilib, shoir yuragini oralab, qog‘ozga tushadi. Tushmikin, deysiz. Tasvir – sirli. Ohang – tovlanuvchan. Eng qizig‘i, mazmun ham saqlangan:
Xiyla kech tushibdi sevaylik desak,
Bizga olako‘zroq xiyla zamona.
Xiyla sen ham biroz qahrli ermak,
Xiyla men ham bir oz chala devona.

Muallif ko‘p she'rlariga sarlavha qo‘ymaydi. Qo‘ygan sarlavhalari ham g‘alati: “Xiyla”, “Najib holat she'ri”, “Hissiy she'r”, “Qayg‘u pichog‘i”, “Illo”, «Mungimsan, she'riyat”… Ahmad A'zam, Ahmad Otaboy kabi talabchan munaqqidlar uning ijodi to‘g‘risida fikr bildirganlar. Biroq, shuni aytish joizki, A.Qutbiddin she'riyati hali-hamon chinakamiga tahlilga tortilgani yo‘q. Uning she'riyati haqida shunchaki yozib ham bo‘lmaydi. Faqir “Xayol kechasi”dagi peshso‘zni shoir nazmiga atalgan haqqoniy taqriz maqomida ko‘rdim: “Xayol kechasida parilar keladi. Dunyoda ishq yo‘q, havas ko‘p deb olisga, tunu kun qovushgan yurtga olib ketishadi. Kokili gulga kirgan go‘zal ortidan bosh egib boraverishni xohlaysizmi? Xohlasangiz, buning yo‘li juda oson. Ozroq xayol va ozroq ishonch. Abduvali dunyoni ranglar va timsollar orqali ifoda etadi. Musiqa, rang, hayratomuz ifodalar – uning she'rlarini xayoliy qo‘shiqlarga aylantiradi. Har bir odamning xayoliy qo‘shig‘i, ya'ni ichida, o‘ziga ovoz chiqarmay aytadigan qo‘shig‘i bor…”. Qiziq, bu gaplarni kim yozgan ekan? To‘plam muharriri Farog‘at Kamolovami?.. Kim yozgan bo‘lsa-da, samimiy yozibdi.

A.Qutbiddinning estetik qarashlari tarkibida dunyoni keskin o‘zgartirishga da'vatlarni uchratmaysiz. U o‘z dunyosi bilan yashadi. Tiriklik va tirikchilikni o‘zaro qorishtirib yubormadi. Uning baxtiga “Xalq so‘zi” gazetasi asqatdi – rizqini shu tahririyatdan terdi. Ammo A.Qutbiddin she'riyati va publitsistikasi bir-biriga zid: biri modernistona, ikkinchisi konservatorona.

Ko‘p kitoblarini o‘qiganman. Lekin “Bor” menda yo‘q. “Bor”ni topib o‘qisam, uning ijodi to‘g‘risidagi tasavvurim tag‘in kengayadi, deb o‘ylayman. Har holda, jiddiy shoirimizni astoydil o‘qimaslik, adabiy merosini targ‘ib qilmaslik – loqaydlikdir.

To‘g‘ri, ayni paytda Toshkent adabiy muhitida birovning birov bilan ishi yo‘q. Balki bu ham davr taqozosidir? Balki shunday bo‘lgani yaxshidir? Sababi, chin she'riyat ko‘zlardan panada yashasa gurkiraydi.

Asosan uch turli shoirlarni ko‘rmoqdamiz. Birinchi turi – “chinovniknamo”. Ikkinchi turi – ko‘ngil odami. Uchinchi turi – na u yoqlik, na bu yoqliq, ya'niki “neytral”. Mana shu uch tur o‘zbek adabiy jarayonining qiyofasini belgilab turibdi. Adabiy elitada qiziqish tug‘diradigani ikkinchi turga mansub shoirlardir. Ularning bitiklarini havaskor qalamkashlar tushunmasligi, hattoki masxaralashlari ham mumkin. Nima bo‘lganda ham ikkinchi tur shoirlariga ehtiyoj ko‘proq tug‘iladi. Voqean, yozganlariga qarab til imkoniyatlariga baho berilib boriladi. Keyingi davrlarda Abduvali Qutbiddin, Aziz Said, Rauf Subhon, Farog‘at Kamolova, Boltaboy Bekmatov, Halima Ahmedova, Ibodat Rajabova, Shermurod Subhon, Gulbahor Said G‘ani, Zebo Nur, Davron Rajab, Go‘zal Begim, Oydinniso, Tillanisa, Mirzohid Muzaffar kabi shoirlar o‘zbek tilining yangicha imkoniyatlarini kashf etmoqdalar. Barchasining estetik qarashlarida o‘zaro yaqinlik bor.

Abduvali Qutbiddin Sharq mumtoz nazmiga xos so‘fiyona ohanglarni davom ettirish barobarida Umumovro‘pa modern she'riyatini usullarini ijodga tatbiq qildi. Muhim jihati – “uning she'ri tasvirga boy bo‘lib, ma'nosidan so‘zi oz bo‘lishi va shularni sof o‘z tilida yozishidir” ( Z.Bashirning o‘lchov iborasidan). U Cho‘lponga o‘xshab KO‘K ShOIRI bo‘ldi. Abdurahmon Sa'diy Cho‘lpon haqida: “Cho‘lpon omma – xalq shoiri emas, o‘qimishlilar – ziyolilar shoiridir. Uni omma-xalq tez anglamaydir” ( “Cho‘lpon va tanqid”. Matnlarni nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi va izohlar muallifi filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov. Toshkent, 2004. 24-bet), deb yozgan edi. Shunga qiyosan aytganda, A.Qutbiddin ham xalq shoiri emas, ziyolilarning, adabiy elitaning shoiridir.

SOF O‘Z TILIda yozgani uchun ham u 1980 yillarda mutaxassislarning nazariga tushdi. Aytish joizki, aynan o‘sha yillarda ustoz Rauf Parfi kuchga to‘lib ijod qilayotgan edi. A.Qutbiddin Parfi maktabining qaldirg‘och vakillari safida bo‘ldi.

Xo‘sh, u qaysi “hunarlari” evaziga professional shoir sifatida e'tirof etildi? Bizningcha, majoziy obrazlarni faol qo‘llash, tig‘iz metaforalarni hech cho‘chimasdan ishlatish barobarida darvesh shoirimiz o‘z uslubini shakllantirishga erishdi. Aksariyat she'rlarida quvnoq ruh ustivor. Osmonlarga uchib yurgisi, xayolot dunyosida g‘olib bo‘lgisi keladi:

Taxayul tunida seni esladim,
Kaftingda baxt qushi, yelkangda kaftar.
Poyingda tiz cho‘kib mo‘ltirar ma'yus
Kiyiklar.

“Kabutar” so‘zining “Kaft”ga uyqash qilib “kaftar” tarzida qo‘llanishi ham sehrgarona chiqqan. Lirik qahramon tiriklik huquqidan lazzatlanadi, quvonadi, goho ikkilanadi, gumonlarga, shubhalarga boradi. Shuning o‘zi yorug‘ mavhumlikdir.

Shoir do‘stimizning she'rlarida Odamlikdan toliqish hissiyotlarini ko‘rish ham mumkin. Bunday hissiyotlar bizga mumtoz she'riyatimizdan tanish. Hazrat Navoiy ham bir g‘azalida, tug‘ilmasam yaxshi bo‘lardi, qabilidagi fikrni aytadi. Dard deganlari shu-da…

“Shoir koinot bilan bog‘lanishi kerak”, degan edi Abduvali bir gal. U she'r ichkarisiga ijtimoiy muammolarni olib kirishni unchalik xush ko‘rmasdi. Ro‘yo, xayol va shu kabi hayotning muqobil shakllarini uni qiziqtirdi va fikrini band qildi:

Qaydadir tulporlar fazoga yetar,
Tomosha qilgani tovus raqsini.
Qaqnuslar olovlar qo‘ynida yotar,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.

Bu yanglig‘ nozik misralar omma e'tiborini jalb qilishi dargumon. Bunday misralarni xos doira suyib o‘qiydi va fikran davom ettiradi. Darvoqe, modernist shoira Go‘zal Begim A.Qutbiddinning “Qaydadir tun siyoh kokilin eshar” degan satrini iqtibos sifatida olib, 27 qator she'r yozgan.
Shundan bir shingil:

Qaydadir ovozing oqar sharqirab
qaydadir gullaydi gulsiz gulzorlar
qaydadir sinadi chinni suvrating
qaydadir ayrilib tushar belgilar
(Go‘zal Begim. “Yoki”, Toshkent, 2018. 88-bet).

O‘zbek she'riyatining nisbatan yoshroq avlodi vakillari uning nazmidan ta'sirlanmoqdalar, tig‘iz metaforalarga asoslangan matnlarini o‘qib, usul o‘rganmoqdalar, tor qobiqdan chiqmoqdalar.

Shoirning g‘alati, olim Ergash Ochilovning sevimli ta'biri ila aytganda, odam qo‘rqitaturg‘on satrlari ham xush qabul qilinayotir. Voqean, “dahshatli” obrazlar silsilasi Abduvaliga yarashadi, xarakteriga mos tushadi:

Nimiliq yomg‘ir, momiq yer, yumshoq osmon,
Oy luqma,
Quyosh luqma.
Osiylar arvohi chirqillar, ber-ber,
Sevgilim, sen meni yeyishdan qo‘rqma!

She'rda tasvir etilayotgan tanovul jismoniy “eyish” emas, balki ruhiy iste'mol, birlikka chorlov, o‘zini anglashga da'vat. “Jismoniy o‘zimni ma'naviy o‘zimga yo‘latmadi. Ummondan qutulib, g‘orga kirib qoldim”, deb yozganida so‘fiy shoir Vafo Fayzulloh balki shunga o‘xshash holatda nazarda tutgandir? (Qarang: Vafo Fayzulloh. “Azaliy g‘ussa yoxud farishtalar uchrashtirdi orzularni”. Toshkent, 2013. 8-bet).

Ochig‘ini aytsam, ayrim shoirlarning she'rlariga shunchaki ko‘z yubortiraman. Ko‘zim o‘qisi keladi-yu, ko‘ngil sal bo‘lsa-da jimirlamaydi. Abuvalining she'rlarini o‘qisam zavqlanaman, zerikmayman, tasvir tiniqligiga qoyil qolaman. Uni chin shoir deb o‘ylayman. To‘qib chiqarilgan she'ri yo‘q: hammasi tabiiy va samimiy. Matnga har qanday jonzot harakati yarashaveradi:

Yavshanday qirma-qir yurdim, yugurdim,
Soching shamolidan
Yiqildim dardmand.
Balki sen suyangan daraxt uchidan
O‘rmalab-o‘rmalab kelguvchi qurtman.

Soch shamolidan yiqilish – antiqa metafora. Sohibjamol suyanib turgan daraxtning uchidan o‘rlamalab kelayotgan qurt tasviri undan ham g‘alati. “Qara bu xotinga, qorochug‘imga/ Keskir badanidan to‘kayotir zang”, “Qip-qizil turnani kutdim o‘ttiz yil, / Yechay deb bo‘ynidan billur halqani”, “Qurtday, qumursqaday yuradi, yuradi,/ Ezg‘ilab o‘ldirsam, ishshayib turadi”, “Sening balchig‘ingda nilufargulday/ Palaklarim tashlab yashadim, illo”,”Devordagi dog‘day mudhish seskanib,/ Toblandim quyoshning dog‘ida, illo”, “Zog‘ ila hasratning qopini sudrab,/ Biror do‘ngu tog‘da, yo dala-dashtda”, “Shamshod daraxtiga ildim halinchak,/ Soldim unga turfa gullar qiqirn./ Qizg‘aldoq bargidan qilibman yo‘rgak”, “Jarangdor soching ham bo‘lar po‘pakli, /Tillaqosh topilar ko‘k sandig‘ida” kabi o‘nlab tig‘iz metaforalarni o‘rik qoqiga o‘xshatib “idrok og‘zida” obdon “shimisangiz” shoirning she'rni yasash usullaridan voqif bo‘lishga kirishasiz. Buning uchun esa o‘qiguvchi ong osti qavatlarini faol ishlatishni bilishi darkor. Agarda o‘sha qavatlar ishlamasa, o‘quvchi shoir bitiklarini astoydil o‘qigani bilan ham uqmaydi.

U nodonlardan xayolot koshonasini qizg‘onadi. Bir she'rida: “Ko‘zingni tiqma, bu mening boshpanam,/ Poygakdan mo‘ltayma, aslo qo‘ymayman”, deydi. Pirovardida yakunda ifodani yanada kuchaytiradi: “Yo‘lu yo‘rig‘ingga yurmasman zinhor,/ Eshit, faryod chiqar o‘pgan toshimdan”, deb qo‘yadi.

Bular mubolag‘ami?
Bular to‘qimami?
Bular yolg‘onmi?

“She'r – chiroyli yolg‘on” demishlar. Agarda shunday bo‘lsa, shoirlar yolg‘onchilardir. Beozor yolg‘onchi ular. Aslida olamning o‘zi yolg‘onchi. Ajdodlarim dunyoning sinonimi sifatida “Yolg‘onchi” atamasini ishlatishni xush ko‘rganlar. Yolg‘onchiligini muntazam ravishda tan olayotgan kishi esa rostgo‘ydir.

Yana bir she'rida: “Kechir, hammasiga ko‘ndim, yolg‘ondir, Shoir Abduvali yashagan emas”, deb iqror bo‘ladi. Yashash nima o‘zi? Ovqat yeyishmi? Hashamatli uylarda xursandchilik qilishmi? Shumi yashash? Shoirlik rutbasi bu fe'llarni rad etadi. Birobarin, el-ulusning uni “sal anaqaroq” deya baholashi “tartibbuzarligi” bilan izohlanadi. Lirik qahramon yolg‘iz va u o‘zining Oy, Quyosh qatorida yeyilishini xohlaydi. U Guldan farzand ko‘rib qo‘ygan:
Do‘stu yordan bezdim,
Raqibdan bezdim,
Alangadan bo‘kdim, og‘ritdi oydin.
Gul bilan o‘ynashib orttirdim bola,
O‘zimga o‘xshagan o‘ksigan, g‘amgin.

So‘z, she'r qadrsizlanishi mumkin; shoirlar o‘zlarining shoir ekanliklarini baralla aytishdan uyaladigan davrlar kelishi ham mumkin; she'riyat chiroyli zaylda o‘lishi ham mumkindir qachonlardir. Ammo baribir “Yo‘q!” degan undov tog‘dek yuksakligicha qolaveradi, tumanlar, tutunlar ortida bo‘lsa ham. Hozirgi davrda shoir o‘lganida ko‘pchilik yig‘lamaydi; qayg‘urmaydi. Lekin adabiyotga daxldor davralarda bir lahza bo‘lsa-da ko‘ngillar huvillaydi, barg yanglig‘ nimadir chirt etib uzilgani bilinadi. Kunimiz shoirlarining qismati mana shundoq.

Yigirma birinchi asr o‘zbek adabiyoti darg‘alaridan biri bilan zohiran xayrlashdi.

Ammo adabiy jarayon botinida uning rangin hayoti davom etaveradi. Kelajak avlodlarning bitiklarida, o‘y-xayollarida, intilishlarida, talpinishlarida… O‘zi aytganiday, ruhan yayrab yashadi. Zotan, gohida ikkilangan, turlangan bo‘lsa-da. Do‘stimizning biroz mungli, biroz quvnoq ovozi yonimizda yangrayveradi:

Dunyoni tark etdim, hur safar etdim,
Yorimla tuyqusu bexabar ketdim.
O‘n besh kun to‘y berdim
Dorulbaqoda…
Yayradim,
Yayradim,
Yayradimaaa.

Qutbiddin ziddiyatli, murakkab, tumanli bir davrda yashab, inson ruhiyati ozodligini istab qalam tebratdi. U she'r yozish shunchaki ko‘ngil ermagi emasligini, balki shu usul bilangina johillikka, munofiqlikka qarshi faol kurashmoq mumkin ekanligini isbotlamoqchi bo‘ldi.

Bahrom Ro‘zimuhammad

8- 12 dekabr. 2019 yil.

Tag‘in o‘qing
12 may 2024
Ko‘rib turganingiz kartina kim oshdi onlayn auktsionda 100 ming so‘mga sotuvga qo‘yilgan edi. Auktsiondan maqsad “Sen kuchlisan” loyihasi doirasida ...
6 sentyabr 2016
Jizzax va Sirdaryo viloyatlari safariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvda Islom Karimov ish topish uchun xorijga chiqib ketganlardan ijirg‘anishini bildirib: «Bunaqalarni ...
23 yanvar 2018
O‘zbekiston oltinini xorijga tashmalash Islom Karimov va uning atrofidagilar tomonidan hali mustaqillikning ilk yillaridan boshlangan edi. Mamlakatning birinchi va ...
29 aprel 2023
Rassom Tuz: Tarix ulug‘ murabbiy. Ustozlar yodi muqaddas.  Matchon Suqulish: Tuz og‘a bugungi gunam ertang uchun tarix. Siz bugunnan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...