«Toshissiqquvvati» issiq suv qimmatligiga xalqning o‘zini aybdor qildi
«Hurriyat» gazetasi bugun xalqning kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi eng og‘riqli nuqtasiga e'tibor qaratib, isitish tizimi va issiq suv bilan ta'minlashda monopol bo‘lgan «Toshissiqquvvati ishlab chiqarish birlashmasi» unitar korxonasi mas'uli bilan suhbatni e'lon qildi.
«Toshissiqquvvati» UK mas'uli issiqlik ta'minoti narxining tinmay oshib borayotgani uchun barcha aybni xalqning o‘ziga yuklab qo‘ygan.
Uning aytishicha, hamma gap iste'molchilarning o‘zlariga bog‘liq. Agar ular yetkazib berilgan issiqlik uchun haqni o‘z vaqtida to‘lasa, tizimdagi barcha tarmoqlarni zamonaviy energiya tejamkor uskunalarga almashtirish, ya'ni modernizitsiya jarayonlarini tezlashtirish mumkin.
E'tiborlisi shundaki, bugun aholi tomonidan eng ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘layotan kommunal xizmat aynan issiqlik va issiq suv ta'minotidir. Bu monopol tashkilot aholining «qonini ichadi», desak yanglishmaymiz.
Agar gapimizga ishonmasangiz, «Toshissiqquvati»ning istalgan tumandagi bo‘limiga borib, ahvolni kuzatishning o‘zi kifoya.
Shunga qaramay, «Hurriyat»da chop etilgan maqolada bu tashkilot xususida xalqning ham yonini olib aytilgan biror so‘zga yoki mulohazaga ko‘zingiz tushmaydi.
Eltuz.com