Asosiy mavzular
7 iyul 2019

«So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat…»

«Ozodlik ohanglari» audiokitobi o‘zbek modern she'riyatining asoschisi Rauf Parfi she'rlari bilan ochiladi. «Eltuz» nashri bu kitobdan o‘rin olgan she'rlarni e'lon qilib borishga qaror qildi. Ularni o‘qish barobarida tinglash ham mumkin.

2007 yili Soros jamg‘armasi ko‘magida chiqarilgan bu loyiha an'anaviy kitoblardan farq etadi.

«Unda tirik ovozning hozir, shu yerda xitob etishi muhim. Chunki bu ovoz qay bir hofizu shoirga tegishli bo‘lmasin, uning ayovsiz so‘zlari hozirgi hayot va hozirgi borliq haqidadir», deyiladi kitob mundarijasida.

O‘zbekiston turmasida necha yillardan buyon iztiroblar iskanjasida xo‘rlangan do‘stim, Ulug‘ Turkiston yozuvchisi Evril Turon sha'niga, asirlikdan ko‘chish ishonchi ila

Muhammad Solihga maktub

Toshturma. Hibsxona
2000 yil 11 noyabr

1.

Ko‘z-quloq ilg‘amas musibatdir bu,
So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat,
Zulm – yovuzlikning eng so‘nggi haddi,
Eng so‘nggi og‘riqning qonli infog‘i.

O‘z ko‘zlarim ichra ko‘rdim, yashadim
Juvoldizlar, qamchinlar-la kesilgan,
Mijg‘ib kuydirilgan tanam ichinda.
Hadsiz haqoratning qa'rida yondim.

Nechun men bundamen? Ne sabab? Nechun?!
Horg‘in, so‘lg‘in quyosh uyg‘otar meni.
So‘ppayib oy botar bulut chokidan.

Nechun men bundamen? Nechun? Bilmadim
Yuzlarcha yuzlashdim o‘limim bilan,
O‘lim meni olmadi, Allohga shukur.

2.

Sizlagan sizlarim loyga botdilar,
Majhul sarob qo‘ynindadir olomon.
Imkonlar bog‘landi, jonlar bog‘landi,
Temir panjaralarga bog‘landi tilim.

Kim bilsin nechun? Qayda ul hakam?
Qayda Haqiqatning qurbi, qudrati?
Nahotki orzular, armonlar bilsa,
Ay, do‘stim, kelajak kelmasa nahot?!

Yo‘q! Yo‘q, fir'avnning ayanch lashkari,
Erkin vijdonlarni yutolmas zulm.
Iymon asirlarin ruhi o‘lmasdir.

Kuldi o‘layotgan dunyoning shakli.
Sizga yuragimdan bir kitob yozdim.
O‘lim olmadi meni. Kitobim bitmas.

Meni tark etma, ey, Jur'at, Jasorat,
Shul erur men uchun umri saodat,
Qovrilsam ishq, alam alangasida.

Dadaxon Hasan

Ayt, bulbul, bormidir ona maskaning,
Rostmidir, yolg‘onmi o‘sha cho‘pchak ham?
G‘oyat sodda erur kaloming saning,
Kuylaganing kuymi xolos yoki g‘am?

Boringda bormidir inja bir najot?
Hofizda Ishq, Alam, qo‘ldan ketgan Erk.
Bag‘riga sig‘dirar seni odamzot,
Hofizni bosishga bag‘irlari berk.

Sen uchunmi, ay Turkiston bulbuli,
Temir qafas to‘qir pastlar, nokaslar?
Ko‘kdan sado keldi – qo‘shiq G‘aroting,

Sochilsin Turonga erkin nafaslar,
Ochilsin gullarning Haqiqat Guli,
Uch, Ishq, Alam bo‘lsin sening qanoting.

Rauf Parfi
«Ozodlik ohanglari»,
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 mart 2019
Toshkentda 8 mart kuni o‘tgan tadbirda prezident Mirziyoev yigirma sakkiz nafar qizga Zulfiya nomidagi davlat mukofotlarini topshirdi. Hali maktabni ...
19 aprel 2023
Hammasi 2022 yil yanvarida Camarqandning Pastdarg‘omida 33 yoshli kam ta'minlangan erkak 31 yoshli ayol uyiga dori olib borgan kundan ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot pasha viz-viziga o‘xshash shovqinlari ...
17 mart 2018
Jurnalist Bobomurod Abdullaev bilan birga davlat to‘ntarishida ayblanib sudlanayotgan tadbirkor Ravshan Saloevning advokati o‘z mijozini aybiga iqror bo‘lishga va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...