Asosiy mavzular
7 iyul 2019

«So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat…»

«Ozodlik ohanglari» audiokitobi o‘zbek modern she'riyatining asoschisi Rauf Parfi she'rlari bilan ochiladi. «Eltuz» nashri bu kitobdan o‘rin olgan she'rlarni e'lon qilib borishga qaror qildi. Ularni o‘qish barobarida tinglash ham mumkin.

2007 yili Soros jamg‘armasi ko‘magida chiqarilgan bu loyiha an'anaviy kitoblardan farq etadi.

«Unda tirik ovozning hozir, shu yerda xitob etishi muhim. Chunki bu ovoz qay bir hofizu shoirga tegishli bo‘lmasin, uning ayovsiz so‘zlari hozirgi hayot va hozirgi borliq haqidadir», deyiladi kitob mundarijasida.

O‘zbekiston turmasida necha yillardan buyon iztiroblar iskanjasida xo‘rlangan do‘stim, Ulug‘ Turkiston yozuvchisi Evril Turon sha'niga, asirlikdan ko‘chish ishonchi ila

Muhammad Solihga maktub

Toshturma. Hibsxona
2000 yil 11 noyabr

1.

Ko‘z-quloq ilg‘amas musibatdir bu,
So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat,
Zulm – yovuzlikning eng so‘nggi haddi,
Eng so‘nggi og‘riqning qonli infog‘i.

O‘z ko‘zlarim ichra ko‘rdim, yashadim
Juvoldizlar, qamchinlar-la kesilgan,
Mijg‘ib kuydirilgan tanam ichinda.
Hadsiz haqoratning qa'rida yondim.

Nechun men bundamen? Ne sabab? Nechun?!
Horg‘in, so‘lg‘in quyosh uyg‘otar meni.
So‘ppayib oy botar bulut chokidan.

Nechun men bundamen? Nechun? Bilmadim
Yuzlarcha yuzlashdim o‘limim bilan,
O‘lim meni olmadi, Allohga shukur.

2.

Sizlagan sizlarim loyga botdilar,
Majhul sarob qo‘ynindadir olomon.
Imkonlar bog‘landi, jonlar bog‘landi,
Temir panjaralarga bog‘landi tilim.

Kim bilsin nechun? Qayda ul hakam?
Qayda Haqiqatning qurbi, qudrati?
Nahotki orzular, armonlar bilsa,
Ay, do‘stim, kelajak kelmasa nahot?!

Yo‘q! Yo‘q, fir'avnning ayanch lashkari,
Erkin vijdonlarni yutolmas zulm.
Iymon asirlarin ruhi o‘lmasdir.

Kuldi o‘layotgan dunyoning shakli.
Sizga yuragimdan bir kitob yozdim.
O‘lim olmadi meni. Kitobim bitmas.

Meni tark etma, ey, Jur'at, Jasorat,
Shul erur men uchun umri saodat,
Qovrilsam ishq, alam alangasida.

Dadaxon Hasan

Ayt, bulbul, bormidir ona maskaning,
Rostmidir, yolg‘onmi o‘sha cho‘pchak ham?
G‘oyat sodda erur kaloming saning,
Kuylaganing kuymi xolos yoki g‘am?

Boringda bormidir inja bir najot?
Hofizda Ishq, Alam, qo‘ldan ketgan Erk.
Bag‘riga sig‘dirar seni odamzot,
Hofizni bosishga bag‘irlari berk.

Sen uchunmi, ay Turkiston bulbuli,
Temir qafas to‘qir pastlar, nokaslar?
Ko‘kdan sado keldi – qo‘shiq G‘aroting,

Sochilsin Turonga erkin nafaslar,
Ochilsin gullarning Haqiqat Guli,
Uch, Ishq, Alam bo‘lsin sening qanoting.

Rauf Parfi
«Ozodlik ohanglari»,
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 oktyabr 2018
Ijtimoiy tarmoqda Jurnalistika universiteti rektori, Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaevning paxta terayotgani aks etgan fotosuratlar paydo bo‘ldi. Birinchi rasmda ...
30 avgust 2021
Prezident Islom Karimov O‘zbekistonni modernizatsiya qildi, deyishganida aslida noto‘g‘ri gapirishadi. Chunki u bunday qilish uchun na keng dunyoqarashga, na ...
15 sentyabr 2023
Aziz asrimizning aziz onlari Aziz odamladan so‘raydi qadrin Fursat g‘animatdir. Shox satrlarla Bezamoq chog‘idir umr daftarin MS. Go‘tarildi shamal. Go‘rindi ...
26 fevral 2020
Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali Termizdagi yangi binoga ko‘chirilgach, uning amaliyot bo‘limidagi jami 45 nafar xodim yoppasiga ishsiz qoldi. ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...