Multimedia
18 yanvar 2019

Audio: Mushukni kim o‘ldirdi?

Turk yozuvchisi Aziz Nesin va rus yozuvchisi Anton Chexovga taqlidan va bo‘lgan voqeaga asoslanib yozilgan «hikoya»

Bu hikoya yana birov-birovga pichoq urgani haqida emas. Shafqatsizlik jamiyatda normal holatga aylangani haqida.

Men shu kunlarda yashayotgan dom oldidagi hovlida bir mushuk yurardi. Oddiy zoti past bir mushuk. Birov erkalamaydigan, balki tepib haydaydigan yaratiq.

Qachondir yomon bolalar uning dumini chopishgan shekilli, yarimtagina dumi bor.

Chap qulog‘i yirtilib, chala bitib hunuk bo‘lib qolgan. Bir ko‘zi lat yegani bois ochilmaydi. U bitta ko‘zi bilan ziyrak nigoh tashlaydi atrofga. Unga tikilib qarardim. U menga qarardi. Nigohda mo‘ltirash yo‘q edi. U birgina ko‘zi bilan qaraganda qorachig‘ida qoplon g‘ururi aks etardi.

Aslida bu mushuk odamlardan xafa ko‘rinmasdi. Ginasi yo‘q edi uning. Ammo negadir odamlar uni sevmasdi.

Barcha mushuklarni «mosh» yoki «murka» deb erkalatishsa, uni tapochka (shippak) deb kamsitishardi.

Har xolda bu mushukni yoqimtoy deb bo‘lmasdi. Tapochka deb chaqirsang bir ko‘zi bilan yalt etib qarab miyovlab qo‘yardi.

Mahalladagi xolalar o‘z bolalariga bu mushukka yaqinlashishni taqiqlab qo‘yishgan edi (kasal-pasali yuqmasin deya).

Ammo quloqsiz bolakaylar bu mushukka ozor berishdan zavq olishardi.

Bolalar unga sosiska bo‘lagini ko‘rsatib, «ke, tapochka shuni yegin» deb chaqirishardi. Mushuk yugurib kelganida esa bolalar uning ustiga eski chelakni to‘ntarib qo‘yishardi.

Bolalarning bu qilig‘iga qarab, nega biz shafqatsizmiz, insonlik o‘ldimi, nega biz ojizni ezishdan zavq olamiz, deb o‘ylardim.

Ba'zan kattaroqlar ham ermakka bu mushukka ozor berishadi.
Doim portalga xat yozib, «uy beringlar» deb yuradigan amaki bu mushukning ustiga qaynoq suv quyib, xoxolab kulgan edi.

Mushuk og‘riqdan mujmayib, sabr bilan nari ketardi. Uning ketiga tepishar va tosh otishardi.

Mushuk buni xunukligi uchun berilgan jazo deb o‘ylab, odamlarga kechirim so‘ragan kabi boqardi, birgina ko‘zi bilan…

Odamlar hayotdagi butun qiyinchiliklar uchun shu mushukdan qasos olayotgan kabi ko‘rinardi.

Bir marta mushuk ovqat so‘rab, kimningdir oshxonasiga kirganida eri Rossiyaga ketib qolgan kelin uning oyog‘ini eshikka qisib, jonini og‘ritdi.

Shundan keyin u cho‘loqlanib yurdi. Oyog‘i sekin bitdi.

Baribir mushuk bu alamzada kelinchakni kechirib talpindi.

Mushukning beozorligi, gina saqlamasligini ko‘rgan qo‘shnilar zulm portsiyasini oshirishdi.

Hovlidagi daydi itlarni mushuk tarafga qarab quvishdi. Panjalari lat yegan mushuk tez yugurib, kuchukdan qocha olmasdi.

Men balkonda o‘tirib, ko‘ppaklar changalidagi mushuk faryodini eshitib, yugurib chiqdim.

Inson nidosiga o‘xshardi bu.

Men tayoq olib, itlarni haydab, mushukni qutqardim. Kir, irkit ko‘ppaklar irillagancha orqaga tisralishdi. Ularni gij-gijlagan alkash amakilar esa tirjaygancha badar ketishdi.

«Tapochka» laqabli mushuk qoniga belanib, xirillab yotardi. Mushukni ehtiyotlik bilan quchog‘imga olib, uyga olib kirdim. Balkondagi qamishdan to‘qilgan kursiga qo‘ydim mushukni. Mushuk odamning rahmi keladigan darajada qayg‘uli bo‘lib, harakatsiz yotardi.

Birdan o‘ylab qoldim. Shu mushuk biz emasmi? Urilgan, surilgan, talangan. Irodasi sindirilgan…

Faqat mushuk biz kabi nafratlana olmaydi…

Kursi ustidagi mushuk xirillay boshladi. U xirillagan sari nafasi tiqilib qolayotgandi.

Uning boshini silagim keldi, ammo silamadim. Joni og‘rimasin dedim.

Mushuk birdan miyovlamoqchi bo‘lib urindi. Ha! U rahm qilgan odamga minnatdorlik uchun miyovlashga harakat qilar edi.

Joni og‘riyotgan bo‘lsa ham ko‘rsatilgan mehrga tashakkur aytmoqchi edi.

Men uni sekingina kursi ustidan olib, tizzamga qo‘ydim. U kallasini ko‘tarib, yolg‘iz ko‘zi bilan menga qarab mehr ko‘rgizdi.

Kallasini kaftimga ishqab erkalandi…

Mushuk mening tizzamda o‘ldi.

Boshini bir ko‘tardi. Butun badani so‘nggi marta taranglashib tortishdi. Keyin qotdi-qoldi. Endi u xirillamas, nafas ham olmasdi.

Men tizzamdagi o‘lik mushukka qarab, uzoq o‘tirdim. Ichim g‘ussaga to‘ldi. O‘zim va qo‘shnilarim haqida o‘ylardim. Nega biz kuchliga sig‘inamiz. Zaifni esa ezamiz.

Umr bo‘yi daydi bo‘lib o‘tgan bu mushukning mehrga tashnaligi va ko‘rsatilgan ozgina mehr uchun astronomik darajada minnatdorlik ko‘rsatgani meni g‘ussaga to‘ldirdi.

Birdan eski hikmatni tushundim. Har bir tana ichida qalb yashaydi.

Assalom, O‘zbekiston. Juma muborak.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 may 2021
O‘zbekistonda yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma respondentlarning 10 foizdan ko‘prog‘i oiladagi zo‘ravonlikka qarshi emasligini ko‘rsatdi. Bu mamlakatdagi gender munosabatlardagi tashvishga soladigan holatdir. Bu haqda Eurasianet nashri yozdi. 15 may kuni BMTning Oila xalqaro kuniga bag‘ishlab ...
28 sentyabr 2017
Andijon shahrida 26 sentyabr kuni kuchishlatar tizim xodimlari noqonuniy valyuta savdosi bo‘yicha reyd o‘tkazdi. «O‘sha kuni kamida 40 ta ...
2 sentyabr 2016
Samarqand markazidagi qabriston O‘zbekistonni 27 yil boshqargan marhum hukmdorni dafn qilishga hozir. O‘zbekistondagi ”Eltuz” muxbiriga ko‘ra 1 sentyabrdan beri ...
16 sentyabr 2021
O‘zbekistonda turk sarmoyasi asosida ishlaydigan to‘qimachilik shirkatining sobiq rahbari¸ 60 yoshli turk vatandoshi Najat Taylanli “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...