Asosiy mavzular
17 yanvar 2019

Samarqand internatidagi “shantajchi bola”ning iqrori

Jurnalist Karimberdi To‘ramurod o‘zining feysbukdagi sahifasida Samarqanddagi 64-maxsus maktab-internat direktori Shuhrat Sadinov aslida shantaj va tuhmat qurboni bo‘lgani, uning ustidan sakkiz yilga qamash qarori qabul qilingani adolatsizlik mahsuli ekani haqida yozdi.

Jurnalist voqealarning bunday tus olishiga “Daryo.o‘z” saytida voqeaning butunlay “oyog‘i osmondan” qilib bayon etilishi sabab bo‘lganiga ishora qiladi.

Daryo”da e'lon qilingan maqolada mazkur maktab-internetda tarbiyalanuvchilarga nisbatan zo‘ravonliklar qilingani, o‘quvchilar ayovsiz kaltaklanib kelingani kabilar haqida so‘z borgan edi.

K.To‘ramurodning yozishicha, aslida voqea butunlay boshqacha bo‘lgan. Ya'ni “Antique World” xalqaro ilmiy akademiyasi professori, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni sohibi, Xalq ta'limi vazirligi, xalq ta'limi boshqarmasining qator faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan murabbiy, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi Shuhrat Sadinov o‘zi ishga yuborilgan 64-maktab-internatda tartib-intizom o‘rnatgan, ta'lim-tarbiyaning sifatini talab qilgan, dars qoldiradigan, kechikib keladigan, o‘zini munosib tutmaydigan tarbiyachi va muallimlarning ayrimlarini ishdan haydagan bo‘lsa, ayrimlariga intizomiy chora ko‘rgan.

“Shundan so‘ng ana shunday chora ko‘rilganlardan biri, internatning ichki tartib-qoidalarini bir necha marta buzgan, nomunosib harakatlari uchun pedagogik kengash tomonidan muhokama qilingan, intizomiy jazoga tortilgan TARBIYaChI OPA direktor Sh.Sadinovga qarshi “tish qayrab”, o‘zi singari ayrim “alamzada” tarbiyachilar bilan til biriktirgan. Tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalari bilan kelishib olib, Sh.Sadinovni “ag‘darish” rejasini tuzgan. O‘zining qing‘ir ishlari uchun bolalarni yollagan. Jinoiy guruh – “shayka” tuzgan. Bu ishlarning hammasi uning kuch ishlatar tizimda ishlaydigan erining ko‘rsatmalari asosida olib borilgan.

“Shayka”dagi bolalarga “juchok”lar, ya'ni yashirin kuzatuv kameralarini tarqatgan va ularni o‘zi tayinlagan joylar, direktorning kabineti, oshxona, yotoqxona, dam olish xonasi va boshqa yerlarga o‘rnatib qo‘yishlarini buyurgan. Bolalarni qo‘lga tushib qolsa, qamatib yuborish bilan qo‘rqitgan”.

“Tarbiyalanuvchilardan birini obdon “tayyorlagan” tarbiyachi opa unga bolalar mehnat mashg‘ulotlarida ishlayotgan vaqti suratga tushirishni, tekshiruvchilar kelganda esa “hushidan ketib”, o‘zini kasalga solishini tayinlaydi. O‘qituvchilar uni urib, “mazasini qochirgani”ni aktyorlardek ijro qilib berishni o‘rgatadi”, deb yozadi jurnalist.

Ma'lum bo‘lishicha, doktorlar bolaning hushdan ketishlari soxta ekanini sezib qolganidan so‘ng tarbiyasi opa bolani telefonda “bir sersoqol, qop-qora, badjahl” orqali yana qo‘rqitadi va bola shantajni davom ettiradi.

“Tarbiyachi opa o‘zi o‘rnattirgan “juchok”lar yordamida kerakli dalillarni yig‘ib bo‘lgach, bu mitti videokameralarni yig‘ishtirib olishni buyurgan va shundan keyin rejasi bo‘yicha hujumga o‘tgan. Sh.Sadinovga nisbatan g‘arazli maqsadda tuhmat va soxta dalillar bilan respublika huquq-tartibot idoralariga shikoyat xati uyushtirgan”, deydi K.To‘ramurod. 

Natijada bu shov-shuv ortidan prokuratura Sh.Sadinovni qamoqqa olib, OAVga hali tasdiqlanmagan da'volar asosida xabar berib yuboradi.

Tergov jarayonida jabrlanuvchi deb sanalgan bolalar ularni Sh.Sadinov hech qachon urmagani, advokatlar esa qo‘yilayotgan ayblar tuhmat ekanini har qancha isbotlamasin, bu holatlar sudda inobatga olinmagan. Buning o‘rniga jinoyat ishini yanada og‘ir moddalar bilan to‘ldirishga urinishlar bo‘lgan.

“Sadinov ozodlikka chiqsa, uyimizni kuydiradi, degan prokuratura va sud idoralari xodimlari uning uzoq muddat qamoqda bo‘lishi uchun … yo‘q imkoniyatlarni ham ishga soldilar… Sadinovga o‘ndan ortiq moliyaviy jinoyat ham “elimlandi”. Bunda hatto Moliya vazirligining Sadinovning faoliyatida kamchilik yo‘qligi haqidagi xati ham e'tiborga olinmadi”, deyiladi jurnalistning maqolasida.

Karimberdi To‘ramurod maqolasiga tarbiyachi opaning qistovi bilan o‘zini hushidan ketganga solgan, ya'ni sobiq direktorni “shantaj” qilgan bolaning iqrorlari keltirilgan audioyozuvni ham ilova qilgan.

Bu audioyozuvda “shantajchi bola” deb aytilayotgan tarbiyalanuvchi jurnalist maqolasida keltirilgan ko‘plab faktlarni tasdiqlaydi. Bola unga maktabdagilar hech qanday yomonlik qilmaganini tan olgan.

Agar bu audiyozuvning haqiqiyligi, bolaning aytganlari o‘z tasdig‘ini topsa, qolaversa, apellyatsiya sudi mazkur iddaolarni inobatga olsa, Shuhrat Sadinov ishi butunlay teskari yo‘nalishda davom etishi kerak.

Voqea shunday rivojlansa, ishning shu darajaga yetishiga sababchi bo‘lgan prokuratura va sud organlari xatti-harakatlariga ham qonuniy baho berishga to‘g‘ri keladi. Lekin adolat qaror toparmikin?

Jurnalist o‘z maqolasida audioyozuv egasi bo‘lgan bolaning oilasiga borib, ota-onasi huzurida, hech qanday bosim yoki tahdidsiz videotasvirga ham olgani, viloyat sudiga taqdim etiladigan bu tasvirlarni sud tugaguncha e'lon qilmay turishni lozim topganini bildirib, Samarqand viloyati sudi ishni ko‘rgach, yana mavzuga qaytishga va'da bergan.

Audio: https://youtu.be/SYeOXqI0DBs

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 yanvar 2021
Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 38 yoshli Dilmurod Abdurahmonov 5 yoshli qizi Afro‘zani ikki yildan buyon to‘yma-to‘y olib yurgan. Buning uchun u ...
20 dekabr 2023
Mana bu tarixiy suratni eslaysizmi? «Hududgazta'minot»ning kishanlangan Toshkent viloyat bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Aliev. Uning qo‘liga kishan solishni kimsan o‘sha ...
13 dekabr 2016
2006 yilning aprelida uni hibsga olishgan payti A'zam Farmonov 27 yoshda edi, bugun u 38 yoshga to‘ldi. Yangi prezidentning ...
22 sentyabr 2017
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Bosh vazir ishtirokidagi majlisda berilgan ko‘rsatmadan so‘ng, paxta terimida qolayotgan Oliy o‘quv yurti talabalari uylariga qaytarilmoqda. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...