Shoirlari kitob o‘qigani uchun tergov qilinadigan davlat
“Bu maktubni sizga yozayotgan paytimda xorazmlik adabiyot ixlosmandlari viloyat IIB binosi oldida norozilik piketi o‘tkazib turibdi.
Ularning talabi o‘ta oddiy. Kitob o‘qigani yoki sumkasidan badiiy kitob chiqqani uchun qilinayotgan tazyiqlarga nuqta qo‘yilishini istashadi.
Xorazm viloyatida kriminogen vaziyat yomonlashgan bir paytda tergov boshqarmasi “kim Muhammad Solihning she'rini o‘qidi”, degan “jinoyat” taftishi bilan oylab shug‘ullanishi uyat, isnod va isrof.
Mashina o‘g‘rilari, kissavur va firibgarlik bilan bog‘liq o‘nlab jinoyatlar ochilmay yotibdi.
Qotillik, nomusga tegish kabi jinoyatlar chandon urchigan bir paytda davlat pulini behuda sovurib, kim nima kitob o‘qidi, deya tergovchilarni band qilishi kulgili emasmi, janob general.
“Siyosiy politsiya” bo‘lishning samarasizligini tushunasiz. Kitob o‘qigan odamning bolasisiz. Shu yurt shoiri Mahmud Rajab shu millatning ulug‘ shoiri Muhammad Solihning badiiy asarini o‘qigani jinoyat emasligini mendan ham yaxshi tushunasiz.
Kalendarga qarang, 2019 yil deb yozilgan, 1937 emas.
Janob Po‘lat Bobojonov, soliqdan kelgan pulni behudaga sovurmang.
Davlat pulini jinoyatchilikni kamaytirishga¸ qotil va kissavurlarni ushlashga sarflang.
Men sizni tushunadigan odam deb bilib erinmay bu satrlarni yozdim.
Internet asrida “falonchi pistiyon kitob” o‘qibdi deb odamlar ta'qib qilinadigan mamlakat ochiq shaffof mamlakat emas.
Shoirlarni kitob o‘qigani uchun tergov qiladigan davlat erkin emas.
Rassom Tuz
Eltuz.com