Asosiy mavzular
4 fevral 2020

Mulozimlar daromad deklaratsiyasi taqdim qiladimi?

3 yil oldin besh-olti karchalon-u, va katta ehtimol bilan, tashqi siyosiy kuchlar ishtirokida o‘zini o‘zi prezident qilib saylab olgan Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatnomasi yanvar oyining eng shov-shuvli voqeasi bo‘ldi. 

Prezident o‘z murojaatida O‘zbekistonda barcha sohalarni allaqachon zabt etgan korruptsiyani bartaraf qilish kerakligiga alohida to‘xtaldi. Yaqin kunlar ichida amaldorlarning daromadlari deklaratsiya qilinishiga urg‘u berdi. 

“Amaldorlarning bir yillik oyligidan nima qilish mumkin, nechta kostyum olishi mumkin, oilasining topgani bilan nima qila oladi, Prezidentning oyligi bilan nima qilish mumkin, boshqa kattalarning oyligi bilan nima qilish mumkin – hammasini yozib boramiz. Biz bunga juda katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, – dedi davlat rahbari.

Prezident «otashin” nutqini davom ettirarkan, agar amaldorning mol-mulki uning daromadiga nomuvofiq bo‘lsa, u holda buni izohlab berishiga to‘g‘ri kelishini ta'kidladi. 

“Bularni qaerdan oldingiz, deb so‘raladi. Amaldor yozib beradi. Yo‘qsa, to‘ningni tashla-da, xalqning ichida rahbar bo‘lishga haqqing yo‘q. Qonun oldida javob beradi”, dedi u mag‘rurona. 

Rosti, prezidentning bu so‘zlari hali ham soddaroq va ishonuvchanroq bo‘lgan xalqni odatdagidek jo‘shqinlashtirib yubordi. 

Biroq bunday balandparvoz gap-so‘zlarni eshitaverib diydalari qotib ketgan, davlat rahbarining so‘zlariga ishonmay qo‘ygan xalqning hafsalasini pir qildi. 

Ko‘pchilik hatto prezidentning ushbu gaplari hamma amaldorlarga birday tatbiq etilishiga ishonmadi. 

Prezident aytayotgan mulozimning xarajat va daromadini tekshiruvchi korruptsiya agentligi tashkil topgunga qadar shu kungacha «halollik vaktsinasi» yetishmayotgan amaldorlar halollar safiga o‘tib olishlari, hatto kam daromad topuvchi shaxslar toifasiga mansub bo‘lib chiqishlari ham mumkinligini bashorat qilishdi. 

Shavkat Mirziyoevning davlat idoralarining shaffof ishlashi uchun zamin yaratishga, amaldorlarning daromadlari bo‘yicha hisobot berishini qonuniylashtirishga urinishi albatta tahsinga loyiq. 

Biroq Mirziyonning bu ishlarni amalga oshirishi dargumon. Chunki, o‘zi aytganidek, korruptsionerlarning hammasi shundoq yonginasida. 

Yangi tashkil etilajak agentlik, bordiyu Mirziyoevning atrofidagi korruptsionerlarga ko‘z yumib, boshqalarni jazolashga o‘tsa, bu ishlar hech qanday ijobiy natija bermasligi aniq. 

Axir joyida qolgan kallaning bo‘ynidagi bo‘yinbog‘ini yechib tashlash orqali biror o‘zgarishga erishib bo‘ladimi? 

Shavkat Mirziyoev amaldorlardan deklaratsiya talab qilishni hech bo‘lmasa jiyani Abbos Mirziyoevdan boshlasa, xalq prezidentning shijoatiga ozgina bo‘lsa ham ishonarmidi?!

Eltuz.com muxbiri

Tag‘in o‘qing
29 oktyabr 2018
O‘zbekistonda majburiy mehnatni tashkil etishning asosiy ijrochilari kuchishlatar tuzilmalar, ya'ni asosiy faoliyati qonunni himoya qilish bo‘lgan idoralardir. Bu idoralarni ...
11 aprel 2020
O‘zbekiston xalq shoiri, satirik va yumoristik janrdagi kitoblar muallifi Anvar Obidjon 73 yoshida 11 aprel kuni olamdan o‘tdi. Bu ...
20 fevral 2017
Besh yil burun Shvetsiyaning Stromsund shaharchasida yollanma qotil tomonidan otib ketilgan taniqli imom Obidxon Nazarovning yaqinlari uning ancha tuzalib ...
17 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 28-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...