Asosiy mavzular
7 fevral 2020

O‘rkachini yorib yog‘ini olsangiz ham baqirmaydigan tuyalar

Mana, yana hafta aylanib, siz bilan yuzma-yuz ko‘rishib turganimdan mamnunman. Jadvalga rioya qilish va intizom yaxshi narsa. 

Bir katta og‘amizning o‘g‘li o‘z itini qanday tarbiya qilganiga guvoh bo‘lgandim. U o‘z buyruqlariga it so‘zsiz itoat qilishini istardi. 

Buyruqlarga itoat qilgan it egasi qo‘lidan go‘shtli suyak oladi. Itoat qilmagan taqdirda ayovsiz kaltaklanadi. 

Bu og‘amizning o‘g‘lini diktator deb, uning o‘z iti bilan munosabatini diktatura deb atasak.

Xo‘sh, kim u diktator? Diktatorning qattiqqo‘l avtoritar rahbar yoki intizom talab qiladigan menejerdan farqi nima?

Diktátor (dictato) lotincha dicto, ya'ni buyuraman degan o‘zakdan yasalgan so‘z. Tarixda ilk marta qadimgi Rimda shunday lavozim bo‘lgan. 

Mamlakat qiyin ahvolga kelib qolganida senat qaroriga ko‘ra konsullar tarafidan faqat 6 oy muddatga saylab qo‘yiladigan lavozim. Mamlakat urush tahdidi ostida qolganidagi yoki tabiiy ofatlarni bartaraf qilish paytidagi boshliqqa diktator deyilgan.

Diktatorning aytgani aytgan, degani degan bo‘lgan. U gapirganida hamma qo‘liga qog‘oz qalam olib tikka turgan holda yozib turishi kerak. 

Kulmang, nega kulasiz? Chunki o‘zbekning yoshu qarisi ko‘rgani faqat diktator bo‘lgan. 

O‘zbeklar diktatorni sevadigan xalq. Sovet davrida Stalinu Leninga atab eng ko‘p madhiya yozgan o‘zbeklar bo‘lgan. Bugun O‘zbekistondagi adiblar maydonida haykali tikilgan shoir zotining hammasi Lenin, Stalin, Brejnevu Rashidovlarga atab madhiya yozgan. 

Har safar bu xalq ustiga yangi diktator tayinlanganda shoirlari o‘rtaga chiqib, “Keldi xush, gulgun zamon, hammomga boshlanglar meni”, deb she'r ayta boshlaydi.

Prezident Oliy sud raisiga qarab, anovi kalamushni qama, deb baqirgani ortidan palonchi qamalsa, demak siz diktator boshqaruvi ostidasiz.

Ammo diktatorlar faqat bizning boshimizda o‘tirar ekan, deb mayus bo‘lmaylik. Yangi dunyo tarixi diktatorlar bilan to‘la. Ular haqida xabarlardan keyin gapirsam

O‘zbekiston xabarlari

Hafta boshida O‘zbekistonga AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo kelib, mamlakatga islohotlarni davom ettirish uchun 100 million dollar ajratishga va'da berdi. 

4 fevralda O‘zbekistonnig 250 nafar fuqarosi koronavirusga chalinayotganlar soni kun sayin oshib borayotgan Xitoydan maxsus reys bilan olib kelindi. Ularning barchasi ikki haftalik karantinga joylashtirilgani xabar qilindi.

Keyin yana ikkita reys bilan yuzlab o‘zbeklar Xitoydan vatanga qaytarib kelindi. 

Prezident Mirziyoev bojxonada korruptsiyani tugatishga ko‘rsatma berdi. Amalda bu topshiriqni bajarish mumkinmikin? 

Chet el xabarlari

Qo‘shni sirli mamlakat – Turkmaniston yangiliklari. Uning prezidenti Berdimuhammedov davlat tashkilotlari xodimlariga oq tushgan sochlarini bo‘yashni taqiqladi. O‘zi o‘tgan yildan boshlab sochlarini bo‘yamay qo‘ygani uchun xodimlari undan ulgi olishi zarurligi uchun shunday qildi. 

Diktatorlar haqida gapirayotgandik. Masalan, O‘zbekistonning marhum prezidenti Karimov eng yovuz diktatorlar o‘nligidan joy olgan edi.

Hozirgisi ham diktatorlikning chandon hadisini olgan. Lekin na Karimov, na Mirziyoev kichkina bolalarni tovada qovurib yemagan. Shunga ham shukur qilaylik. Holbuki, shunday diktatorlar tarixda bo‘lgan.

Dunyoning ashaddiy diktatorlari 

Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Jan-Bedel Bokassa SSSR va Frantsiyaning katta do‘sti edi. U Moskvada, hatto Artekda bo‘lgan va pionerlar safiga qabul qilingandi.

Bokassa rus taomlarini shunchalik xush ko‘rganki, o‘ziga sovet oshpazini yollagani, ammo u oshxonada inson go‘shtini ko‘rganidan so‘ng Afrikadan tezda qochib qolgani aytiladi. 

1976 yilda Bokassa o‘zini MAR imperatori deb e'lon qildi va taxtga chiqishini dabdabali nishonladi. Bu tantanaga mamlakat yillik eksportining beshdan bir qismi sarflandi. Uning uchun nufuzli markadagi yuzta avtomobil va og‘irligi ikki tonna keladigan oltin taxt xarid qilindi. 1979 yilda esa taxtdan ag‘darildi.

Sovet Ittifoqining yana bir do‘sti Idi Amin 1971 yildan 1979 yilgacha Uganda hukmdori bo‘lgan. Hokimiyat tepasiga chiqqanining ilk kunlaridanoq mamlakatda keng ko‘lamli terror uyushtirdi: uning siyosiy raqiblari murdalarini dafn etib ulgurib bo‘lmasdi, shuning uchun ularni timsohlarga yem qilishga to‘g‘ri kelardi.

O‘zining eng katta raqiblarini shaxsan o‘ldirardi. Amin davrida Uganda maxsus xizmatlari tasodifiy o‘tkinchilarni o‘ldirib, keyin ularning yaqinlaridan pul talab qilib kun kechirardi. 

Bolalarni (uning 40 dan ortiq farzandi bor edi), poyga avtomobillarini, Disney multfilmlarini va odam go‘shtini yaxshi ko‘rardi. Adolf Gitlerni hurmat qilardi, hatto unga haykal o‘rnatishni xohlagandi. Yana o‘zini dabdabali va g‘alati unvonlar bilan siylashni xush ko‘rardi. Masalan, Yerdagi barcha hayvonlar va dengizdagi barcha baliqlar hukmdori. 

Fransisko Masias Ngema Ekvatorial Gvineyaning birinchi prezidenti. Hokimiyatga kelishi bilan bir qancha islohotlar o‘tkazdi: barcha gazetalar, kutubxonalar va davlat maktablarini yopdi hamda sobiq ispan koloniyasining harbiy elitasini va uning kam sonli ziyolilarini yo‘q qildi. 

Hukmronligining so‘nggida na ta'lim, na do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari, na elektr qolmagan bu mamlakatda 50 ming kishi o‘ldirildi, 100 ming odam (o‘sha paytdagi aholining uchdan biri) qochib ketdi. 

Mamlakat valyuta zaxiralarini o‘z uyida saqlagan Ngema ularni o‘zining tus jiyani Teodoro Obiang Ngema Mbasogo tomonidan 1979 yilda taxtdan ag‘darilishi arafasida yoqib yubordi. 

O‘zining diktator amakasidan uncha farq qilmaydigan Teodoro hozirgacha taxtda o‘tiribdi. 2003 yilda u o‘zini rasman «Osmondagi xudoning timsoli» deb e'lon qildi. 

Navbatdagi qahramon Kongo Demokratik Respublikasi diktatori Mobutu Sese Seko Kuku Ngbenduva za Banga (1965-1997).

Hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakat nomini Zairga o‘zgartirdi, o‘ziga xos Zair millatchiligi siyosatini e'lon qildi, kichik va o‘rta biznesni natsionalizatsiya qilib, yurtini iqtisodiy tanazzul va giperinflyatsiyaga yetakladi. 

Boshqa qahramonliklaridan tashqari aholiga yevropacha kostyumlar kiyishni taqiqlagani bilan mashhur. 

Bu esa Afrika g‘arbida joylashgan Liberiya Respublikasining sobiq diktatori Charlz Teylor. Uni ko‘p sonli qotilliklar, qiynoqlar, zo‘rlashlar hamda narkotik va olmoslarning noqonuniy savdosida ayblashadi.

U «qonli olmoslar» savdosidan kelgan pulni Serra-Leonedagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflagani aytiladi. 

Bu qo‘shni mamlakatdagi 1991-2001 yillardagi fuqarolar urushi davrida isyonchilar tinch aholiga nisbatan o‘ta shafqatsiz munosabati bilan shuhrat qozongan, ular odamlarning qul va oyoqlarini kesib tashlagan. 

Siz mashhur Muammar Kaddafiy – “Liviya Arab Xalq Sotsialistik Jamohiriyasining birodar yetakchisi va rahbari” haqida albatta eshitgansiz.

1979 yildan 2011 yilgacha Liviyaning o‘zgarmas hukmdori. Diktatorlik boshqaruvining so‘nggida qotilliklar va noqonuniy qamoqqa olishlarda ayblanib, Xalqaro jinoyat sudining hibsga olish to‘g‘risidagi orderiga loyiq ko‘rilgan. 

Uning hayoti qanday tugaganini bilasizmi?

U isyonchilar tomonidan sudsiz-so‘roqsiz o‘ldirildi. Hamma ko‘rishi uchun uning jasadi supermarketga qo‘yildi.

Diktatorga xos taqdir.

Janubiy Amerikada joylashgan Venesuela prezidenti Maduro hokimiyat tepasiga 2013 yilda, boshqa bir diktator Ugo Chavesning o‘rniga kelgandi. Bu ikki «inqilobchi kommunist» tabiiy qazilmalarga boy mamlakatni tanazzulga yetakladi. 

Venesuela dunyoda neftning aniqlangan zaxiralari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi, ammo elektr energiyasi o‘chirilgani va yoritish chiroqlari sindirilgani sababli tunlari Karakas ko‘chalari zulmatga cho‘madi. Toza suv va dori-darmon yetishmaydi. 

Ko‘plab oilalar hech kim tashib ketmaydigan chiqindilar orasidan o‘ziga yegulik izlashga majbur. O‘n minglab venesuelaliklar Kolumbiya va Braziliyaga ketmoqda. 

Ammo diktator mamlakatni boshqara olmay qolgani uchun hokimiyatdan shundoqqina voz kechishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. 50 yil avval mintaqada eng boy hisoblangan mamlakat aholisi oziq-ovqat uchun soatlab navbatda turadi, yegulikka almashish uchun metallolom izlaydi va yurtini tark etadi.

Boya aytganimdek, diktatorning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladi. U oq desa oq, qora desa qora.

Tarixiy genetik xotira

«Testga ishonmayman, rassomlar matematikadan test topshirmasin, ashulachi qishloqqa borib qo‘shiq aytsin, likkillab qo‘shiq aytadiganga xalq artisti berilmasin, dabadabali to‘y qilishga yo‘l qo‘ygan hokimga hayfsan berilsin».

Mirziyoev bu va boshqa o‘nlab takliflarni 3 avgustdagi bitta majlisda aytdi.

Davlat rahbari aytayotgan shu takliflarnig har bittasini xabar qilsa arziydi. 

Zotan, bitta majlisning o‘zida maqomchilik va diktorlik maktablari yaratish va ularga Abduhoshim Ismoilov va Abzal Rafiqovni direktor qilib tayinlash taklifi ham prezidentdan chiqdi. 

Sheralidan boshqa barcha xalq artistlari kollejga direktor bo‘lsin, deyildi. Bu eshitgan odamning qulog‘iga yoqadigan gaplar. Siyosatda buni diktatorning aljirashi deb atashadi. Ko‘pincha bu aljirash ritorikasi o‘sha majlisning o‘zida qolib ketadi. 

Masalan, Turkiyaning sobiq bosh vaziri Demirel xalq bilan uchrashuvida har bir turkka ikkita kalit va'da qilgan edi – kvartira va avtomobil kaliti.

Demirelning ismi temir qo‘l bo‘lsa ham diktator emas edi,  shu bois keyingi yig‘ilishda xalq undan «kalit qani», deb so‘radi.

Bosh vazir «Kechaning gapi bugunga to‘g‘ri kelmaydi», deb javob qaytardi- qo‘ydi.

O‘zbek qavmi rahbarga va'dani bajarmaslik haqida eslatishdan andisha qiladi. Masalan, hech kim «Qani tovuq, qani tuxum, qani echkining suti va limon», deb so‘ramadi.

So‘rasam go‘shtning narxi yana balandlaydi, deb irim qiladi.

Bu qavm faqat «qo‘llab-quvvatlaydi». Tarixiy xotira bor bu qavm genida.

Gap boshqa – amal boshqa

Gorbachyovning aroqqa qarshi ma'rakasini qo‘llab-quvvatlab turib, «choynakka aroq solib ichishni kashf qilgan» bu qavm Mirziyoev qarori bilan joriy qilingan echki, tovuq uchun bankdan kredit olib, pulni to‘yga yo bolasini institutga kiritish uchun poraga sarflashni ham «uddalaydi». 

Yasha, uddaburon.

Ya'ni tashqaridan o‘zini Mirziyoev gaplari «qulog‘iga yoqqandek qilib ko‘rsatgan» bu qavm baribir o‘z bilganidan qolmaydi.

Karimov «Dabdabali to‘y qilma», deganida TVga chiqib Behbudiyni eslagan mulozim sal o‘tmay Samarqandning Registon maydonida to‘y qilgani esimda. 

Men eslamasam, yutub eslaydi. Yutub o‘zbek mulozimlarning dabdabali to‘ylari aks etgan videolar bilan to‘la.

Bir professor TV ga chiqib, «Oliygohlarni bitirib diplom olgan mutaxassis respublikaning olis joylariga borib ishlasin. Vatanning har bir nuqtasi aziz», deb aytganida ta'sirlanib ko‘zim namlangan edi.

Ammo bir hafta o‘tib bu professorni tog‘amning uyida ko‘rib qoldim.
Bu professor vazir bo‘lib ishlaydigan tog‘amdan institutni bitirgan o‘g‘lini Toshkentda ishda qoldirish (albatta, vazirlikda) iltimosi bilan kelgan edi….

Kasalning xarxashasi

Mavzu diktatura haqida edi. O‘z vaqtida marhum Turkmanboshi Saparmurod Niyozov haqida maqolalar yozish asnosida diktator xarxashasi nimaligini ancha o‘rgangandim.

«Nega dorilarning ustiga lotincha analgin deb yozadi¸ bosh og‘rig‘i dorisi deb yozsak hamma tushunadi», degan edi marhum. 

Va bu gap turkman xalqi va «ziyoli»larga yoqqan edi. Bir kun o‘tib qutisiga «Bosh og‘rig‘i dorisi» deb yozib ham qo‘yishdi.  Ammo bu bilan siyosatning asosiy bosh og‘rig‘iga davo topilmadi.

Iqtidorga kelgan siyosatchidan islohot kutiladi. Kasal odam uyiga doktor chaqirsa, undan davo kutadi.

Doktor kelib latifa aytib qaytib ketsa, kasal ham, uning yaqinlari ham g‘alati ahvolda qoladi.

Singapurning qaddini ko‘targan Li Kuan Yu, Gruziyada korruptsiyani yo‘q qilgan Saakashvili, Rossiyada bozor iqtisodini joriy qilgan Yegor Gaydar, 1979 yilda Britaniya iqtisodini isloh qilgan Margarit Tetcher aynan jiddiy va kasal ko‘z yoshiga ichi achimaydigan doktor kabi ish tutishgan edi.

Natija esa tarix hukmida turibdi.

Karimov diktaturasiga 25 yil bangi bo‘lgan 33 millionlik qavm endi o‘zining «lomkasini» Mirziyoevga sodiqlik bilan davolamoqchidek.

Shu o‘rinda men chor davridagi islohotchi Stolipinning 1907 yilda Rossiya Dumasi deputatlariga qarata aytgan mashhur gapini sal o‘zgartirib so‘ngso‘z qilsam:

«Janoblar, sizga buyuk hayajon kerak, bizga esa isloh qilingan kuchli davlat kerak».

Diktatorni ag‘darish huquqi

Suhbatdan diktator yomon, degan xulosa chiqdi. Bu yomonlikdan qanday qutulish mumkin? 

Tarixni har kim har hil talqin qiladi, ammo hamma gap uni o‘zgartirishdadir.

Bu o‘zgartirish huquqi bizning qo‘limizda. Eng g‘aliz o‘zbek konstitutsiyasida ham hokimiyating birdan bir manbai xalq, deb yozilgan.

Demokratik tamoyillar diktaturani qurol bilan ag‘darish huquqini so‘nggi chora sifatida kafolatlaydi. Isyon tabiiy huquq hisoblanadi va ijobiy huquq tamoyillari tasdig‘ini talab qilmaydi.

Zulmga qarshi kurash – huquq asosi, diktatorlarni o‘ldirish qadimgi huquq davridan boshlangan. Ilk bor isyon huquqi 1776 yilgi AQSh mustaqillligi deklaratsiyasida yozma ravishda qayd qilingan.

Ushbu hujjat muqaddimasida bunday deyiladi: “… agar qandaydir siyosiy tuzum ushbu huquqlarni buzsa, u holda xalq uni o‘zgartirish yoki bekor qilish va xalq farovonligi va xavfsizligini eng yaxshi tarzda ta'minlovchi tamoyillarga asoslangan va boshqaruvni shu shaklda tashkil qiluvchi yangi tartib o‘rnatish huquqiga ega…

Qachonki qator hokimiyatni suiiste'mol qilish va zo‘ravonliklar natijasida… xalqni mutlaq mustabid tizimga bo‘ysundirishga urinish aniqlansa, u holda bunday hukumatni ag‘darish va o‘z kelajagi xavfsizligini ta'minlovchi yangi kafolatlarini yaratish xalqning huquqi va burchidir”.

Shuningdek, 1789 yilgi Frantsiyaning inson va fuqaro erkinligi va huquqlari deklaratsiyasi 2-moddasida erkinlik, xususiy mulk va xavfsizlik kabi tabiiy va ajralmas inson huquqlari bilan bir qatorda zulmga qarshi isyon huquqi ham ta'kidlab o‘tilgan.

Qolaversa, 1793 yilda ushbu deklaratsiya kengaytirilgan va quyidagi so‘zlar qo‘shilgan:

«Har kimsa xalqga tegishli bo‘lgan hukmdorlikni o‘zlashtirib olsa, u darhol erkin fuqarolar tomonidan o‘limga hukm qilinadi».

Qachonki hukumat xalq huquqlarini poymol qilsa, isyon qilish ushbu xalq va uning har bir a'zosi uchun muqaddas huquq va favqulodda vazifasidir.

Polsha qirolligi va Polsha-Litva hamdo‘stligida isyon huquqi shlyaxta huquq va imtiyozlariga rioya qilinmagan paytda ularning himoyasini ta'minlash maqsadida shlyaxtaning imtiyozlaridan biri bo‘lgan.

Qirolga bosim o‘tkazish maqsadida tez-tez qo‘llanilgan. Xususan, ushbu huquqga tayangan holda qirollar Kazimir I, Boleslav II surgun qilingan.

Shunga qaramay, ushbu huquqdan foydalanish qirolning qurolli g‘alabasi bo‘lgan taqdirda qo‘zg‘olon sifatida ko‘rilishi mumkin edi.

1948 yil BMT tomonidan qabul qilingan Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi muqaddimasida bunday deyiladi:

“Inson so‘nggi yo‘l sifatida diktatura va zulmga qarshi isyon qilishga majbur bo‘lmasligini ko‘zda tutgan holda inson huquqlari hukumat tomonidan himoya qilinishi lozim”.

Ko‘pchilik zamonaviy demokratik davlatlar konstitutsiyasida mamlakatda yagona hukumat manbai xalq ekani va shu sababli hokimiyatni egallab olish va uni suiiste'mol qilishga qarshi turish huquqiga ega ekanini tasdiqlovchi xalq suvereniteti e'lon qilinadi. Balki aynan shuning uchun ko‘plab zamonaviy konstitutsiyalarda isyon huquqining maxsus ta'kidlab o‘tilishi talab qilinmaydi. 

Sabablardan yana biri shu bo‘lishi mumkinki, mavjud boshqaruv go‘yoki muayyan bir huquq va erkinlik qoidalarini buzyapti, degan bahona ila hukumatning siyosiy ekstremistlar tomonidan zo‘ravonlik yo‘li bilan bosib olinishi xavfidan isyon huquqini yuridik nazar bilan chegaralash juda ham qiyindir.

Frantsiyaning 1958 yildagi konstitutsiyasi bilan 1789 yilgi inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi tasdiqlangan. 

Bundan kelib chiqadiki, unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilgan zulmga qarshi isyon huquqi Frantsiya fuqarolariga tegishli asosiy huquqlardan biridir. 

1971 yil 16 iyul kuni Frantsiya konstitutsiyaviy kengashi ushbu deklaratsiyaga rioya qilmaslik konstitutsiyaga xilof, u yuridik ravishda majburiy hujjat, deya e'tirof qilgan.

Shu yerda gapim tugadi. Yo‘qolsin zulm va diktatura. Yashasin demokratiya. 

Biz istasa suyak tashlab, istasa kaltaklanadigan bo‘yni bog‘liq ko‘ppak emasmiz. Bizda inson, bizda odammiz…

Urilganlar nega jim?

Shu o‘rinda o‘z gapimga o‘zim ishonmay qolyapman. Keyingi uch yil mobaynida yuzlab mulozim ishdan olindi. O‘nlab amaldor qamaldi.

Ularning yuziga qarab, sen kalamushsan, o‘g‘risan, qaroqchisan, deb o‘shqirdi prezident. Ammo hech bir mulozim miq etib sasini chiqarmadi. Betini bez qilib, so‘kish va haqoratni eshitib turaverdi.

Urganingiz un oshi, so‘kkaningiz so‘k oshi. Etimiz ham, suyagimiz ham sizniki. Tepkilab-tepkilab tashlasangiz ham mayli.

Nahot ishdan ketgan, urilgan-surilgan va qamalgan mulozimlarning izzat-nafsi yo‘q?

Johiliyat davridagi arablar tirik tuya o‘rkachini yorib, yog‘ini olib yeyishgan. Bu holatda tuya og‘riqqa chidamay bo‘kirgan. To‘rt badaviy arab bu tuyani zo‘rg‘a ushlab turishgan.

Xo‘sh, nega 3 yil davomida o‘z jabhasidagi birinchilikdan mosuvo bo‘lib, ikkinchi darajali lavozimlarga tushirilgan yoki umuman ko‘chaga irg‘itilgan mulozimlar “jimgina pista-bodom” bo‘lib yurishaveradi?

Lavozimdan tepilib, mol-mulki musodara bo‘lib, besh-olti yil qamoq jazosi olgan viloyat va tuman darajasidagi mulozimlar sonini Bekobod qamog‘i nozirlari yaxshi biladi.

Shu o‘rinda savol: nega ular miq etib tovush chiqarishmaydi? Axir ular tirik odamlar-ku! Nega ular jim?

Bu savol javobi oddiy, dedi sobiq mulozimlardan biri Tuz og‘angiz bilan suhbatda.

Ishdan olingan mulozim oila mafiyasi deb atalgan ulkan o‘rgimchak to‘rining bir katagi¸ xolos. Qolgan ming odam bor. Uka vazir¸ aka nozir, kuyov DXXda, jiyan prokuror, quda Vazirlar Mahkamasida. Pochcha esa Liverpulda paxta sotadi…

Nevaralar qimmat pulli bog‘chayu maktabga, qizlar esa gimnastikayu baletga boradi.

Xullas, ishdan olingan hokim haqoratlarni jimgina yutib, qamoqxonaning «lyuks» hujrasida «maslokrat» maqomida achchiq «chefir»ni bosib-bosib ichib amnistiyani kutib o‘tiraveradi. «Polojenets»larga dolya berib turilsa bas.

Qolaversa, kottakon «hammani qamamaymiz», deb va'daning kattasini bergan..

U yog‘i sokin hayot.

Leprozoriydagi sobiqlar

Toshkentning medgorodogida sobiq vaziru hokimlarning villalari bor. Bu o‘ziga xos leprozoriy muqimlari musodara qilinmagan kattagina mol-mulkini mayda tishla-aab o‘tirishibdi.

Ular kechagi kun xotiralari bilan yashashadi. Kechagina qamchisidan qon tomgan (sobiq) hokim bugun pijama kiyib, uyi oldidagi urug‘i Kanadadan keltirilgan ajriq (to‘ng‘iz o‘ti)ni o‘rib, FM radiosidan tarqalayotgan qo‘shiqqa qo‘shilib sekingina xirgoyi qilmoqda.

Sal narida sobiq vitse-premer it yetaklab yuribdi¸ undan narida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri qo‘lida gulqaychi bilan daraxtlarni butamoqda…

Ular bir-birlari bilan salom-alikdan nariga o‘tishmaydi. Ortiqcha gap qilishsa¸ yuqoriga yetishini va bu halovatdan mosuvo bo‘lishlarini yaxshi bilishadi ular.

Ammo «sobiq»lar orasida «tili bir qarichlar»i ham bor.

Masalan, sobiq matbuot kotiblaridan biri bo‘lgan yozuvchi aka Feysbukda o‘tirib o‘zining eski qadrdoni bo‘lgan muxolifatchi bilan ochiq gaplashaveradi.

Oldin ham u kishining og‘zida o‘lchov yo‘q edi¸ deb o‘zini ovutishadi «tilsiz» «sobiqlar».

Yupiter o‘ziga ep ko‘rgan narsadan ho‘kiz mosuvo…

Ammo leprozoriydagi hamma «sobiqlar»ni birlashtiradigan mushtarak jihat bor – ular «yuqoridan» telefon qo‘ng‘irog‘ini kutishadi.

Prezident devonidan Kraynov yoki Zelimxon qo‘ng‘iroq qilib, «Aka, bir kep keting, kattakon siz bilan gaplashmoqchi», degan gapga mahtal ular.

Hatto bir «sobiq»ning pastki qavatda jiringlayotgan telefonga yuguraman deb, zinapoyadan yiqilib oyog‘ini sindirgani haqida hikoya bor.

Ular yana qaytib bosh prokuror, ichki ishlar vaziri, hokim, qamoqxona boshlig‘i yoki sudya kursisiga o‘tirib siyosat qilishni, odamlarning fikru o‘yi, irodasi ustidan hokimlik qilishni istashadi.

Ammo ularning ahvoli kimsasiz oroldagi Robinzonnikidan ham chatoq. Robinzon o‘z orolida o‘zini gubernator deb e'lon qilib bayroq tikkan va hukmini Jumavoyga o‘tkazgan edi.

Bu «sobiqlar» yashayotgan kimsasiz orol «kattakon»ning qattiq nazoratida. G‘ing deb ko‘rishsin-chi… G‘ing demaydi ular.

Tuya olis sahrodagi suvsizlik va yemsizlik mashaqqatiga hozirlanib o‘rkachiga yog‘ to‘playdi. Bu o‘rkachni yorib yog‘ olishar ekan, tuya dahshat bilan o‘kiradi.

O‘zbek mulozimlarining esa o‘rkachi ko‘p. Bittasini yorib yog‘ini olsangiz,  yana qirqtasi bor.

Bu mulozimlar hech qachon rejimga qarshi isyon qilmaydi, har holda «kattakon» lavozimda o‘tirar ekan.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 iyun 2019
«O‘zatom» agentligi 9 iyun kuni O‘zbekistonda AES qurilishiga qarshi blogerlar sharhlariga javob berdi. «O‘zatom» javobidan ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda atom ...
10 oktyabr 2015
G‘allaorol tuman hokimi Azim To‘labov buyrug‘iga ko‘ra, paxta normasini bajara olmagani uchun ikki kunga qamalgan tuman bosh vrachi Yusuf ...
28 fevral 2020
Ëzuvchi Leonid Solovyovning «Osoyishtalikni buzuvchi» kitobi qahramoni Nasriddin Buxoro amiri va uning mullalarini tanqid qiladi.  Bunga javoban amir Nasriddinni ...
6 mart 2017
Asta-sekin tili chiqayotgan O‘zbekiston telekanallarining ayrim dasturlarida bugun jamiyatni qiynayotgan ayrim muammolar haqida aytila boshlandi. Ammo TVlarning tili chuchuk ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...